10:09 / 20.02.2018
8 444

Yaxshilikning o‘n besh turi

Yaxshilikning o‘n besh turi
“Yuzlaringizni Mashriq va Mag‘rib tomonlariga burishingiz (ibodat qilishingizning o‘zi to‘la) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg‘ambarlarga imon keltirgan, o‘zi yaxshi ko‘rgan molidan qarindoshlariga, yetimlarga, miskinlarga, yo‘lovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yo‘lida beradigan, namozni to‘kis ado etib, zakotni to‘lab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, og‘ir-yengil kunlarda … sabr qiluvchilar yaxshilik (ahli)dir. Aynan o‘shalar (imonlarida) sodiqdirlar va aynan o‘shalar taqvodordirlar” (Baqara, 177).

Oyatda kelgan “yaxshilik” so‘zi arab tilida “al-birr” kalimasi bilan ifodalangan. Bu so‘z bandani Rabbiga yaqin qiladigan barcha ishlarni qamrab oladi.

Allohga yaqin qiladigan yaxshilik yuzni sharq yoki g‘arb tomonga burish emas, balki e’tibor qaratish kerak bo‘lgan, saodat va muvaffaqiyatga olib boradigan yaxshilikdir. Bu narsa Allohga, Uning farishtalari, kitoblari, payg‘ambarlari va oxirat kuniga imon keltirish, mol-dunyoni yaxshi ishlarga sarflash, oyatda aytilgan ulug‘ ishlarni bajarish bilan yuzaga chiqadi.

Oyatda yaxshilik turlarini sanash Allohga imondan boshlandi. Chunki u barcha yaxshiliklarning asosidir. Allohga imon Uning birligi, sig‘iniladigan Yagona Zot ekanini tasdiqlashdir.

Keyin oxirat kuniga imon aytildi. Bu qayta tirilish, undan keyin bo‘ladigan hisob-kitob, mukofot, jazo kabi ishlarga ishonishdir. Oxiratga imon keltirish qalblarda yaxshilikni sevish hissini paydo qiladi.

“…o‘zi yaxshi ko‘rgan molidan”, deyildi. Chunki shunday holatda berish imonning chinligiga, qalbning sofligiga dalolat qiladi. Alloh taolo: “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga)erisha olmaysizlar” (Oli Imron, 92), deb marhamat qiladi. Rasululloh (s.a.v.) sadaqaning afzali inson sog‘-salomatligida bergani ekanini ta’kidlaganlar. Bir kishi Pag‘ambarimiz (s.a.v.) oldilariga kelib: “Yo Rasululloh, qaysi sadaqaning savobi eng ko‘p?” dedi. U zot: “Sening sog‘lom, qizg‘anib turganingda, kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqib, boy bo‘lishni umid qilib turganingda sadaqa qilishing. Joning uziladigan paytga borib, “Falonchiga buncha, pistonchiga muncha”, deb qolguningcha kechiktirmagin”, deb aytdilar (Muttafaqun alayh).

O‘zi yaxshi ko‘rib turgan molidan eng oldin muhtoj qarindoshlariga berish afzal. Zero, ularga yaxshilik qilish ham yaxshilikni, ham qarindoshlik aloqasini bog‘lashni qamrab oladi. Shuning uchun, ular oldin zikr etildi. Rasululloh (s.a.v.): “Miskinga sadaqa bir sadaqadir. Qarindoshga sadaqa ham sadaqa, ham qarindoshlikni bog‘lashdir”, deganlar (Imom Ahmad, Termiziy rivoyati).

Yetim deyilganda balog‘atga yetmasdan otasi vafot etgan bola tushuniladi. Yetimlar ham o‘zlariga kerakli narsalarni ishlab topa olmaganlari uchun boshqalarning yaxshiligiga muhtojdirlar.

Miskin – moli yo‘q yoki ehtiyojiga yetarli moli yo‘q kishidir.

Yo‘lovchi – safarga chiqqan, moli yonida bo‘lmagan kishi. Bunday kishilarga manzillariga yetib olishlari uchun yordam berish zarur.

Tilanchi ehson va yordam so‘rovchidir.

Oyati karimada olti toifa kishilarga yaxshilik qilish kerakligi aytib o‘tilgani cheklovni bildirmaydi. Balki bular bir misol sifatida, shu toifa kishilarning boshqalardan ko‘proq muhtoj ekanini ta’kidlash uchun keltirilgan.

Qur’oni karimni o‘qigan kishi unda faqirlar, miskinlar, barcha muhtojlarga katta e’tibor qaratilganini ko‘radi. Deyarli har bir surada ularga infoq qilish, yordam berishga targ‘ib bor.

Oyat davomida Alloh taolo yaxshilikning yana boshqa turlarini sanadi. Bular – namozni ruknlari, sunnatlari bilan xushu ila ado etish, zakotni unga haqli kishilarga berishdir. Bu yerda yaxshi ko‘rgan molidan sadaqa qilishdan so‘ng yana zakot berishning aytib o‘tilishi muhtojlarning zakotdan boshqa haqlari ham borligini bildiradi. Ya’ni agar boylar zakotni ado qilsalar-u, muhtojlarga yordam ko‘rsatmasalar, qiynalib qolganlarga ko‘mak bermasalar, Alloh taolo zikr qilgan yaxshilikni qilmagan bo‘ladilar.

Ahdga vafo shariat ko‘rsatmalariga bo‘ysunish, odamlar orasidagi to‘g‘ri kelishuvlarga rioya qilishni qamrab oladi. Ahdlariga vafo qiluvchilar va’da bersa, bajaradigan, qasam ichsa, oqlaydigan, gapirsa, rost gapiradigan, omonat berilsa, qaytaradigan kishilar bo‘lib, Alloh taolo ularga ko‘p savoblar va oliy darajalar va’da qilgan.

Og‘ir damlarda, qiyin holatlarda sabr qilish alohida aytib o‘tishga arzirli fazilatdir. Chunki bu iffat, taqdirga rozi bo‘lish, shijoat kabi xulqlarning asosidir.

“Aynan o‘shalar (imonlarida) sodiqdirlar va aynan o‘shalar taqvodordirlar”. Shariatda o‘zini Allohni g‘azablantiradigan har qanday ishdan tiygan, uning buyruqlarini bajarib, qaytariqlaridan qaytgan kishiga “taqvodor” deyiladi.

Xullas, bu oyati karima dunyoda saodatga yetkazuvchi, oxiratda Alloh taolo roziligiga muyassar qiluvchi yaxshilikning o‘n besh turini o‘zida jo qilgan. Alloh barchamizni ushbu amallarni bajaradigan, imonlarida sodiq, taqvodor bandalaridan qilsin.
Jamshid Shodiyev

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yaxshilikning o‘n besh turi