15:14 / 04.07.2018
5 560

Buning senga aloqasi yo‘q!

Buning senga aloqasi yo‘q!
Allohning hikmati bilan mening hamkasblarim orasida dindorlari yo‘q hisobida. 30-40 ta odam ichida gohida bir dona ham yaqin insonning yo‘qligi kimlargadir ajablanarli tuyular, lekin men ko‘nikib ketganman, to‘g‘rirog‘i bundan boshqacha bo‘lishini tasavvur qila olmayman, ko‘rmaganman, bilmayman.

Bir kun shulardan biri menga shunday deb qoldi:

- Sizlar ro‘za tutasizlar, sizlarga mazza, oshqozoningiz bir oy dam olganidan keyin hamma narsani hech muammosiz hazm qilib yuboradi. Men kasal bo‘lganimda, bir oycha och yurishga majbur bo‘lganman, shundan keyin o‘zimni juda yengil his qildim, oshqozonimdagi muammolarimdan qutildim, zo‘r ishlaydigan bo‘ldi, hamma narsani muammosiz hazm qiladigan bo‘ldi. Hozir unaqa emas, sizlarga o‘xshab ro‘za tutish esa menga qiyin.

Vaqtlar o‘tib, hamkasblarim chekishning zararlari, uni qanday tashlash haqida gaplashib o‘tirishardi. Hamma o‘zining fikri, tajribasi yoki muvaffaqiyatsizligini aytgan, xullas - qizg‘in bahs... Menga qarab: “Senga bu narsalarning aloqasi yo‘q, sen chekmaysanku“, - deyishdi.

Boshqa safar ichishning zararlari, uni qanday tashlash haqida gaplashib o‘tirishardi. Hamma o‘zining fikri, tajribasi yoki muvaffaqiyatsizligini aytgan, xullas-yana qizg‘in bahs... Menga qarab: “Senga bu narsalarning aloqasi yo‘q, sen ichmaysanku“, - deyishdi.

Yana bir safar chilim chekish haqida shunday qizg‘in bahs bo‘ldi. Yana o‘sha gap, bu muammolarning menga aloqasi yo‘q ekan.

Bir safar mendan so‘rashdi:

- Hech chekib ko‘rganmisan?
- Yo‘q.

- Ichib ko‘rganmisan?
- Yo‘q.

- Hech bo‘lmasa pivo ichib ko‘rgandirsan?
- Yo‘q!

- Qo‘ysanchi, bu gapingga kim ham ishonardi?!
- Ishonmasangiz nega so‘raysiz? Mening hech yolg‘on gapirganimni ko‘rganmisiz?

- Yo‘q, ko‘rmaganmiz.
- Men ichib ham, chekib ham ko‘rmaganman, ta’mini totib ham ko‘rmaganman. Men o‘zimni bilaman, irodam kuchsiz, agar bir boshlasam tashlashim qiyin bo‘ladi, balki tashlay olmasman. Shuning uchun boshlamaganim ma’qul.

- Shu gapni sen aytyapsanmi? Uni sendan boshqalar aytsa bo‘ladi, senda qanaqasiga iroda kuchsiz bo‘lsin? Kuniga besh marta ibodat qilasan, to‘g‘rimi? Men bunday qila olmasdim, muntazam bir ishni qilish uchun juda kuchli iroda kerak. Sendagi irodaga bizga yo‘l bo‘lsin.

Tez-tez ko‘tarilib turadigan mavzu - chapga yurish. Yana bahs, uning zararlari o‘zini qanday tiyish, kasallikdan qanday saqlanish, qanday qilib sir tutish va hokazo... Menga qarab: “Senga bu narsalarning aloqasi yo‘q, bunday narsalarga yaqin yurmaysanku“, - deyishdi.

Uylanish haqida, munosib kelin tanlash haqida bahs. Yaxshi qiz (ba’zilarga qiz bo‘lishi shart emas) topish muammosi. “U qiz mengacha nimalar qilganini qayerdan bilaman? Aybi keyin chiqadi“, - deyishdi. Keyin menga yuzlanib o‘sha gapni aytishdi: “Bu muammolarning senga aloqasi yo‘q, sen o‘zingga o‘xshagan oilaning qizini olasan“.

Hammasidan o‘tib tushgan voqea esa quyidagicha bo‘ldi. Ish safaridamiz, uyda ikki-uch oy, ba’zilarimiz yarim yillab uyda bo‘lmaymiz. Meni o‘ylantirgan narsa - ha, sizlarni ham o‘ylantirgan bo‘lsa kerak - bu er-xotinlik haqlari. Yoshi kattaroq “aqllirog‘imiz“ xotinlar haqida, ularni qanday ushlab turish, boshqa erkak bilan yurib ketmasligi uchun nimalar qilish kerakligi haqida maslahat beryapti. Hammaning boshi egik, chunki bu muammoning oldida hammalari ojiz, umid qilishdan boshqa ilojlari ham yo‘q. Uyida nima bo‘layotganini, ayolining xayolidan nimalar o‘tayotganini qayerdan bilishsin! “Maslahatchi“miz shart menga qaradida: “Sen xavotir olma, buning senga umuman aloqasi yo‘q, sening oilangdagi muhit boshqa“, - dedi. Men hech narsa demadim.
Internet sarhadlaridan Abu Yusuf

Manba: azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Buning senga aloqasi yo‘q!