06:02 / 18.02.2018
6 609

Meva bermagan daraxt bexosiyat emas

Meva bermagan daraxt bexosiyat emas
Befarzandlik sinovining oxiri faqat ajrashishmi?
Bir tanishim bor. Uylanganiga sakkiz yildan oshdi. Shu davrgacha farzand ko‘rmadi. Er-xotinning bormagan joyi, ko‘rsatmagan shifokori qolmadi. Lekin faqat bitta gap: «Hammasi joyida, ikkingiz ham sog‘lomsiz...»

Oxiri, ota-onalar kutishdan charchab, ikki yoshni ajratib yubordi. Ikkovi ham ayricha oila qurdi. Ayol farzandli bo‘ldi. Ammo yigitning niyati amalga oshmadi. Oradan uch yil vaqt o‘tsa ham, yana farzand yo‘q. Yigitning dardi ichida, hali ham shifoxonama-shifoxona yuribdi…

Ha, bunday vaziyatga duch kelganlar oramizda topiladi. Yaratganning ne’matini kutib yillab umid bilan yashaydi, ammo befarzandlikdan oxiri sabri tugab, boshqasi bilan hayotini bog‘laydi. Axir, hamma ham o‘zidan zurriyod qoldirishni istaydi. Farzand umr chirog‘i, hayot quvonchi deb bejiz aytilmagan. U hayotimizga nur, mazmun, kelajakka ishonch, ezgu orzular baxsh etadi, qalblarni yoritadi.

Afsuski, bunday ne’mat qaysidir xonadonga erta yoki kech keladi...

«Yangilik bormi?»
Hali to‘y bo‘lganiga bir-ikki yil ham o‘tmasdan, er-xotin bir-birini yaxshiroq tanib ulgurmasdan, «farzand ko‘rmadik», deya ajrashib ketayotganlarni eshitamiz. Aytish kerakki, bunday hollarga faqat yosh kelin-kuyov emas, ularning ota-onasi, qarindosh-urug‘lari ham sababchi bo‘lmoqda.

Chimildiq iplari uzilmasdan yaqinlar ko‘z imolari bilan «qalay, yangilik bormi?», deya yosh oilani holi-joniga qo‘ymaydi. Bu gapni eshitgan yosh kelinning bir yil o‘tib, qanday ahvolga tushishini tasavvur qilib ko‘ring! Afsuski, ta’nali savollarning keti uzilmaydi: «Nima bo‘ldi? Keliningizning bo‘yida bo‘lmayaptimi? Voy, nima balosi bor ekan? To‘y bo‘lganiga to‘rt oy bo‘ldi-ku, axir! Tezroq qutuling, ko‘zdan nari bo‘lsin, balosi o‘zi bilan ketsin», qabilidagi gap-so‘zlar yosh oila boshiga gurzi bilan urilganday gap…

Shu o‘rinda bir hamkasbimning to‘ydan keyingi gaplari yodimga tushdi.

«Avvalida qo‘ni-qo‘shnining farzand haqida savol berishi tabiiy tuyular ekan, — deydi u. — Ha endi, jon koyitib so‘rayapti-da. Bolali bo‘lsak, hammaga yaxshi-ku, deb o‘ylardim. Ammo bora-bora bu so‘roqlar avjga chiqdi. Bir kuni uyga kelsam, xotinim yig‘lab o‘tiribdi. Sababini so‘rasam, aytmadi. Onamdan surishtirsam, qo‘shnilardan biri ayolimni ko‘chada uchratib, «qay biringda muammo?», deb so‘ragan ekan. Shartta borib, muammo kimdaligini ko‘rsatgim keldi-yu, o‘zimni bosdim.

Oradan bir yil vaqt o‘tdi. Lekin yangilikdan hamon darak yo‘q. Endi begonalar u yoqda tursin, tug‘ishgan opalarim ham o‘z holimga qo‘ymaydigan bo‘ldi. Men bu gap-so‘zlarga unchalik e’tibor qilganim yo‘q, ammo rafiqam kun sari so‘lib boraverdi. Oxir-oqibat, u o‘zi bilan o‘zi gaplashadigan, uzoqlarga tikilib, xayol suradigan odat chiqardi. Ahvoliga ortiq chidab turolmasdan ayolimni kasalxonaga yotqizdim. Biroz asablari tinchlandi...»

Hamkasbim ich-ichidan ezilib yurgan bir paytda, nihoyat, besh yil deganda farzandli bo‘ldi. U shu narsaga amin bo‘ldiki, inson chin dildan istasa, albatta, murodi hosil bo‘lar ekan. Faqat sinovlarga bardosh berib, sabr qilsa, kifoya. Axir, sabrning tagi sariq oltin, deb bejiz aytilmagan.

«14 yosh katta» do‘stimiz
Sabr-toqat qilib, farzand kutgan ota-onalar haqida gap ketganda, do‘stim Muzaffarning mushtipar onasi, qo‘li qadoq, mehnatkash otasining samimiy qiyofasi ko‘z oldimga keladi. Ularning sabr-toqati, ezgu niyatlariga ham qancha tahsin aytsang arziydi. Axir, ular oz emas, ko‘p emas — naqd o‘n to‘rt yil deganda do‘stim Muzaffarni dunyoga keltirishgan. Bu metin irodaga tayanib o‘tgan kunlar, bu ishonch, bu yillar aytishga osondir, ammo o‘n to‘rt yil farzand kutib yashash hammaning ham qo‘lidan kelmaydi.

— Bunday paytlarda erkak kishi ayoliga dalda bo‘lishi lozim, — deb o‘sha yillarni xotirlaydi Yo‘ldosh aka. — Xotinim yig‘lasa, men uni ovutardim. Bekorga yig‘layotganini aytib, unga qarab kulardim ham. Axir, sog‘lommiz-ku, derdim unga. U har xil xayollarga borardi. Men uning o‘ylarini quvardim. Aslida menga osonmidi? Men erkak kishiman! Ichimdan zil ketib, vujudim yonardi. Ammo buni na xotinim, na yaqinlarimga sezdirdim. Hech narsa bo‘lmaganday yurdim. Mana, Ollohga shukr, Yaratgan egam bizga Muzaffarni berdi, ketidan ikki qizli bo‘ldik. Uyimiz nurga to‘ldi.

Darhaqiqat, erkak kishi har qanday vaziyatda ham oilani asrab qolishga qodir. Ammo Muzaffarning ko‘ngilchan onasi o‘sha yillarni eslashdan ko‘ra, o‘g‘lining tug‘ilgan paytlarini xotirlashni xush ko‘radi. Xuddi hayoti shu ondan boshlanganday. Har gapida «Muzaffarning tug‘ilgan kunidan bir yil oldin yo bir yil keyin», «Muzaffar beshga kirgan kuni, oltiga kirgan kuni...» U kishining suhbatini eshitib beixtiyor o‘zbek onasining mehri-yu sabr-toqatiga qoyil qolasan. Onaizor bizga hazillashib: «Muzaffar sizlardan o‘n to‘rt yosh katta-a! Hurmat qilinglar», deb ham qo‘yardi. Biz Muzaffarning tengqur bo‘lib tug‘ilganidan xursandmiz. Chunki u oqibatli do‘st, o‘z kasbining ustasi, eng asosiysi, yaxshi inson.

Lekin hayotda shunday vaziyatlar ham bo‘larkanki, kibr-havo, manmanlik, kimnidir xo‘rlash, kamsitish, hayot sinovlarida irodasizlik qilish evaziga ham odam o‘zining chirog‘ini o‘chirib qo‘yishi mumkin ekan.

Bu haqida gap ketganda, hali-hanuz farzandsiz o‘tayotgan amakim bilan kelinoyim ko‘z oldimga kelaveradi.

Onamning aytishicha, men besh yoshimgacha yurmagan ekanman. O‘sha vaqtlarda amakim bilan kelinoyim onamga «nogiron farzand tuqqansan», deb rosa ozor berishgan. Hatto, bir uyda yashasa-da, qozon-tovoqni alohida qilib olishgan. Bir dasturxon atrofida o‘tirishmagan. Qaytar dunyo deganicha bor ekan: amakim va yangamiz tirnoqqa zor bo‘lib o‘tmoqda. Qarindoshlarnikiga yig‘inga borsam, ularning uzoqdan menga tikilib qarab turishini sezaman. Shuning uchun hech qachon birovning dilini og‘ritish kerak emas ekan, deb o‘ylab qolaman.

Bugun qandaydir sabablar bilan farzand ko‘rmayotgan oilalar garchi sog‘lom bo‘lishsa-da, avvalo, bundan hikmat izlashi kerak. Balki o‘tmishda qilgan qaysidir xatosi uchun berilgan jazodir bu. Yoki Yaratganning sinovidir. Nima bo‘lganda ham bu borada inson aybni o‘zgalardan emas, balki o‘zidan axtarishi lozim.

Ilhomjon MADALIYeV, «Mo‘yi-Muborak Ukkosha» jome’ masjidi imom xatibi:

— Farzand Olloh taolo tomonidan ato etiladigan ulug‘ ne’mat, inson qalbidagi eng oliy maqsad sanaladi. Taassufki, ko‘pchilik farzand ko‘rishda besabrlik qiladi. Ma’lum muddat o‘tishi bilan ikki yosh bir-biriga shubha nazari bilan qaray boshlaydi. Ikki taraf aybdorni qidirishga tushadi. Kelin-kuyov bir-birini tug‘mas va bepushtlikda ayblay boshlaydi. Bu noma’qul xatti-harakat qanchalik uzoq cho‘zilgani sari, o‘rtada shuncha jarlik yuzaga kelaveradi.

Ba’zi holatlarda ikki yosh sabr qilishsa ham, ota-onalar, yon-atrofdagilar ularga tinchlik bermaydi. Bu avj olib, hatto, oilani buzishni taklif qila boshlaydi. Vaholanki, ikki yosh shoshib, besabrlik qilganda ham kattalar nasihat bilan, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim. Zero, aksar vaqtlarda bir necha muddat farzand ko‘rmay, vaqti kelib o‘z tengqurlaridan ham ko‘p bolali bo‘lganlarga guvohmiz.

Aslida Yaratgan farzandni yaxshi ko‘rganiga berib, yomon ko‘rganiga bermaydi, deyish noto‘g‘ri fikr. Balki har narsaga qodir Zot farzandni kimga qaysi paytda berishni bilguvchidir. Uning taqdiriga faqat sabr qilish kerak. Noshukrlikning oqibati ayanchli yakun topadi.
G‘olib MIRZO

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Meva bermagan daraxt bexosiyat emas