09:05 / 26.02.2018
5 769

Qayerda xato qildim?

Qayerda xato qildim?
Ikki farzandimni hali maktabga chiqmasidan onamga tashlab, xorijga ishlash uchun ketdim. Musofir yurtda ish topgunimcha, joylashgunimcha ne-ne kunlarni boshimdan o‘tkazmadim. Axiyri, ikki bolasi bor ayolning uyida ishlay boshladim. O‘zimning farzandlarimga berishim kerak bo‘lgan mehrimni o‘zgalar farzandiga berdim. Ularning kirini yuvdim, ovqatini pishirdim, kitoblar o‘qib berdim, kechalari ertak aytib uxlatdim. Va ishlab topgan pulimni onam bilan qolgan farzandlarim qiynalmasligi uchun uyga jo‘natib turdim. Oradan o‘n yil o‘tdi. O‘g‘lim o‘n oltiga, qizim o‘n to‘rtga kirganda xorijdan batamom qaytib keldim.

Onam ancha qarib qolibdi. Ammo… o‘g‘limning kollejiga, qizimning maktabiga borib, juda ko‘p narsalarni boy berganimni angladim. Har ikkalasining ham o‘zlashtirishi juda past, o‘qituvchilarining aytishicha, ular alamzada va takabbur emish. O‘g‘lim bir necha marta o‘rtoqlari bilan mushtlashibdi, qizim esa qo‘lidan telefonni qo‘ymas, o‘qishga xohlaganda borib, xohlamaganda bormasmish…

Ochig‘i, farzandlarimni tanimay qoldim. Qayoqdan ham taniy, axir ular bilan o‘n yil ayro yashagan bo‘lsam… Men xizmat qilgan oilaning farzandlari barcha havas qiladigan bolalar bo‘lib voyaga yetdi. Albatta, bunda faqat mening emas, kechayu kunduz ular bilan birga bo‘lgan onasining ham xizmati katta. Ularni onasi bir daqiqa ham yolg‘iz qo‘ymasdi. Men-chi, men pul topaman deb, onamning sochlaridagi oqni ko‘paytirdim. “Shu yerda ham yaxshi yashasak bo‘ladi”, deya xudoning zorini qilgan erimning aytganini qilmadim. Oqibatda turmush o‘rtog‘im men kelguncha boshqa oila qurdi.

O‘ylab ko‘rsam, yaxshi yashash uchun pul topaman deb, ko‘p narsalarni boy berdim. Avvalo, yolg‘iz onaga aylandim. Farzandlarimning tarbiyasiga e’tibor berolmadim. Ularning ilk maktabga chiqqanini, yozish va o‘qishni o‘rganganini ko‘rolmadim. Beg‘ubor bolaligini sog‘inch va o‘kinchga qorishtirdim. Onamning o‘zi uchun yashashi kerak bo‘lgan umrini tashvishlarim bilan almashtirdim…

Hozir yurtimizda tadbirkorlik bilan shug‘ullanyapman. Daromadim yaxshi. Ba’zida chet elga ishlaguncha kuch-g‘ayratimni shu yerga sarflasam, hammasi boshqacha bo‘larmidi, deb o‘ylayman. Farzandlarim bilan til topisha olmay qolgan paytlarim o‘zgalar farzandiga bergan mehrimni, ular uchun qilgan xizmatimni o‘g‘il-qizim uchun qilganimda, turmush o‘rtog‘imga suyanch bo‘lganimda, hozir menga o‘zgalar havas qilmayotgan bo‘lmasmidi?.. Endi kech, juda kech. Xorijga otlanayotgan hamyurtlarimga kuchingizni, mehnatingizni, mehringizni faqat va faqat yaqinlaringizga, oilangizga, Vataningizga bering, degim keladi…
Muxlisning maktubini BARNO oqqa ko‘chirdi.

Manba: Tasvir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qayerda xato qildim?