11:40 / 17.02.2018
7 330

Yoriq "ko‘zgu"...

Ёриқ "кўзгу"...
Ko‘rishga ko‘rdi, lekin ko‘rmaslikka olib o‘tib ketsa bo‘lardi…

Olishga oldi, lekin shundaygina bir chekkaga olib qo‘yib, yo‘lida davom etaversa bo‘lardi…

Qarashga qaradi, lekin bu menga shunchaki tuyuldi debon, boshqa qaramasa bo‘lardi…

U shundaygina yo‘l o‘rtasida yotgan ko‘zguni ko‘rmaslikka olmadi. Otasining aytgan gapi qulog‘ida turibdi — yo‘lingda toshmi, singan g‘ishtmi, uchrasa, erinmasdan bir chekkaga olib qo‘y, bu yo‘ldan qaytishing bor, balki qaytayotganingda qorong‘i tushib qolar, yo yorug‘ bo‘lsa-da, shoshib borishing mumkin, ana shunday holatlarda o‘sha toshnimi, g‘ishtnimi chekkaga olib qo‘ymaganingga ming pushaymon yeysan. Toshga tegib zirqirab og‘riyotgan oyog‘ing, yiqilganingda toshga urilgan, qomatingni egib qo‘ygan belingni ushlab, ming pushaymon yeysan. Bor, ana, toshga to‘qnab yiqilgan sen emas, boshqa bir yo‘lovchi bo‘lsin, uning joni og‘rimaydimi?..

Nega orqasi qorayib yotgan ko‘zguni bir chetga olib qo‘ymadi? Qaytaga avvaliga kafti bilan, bunga ko‘ngli to‘lmasdan cho‘ntagidan ro‘molchasini olib, ko‘zguni artdi. Changdan tozalangan ko‘zgu chetidagi ikkita harf tanish tuyuldi. Nahotki, o‘n bir yil oldin yo‘qolgan ko‘zgu bo‘lsa, degan xayolda ro‘molchani ariqdagi suvda yaxshilab yuvib, yana oyna tozalashga tushdi. Agar, o‘sha ko‘zgu bo‘lsa, uni kim, qachon topib olgan ekan? (U o‘g‘irlagan degan so‘zni miyasidan nari quvishga urinardi). Mayli, topib olganmi yo… mi, endi kerak bo‘lmay qolibdi-da. Mayli, eskirgandir, yorilib, singandir, yoqmay qolgan bo‘lsa, u odam tashlab yuborish uchun katta yo‘ldan boshqa yerni topolmabdimi?

Xuddi shu xayollar bilan qo‘lidagi ko‘zguga qaradi. Qoq o‘rtasidan – tepadan pastga qarab darz ketib, yorilgan ko‘zgudan unga tanish-notanish chehra hayrat bilan qarab turardi. Xuddi shu lahza u ko‘zguga boshqa qaramasligi, ariq yonidagi tanasi qari tol kovagigami, yo uning ortigami tashlab, hech narsa ko‘rmagandayin yo‘lida ketaverishi kerak edi. Lekin u o‘zini tiya olmadi. O‘ng yuzi, ko‘zi, qoshi, labi o‘ziga o‘xshab turgan, chap yuzi, ko‘zi, qoshi allanechuk bir vahimali qoraygan qiyofaga qaragancha boshi aylanib ketdi. Ko‘zlarini yumsa, ko‘zgudagi qo‘rqinchli qiyofa o‘zgarib qoladiganday ikki ko‘zini chirt yumib oldi. Xuddi shu lahza ko‘rganini rost emas, shunchaki bir tuyulgan deya hisoblashi va ko‘zguga boshqa qaramasdan, uni ariq chetiga asta qo‘yib, orqasiga o‘girilmasdan ketaverishi kerak edi.

Lekin yumilgan ko‘zlar yoqimsiz qiyofani yanada tiniqlashtirdi. Ko‘zgu o‘rtasidagi siniq uning yuz-ko‘zini ikkiga bo‘lib tashlagandi. Hatto o‘ng tomonga sal qiyshayganroq burni ham ikkiga bo‘lingandi. Burnining o‘ng tomoni avvalgi-avvalgidek, chap tomoni esa, yara-chaqalarga to‘lib ketgan, qora-qizg‘ish tuklar bosgan teshigidan sap-sariq qurt o‘rmalab chiqayotgandi.

Yuragi aynidi, tashqari chiqishga intilayotgan qusuq bo‘g‘zini achitdi. U qayt qilishga urinar, lekin hech qusa olmasdi. Bo‘g‘zi achishgandan achishardi.

«Sen o‘zingni bil! Faqat o‘zingni! Agar kechagidek yana bir marta aqlingni yo‘qotsang, dodingni eshitadigan odamni yetti marta dunyo aylanib, topolmaysan! Hey, ayt-chi, uchib kelayotgan moshindan qochaman, deya oyog‘i yo‘ldagi qadoqqa urilib, hushidan ketgan cholni orqalab qolganing nimasi? Yana uning to‘rvasini yelkangga tashlab olibsan. Ha, nima, men ko‘rmasam, ko‘rganlar bor. Hey bola, o‘sha to‘rvada anovi… he, otiyam qurib ketsin, bang-mang bo‘lganda, dodingni kimga aytarding keyin? Kimga?! Bu dunyoda yiqilganni tepib o‘tsang, uzoooq yashaysan…»

Sap-sariq qurt o‘ng qulog‘idan kirib, chap qulog‘idan chiqib ketdi. Chap qulog‘idan kirib, o‘ng qulog‘idan chiqib ketdi. Atrofga yoqimsiz hid sochdi-da, kaftlar yopgan quloqlar atrofida aylana-aylana, yoqasi yonidan ko‘ylagi ichiga o‘rmalab kirdi. Shundaygina yuragining yonginasida, chap ko‘kragi qattiq achishdi. Bir yomon achishdi. U ko‘ylak tugmasini shoshib yechdi-da, qo‘lini ichkari tiqdi. Timirskilab-timirskilab, qurtni topa olmadi. Ko‘kragi jazillar, achishardi. Chidab bo‘lmas darajada achishardi. Teri ostida nimadir g‘imirladi. Bir yoqimsiz, biram yoqimsiz. E, yo‘q, qurt terisi ostiga kirib olmagan. Qanday kirsin. Lekin… G‘imirlayotgan nima bo‘lmasa. G‘imirlagani sari, ko‘ngli ayniyapti. Qussa, ichini achishtirib kelayotgan, bo‘ynini bo‘g‘ayotgan balodan qutulsa! U qo‘lini ko‘ylagi tagidan ilkis tortib olar ekan, qo‘lansa hid burniga yopishdi. Kaftini burnidan uzoqlashtirdi. Qo‘lini ikki tomon yoydi. Qo‘lansa hid kaftidan o‘rmalab bilagiga, bilakdan tirsagiga, ana keyin yelkasiga, bo‘yniga o‘tdi. Quruqshagan lablar yonidan o‘tib, burun kovaklaridan o‘rmalagancha yurak-bag‘rini tilka-pora qilib tashladi.

Yuragini ham qusib tashlashga tayyor turar ekan, burnining o‘ng tomonidagi chandiq turtib chiqib, sap-sariq qurtga qo‘shib qo‘lansa hidni chap tomonida bir-biriga shivirlagancha, bir-biriga qiqirlagancha mazaxlab turgan chang bosgan qop-qora daraxt shoxlari ortiga irg‘itdi.

Ko‘z oldi yorishgan yo‘lovchi qo‘lidagi ko‘zguga qaragisi, haligi qon tomgudayin qip-qizil, nur sochilib turgan o‘ng betiga yarashib tushgan burni teparog‘idagi, qansharga qo‘shilayotgan tomonidagi chandiqqa mehr ila qayta-qayta termulgisi keldi. O‘ng qulog‘iga bir tanish, xush ovoz shivirlardi: «Shu chandig‘ingni ko‘rganda, sen bilan faxrlanib ketaman, o‘g‘lim. Chandiq — yigit kishining husni. Odamlar haligacha burningdagini u chandiq emas, belgi, mardlikning, tap tortmas botirlikning belgisi deyishadi…»

O‘ng tomondagi kulib turgan, chaqnoq ko‘zdan mehr yog‘ilib turar, u men sizga faqat yaxshilik istayman, siz mening opamsiz, singlimsiz, akamsiz, inimsiz deb turardi. Burunning narigi tomonidagi olaygan, nafrat sochilayotgan ko‘zdagi ayyorlik… Yo‘q-yo‘q, men buni ko‘rganim yo‘q, o‘ylab topyapman… menga shunday tuyalayotir… Unda… nega ichimni it tirnayapti? Nega u nafrat toshib chiqayotgan ko‘z men senlarni teshib tashlayman, teshib, degancha o‘qrayib olgan?

Oyoq-qo‘llaridan mador qochib borayotir. Uzoq-uzoqlarga ketgisi kelar, lekin chopish nari tursin, qadam bosishga ham oyoqlari ko‘nmasdi. Haligina yurib, charchamayotgan oyoqlaridagi madorni kim o‘g‘irladi?

Oyoq tugul, qo‘llari ham o‘ziga bo‘ysunmasdi. Shalviragan chap qo‘li chap yuzini siypaladi. Kaftiga nimadir toshday urildi. Yana bir marta siypalab ko‘rishga chog‘landi, lekin yugurik qo‘rquv qo‘lidan tortdi. Nahot, haligi… haligi ko‘zgudagi so‘gal chap yuziga yopishib olgan bo‘lsa? Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas! U beo‘xshov, xunukdan-xunuk so‘gal jonsiz oynadan sirg‘alib chiqib, yuziga yopishmaydi!

Heh-heh- he, heh-heh-he…

Kim kulyapti? Nega kulasan? Nima, meni masxaralayapsanmi? Bo‘ldi-bo‘ldi, eslatma, yuzimga qachon so‘gal chiqqanini, nega chiqqanini juda yaxshi bilaman. Ha, men o‘shanda ablahlik qildim. Ilojim yo‘q edi. Xotinimni, bolalarimni o‘rtaga qo‘yishgandi… U tushundi. Meni kechirdi… Sen nega qadalib turibsan? Mana, qara, yuzim tep-tekis. So‘galdan asar ham qolmagan. Hatto no‘xatdek, no‘xat nima, moshdekkina izi yo‘q. Kulma, mazaxlama meni! Men qo‘rqqanim yo‘q, qo‘rqoq emasman! Ilojim yo‘q edi…

Yo‘lovchi quloqlarini berkitdi. So‘galni g‘ijimlab olgan kulgi qo‘llarini timdaladi, yulqiladi, tirnab-tirnab tashladi…

«Seni o‘la-o‘lgunimcha qarg‘ab o‘taman. Guldek qizimni yo‘ldan urgan suzilgan ko‘zlaringdan qon otilsin, qon!»

Yer mushtlab qarg‘ayotgan kampir qo‘llarini ikki yonga qattiq-qattiq silkidi. Uning kaftlaridan tinimsiz yog‘ilayotgan qon yigitning qovoqlarini surib tashlab, ko‘zlariga kirib oldi…

Chap ko‘zdan toshayotgan qip-qizil qon yo‘lovchining yuzini, bo‘ynini ivitib, yuragi tomon oqayotganida kaftining ortidagi tomirlari o‘ynab chiqqan, burishgan qo‘llar uni sidirib tashladi.

«Sen menga o‘g‘lim, bir qorindan talashib tushgan ukam qilmagan yaxshilikni qilding. Agar sen bo‘lmaganingda, balki… Umringdan baraka top, bolam!»

O‘ng ko‘zdan yog‘ilayotgan mehr duoga ochilgan qo‘llar atrofidan uzoqlashgisi kelmasdi. Tomirlari o‘ziga yarashgan qo‘llarni silab-siypalab, jilmayib turgan burishiqlariga singib ketardi.

Nima bo‘lyapti? Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Boshi g‘uvillayotgan yo‘lovchi ko‘zlarini chirt yumgancha yo‘lida davom etishni istar, juda-juda istar, lekin butkul madori qochib, shalviragan oyoqlari bir qadam tashlash nari tursin, pastga qarab tortib ketayotgan yerdan uzila olmasdi. Atrofida kimlardir bir-biriga gal bermay shivirlar, baqirar, yupatar, haqoratlardi. Boshini silayotgan mehribon qo‘lni itarib tashlagan muzdek sovuq, toshdek qattiq musht miyasiga ayovsiz mushtlardi.

U chidamadi, ortiq chidayolmadi. Madad izlab-izlab, qo‘lidagi ko‘zguga tikildi. Shu ondayoq ko‘zini chirt yumgancha yugurgiladi. U na o‘ng ko‘zdagi mehribon, tasalli yog‘dirayotgan, na chap ko‘zdagi nafrat otilayotgan nigohga chidayolmasdi. Qochdi, yugurgancha orqasiga qaramasdan ketaverdi. Chopib borayotib, qo‘li yengillashganini sezib qoldi. Qarasa, qo‘lida hech narsa yo‘q, bo‘m-bo‘sh edi. Bo‘m-bo‘sh! Shundagina ko‘zguni esladi. Qani u? Qachon, qayerga tashlab yubordi? U ming eslashga urinmasin, ko‘zguni na tashlab yuborganini, na uloqtirganini eslayolmasdi. Yo birov qo‘lidan yulqilab olib ketdimikan? Xuddi shu topda yoriqning ikki tomonidan o‘ziga qadalgan nigohni esladi. Ko‘zgu yo‘q, demak, endi haligi… qo‘rqinchli, yuragiga vahima solgan nigoh ham yo‘q. He, hozir o‘sha g‘alati nigoh haqida birovga aytsa, ishonmaydi, qaytaga ustidan masxaralab kuladi. Nimalar deyapsan, bir odamning ikki ko‘zi ayricha-ayricha qaraydimi? Bor-bor, cho‘pchagingni burnini arta olmaydigan bolakaylarga ayt!

Yo‘lovchi qip-qizarib, yugurishdan to‘xtadi. Ariqda shildirab oqayotgan suvga betini yuvdi. Cho‘ntagidan ro‘molchasini olar ekan, uni yuziga olib borayotib, changga botganini ko‘rdi. Ertalab xotini dazmol bosgach, ro‘molchani shimining cho‘ntagiga solib qo‘yayotganini ko‘rgandi. Qachon changga botdiykin? U yana yuzini yuvdi. Ariqdan bosh ko‘tarar ekan, shundaygina tepasida tolning g‘adir-budur tanasida ko‘zlariga qadalgancha turgan nigohni ko‘rib, qalqqanicha ortiga yiqilishiga bir bahya qoldi. O‘ng ko‘zni chap ko‘z, chap ko‘zni o‘ng ko‘z surib tashlashga urinayotgan nigoh.

Yo‘lovchi shoshganicha o‘rnidan turdi. Endi na o‘ngga, na so‘lga qaramasdan to‘g‘risidan ko‘z uzmasdan ketaverdi. To‘g‘rida esa ufq qizarib borardi. Tezroq yurmasa bo‘lmaydi. Yo‘qsa, manziliga yeta olmaydi. U xavotirlanib, tobora kichrayib borayotgan ufqqa qaradi. Qaradi-yu, tizzalagancha kaftlari bilan ko‘zlarini to‘sdi. Ufqda bir juft ko‘zdagi bir-biriga o‘xshamagan ikki nigoh unga qadalgancha turardi. Yo‘lovchi bu nigohning kaftlariga singib ketayotganini sezib-sezmasdi.
O‘rinboy Usmon

Manba: ziyouz.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yoriq "ko‘zgu"...