14:20 / 06.04.2018
5 809

«Otangni rozi qilmasang, chaqmoq yerga urganday, Xudoning O‘zi seni urib qo‘yadi!»

«Otangni rozi qilmasang, chaqmoq yerga urganday, Xudoning O‘zi seni urib qo‘yadi!»
«Odamlar million kishilik mehmon chaqirib, tonnalab osh damlasa ham, toki duolarida marhum uchun chin dildan so‘ralgan najot yo‘q ekan, bularning bari xo‘jako‘rsinga bo‘lib qolaveradi!»

Yarim tungacha beoromligim sababmi, ertalab boshim og‘rib uyg‘ondim. Esimda, onam rahmatlining vafotidan so‘ng xuddi shunday ahvolga tushgandim. Na yeb-ichishimda va na uyqumda halovat qolgandi o‘sha kezlar. Xayolan yoshlik chog‘larimga tez-tez qaytib, o‘sha xotiralar bilan uzoq o‘tiradigan odat chiqargandim. Otam esa bu parishonxotirligimdan qo‘rquvga tushar, «Hadeb kuyinaverma, bolam, ota-ona o‘lmog‘i meros», derdi. Bugun esa menga ayni shu dalda yetishmayapti: «Ota-ona o‘lmog‘i meros». Bu so‘zlarni ayta-ayta otamning o‘zi ham meni foniy dunyoda yolg‘iz qoldirib ketdi. Volidam sog‘inchiga otamning hijroni ham kelib qo‘shildi. Mana, bir oydirki, o‘z qobig‘imga butkul o‘ralib oldim. Erkak boshim bilan dod solib yig‘lagim keladi. Janozaga kelgan do‘stlarim ko‘p ovutdi: «O‘zingni qo‘lga ol, hammamiz o‘lamiz!», «Tinchlan, otangning to‘yi ekan-ku, sakson yosh», «Kuyinaverma, hammasiga vaqt davo!»

Shu gaplarni aytishayotganida oshna-og‘aynimning ko‘ziga qarayman. Hamdardlik hissi bor, ammo meni, baribir, tushunishmaydi. Men oilamizda kenjatoy farzand edim. Dadam hamma do‘stlarimning dadasidan ancha katta, ko‘pni ko‘rgani edi. Darhaqiqat, do‘stlarimning ham otasi hali tirik (umri uzoq bo‘lsin). Balki, shu sabab bunchalik uzlatga chekinib qolganimni tushunishmas, deya o‘ylardim kechagi kungacha. Bir sinfdoshimning otasi erta olamdan o‘tdi. Janozaga chiqdik. Ko‘nglimga «Uch kun yonida o‘tiraman, yaqin do‘stim bo‘lmasa ham dardi og‘ir, axir otasini yo‘qotdi. Bu fojiada mendan ortiq kim ham qalbiga orom bo‘lardi!» degan o‘y kirdi. Yonida bo‘ldim ham. Biroq…

U o‘sha kuni qo‘shnilar olib chiqqan qaynoq sho‘rvadan miriqib ichdi. Hatto «Yana bormi?» deyishni ham unutmadi. Kelgan mehmonlar bilan odatdagiday ko‘rishdi, anchadan buyon ko‘rmagan tanishlarini chetga olib, suhbat ham qurdi. Qanday aytsam ekan, miyig‘ida kuldi ham! Oh, men bu jilmayishdan so‘ng chidab turolmadim, yig‘lab yubordim. Otamning qabriga bordim-u, ho‘ng-ho‘ng yig‘lab, xayolga berildim.

«Otajon! Sizni sog‘indim! Esimda, go‘dakligimda shu qabristonga olib kelardingiz, ilk bora Fotiha surasini ham shu yerda o‘rgatgansiz. «Bu yerdagilar duoga zor, bolam, men ham o‘lsam, ko‘p-ko‘p duo qil!» degandingiz.

Onajon! Siz ham tinch yotibsizmi?! Onajon, men sizni ham sog‘indim, biroq otamning yarasi hali ancha yangi! Esimda, biz bu yerga siz bilan ham kelardik. «O‘g‘lim, o‘lsam, meni eslab tur, haqimga tilovat qil, yodingga tushishim bilan qo‘llaringni ko‘tarib, duo qil, shuning o‘zi yetadi», degan so‘zlaringiz qulog‘im ostida jaranglaydi. Onajon! Kechalari siz va otam uchun ibodat qilib, savobini sizlarga baxshida qilyapman. Zotan, sizlarga shundan boshqa hech nima foyda bermasligini ham tushunaman. Uyga kech qolsam, kelmagunimcha uxlamasdingiz, eshikdan kirib, salom bersam: «Xudoyim, O‘zingga shukr. Va alaykum aleykum, bolam, yaxshi dam ol!» deya uyquga ketardingiz. Yodimda, nima yesangiz, menga, albatta, ilinib, bir chetga o‘sha yegulikdan olib qo‘yardingiz! Jonim og‘risa, jon bo‘lardingiz, boshimni silab, qalbimga orom berardingiz!»

— Yana boshingiz og‘riyaptimi? — dedi rafiqam dori uzatarkan. — Sahar mardonda uxlab qoldingiz. Tuni bilan tilovat qildingiz chog‘i.

— Yaxshiman, Xudo xohlasa, bugun ishga ham chiqaman. Bunday mahzunligim tag‘in ularni qiynab qo‘ymasin.

— Ko‘nglingizga olmang-u, — rafiqam ko‘zini olib qochdi, — har kuni yarim kechagacha tilovat qilishingiz shartmasdir?! Yaqinda ehson qilamiz, shu bilan…

— Ehson?! — g‘azabimni bosishga urinsam-da, qoshlarim chimirildi. — Odamlarga ham hayronman, Nasiba. Ehson nima degani o‘zi, qani, ayt-chi?!

— Ehson?.. — sho‘rlik ayolim gapirganiga pushaymon bo‘lib, labini tishladi. — H-haligi, odamlarni chaqirib, dasturxon yozish-da!

— Xo‘p, dasturxon yozding, o‘liklarga bundan nima naf? — xotirjamlik bilan uni savolga tutdim.

— H-haligi, o‘sha kelganlarning yegan-ichganining savobi boradi o‘liklarga…

— Demak, biz shunchaki yeb-ichsak, marhumlarga savob boradimi?

— B-bilmasam, hamma shunday qiladi-ku! — yuzi qizargan rafiqam yerga qaradi.

— Nasiba! — dedim chuqur xo‘rsinib. — Hamma qilgan ish to‘g‘ri bo‘ladi, deb kim aytdi senga? Ehsondan maqsad — marhumni yodga olish, uning haqiga tilovat qilib, duo o‘qish. O‘sha sen aytayotgan ehsonlarning esa ko‘pini ko‘rdim. Ayollar yig‘ilib, gapda o‘tirganday hamma mavzuda suhbat quradi, erkaklar dollar kursiyu tijorat haqida gap boshlashadi. Hatto nega, nima sababdan o‘sha davrada o‘tirganlarini unutib, kulishib ham oladi. Yana kelgan hamma mehmonlar o‘ziga to‘q, «Bormasam, uyat bo‘ladi!» deya kelishgan. Mezbon esa ularni kilo-kilo damlagan oshidan yeyish uchun chaqirtiradi. Endi ayt-chi, bulardan marhumga nima savob boradi?!

Xotinim indamadi.

Ertasi kuni ishga chiqdim. Ishdan so‘ng dadam rahmatliga o‘xshab, kirakashlik qildim va shomga yaqin charchoq bosgani uchun uyga yo‘l oldim. Bir mahal ko‘zim yo‘l chetida turgan oppoq yaxtakli, qotmadan kelgan, munkaygan qariya va zabardast erkakka tushdi. Erkakning yuzi bujmaygan, asabiy qo‘lini siltab gapirar, yonidagi qariya esa lom-mim demaydi, boshi egik. Azbaroyi keksa cholga rahmim kelganidan yelkam og‘riyotganiga qaramay, to‘xtadim.

— Assalomu alaykum, — dedim qariyaga, so‘ng yonidagi erkakka yuzlandim. — Qayerga?

— Chorsu bozoriga!

Erkakning ko‘zlari kosasidan chiqquday, hatto men bilan ham o‘shqiribroq gaplashdi. Boshqa safar bo‘lganida-ku, «E, bor-e!» deya qo‘l siltardim, ammo mana bu oq yaxtakli qariyaning yuzida dadamni eslatuvchi allanimalar mavj urar, yuragimni yumshatardi. Erkak mashinaga qariyani jerkib o‘tqizdi-da, shang‘illashni boshladi:

— Eh, dada, ikki yuz dollar-a! Ikki yuz dollar ketdi! O‘zingizcha aqllisiz, o‘rgildim, menga sovg‘a oling, deganmidim?! Sizning o‘sha qo‘lansa kostyumingizni o‘lsam ham kiymayman! Eh, ikki yuz dollar havoga uchdi!

Oynadan yashirincha qariyaga qarab qo‘yaman. Bechoraning boshi hamon egik. Sal o‘tmay boshini ko‘tardi, botayotgan quyoshga qarab xo‘rsindi. Uning nursiz ko‘zidan yoshlik allaqachon tark etgan, ajinli yuziga tomchilar dumaladi. Mening qarayotganimni sezdi, shekilli, titroq qo‘llari bilan ko‘z yoshlarini bilintirmay artdi. Kim biladi, u mana shu qo‘llar ila yonidagi yuzi sovuqni qancha erkalab ko‘targan, o‘sha ikki yuz dollardan nechtasini unga sarf qilib, hech achinmay yana uni bag‘riga bosgan. Bardoshim yetmay, gapirib yubordim.

— O‘zingizni sal qo‘lga oling, axir u otangiz-ku!

— E-ye, ko‘rmaysanmi, uka, — erkak tamakisini yoqib, cheka boshladi. — Bugun tug‘ilgan kunim edi, mana bu odam shu kunni ham burnimdan buloq qilib o‘tiribdi. Nima emish, menga sovg‘a olgani pensiyasini yig‘ib, bozorga borganmish. Jin urgur pensiya pullarini olaman deb, javonimdan ikkita yuztalik ko‘kini olib, bozorga boribdi, o‘zi shapko‘r-da! Bozorchilar ham laqqa baliqni tutdik deb, arzimagan sassiq kostyumni o‘tkazib, bu cholni ahmoq qilishgan. Mana, endi…

Erkak uzoq gapirdi. Mening esa xunobim oshib borar, hoziroq mashinani to‘xtatib, uning xo‘ppa semiz qorniga ayamay tepgim kelardi. Meni faqat bir narsa, qariyaning qarashlari to‘xtatayotgandi. Axir kim bo‘lsa ham harholda farzandi.

— Aka! — dedim tishlarim g‘irchillab. — Arzimagan pul ekan-ku, otangizdan aziz bo‘libdimi?

— Iye, iye! — erkak tamakisini uloqtirib, ikkinchisiga yopishdi. — Hoy, boyvachcha, sen uchun arzimagan puldir, men u pulni mashinaga yig‘ayotgandim, tushundingmi?!

— Men oddiy oiladanman, hech qachon boy bo‘lmaganman! Ammo ota-onamni bir bor ko‘rish uchun butun hayotimni, jonimni fido qilardim…

— E-ye, qo‘ysang-chi aqlli gaplaringni, o‘rgildim! — erkak otasiga qarab, uni turtdi. — Dada, mana bu bolani o‘g‘il qilib oling, heh, juda vijdonli ekan! O‘-ov, dada, yana yig‘lab, rol o‘ynayapsizmi, nari borsa, o‘sha ikki yuz dollarni ma’rakangizga ishlatardim, eh, ikki yuz dollar qo‘ldan ketdi!

— Uyalmaysizmi, aka, otangizning umri uzoq bo‘lsin! — asabiylashganimdan ko‘zlarim yo‘lni ham ko‘rmay qolgan, ichimdan vulqon otilardi go‘yo. — Otalarimizning vafotidan so‘ng ming kishilik ma’rakalar o‘tkazamiz, osh beramiz, kimga kerak bu ishlar?!

— Sen hali o‘lgan otangga osh bermaganmisan, voy, nomard! — erkak xandon otib ustimdan kuldi.

Men ortiq chidolmadim. G‘ayritabiiy bir kuch meni shiddat bilan o‘ziga bo‘ysundirdi va mashinani to‘xtatdim.

— Iltimos, mashinadan tushing, sizda gapim bor!

— Tezroq hayda, anavi moshenniklar ketib qolmasin, pulimni olay.

Tixirlik qilaverganimdan so‘ng erkak mashinadan tushishga majbur bo‘ldi. Bir chetga o‘tib, uning ko‘zlariga tik boqdim.

— Siz ham odammisiz, aka, otangizni buncha xo‘rlamasangiz?! — erkakning xo‘mraygan yuziga qarab, nola chekkuday ichimdagini to‘kib soldim. — Men adoyi tamom bo‘lyapman, bu muomaladan, yonib ketyapman, aka!

— Iya, juda ta’sirchan bola ekansan-ku!

Erkak qornini bir silab, xunuk kekirdi.

— Otamni qabrga qo‘yganimga bir oy bo‘ldi! — ko‘zlarim yoshlandi. — Ha, men xalqqa osh bermadim, restoranlarda ehson qilmadim. O‘sha pulni mahallamizdagi masjidga olib chiqdim, domlaga berdim. Biror nochor odamga bering, savobi otamga borsin, deb aytdim. Bilasizmi nega, chunki menga odamlarning «Falonchi mana shuncha osh damlabdi», degan gapi emas. Ehsonga kelganlarning «Falonchi pulni ayamay ma’raka o‘tqazibdi», degan arzon maqtovlaridan, otajonimning jannat bog‘lariga qarab yotishi muhim!

— Ey, jonimga tegding-da, nima xohlaysan o‘zi? Shunaqa mard ekansan, anavi cholni ham uyingga olib borib boq!

Qulog‘imga shayton shipshidimi farishtalarmi bilmayman, musht bo‘lib tugilgan qo‘lim erkakning yuziga qarab tushdi. O‘zimni kamdan-kam hollarda ana shunday anglolmay qolar, nazoratni yo‘qotardim. Bilmayman, tepamga qarashlari otamni eslatadigan o‘sha qariya kelmaganida yana qancha musht urardim.

— Bolamga tegma! Men shunchaki tug‘ilgan kuningga sovg‘a olmoqchi edim, bolam, notavon otangni kechir, ko‘zlarimdan nur ketib, sening pulingni ham olibman, kechir!

Ko‘zimga shaytonday ko‘rinayotgan qorindor, tepakal erkak men kabi tez-tez hansirab qolgan, tinimsiz so‘kinardi.

— Ahmoq, senga nima? Axir bu mening otam, xohlasam, shirin gapiraman, xohlasam, mana shu yerda tashlab ketaman, qariyalar uyiga topshirmayotganimga rahmat desin!

— Qariyalar uyiga ham odamlarning gapi deb bermaysan! — o‘zimni tutolmay baqirdim. — Tashlab ket, men o‘zim olib ketaman otangni, men shunday bir insonga zorman, nokas!

Jimlik cho‘kdi. Erkak so‘kinishdan, qariya yig‘lashdan to‘xtadi. Osmonni to‘ldirib, bosib kelayotgan bulutlar yana-da vahimali tusga kirib, chaqmoq chaqishni boshlagandi. Mashina tomon qadamimni tezlatdim va masjidga beraman, deb asrab yurgan pullarni oldim.

— Ol! — pulni erkakka uzatdim. — Otangni rozi qilmasang, mana shu chaqmoq yerga urayotganday, Yaratganning O‘zi seni urib qo‘yadi!

— E, o‘sha sening vijdoningga! — erkak pulni oldi-da, yana so‘kindi va otasining oldidan o‘tayotib, yerga tupurdi. — Boring, sizni ota qilib olmoqchi, o‘rgildim! Aytgancha, uyga oborib tashlasin, odamlar gapirmasin tag‘in.

Qariya ko‘zlarini bulutli osmonga tikdi, so‘ng yumdi. Negadir u duo o‘qiyapti deb o‘yladim. Shu zahoti yomg‘ir sharros quyib yubordi.

— Yuring, menikiga boramiz, keliningiz issiqqina ovqat pishiradi, istasangiz, osh damlaymiz, men sizga otam haqida gapirib beraman…

— Bolam, — qariya munkaygan yelkasini yana-da egib olgan, ma’yus chehrasidan esa bir olam ma’noni uqish mumkin edi. — Meni uyimga olib bor, iltimos, juda charchadim.

Qariyani avaylab mashinaga o‘tqazdim. U boshini o‘rindiqqa suyadi, o‘ziga-o‘zi «Uxlasam-u, qaytib turmasam!» deganini ham eshitdim. Yuragim chunonam o‘rtanib ketdiki! E, voh! Odamlardan shu qadar mehr-oqibat ko‘tarilganmi yoki men chindan ta’sirchanmikinman, balki, hamma gap tarbiyadadir! Ana shu xayol bilan keta boshladim va allaqanday yo‘l hodisasi yuz berganini ko‘rib, to‘xtadim. Ko‘nglim o‘sha tarafga borishni aytgani uchunmi, tushunarsiz hislar ostida avtofalokat bo‘lgan joyga yaqinlashdim. Tumonat odam yig‘ilgan, ularni yorib o‘tgan sari yuragim dukirlab ketyapti.

— Yo‘ldan shoshib o‘tayotganini o‘zim ko‘rdim, qirq beshlar atrofidagi kishi edi!

— E, bechora, joni zo‘rg‘a uzildi deyishyapti, ko‘zi ham ochiq ketibdi, qarang!

Atrofdan kelayotgan shovqin, yomg‘ir ovozi, mashinalar signali… Nihoyat, oldinga chiqdim va… «Otangni rozi qilmasang, mana shu chaqmoq yerga urayotganday, Yaratganning O‘zi seni urib qo‘yadi!» degan gapimni esladim, so‘ng darhol ko‘z oldimda osmonga qarab pichirlayotgan qariyaning mahzun qiyofasi gavdalandi. Qariyaning o‘g‘li, chindan ham ko‘zlari ochiq yotardi. Shu payt kimdir uning yuziga kostyum yopib qo‘ydi. Bu qariyaning sovg‘asi ekanini ko‘rib, yuragimni changalladim: «Sizning o‘sha qo‘lansa kostyumingizni o‘lsam ham kiymayman!»

Darhaqiqat, o‘lsak bizga hech narsaning farqi qolmaydi. Ming kishilik oshning ham, odamlarning gapiyu qo‘ylar so‘yilishining ham. Bizni faqat duo qutqaradi, iymon qutqaradi!
Mohigul DIYoRXO‘JAYeVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Otangni rozi qilmasang, chaqmoq yerga urganday, Xudoning O‘zi seni urib qo‘yadi!»