19:04 / 16.12.2017
7 065

Sayohatchi kelinning orzusi...

Sayohatchi kelinning orzusi...
Aziz xotini Diyoraning bir oydan buyon chet elga sayohatga chiqish haqidagi xarxashasini eshitaverib, qulog‘i tom bitdi.
«Ayol kishiga bir narsani aytib bo‘lmaydi. Qayerdan ham va’da beribman», deb o‘zini-o‘zi koyib yurgan Azizning qarshisida xotini paydo bo‘ldi-yu, sho‘rlik erning peshonasi yana tirishdi.
— Yaxshi keldingizmi, dadasi? — Diyora erining qo‘lidan yelim xaltani olib, kurtkasini yechishga yordamlashdi.
— Ha, yaxshi o‘tiribsizlarmi?
— O‘tiribmiz. Kun sanayverib, tinkam quridi. Qachon bizning dadamiz ta’tilga chiqar ekan, deb.
— Uff! Yana o‘sha dardning ko‘chasiga burilyapsanmi?
— Nima bo‘pti? Axir o‘zingiz va’da bergansiz. «Ta’tilga chiqsam, sizlarni chet el sayohatiga olib boraman», deb. Yo esingizdan chiqdimi?
— Yo‘q, hammasi esimda, miyamda yelimlanib turibdi.
Aziz jahl aralash peshonasiga urgach, Diyora labini burib, oshxona tomon yurdi.
— Jahl qilmang. Olib borsangiz, xotiningiz bilan bolangizni olib borasiz. Yilda bir marta hordiq chiqarsak, nima bo‘libdi?
— Xo‘p dedim-ku, inson! Sabr qilinglar, boramiz, o‘sha sayohatga!
Azizning bir parda ko‘tarilgan ovozi Diyoraning jarangdor tovushini o‘chirdi. Juvon jimgina dasturxon yozib, choynak-piyolani olib keldi. Agar eriga bir og‘iz gapirsa, fikridan qaytib qolishi mumkinligini u juda yaxshi bilardi.
Oradan uch kun o‘tib, Azizga ishxonasidan ta’til berildi. Hamma berilgan ta’tildan quvonsa, Azizning afti bujmaydi. Endi hotamtoylik qilib, bergan va’dasini bajarishi kerak.
Aziz tabiatan sho‘x, sayohatni sevadigan yigit. Diyoraga uylanmasidan oldin ham bir necha marta Turkiya, Fransiya, Angliya kabi davlatlarga borib kelgan. Topishi yaxshi. Turli davlatlar bilan hamkorlik qiladigan nufuzli savdo firmasida ish yurituvchi bo‘lib ishlaydi. Uylangach, Diyoraga qayerlarga borganini maqtanib, suratlarini ko‘rsatgandi. Diyoraning ham ichi qizidi. Qarasa, erining ishi ko‘p. Sabr qildi. Farzandli bo‘ldi. O‘g‘ilchasi to‘rt yoshga kirdi. Diyora hamon chet elga borish orzusidan voz kechmadi. Bir kuni Diyora erini mahkam «ushladi» va va’dasini oldi.
Aziz «Bo‘ldi, ishxonamdan ta’tilga chiqqan kunim, Londonga uchamiz», deb yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi. Diyoraning og‘zi qulog‘iga yopishdi. Hamma dugonalariga maqtanib chiqdi. O‘zi yashab turgan viloyatidan nariga chiqmagan ayol Londonga borishini tasavvur qilib, hayajonlanardi. Aziz ta’tilga chiqqanini xotiniga aytib, bir piyola choy ham ichmay, sayyohlik kompaniyasiga jo‘nadi.
— Tezda borib, chipta olib qo‘ying, hozir mavsum, yana shundan ham quruq qolmaylik, — deb Diyora erining oyog‘ini yerga tekkizmay ortiga qaytardi.
Aziz yo‘lda ketib borarkan, o‘zicha nimalarnidir o‘ylardi. So‘ng cho‘ntagidan telefonini olib, kimningdir raqamini tera boshladi. Ammo…
Aziz sayyohlik kompaniyasiga bormadi. Ortiga qaytdi. Chiptasiz kelgan erini Diyora savol nazari bilan kutib oldi.
— Chipta qolmabdi. Toshkentdan ketamiz!..
— Ana, aytgandim sizga vaqtida harakat qiling, deb.
— Nima farqi bor? Bu yerdan ketsang ham borasan, Toshkentdan ketsang ham. Bahonada dovonlarni ko‘rib ketasan.
Diyora indamay, uyiga kirdi. Ortidan Aziz ham odimladi.
— Hamma narsang tayyormi?
Diyora tasdiqlab bosh silkidi.
— Bo‘lmasa, oyim bilan dadamning oldiga borib kelamiz. Duosini olib, qaytamiz. Axir uzoq yo‘lga chiqyapmiz.
Diyora eriga kulimsirab qo‘ydi. Aziz ota-onasini haj ziyoratiga olib borgandi. Hoji ota, hoji onaning duosini olmasdan ketish Aziz uchun gunoh edi. Nabiralar qurshovida o‘tirgan hoji ota-onaning yuzidan nur balqib turardi.
Aziz bilan kelini Diyoraning kelganini ko‘rgan ona o‘g‘liga peshvoz chiqdi. Ota duoga qo‘l ochdi. Yuziga fotiha tortib, Azizga yuzlandi. Aziz yuzida tabassum bilan gap boshladi:
— Otajon, keliningiz bilan bir aylanib kelmoqchi edik.
— Qayerga borasizlar, o‘g‘lim?
— Toshkentga boraylik-chi. Biror davlatga sayohatga chiqmoqchimiz.
— Ha, mayli, yo‘lingiz bexatar bo‘lsin. Eson-omon borib kelinglar!
Aziz xotini bilan ota-onasi huzuridan yarim tunga yaqin chiqdi. Diyora hamon orzular og‘ushida, Londonni ko‘rishga o‘zini ruhan tayyorlamoqda edi. O‘g‘lini kiyintirdi. Tongda uchovi yo‘lga tushdi. Diyora mashinada dovonlarni, tog‘larni hayrat bilan tomosha qilib borar, o‘g‘li ham chug‘urlab dadasiga nimalarnidir ko‘rsatib ketardi. Shu tariqa ular Toshkenti azimga yetib kelishdi. Diyora poytaxtning shunchalik go‘zallashib ketganini ko‘rib, og‘zi ochildi. Lekin uning xayoli hamon Yevropada — Londonda edi.
Aziz serqatnov yo‘lda taksi to‘xtatdi. Taksi ularni turnaqator turgan boshqa taksilar oldiga olib keldi. Diyora erining harakatlarini kuzatib, hech narsaga tushunmay, «Shu yerdan ketsa kerakda aeroportga», deb qo‘ydi. Aziz shoshib, yuk sumkalarini ko‘tardi-da, xotinini ergashtirib, oppoq mashina oldiga olib bordi. Haydovchi ham xushxandon ekan, darrov sumkalarni yukxonaga joylab, Diyoraga mashina eshigini ochdi. So‘ngra:
— Mana hozir aeroportga yetib boramiz, — deb qo‘shib ham qo‘ydi.
Aziz haydovchiga ko‘z qisib, xotinining yonidan joy oldi. Mashina yo‘lga tushdi. Diyora yo‘l yurib charchagandi, erining yelkasiga bosh qo‘yib, uxlab qoldi. Tekis yo‘lda ketayotgan mashina Diyorani allalab ketardi. Oradan bir qancha vaqt o‘tdi. Diyora uyqusirab yoniga qaradi. Hamon taksidaligini ko‘rib, Azizga qaradi. Axir shuncha uxladi. Bu paytda aeroportda bo‘lishi kerak edi-ku. Aziz xotiniga qarab, kulimsiradi.
— Aeroportga yetmadikmi? — Diyoraning savolini haydovchi ham eshitdi.
— Endi yetasiz, yanga. Aeroport nima bo‘libdi, undan zo‘r joyga ketyapsiz, — deb haydovchi peshona oynasidan Azizga ko‘z qisib qo‘ydi.
— Qayerga ketyapmiz?
— Jim ketaver, yetganda ko‘rasan.
Azizning gapi Diyoraga g‘alati tuyildi. Lekin boshqa gapirmadi. Ular Samarqandga kelishdi. Registon maydoniga kelib to‘xtagan taksi haydovchisi er-xotinga tushish uchun yordam berdi. Diyora qarshisidagi ulkan minoralarga, obidalarga qarab, bir zum og‘zi ochildi. Bu ko‘hna shaharni televizorda ko‘rgan va borishni rosa orzulagan edi. Aziz xotinining mahliyo bo‘lib qolganini ko‘rib, sekin turtdi:
— Mana senga London, mana senga Parij!
— Yolg‘onchi! — labini cho‘chchaytirdi Diyora. — Bu yerlarni keyin ko‘rsak ham bo‘lardi.
— Anavilarni qara! — Aziz maydonda aylanib yurgan chet ellik sayyohlarga ishora qildi: — Ular yevropalik. Biri London, biri Parijdan kelgan. Ular bu yerda yursa, biz ularning yurtida nima qilamiz? Ular hayratlanib, tomosha qilayotgan joylar bizniki. Biz ham hayratlanishga ulardan-da haqliroqmiz. Sen ham hayratlan, istagancha zavqlan!
Diyoraning mijjalariga yosh qalqib, maydon tomon yura boshladi. Sherdor, Bibixonim, Go‘ri Amir maqbaralarini ko‘zlariga surtib, ziyorat qildi. Azizning tarjimonligida yevropaliklar bilan tanishdi. Ular Samarqandni og‘zidan bol tomib maqtashdi. Bu yerga kelish ularning azaliy orzusi ekanligini eshitgan Diyora ichiga sig‘may ketdi. Keyinchalik Aziz xotini bilan o‘g‘lini Buxoro, Xiva sari olib ketdi. Diyora umrida ko‘rmagan, o‘z yerining shunday bebaho boyliklarini, bobolaridan meros qolgan yodgorliklarni ko‘rib, sevinganidan xuddi yosh boladek qiyqira boshladi. Aziz bir chekkaga o‘tib, onasiga qo‘ng‘iroq qildi.
— Onajon, aytganingizday qildim. Keliningiz yosh boladek xursand, Londonni esidan chiqardi.
Ona o‘g‘liga nimadir dedi, shekilli, Aziz qah-qah otib kuldi. Yosh oilaning sayohati Xorazmda tugadi. Olam-olam taassurot bilan qaytgan Diyora og‘zini to‘ldirib, safar suratlarini barcha dugonalariga maqtandi.
Mansurbek RO‘ZIYeV

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Sayohatchi kelinning orzusi...