08:04 / 19.02.2018
15 947

Baxt va xushkayfiyat siri nimada?

Baxt va xushkayfiyat siri nimada?
Har bir faslning o‘z ziynati borligi barchaga ma’lum. Va yana har bir faslning inson ruhiyatiga ta’sirini o‘zida his qilmagan kishi yo‘q bu olamda. Tevarak-atrofni ko‘zni qamashtiruvchi ranglara burkagan fasllarda o‘zingizda ma’yus va tushkun kayfiyatni hech sezganmisiz? Agar ayni paytda ruhiy zo‘riqish, xafsalasizlikdan qiynalayotgan bo‘lsangiz, quyidagi besh maslahatimiz Sizga yordam berishi, shubhasiz.

Jismoniy faollik
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, odamlar orasida sport bilan shug‘ullanadiganlari depressiya, ya’ni ruhiy tushkunlikka besh marta kamroq uchrar ekan.

Jismoniy mashqlar inson vujudida baxt garmoni – endorfin ishlab chiqarishni kuchaytiradi.
Sog‘lom odam uchun hafta mobaynida 4-5 marta sport mashg‘uloti bilan shug‘ullanish kifoya.

Qaddingizni tik tuting va tabassum qiling!
Bukchaygan yelka, so‘lg‘in nigoh – Sizning “Men g‘am-qayg‘udaman” degan dastxatingiz belgisidir. Lekin bu holatning atrofingizdagi odamlardan ko‘ra o‘zingizga ziyoni ko‘proq. O‘tkazilgan tajribalar natijasida har qanday inson o‘zini qayg‘uli holatga solsa, kayfiyat birdaniga yo‘qoladi yoki aksincha, optimistik holat qayg‘uni haydaydi. “Qaddingni tik tut – ko‘ngling yoziladi”, deb bejizga aytilmagan, axir.

Tabassumni esa fiziologlar “yaxshi kayfiyat tugmasi”, deyishadi. Hattoki, ko‘zda yosh bilan majburan jilmaysangiz ham qalbingiz g‘ubordan tozalanib borishini his qilasiz. Buni o‘zingizda sinab ko‘ring.

Muzlatgichni oching
Oziq-ovqat mahsulotlari ham ma’lum darajada Sizga baxtli lahzalarni hadya etishi mumkin.

Quvonch, xursandchilik garmoni-serotonin shokolad, olma va olxo‘rida ko‘proq uchraydi. Tarkibida triptofon aminokislotasi mavjud sut, tuxum hamda dukkakli o‘simliklar mahsulotlarini ko‘proq iste’mol qilsangiz, kayfiyatingiz ancha ko‘tariladi.

Shuningdek, uglevodga boy bo‘lgan non, kartoshka va makaron esa tinchlantiruvchi xususiyatga ega.

Har doim bo‘lsin quyosh
Ma’yuslik bizlarni kuz va qish faslida ta’qib etishining sababi quyosh nurlarining kamligidan. Mutaxassislar fikricha, insondagi tushkunlik psixologik emas, balki aniq fiziologik jarayonga bog‘liq. Ultrabinafsha nurlarining yetishmasligi inson kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kayfiyatingiz yomonlashdimi, ochiq havoda, quyoshning iliq nurlari ostida biroz sayr qiling, qalbingizga ajib yorug‘lik inganini o‘zingiz yaqqol sezasiz.

Atrofimizdagi odamlar bilan muloqotda biz xohlaymizmi yoki yo‘qmi, ularning ruhiy to‘lqiniga moslashib boraveramiz. Kulgu “yuqumli” ekanini hammamiz bilamiz. Biroq yomon kayfiyat undan ham tezroq yuqishini anglab yetmaymiz.

Avstraliyalik olimlar yomon kayfiyatda ishga kelgan xodim jamoadagi barcha kasbdoshlarini qayg‘uga solib qo‘yishiga 20 daqiqa vaqt kifoya ekanligini aniqladilar. Mana shuning uchun ham doim hayotidan rozi, umrini shukronalik bilan o‘tkazayotgan, kelajakka esa ishonch bilan boqayotgan baxtiyor insonlar davrasida ko‘proq bo‘lishga harakat qiling…
Rus tilidan Oydinoy VAHOBJONOVA tarjimasi.

Manba: mulohaza.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Baxt va xushkayfiyat siri nimada?