07:31 / 04.06.2018
5 542

"Giyohvand" qizlarning achchiq qismati

"Гиёҳванд" қизларнинг аччиқ қисмати
Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Arnasoy ko‘chasi, 2-uyda joylashgan narkologiya dispanserida davolanayotgan bemorlarning xohish-istagiga ko‘ra davolanish ishlari anonim, ya’ni xufiya holatda olib borilar ekan. Murojaat qilgan bemorning ismi sharifi, yashash manzili sir tutilgan holda anketa ochiladi. Bemorlar istasa, kunduzi kelib muolajalarni olib, uyiga ketishlari, xohlasa dispanserda yotib, davolanishlari mumkin. Oziq-ovqat hamda dori-darmonlar sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bepul beriladi. Bemorlarni sport bilan shug‘ullanishlari uchun trinajyor zallari mavjud.

Ming afsuski, bugungi kunda giyohvandlikka o‘rgangan qizlarning qanchasi ko‘chada yuribdi. Ularning ota-onasi shifokorga murojaat qilishmaydi. Kasallik holati kuchayib, atrofdagilarga zarari tegadigan darajaga yetgandagina dispanserga kelishadi. Alkogolizm, narkomaniya va taksikomaniyaga chalingan bemorlarni majburiy davolash uchun O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimi doirasida maxsus davolash profilaktikasi muassasalari tashkil etilgan. Unga ko‘ra narkologik kasalliklarga chalingan va qoidabuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatangina majburiy davolanish qo‘llaniladi. Narkolog-vrach Nargiza Bobojonova ish jarayonida duch kelgan eng ayanchli voqealarni so‘zlab berdi. Bu ikki qiz ham shifoxonada anonim tarzda davolangan. Ularning taqdirlari kimgadir saboq bo‘ladi, degan umiddamiz.

MEHRSIZLIK ShU KO‘YGA SOLDI
– Bozorga tushib, o‘zimga ko‘ylak sotib oldim. Ko‘ylagimni keyin ko‘rib qoldim. Boshqa payt kelib olib ketish niyatini bildirib, sotuvchiga telefon raqamimni berdim. U mendan qayerda ishlashimni so‘radi. Men aytdim. Ertasiga ayol qo‘ng‘iroq qilib: “Ikkita qizim bor, kenjatoyim qanaqadir giyohvandlik moddasini iste’mol qiladi. Agar erim bilsa meni ham, qizimni ham o‘ldiradi. Dispanserga olib borolmayman, iltimos, yordam bering”, deya dardini to‘kib soldi.
Namuna bilan suhbatlashdim. Juda go‘zal, sochlari uzun, yuzi oppoq, nozikkina qiz ekan. Har qanday odamni suqi kiradigan darajada xushro‘y.

Oiladagi muhitni o‘rgandim. Onasi bozorda savdoda, ertalab ketib, kechqurun qaytadi. Ota­si ham o‘z ishi bilan band. Uyda opa-singil qolishadi. Qizning aytishicha, ota-onasi o‘rtasida tez-tez janjal-to‘palon bo‘ladi. Uydagi nosog‘lom muhitdan bezgan Namuna kafeda bir qiz bilan tanishadi. Dugona bo‘lib qolishadi. Dardlarini o‘sha qizga aytadi, u esa nasha iste’mol qilishga da’vat etadi. Namuna go‘yoki dugonasi bilan uchrashsa o‘zini yaxshi his qilayotgandek tuyuladi. Singlisining qadam olishlaridan shubhaga tushgan opa uni kuzatadi. Uyga kech qaytayotgani uchun onasiga shikoyat qiladi. Singil esa opasidan qasos olish niyatida ota-onasiga yomon ko‘rsatish yo‘llarini izlab topadi.

Opasining sumkasiga uydagi pullarni solib qo‘yib, o‘g‘riga chiqaradi. Shunday qilib ona katta qizining rost gapiga emas, singilning tuhmatlariga ishonib, opaning adabini beradi. Shundan so‘ng singil bosar-tusarini bilmay qoladi. Yosh holatiga jinsiy aloqada bo‘ladi. VICh infeksiyasini yuqtiradi. Bu orada xorijga ham chiqib keladi. Qizning hayotida shuncha muammo bo‘lishiga qaramay, ona buni otasidan bekitgan. Agar ayol men bilan bozorda tasodifan uchrashib qolmaganida balki qizning ayanchli ahvoli davom etaverarmidi.

Xullas, Namunaga qo‘limdan kelgan yordamni berdim, hayotini izga solishga harakat qildim. Ammo uning hayoti fojea bilan tugadi. Qizning o‘limidan bir kun oldin u bilan uchrashdim. Eng og‘ir narsa nima, bilasizmi, bu dardga chalinganlar hech qachon o‘z xatosini tan olishmaydi, kasalman deb o‘ylashmaydi. Shu bois bizlar ham ular bilan ishlashda qiynalamiz. Menga azob bergan narsa, gulday qizi kundan-kunga botqoqqa botib ketayapti-yu, ona xotirjam bozorda savdo qilib o‘tiribdi. To‘g‘ri, farzandi uchun yuragi achigan, siqilgan. Ammo inson hayotini izga solish uchun achinishning o‘zi kamlik qiladi. Namunaga yordam berish, vaqtida shifokorlarga murojaat qilish o‘rniga ona uni ayblab, urib-so‘kib haqorat qilgan. “Sen fohishasan, endi hech kimga keraging yo‘q”, degan so‘zlarni aytgan. Axir qizni shu yo‘lga kirishida eng asosiy aybdor ona-ku. Ammo u o‘z xatolarini tuzatish o‘rniga yana bolasini ayblaydi.

Bugungi bolalar ota-onalaridan juda ko‘p narsalarni talab etishadi. Ammo onalar ham qizining havoyi orzu-havaslariga labbay deb javob berishdan oldin biroz o‘ylasin. Kasb-hunar kollejida o‘qiyotgan ayrim qizlarning sakkiz hatto o‘ntalab sumkalari bor. Yaqinda avtobusda bir ayolni telefonda kimgadir maqtanib so‘zlayotganini eshitib qoldim. Bir oy ichida maktabda o‘qiyotgan qiziga uchta oq kofta sotib olib bergan. Farzandlarimizga inson hayotidan ko‘ra kiyim-kechak qadrliroq ekanini o‘zimiz o‘rgatib qo‘ymayapmiz-mi? Undan ko‘ra farzandimiz bilan yonma-yon o‘tirib: “Bugun quning qanday o‘tdi, nima ishlar qilding, bolam?”, deb savol beraylik. Muammosi bo‘lsa, unga birgalashib yechim qidiraylik. Shunda bolalarimiz ko‘chaga emas, bizga talpinib yashaydi.

QIZ OTANING QURBONI BO‘LDI
Yana bir qizning hayotida sodir bo‘lgan voqeada ota-onasining katta aybi bor. Sojida bemorim bo‘lgan. Badavlat xonadonning yakkayu yagona qizi edi. Dadasi ko‘plab restoran hamda magazinlarning egasi bo‘lgan. Atrofida yurgan odamlardan birining ko‘nglini og‘ritadigan ish qilgan. Dadasiga kuchi yetmagach qasos o‘tida yongan dushman, alamini qizidan olgan. Oqsoch ayol orqali qizni geroinga o‘rgatgan. Sojidani yaxshi bir xonadonga kelin qilib uzatishadi. Yangi hayot ham unga yordam bermaydi. Oqsoch dastlab geroinni qizning uyi yoniga olib kelib turadi. Sekin-asta ta’minlovchilar qizdan o‘zlari xohlagan joyga kelishini talab qila boshlashadi. Xumor dardida bo‘lgan Sojida ular istagan joylarga boradi. Qora niyatli odamlar qizni abgor qilishadi. Qizning ahvolidan dastlab eri xabar topadi, so‘ng ota-onasi. O‘sha vaqtning o‘zidayoq yigit Sojida bilan ajrashadi. Vaqti soati yetib, Sojida farzandli bo‘ldi ammo bola nogiron tug‘ildi. Uni nogiron bolalar internetiga topshirishdi. Dozani oshirib yuborgani uchun o‘zi hayotdan ko‘z yumdi.

Bu yo‘ldan ayol kishining chiqib ketishi qiyin. Chunki ayol organizmi nozik bo‘ladi. Geroin uning organizmiga sekin-astalik bilan o‘rnashib oladi. Bu yo‘lga kirganini bilganidan so‘ng: “ Endi men kim bo‘ldim, erimga kerak emasman, keyingi hayotim nima bo‘ladi?” degan umidsizlik ularni qiynaydi. Lekin bu baloning changalidan omon chiqib ketgan ayollar ham bor. Rus millatiga mansub bo‘lgan 19 yasharli juvon o‘zi bilmagan holda shu yo‘lga kirib qolgan. Dispanserda davolanib uyiga qaytdi. Eri har kuni ortidan kelib, mehr bilan: “Sen judayam kuchlisan, albatta, bu baloni yengasan”, deya ruhlantirib, uni bu yo‘ldan chiqarib oldi.

Agar birorta ayol shu yo‘lga kirib qolsa eng birinchi turmush o‘rtog‘i: “Sen narkomansan, sendan hamma nafratlanadi, hech kimga kerak emassan”, deya haqorat qilishni boshlaydi. Ammo erkak shu yo‘lga kirsa, ayol oxirigacha kurashadi.
Bir onaxonni bilaman. Yoshi 70 ga yaqinlashib qolgan. Ertalab qo‘llarida sumka, issiq ovqat bilan dispanserga kelayotgan bo‘ladi. Bir kuni gapga tutdim. “Nimasini aytayin qizim. Amakingiz ichkilikka mukkasidan ketdi”, – deydi dardu hasratini to‘kib. – Jigariga zarar yetmasin, deb pul bermay qo‘ysam, axlat yashiklarni titkilab, baklajka, qog‘ozlarni yig‘ib sotib, puliga aroq olib ichadigan bo‘ldi. Oxiri shu yerda davolanishga ko‘ndim».

Hozir tirikchilik vajidan juda ko‘p ota-onalar farzandlarini vasiylar qaramog‘ida qoldirib, xorijga ishlagani ketishyapti. Hech bir inson birovning bolasiga o‘z ota-onasidek e’tibor hamda mehr berolmaydi. Kamsitadi, xo‘rlaydi, yoshiga mos bo‘lmagan og‘ir yumushlarni bajarishga majbur qilishadi. Oxir-oqibat bola o‘zini yolg‘iz hamda himoyasiz his qila boshlaydi. Hayotdan, yashashdan zerikadi. Natijada qora niyatli odamlarning domiga tushib, yashash zavqini ular in’om etgan og‘udan topdim, deb o‘ylaydi.

Bu gaplar to‘qima emas. Achchiq qismatli taqdirni yashagan insonlar hayotidan olingan voqealar. Agar kimnidir hayotida giyohvandlik holati aniqlansa, kechiktirmay shifokorga murojaat qilsin. Oilasidagi yaqinlari va shifokorlar birga hamjihatlik bilan harakat qilishsa, o‘sha insonni sog‘lom hayotga qaytarish mumkin.
Nigora RAHMONOVA

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Giyohvand" qizlarning achchiq qismati