11:30 / 31.05.2018
6 384

Qalb xotirjamligi nimada?

Qalb xotirjamligi nimada?
Xizmat taqozosi bilan, odatdagidek, chet davlatga safar qildim. Lekin bu gal ayrim sabablarga ko‘ra, safarim cho‘zilib ketdi. Mana, kelganimga ham to‘qqiz oydan oshib qoldi. Shaharning keng va yorug‘ ko‘chalaridan birida yurib boryapman-u, ammo xayolim uyimda, yolg‘iz qolgan qizlarimda. Ulardan xavotirlanib: “Ularga biror narsa bo‘ldimikin?”, “Sog‘-omon yurishganmikin?” − deya o‘ylab ketyapman. Shu payt xayolimni bir fikr chulg‘ab oldi: «Ey Abdulloh! Bu nimasi? Agar qizlaring uchun qayg‘uradigan akalari yoki himoya qiladigan bobolari bo‘lganida, xavotirlanarmiding? Yo‘q, xavotir olmas eding, hatto o‘ylamasding ham. Shunday ekan, ularni himoya qiluvchi Zot Alloh taolo bo‘lsa-yu, sen nega qayg‘urasan!

Qanday xavotir olishing mumkin?!» Agar men hozir ularning yonida bo‘lganimda, bordiyu, Alloh taolo ularning taqdiriga qandaydir musibatni bitib qo‘ygan bo‘lsa, men nima qila olardim? Bularni o‘ylab borar ekanman, ich-ichimdan qandaydir xotirjamlikni his qila boshladim…

Kutilmaganda boshimga bir tashvish tushib qoldi. Keyin undan xalos bo‘lish yo‘llarini izlay boshladim. Shunday bo‘lsa-da, ertaga nima bo‘lar ekan? − deb qo‘rqardim. Keyin: «Shunchalik nodon bo‘lamanmi?! Ishlarimni o‘zim boshqara olaman, g‘am-tashvishlarni yelkamda ko‘tara olaman, deb o‘ylayapmanmi?! Axir, go‘dakligimda, xuddi yostiq kabi yerga tashlab qo‘yilgan paytimda, kim meni asragan?! O‘shanda hech narsaga tushunmas, gapira olmas edim.

Agar bir chayon oldimga o‘rmalab kelsa yo biror chivin atrofimda uchib yursa, hatto o‘zimni himoya qila olmaganman-ku! O‘shanda ham o‘z ishlarimni o‘zim boshqarganmanmi?! Undan oldin-chi, kim meni asragan? Bularning barchasini qilishga Qodir bo‘lgan Zot endi meni tashlab qo‘yar ekanmi?!» deb o‘yladim.

Xayolimdan shunday fikrlar o‘tarkan, yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Tunda esa xotirjam uyquga ketdim…

Xotirjamlikning kaliti, iymon halovatiga yetish yo‘li – bu duodir. Doimo duo qilib, Alloh taolodan kattayu kichik hojatingizni so‘rang. Duo qilishning o‘zi ham bir ibodatdir. Bunda so‘zamol bo‘lish shart emas. Eng muhimi qalbning tayyorligi, duo qiluvchining ixlosli bo‘lishidir.

Ko‘pincha, past ovozda aytilgan, sodda bo‘lib ko‘ringan, lekin ixlos bilan qilingan duo insonlar ko‘nglini yumshatadigan, hamma qoyil qoladigan, biroq til uchida qilingan duoga nisbatan qabul bo‘lishi osonroq bo‘lar ekan.

Agar siz solih insonlarning suhbatidan doimo bahramand bo‘lsangiz, Alloh taolo doimo qalbingizda bo‘lsa va har doim duo qilib yursangiz, har kechangiz “Laylatul-qadr” bo‘ladi. Agar siz bunda nafsning rohati, ruhning halovatidan boshqa narsaga erisha olmasangiz ham, mayli, shuning o‘zi ham yetarli. Bu orqali siz Oxirat saodati, Haq taoloning roziligiga erishasiz-u, nega yetarli bo‘lmasin?!
Ali Tantoviyning “Rovai’ut-Tantoviy” kitobidan
Hamidulloh Najmiddinov tarjimasi

Manba: quran.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qalb xotirjamligi nimada?