09:58 / 02.07.2018
5 794

Islom Karimov tan soqchisi: “Birinchi Prezidentimiz bilan o‘ta mushkul va og‘ir davrlarda yonma-yon ishlaganimdan hamisha faxrlanaman”

Islom Karimov tan soqchisi: “Birinchi Prezidentimiz bilan o‘ta mushkul va og‘ir davrlarda yonma-yon ishlaganimdan hamisha faxrlanaman”
1990-1992 yillarda Prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘i o‘rinbosari sifatida ishlagan zaxiradagi polkovnik Sa’dullo Muhammadqulov O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan birga ishlagan kezlarini so‘zlab berdi.

“Men xossoqchilar guruhining boshlig‘i sifatida xodimlarning har biri bilan alohida ishlar edim. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor edi. Islom Abdug‘aniyevich respublikaning avvalgi rahbarlaridan farqli o‘laroq, xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan «noqulay rahbar” edi. 1990 yil mart oyida Prezident etib saylanganidan keyin ham kamtarlik qilib xizmat mashinasiga Davlat xavfsizlik qo‘mitasi va DAN xodimlarining hamrohlik qilishiga yo‘l qo‘ymagan. Aslida, bu maxsus yo‘riqnomaga muvofiq emas edi. Shu bois ishni yo‘riqnoma asosida tashkil qilishimiz talab etilar edi.

Respublikaning avvalgi rahbari bilan ishlab, ma’lum tajribaga ega bo‘lgan faqat birgina xossoqchi bo‘lib, qolganlar bari yangi xodimlar edi.

Ularga esa xossoqchining vazifalarini individual tarzda o‘rgatishga to‘g‘ri kelgan. Prezident va oila a’zolariga biriktirilgan yangi xossoqchilar tez muddatda malaka va ko‘nikmaga ega bo‘lib, shijoat bilan ishga kirishib ketdi.

Prezident bilan ilk bor Nukus voqealari payti yaqindan tanishdim. Nukus voqealari muxolifat va ayirmachi guruhlar tomonidan uyushtirilgan edi. Prezident u yerda avval muxolifat faollari va rahbarlari bilan uchrashib, ularning talablarini eshitdi. Keyin obkomning katta zalida jahl otiga mingan va muammolar ko‘pligidan nima qilishni bilmay, muxolifat fikrini yoqlab chiqqan xalq bilan muloqot qildi. Islom Abdug‘aniyevichning ajoyib odati bor edi. U kishi katta auditoriya bilan uchrashganda notiqlarni tinglab, qog‘ozga tezis shaklida xulosalarini yozib borar, majlis yakunida shu asosda nutq irod qilar edi. Nukusda ham avval notiqlarning fikrlarini tinglab, so‘ng barcha ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha bittama-bitta javob berdi. O‘shanda Islom Karimov vazminlik va donolik bilan katta g‘alayon va xunrezlikning oldini olishga muvaffaq bo‘lgan edi.

O‘sha kezlar Islom Karimov mavjud murakkab vaziyatni sobiq ittifoqning boshqa respublikalari rahbarlaridan avvalroq tushunib yetgani va muammolarni hal etgani ko‘pchilik uchun kutilmagan hol edi. Hatto o‘shanda Mixail Gorbachev zaharxanda bilan “Endi o‘n oltita Prezident bo‘lar ekan-da!” deganida, Islom Karimov “Ha, kerak bo‘lsa, undan ham ko‘p bo‘ladi”, deb javob bergan edi.

1991 yilning iyunida meni ta’tildan shoshilinch chaqirtirib olishdi. Menga Prezidentning xavfsizlik xizmati boshlig‘i vazifasini bajarish topshirildi. O‘sha yil avgustda Prezidentning Hindistonga rasmiy tashrifi ko‘zda tutilgan edi. Menga tashrif davomida xavfsizlik masalalarini hal etish topshirildi. Bu o‘ta muhim va sharafli, ayni chog‘da mas’uliyatli vazifa edi.

Prezidentning ilk xorijiy tashrifini tashkil etish uchun mas’ul shaxslardan tuzilgan ishchi guruh Hindistonga bordik va to‘rt kun davomida juda ko‘p masalalarni hal etdik. O‘zbekiston Prezidenti Hindiston Bosh vaziri bilan uchrashishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo mezbon davlat Tashqi ishlar vazirligi dastlab rad javobini berdi. Ular Hindistonday katta davlatning Bosh vaziri SSSRning alohida respublikalari Prezidentlarini qabul qilmaydi, degan mazmunda vaj ko‘rsatishdi. Lekin ishchi guruh qat’iyat bilan qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirishga intildi.

Hindistonga safar Prezidentimizga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, dunyo mo‘jizalardan biri — salobatli Tojmahal majmuasi u kishini lol qoldirdi. Hind zaminida Boburiylar qurdirgan qasr, masjidu maqbaralarni ziyorat qilgach, “Bobur Mirzo o‘z yurtidan quvg‘in etilmaganida edi, mana shu kabi ulug‘vor me’moriy obidalar O‘zbekistonda qurilmasmidi”, dedi Prezident afsus bilan.

Hindiston tashrifi yakuniga yetay deganda “Moskvada GKCHP hokimiyatni olibdi” degan xabar keldi. Prezident menga zudlik bilan uchib ketishi zarurligini aytdi. Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyasi belgilangan vaqtdan bir yarim soat oldin Toshkentga parvoz qildi…

Oradan bir hafta-o‘n kun o‘tib, tarixiy voqea yuz berdi. Islom Abdug‘aniyevich 31 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida mamlakat Mustaqilligini e’lon qildi. Ota-bobolarimiz bunyod etgan me’moriy obidalar ziyoratidan keyin mustaqillikdan mujda beruvchi voqealarning boshlanganida nedir ilohiy ishorat ko‘rgandek bo‘laman.

Islom Abdug‘aniyevich keng miqyosdagi dunyoqarash, kuchli intellektual salohiyat, strategik tafakkur va ulkan hayotiy tajriba sohibi, qo‘rqmas hamda odil rahbar edi. Shu bois ham u mamlakatni o‘ta og‘ir va chigal vaziyatdan olib chiqa oldi.

MDH hududida birinchi bo‘lib Prezident va uning oila a’zolari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi tizimni yaratishda ishtirok etganim, ikki yil davomida Islom Abdug‘aniyevich bilan birga ishlagan kezlarimni aslo unutmayman», deya xotirlaydi M.Muhammadqulov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Islom Karimov tan soqchisi: “Birinchi Prezidentimiz bilan o‘ta mushkul va og‘ir davrlarda yonma-yon ishlaganimdan hamisha faxrlanaman”