23:05 / 09.06.2018
6 948

Yer ostida yarim soat

Yer ostida yarim soat
“Bu odam yo telba yoki boshiga biror katta musibat tushgan...”

Yarim kechasi qabriston devoriga tirmashayotganimni ko‘rgan odam shunday xayolga borishi aniq edi. Aslida ham shunday, axir, namozga beparvolikdan ortiq musibat bormi?..

Bir paytlar o‘qigan edim. Sufyon Savriy hazratlari uyida o‘zi uchun qabr kavlab, ba’zi-ba’zida uning ichida o‘lim haqida tafakkur qilib yotarkan. Keyin hayajonlangancha: “Rabbirji’un (Rabbim, meni qaytar)”, deya o‘rnidan turar, ustidagi tuproqni qoqib aytarkan: “Dunyoga takror qaytding, ko‘raylik, savob qozonishga qanday kirishasan?..”

Yaqin kunlardan buyon ibodatga beparvoman. Namozlarni besabab qoldira boshladim, ayniqsa, bomdodni... Bu holat qaytarilavergach, Sufyon Savriy hazratlari kabi nafsimga jazo berishim lozim, degan qarorga keldim. Hech kim bilmasin deya, yarim kecha qabriston devoriga tirmashayotganim shundan. Chunki eshikdan kirsam, qorovul ko‘rib qoladi...

Mana, devor ustiga chiqdim. Etni junjiktiradigan darajada qorong‘u, sokinlik. Ichimni qo‘rquv qopladi. Qabrlarga tikilgancha o‘ylanib qoldim: bularning ba’zisida sevinch bor, ba’zisida azob. Agar marhumlar tilga kirishsa, Rasululloh aytganlaridek: “Namozga diqqatli bo‘ling!” deb hayqirishardi. Shu o‘y bilan pastga qanday sakraganimni bilmay qoldim. Tushdimu devorga orqam bilan yopishib oldim. Sekingina boshimni burib, yon tomonga qaradim. Avvaldan bilardimki, bu tomonda kavlab qo‘yilgan qabrlar bor. O‘sha tomonga qadam tashlarkanman, oyoqlarim tosh bog‘langandek og‘irlashganini his qildim. Nima bo‘lyapti menga, qulog‘im ostida shivir-shivirlar, kimningdir nafasi... Orqamga qarasammikan? Yo‘q! Bular hammasi shaytoniy vasvasalar. Axir, xuftonni jamoat bilan birga ado qildim, inshaalloh, Alloh muhofazasidaman, qarorimdan hech narsa chalg‘itolmaydi.

Mana, qabr og‘zida o‘tiribman. Shu paytgacha bu yerdan ham qorong‘iroq joy ko‘rmaganman. “Qanday jasorat bilan bu yergacha keldim? Qabr ichida meni nimalar kutayotgan ekan?” kabi savollardan yuragim og‘zimga keldi go‘yo. “Shu yerdan qayta qolaman, qasamni buzganim uchun uch kun ro‘za tutaman. Hozir esa qabr chetida bir oz o‘tiramanu keyin ketaman”, degan xayolda titrayotgan tizzalarim bilan cho‘kkaladim. Qo‘rquv va vasvasalarni quvish maqsadida “A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym”, deya zulmat qoplagan ochiq qabrga tikilgancha o‘yga toldim. Yo Alloh! Bu yerga har bir insonning kelishi muhaqqaq. O‘limdan qochish yo‘q. Lekin shuni bila turib nega dunyoning ortidan bunchalik quvamiz? Parvardigoro, qanchalab insonga ozor berdik, qancha g‘iybatlar qildik, namozni tark etgan, Qur’onni kuy-qo‘shiqqa almashtirganimiz qancha... Bila turib g‘aflatga botamiz, Senga isyon qilamiz. So‘nggi makonimiz esa shu – qorong‘u lahad...

Shu o‘ylar ostida Allohga tavakkul qilib, o‘ng oyog‘imni uzatdim va qabrga tushdim. Yelkamdagi yopinchiqni to‘shab, yotib oldim. Qattiq qo‘rquvda edim. O‘yladimki, hozir ustimni tuproq ko‘mib qo‘ysa-ya? Darhol yotgan joyimda ko‘zlarimni yumib oldim, yuragim qinidan chiqib ketmasin, vujudimning titrashi tinsin deya... (Agar men, ya’ni tirik, kuch-quvvatli odam shu holga tushsa, o‘likning holi nima bo‘lar ekan?)

Ichkaridan, zulmat qoplagan lahaddan ufurayotgan sovuqdanmi yoki qo‘rquvdanmi junjikardim. Ortiq lahad tomon boqishga jasorat qolmadi menda. Butun vujudim qalt-qalt tit­rar, sovuq ter bosgan, ko‘z o‘ngimda o‘lim bilan bog‘liq manzaralar... O‘lim onida holim nima bo‘ladi, yo Rabbim! Jasadimni tobutga solishadi. Yaqinlarimdan biri “La ilaha illalloh”, deya qabrga qo‘yadi. Keyin ustimdan tuproq tortishadi. Jamoa bir oz duo qilgach, ketadi. So‘ngra so‘roq-savol boshlanadi: “Ey inson, seni karamli Parvardigoring haqida (Unga ibodat qilma deb) nima aldab qo‘ydi?!” (Infitor, 6). Farz namozlarini nega tark qilding? “Holbuki, Momaqaldiroq (ham) Unga hamd bilan tasbeh aytur. Farishtalar ham Undan qo‘rqqanlaridan (tasbeh ayturlar)...” (Ra’d, 13).

O‘ylarim shu yerga yetganda chidolmadim, eng so‘nggi bardoshim ham tugab bitdi, baqirgancha o‘rnimdan turib ketdim:

– Robbirji’uvn!..

Ko‘zyoshlarim yuzimni yuvardi. Yig‘i ichida Allohga tinmay hamd aytardim: “O‘zingga behisob hamdu sanolar bo‘lsinki, hali tirikman, tavba umidim bor. Astag‘firullohil aziym va atubu ilayh”. Parvardigor huzurida naqadar kuchsiz va chorasiz ekanimni yanada chuqur anglagan holda yoshli ko‘z, egik bo‘yin ila qabrdan chiqdim. Uyim tomon borarkanman, yakkash: “Ey Qodir Egam, Sen naqadar buyuk zotsan”, deya takrorlardim...
Zumrad Foziljon qizi tayyorladi.

Manba: irfon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yer ostida yarim soat