07:07 / 31.10.2017
7 496

Psixolog va pedagoglardan bola bilan uy vazifasini bajarishga doir tavsiyalar

Psixolog va pedagoglardan bola bilan uy vazifasini bajarishga doir tavsiyalar
Maktab — nafaqat bolalar, balki o‘smirlar uchun ham katta sinov. “Meduza” nashri Yevropa gimnaziyasi direktori Irina Boganseva, bolalar psixologi Irina Katin-Yarseva va Ta’lim rivoji federal instituti direktori Aleksandr Asmolovning bolalarning qanday qilib maktabdagi fanlarga mehr qo‘yishi, barchasiga vaqt va kuch topishi, shu bilan birga, bola uyga vazifalarni uddalay olmayotgan bo‘lsa, nima qilish kerakligiga doir tavsiyalari bilan bo‘lishdi.

Yodingizda bo‘lsin, maktab — hayotdagi asosiy bosqich emas!

Ko‘pchilik maktab - inson hayotidagi eng muhim bosqich, bolalar esa albatta yaxshi o‘qishi kerak, deb hisoblashga o‘rganib qolgan. Shu bois ba’zi ota-onalar bola holdan toyguncha darslarini bajarishi kerakligini talab qilib, barchasi imkon qadar mukammal bo‘lishi uchun bosim o‘tkazishadi. Aslida bajarilgan dasrlar - asosiysi emas: sizning bola bilan munosabatlaringiz, uning psixologik qulayligi va o‘qishga qiziqishi undan-da muhim. Boz ustiga, ota-onalarning aksariyati busiz ham toliqqan - ko‘pincha ishdan charchab kelib, bola bilan dars qilishga o‘tirishning o‘zi bo‘lmaydi.

Shunday ekan, avval oxiriga yetkazilmagan uyga vazifa - bu fojia ham, halokat ham emasligini anglash muhim (ota-ona ham, bola ham). Aks holda, siz o‘zingizni yomon ota yo ona, farzandingiz esa - uni faqat baholari va natijalari uchun yaxshi ko‘radigandek his qilasiz va bu insonning keyingi hayotiga ham xalaqit beradi.

Bolaga “uy vazifasi” oldidagi qo‘rquvni yengib o‘tishga yordam bering

Dastlab uy vazifalarini bajarib o‘tirgan bola o‘zini yo‘qotib qo‘yishi va unga qanday kirishishni bilmasligi mumkin. Bunday holatlarda ota-onalarning vazifasi - jarayonni tashkillashtirishga yordamlashish, nimadan boshlab nima bilan tugallash kerakligini, javoblarni daftarlarga qanday yozish kerakligini ko‘rsatib berish. Nima uchun ishlarni bunday tartibda bajarish kerakligiga izoh bering, barcha xatti-harakatlar ketma-ketligini ovoz chiqarib tushuntiring. Bola o‘zlashtirib olgach, unga bu qoidalarni o‘ziga o‘zi eslatib turishi lozimligini maslahat bering. Biroz vaqtdan keyin u adashish va qo‘rqishni bas qiladi va unga ancha oson bo‘ladi.

O‘zingizga o‘zingiz nima uchun dars qilish kerakligini tushuntiring

Ko‘p ota-onalar darslarni bajarishni odatga aylantirishga intilishadi, biroq aksariyat bolalar nima uchun biror narsani shunchaki shunday qilish kerakligi uchun bajarish lozimligini tushunishmaydi. Matematikani har kuni ko‘zda yosh bilan yechadigan bolaga “shuni qilishing shart” deyish ochiq va qiziquvchan insonni barcha yangiliklarga shubha bilan qaraydigan yopiq va tund kishiga aylantiruvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘ldir.

Bir tomondan, bola, albatta, hayotda har kuni bajarish kerak bo‘ladigan ishlar borligi, ular foydali va zarur ekanini tushunishi kerak. Boshqa tomondan, o‘qish hech qachon ko‘r-ko‘rona yodlashdan iborat bo‘lmasligi kerak. Siz diktator, farzandingiz esa sherik bo‘lmasligi kerak. O‘ylab ko‘ring, uni nima bilan qiziqtirish mumkin. Bu o‘yinlar yoki dunyoni o‘rganish bilan bog‘liq “ijodiy loyihalar” bo‘lishi mumkin - masalan, siz tarixga doir komikslar chizishingiz yoki tajriba o‘tkazishingiz mumkin. Eng yaxshisi, bolaning darslarga yod olish kerak bo‘lgan dalillar to‘plami emas, tadqiqot sifatida qarashi.

Bolaga nima uchun o‘qish kerakligi va uy vazifalarini bajarish zarurligini tushuntirish uchun avval o‘zingiz ularning qanday tuzilishi, qanday qilib ularning yordamida dunyoni tadqiq qilish va yangi bilimlarga ega bo‘lish mumkinligi haqida tushunchaga ega bo‘lishingiz lozim. Bularni avval o‘zingizga, keyin esa bolaga tushuntira bilish kerak.

Bolani mustaqil qaror qabul qilishga o‘rgating

Bolaga imkon qadar ko‘proq mustaqillik berishga harakat qiling. Aks holda, birinchi sinfda u qaror qabul qilishni bilmasligi, chunki haddan tashqari kichiklik qilishi mumkin, ikkinchi sinfda ham shunday, sakkizinchi sinfga borib esa u bu borada hech qanday tajribaga ega emasligi va buni mutlaqo bilmaydigan bo‘lib chiqadi. Shu bilan birga, ota-ona o‘qituvchining o‘rnini bosishi kerak emas - aks holda, bolalar uyda siz yaxshilab tushuntirishingizga umid qilib, sinfda hech narsani tinglamay qo‘yishadi. Bu ko‘pincha ota-ona e’tibori yetishmaydigan bolalarda kuzatiladi: ular uchun uy vazifasini birga tayyorlash - ota yo ona bilan birga vaqt o‘tkazish uchun bir sabab. Oxir-oqibat bola maktabdagi vaqtini behuda sarflaydi, ota-ona esa farzandi bilan muloqot qilish o‘rniga u bilan dars qiladi. Bu vaqtni o‘qish bilan bog‘liq bo‘lmagan mashg‘ulotlarga (sayr, stol o‘yinlari, kinoga borish va b.) sarflagan muhimroq.

Ba’zan uyga vazifalar juda ko‘p bo‘ladi, ya’ni o‘qituvchi darsda ko‘p narsani tushuntirishga ulgurmaydi va ko‘p uyga vazifa beradi va o‘quvchilar materialning katta qismini uyda o‘zlashtirishlariga to‘g‘ri keladi. Qoidaga ko‘ra, bolalar buning yechimini tez topishadi: ular shunchaki ulgurmagan narsasini qilmaydi. Bolaga ishoning va qaror qabul qilishni unga qoldiring - bolalar tanlovni amalga oshirish va ustuvor vazifalarni belgilashni o‘rganishlari kerak: nimani yodlash muhimroq, nimani esa keyinga qoldirish yoki dars jarayonida aniqlash mumkin. Agar bola tungacha dars ustida o‘tirganini yoki hatto kechki ovqat paytida ham darslik bilan o‘tirganini ko‘rsangiz, aralashish va vaqt borasida qat’iy chegaralar qo‘yishingizga to‘g‘ri keladi. Darslar bolaning butun hayotini qamrab olishi kerak emas: u o‘yinlar o‘ynashga, yaxshilab uxlab olishga va shunchaki dam olishi kerak.

G‘azablanmaslikka harakat qiling!

Ko‘pincha shunday bo‘ladiki, ota-onalar bolaga uyga vazifani tushuntirishga harakat qiladi, biroq befoyda. Bola tushunmaydi, ota-onaning jahli chiqadi, ziddiyat yuzaga keladi, bola xatolardan qo‘rqa boshlaydi. Bunday paytlarda ota-onaga farzandi gapga quloq solmayotgandek yoki bo‘layotgan ishlarga jiddiy munosabatda bo‘lmayotgandek tuyuladi. Aslida esa bolaning ota-onani o‘qituvchi sifatida qabul qila olmasligi tabiiy holat. Ota-onalar bilan munosabatlar, qoidaga ko‘ra, hissiyotlarga boy bo‘ladi va bu hissiyotlar ta’limga o‘tib ketsa, bola qiyin holatda qoladi. Unutmang, bola bilan munosabatlaringiz dasrlardan muhimroq. Bolani ham, o‘zingizni ham qiynamay, boshqacha yondashuvlarni izlang - masalan, unga mavzuga doir videosaboqni ko‘rishni taklif qiling. Agar o‘zingiz tushuntirishning uddasidan chiqa olmasangiz, yaqinlaringizdan yordam so‘rang yoki bu ishni o‘qituvchiga qoldiring.

Bolaning hayotiga qiziqish bildiring, faqat baholariga emas

Deylik, hammasi yaxshi va bola darslarini uddalamoqda. Biroq bu u (yoki ular)ni unutish uchun sabab emas! Uning nafaqat baholariga, balki kundalik hayotiga ham qiziqish bildiring, unga qiziq bo‘lgan predmetlar va mavzularni muhokama qiling, aks holda u o‘zini e’tibordan chetda qolgandek his qiladi. Bolani nazorat qilish emas, unga g‘amxo‘rlik qilish - maktabdagi yangiliklarga qiziqish bildirish, uni tinglash va qo‘llab-quvvatlash muhim. Qisqa qilib aytganda, uning siz bilan hayoti umumiy ekanini, undan “muhimroq” ishlar yo‘qligini ko‘rsatish. Kattalarning hayotida ish qanday o‘rin tutsa, maktab ham bolalar hayotida shunday o‘rin tutadi. Shunday ekan, uy vazifalariga befarq qarash, bolaning muvaffaqiyatlarini sezmaslik va ularni qadrlamaslik yaxshi emas.

Bolani yomon o‘qigani uchun jazolamang

Bajarilmagan uyga vazifa uchun jazo qo‘llash - to‘g‘ri yo‘l emas. Darslar nima uchun muhim ekanini xotirjam o‘tirib, misollar bilan tushuntirishga harakat qiling. Bolada stress bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang. Bolaning qiziqishlari va qobiliyatidan kelib chiqib, ustuvor vazifalarni belgilashga harakat qiling. Xushyor bo‘ling, bolani tinglang va unga nima kerakligini tushunishga harakat qiling.

Muammoni chuqurlashtirmang

Bola o‘qishga qiynalayotganini ko‘rsangiz, gap nimada ekanini tushunishga harakat qiling: u darsda o‘qituvchini yaxshi tinglamagani yoki bir dars qoldirgani uchun vazifani uddalay olmayotgan bo‘lishi mumkin. Bolaning kuchli va zaif tomonlarini tushunib, keyin unga ta’lim olishga ko‘mak berish lozim. Bunda pedagog-psixologlar yordam berishi mumkin. Bolaning umumiy holatini ham hisobga olish kerak, albatta. Ehtimol, u nimadandir tashvishdadir. Bu o‘qish jarayoniga - eslab qolish, qiziqish, diqqatni jamlashga kuchli ta’sir qilishi mumkin.

Agar bola surunkali ravishda yomon o‘qisa, kayfiyatsiz bo‘lsa, tengdoshlari bilan chiqishmay qolsa, maktabga borgisi kelmasa - bunga jiddiy sabablar bo‘lishi tabiiy. Ehtimol, maktabda uni ajratib qo‘yishar va u o‘zini yolg‘iz his iqlar. Bunday holatda sababni topish muhim. Albatta, psixolog yordami kerak bo‘ladi, faqat uni uyaltirmang va tahdid qilmang. Ko‘pchilikda bunday holat bo‘lishini ayting va hayotda nimadir o‘xshamasa, bu oddiy hol ekanini tushuntiring. U bilan yaqin ekaningizni namoyon qiling.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Psixolog va pedagoglardan bola bilan uy vazifasini bajarishga doir tavsiyalar