08:58 / 16.07.2018
4 577

Konditsioner voqeasi

Konditsioner voqeasi
Nuqul havolar isib, hamma o‘ziga salqin joy axtarib qolganda shu voqea esga keladi.

Mashinami, uymi, esimda yo‘q, bir kattaroq narsaga pul yig‘ayotgandim. Ro‘zg‘ordan, harajatlardan ortganini dollarga aylantirib qo‘yardim. Ancha-muncha yig‘ilib ham qolgandi.

Mana shunday yozning chillasi, havolar yana isib ketdi. Oyim issiqqa chidamsizlar. Qon bosimi bor odamlarga issiq yanada ta’sir qilishini bilasiz. Qo‘llaridan yelpig‘ich tushmaydi, yozning chillasini ventilyator ro‘parasidan jilmay o‘tkazadilar.

Biz har safar yozga yaqin konditsioner olamiz, deb niyat qilar, turli sabablar bilan bu kechikib, yozning yarmiga kelganda, “ha endi o‘tdi, oz qoldi, kelasi yili olarmiz” deb shu bilan qolib ketardi. Ba’zida “konditsionerga qachon yetisharkanman-a” deb yarim hazil nolib ham qo‘yardilar.

Xullas, bir kun issiqlar jondan o‘tib, anovi puldan ozginasini buzib, konditsioner olishni niyat qildim. Bilaman, agar oyimga aytsam, “qo‘y, mayli, o‘tib ketar, yozning yarmi o‘tdi-ku, pulingni buzma, shartmas” deb qaytarishlaridan qo‘rqib, aytmadim. Syurpriz qilmoqchi bo‘ldim. Topib, hammasini hal qilib, o‘rnatiladigan kuni “Aya, bugun konditsioner olib kelaman, zalga o‘rnatamiz” dedim.

Bilasizmi, men kutgan reaksiya bo‘lmadi. “Voy, xudoga shukr-ye, o‘g‘lim” deb yuzimdan o‘pib oldilar. “Mayli, bir kun sarflayotganingda, aynan shu konditsionerning puli yetmay qolsa, topilar” deb qo‘shimcha qildilar orqasidan.

Dahshat. Demak, oyim konditsioner olishimni juda va juda istaganlar, lekin menga, o‘g‘illariga “o‘g‘lim, o‘shanda shuncha pul yetmay qolsa topilar, shuni olib bergin” degani istihola qilganlar. Mendan. Men kimman? Hayf...

Ibn Muborak rahimaxulloh aytadilar:

“Agar ota-onang sen bilan murosa qilishni boshlasa va senga gapirayotganida bezovtalanishing, jahling chiqishi va balki o‘sha gap yoqmasligidan qo‘rqib, ehtiyotkorlik bilan so‘zlarni saralab gapirishni (yoki umuman aytolmasa..?) boshlasa, demak sen ota-onangga oq bo‘layotganingni bilib qo‘y!..”

O‘tkir Xoshimovning “Dunyoning ishlari” romanida muallif juda ko‘p voqealarni aytadi va afsusnamo fikrlar keltiradi. Ko‘pchiligimiz o‘sha fikrlarni o‘qiganimizda muallifga achinamiz, bizga sezilmaydi – o‘zimizni ota-onani juda qadrlaydigan, mehribon farzand deb o‘ylaymiz. Ammo shubhasiz, kelajakdagi, biz kelishini istamaydigan biror kundan turib, bugunimizga qaraganimizda juda ko‘p mana shunday voqealar topsak kerak...
Qahramon ASLANOV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Konditsioner voqeasi