18:45 / 09.02.2018
4 886

Omadsizlikni omadga aylantiring yoxud «sopini o‘zidan chiqarish» usuli

Omadsizlikni omadga aylantiring yoxud «sopini o‘zidan chiqarish» usuli
Hamma ham hayotda turli qiyinchiliklar, ko‘ngilsizliklarga duch keladi. Tabiiyki, bunda insonning yo omadi keladi yoki omadsizlikka uchraydi. Xo‘sh, kutilmagan ko‘ngilsizliklarga qanday yechim topish mumkin? Omadliroq bo‘lishning yo‘llari bormi? Muammolar girdobiga tushib qolganda nima qilish kerak?

— Har qanday masalaning yechimi, albatta, bo‘ladi, — deydi Respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazi psixologiya bo‘limi boshlig‘i, psixologiya fanlari doktori, professor Bahriddin UMAROV. — Inson yo‘qki, kelajakda o‘zi duch keladigan barcha qiyinchiliklar va hayotiy muammolarni oldindan ko‘ra olsa. Yaxshi maosh beriladigan ishidan ayrilish, yaqin insonini yo‘qotish yoki kutilmaganda ulkan moliyaviy muammolarga yo‘liqishdan hech kim kafolatlangan emas. Ana shunday murakkab vaziyatlarda o‘zining bor imkoniyatini to‘g‘ri chamalay olish kerak. Undan keyin bu holatlarda nimalar qila olishim, qaysi vositalarni qay jabhaga yo‘naltirishim mumkin, degan savolni o‘ziga berish talab etiladi.

Ana shu lahzadan boshlab, siz sodir bo‘lgan voqea-hodisalarga, hissiyotlarga berilib, oh-voh qilib emas, balki ularni to‘g‘ri anglab, tushunib munosabat ko‘rsatishga o‘tasiz. Qo‘rquv, vahima, hasad yoki chuqur tushkunlik holati atrofdagi voqea-hodisalarni aniq-tiniq ko‘rishga xalaqit beradi. Agar muammo mohiyatini aniq va ravshan tushunib olgan bo‘lsangiz, ishning yarmi bitdi, deb hisoblasa ham bo‘ladi.

Yo‘li hamisha bor
Biror muammo bizga qanchalik yechimi yo‘qday tuyulmasin, baribir, undan chiqish yo‘li bo‘ladi. To‘g‘ri, bu o‘zimiz kutgandek jo‘n va oson emas. O‘sha muammodan chiqish yo‘li darrov topila qolmasligi ham tayin. Biroq yo‘li hamisha bor. Duch kelgan ko‘­ngilsizliklarni hayotning sizga bergan va javobini topishingiz kerak bo‘lgan navbatdagi topishmog‘i sifatida qabul qiling. Keyin bundan o‘zingizga kerakli xulosa chiqarishni ham unutmang. Shaxsiy muammolarni tahlil qilish esa, xulq-atvoringizda nimalarni o‘zgartirish zarurligini aniqlashga yordam beradi. Yuzaga kelgan qiyinchiliklarni bartaraf etishga jiddiy kirishishdan oldin ularning yechim variantlarini yozib chiqish ham tuzukkina samara beradi.

Nozik joyni kuchliga aylantirish
Istalgan odamning nozik tomoni bo‘ladi va hamma ham xatoga yo‘l qo‘yadi. Hech kim mukammal emas, shu bois omadsizlikka uchraganda o‘zi­ngizda aybdorlik yoki achinish hissini uyg‘otmang. Yaxshisi, uddalashi qiyin bo‘lgan ishga ko‘proq e’tibor qarating va harakatlaringizni «charxlab» boring. Yanayam to‘g‘rirog‘i, yuzaga kelgan vaziyatdan kelgusida tajribali kishiga aylanish uchun imkoniyat sifatida foydalaning.

Ishni yo‘qotish
To‘g‘ri, bu kayfiyatni buzadi. Lekin vaziyatga boshqa tomondan yondashib ko‘rilsa-chi? Balki yangi kasbni o‘zlashtirish, yangi omad va yutuqlarga erishish uchun sizda qulay imkon tug‘ilgandir? Yoki ancha vaqtdan beri qilishni istab yurgan mashg‘ulot uchun yo‘l ochilgandir? Kim bilsin, ehtimol, ishdan bo‘shatib yuborishgani sizga boshqa yangi imkoniyatlar eshigini ochayotgandir?

Salomatlik
Aslida sog‘liqqa e’tibor qaratish, ayrim salbiy ko‘nikmalar, odatlardan voz kechish, oddiygina yutuqdan ham quvonish uchun imkoniyat emasmi? Yaxshilab o‘ylab ko‘rilsa, irodani, chidamlilik va sabr-toqatni kuchaytirishi mumkin. Bu esa kishi o‘zida qo‘shimcha kuch topishga, maqsadga erishishga bo‘lgan ishonchning oshishiga yordam beradi.

Chindan ham, hayotda ko‘ngilsizliklar ko‘p. Ammo ularning har biridan hayotiy tajriba orttirish va ma’nan o‘sish uchun yangi imkoniyatlarni qidirish mumkin.
Nurpo‘lat NURQULOV

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omadsizlikni omadga aylantiring yoxud «sopini o‘zidan chiqarish» usuli