16:54 / 20.07.2018
6 979

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (4-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (4-qism)
“Nega turma boshlig‘igacha shu ish bilan qiziqib qoldi? — o‘ylardim kamera tomon nazoratchi hamrohligida ketib borarkanman. — Nima uchun sud qilib aybimga yarasha jazo belgilay qolishmaydi? Hali birinchi ish yuzasidan sud bo‘lmagan. Nimaga cho‘zishyapti? Sababi nima?..”

Nazoratchi men kirishim kerak bo‘lgan kamera eshigiga yaqin kelganda to‘xtab qoidaga ko‘ra meni devorga o‘girilib, qo‘llarimni baland ko‘tarishga majbur etdi. So‘ngra kamera eshigini ochib yelkamdan changallagancha ichkariga nuqib kiritdi.

— Mana endi adabingni yeysan! — dedi u ham podpolkovnikning so‘zini deyarli takrorlab. — Bu kamerada yovuz bir kallakesar o‘tiribdi. Qani, bas kelib ko‘r-chi, uddasidan chiqarmikansan!.. Lekin bilib qo‘y, shovqin ko‘tarsang, mushtlashsang, shu tobdayoq karserga tushasan. Seni ogohlantirib qo‘ydim.

— Tashvishga tushma! — dedim negadir qo‘rslik bilan. — Yosh bola emasman.

— Ko‘ramiz.

Nazoratchi eshikni ortimdan sharaqlatib yopdi.

Men sekin qorong‘ilik qa’rida karavotlar tomon ko‘z tashladim. Darcha tarafdagi karavotda kimdir o‘tirardi. Chamasi, eshik ochilgach, uyg‘onib ketib o‘tirib olgan.

— Duch kelgan karavotga yotaver! — dedi u yo‘g‘on ovozda. — Bu yerda ikkalamizdan bo‘lak hech kim yo‘q. Kim bo‘lasan?

— Murodman. — dedim sekin pastdagi karavotga cho‘kib. — O‘zing-chi!

— Gogi. Nega qamalgansan?

— Eshitmaganmiding? — so‘radim o‘zimni xuddi hayron bo‘lgandek ko‘rsatib.

— Hozir ko‘ramiz-da!

Gogi o‘rnidan turib borib chiroqni yoqdi.

Qarshimda sersoqol, ko‘krak qafasigacha jun bosgan, tepakal, mushaklari sportchilarniki kabi turtib-turtib chiqqan, yoshi deyarli men qatori mag‘rur yigit turardi.

— Qani, egningdagini yech! — dedi u.

— Nega?

— O‘shanda bilasan.

Beldan yuqoridagi kiyimlarni yechdim.

— E, qani belgi? — lab burib so‘radi u.

— Qanaqa belgi?

— Kallakesar bo‘lsang, belging qani?

Payqadimki, Gogi ignali yozuvni nazarda tutyapti. Eshitganman, turmada ana shu narsa ham rol o‘ynaydi. Mahbuslarning darajasi shu yozuvlarga, ignada chizilgan suratlarga qarab belgilanadi.

— Ha-a, belgi qo‘yishga vaqtim bo‘lmagan. — xotirjam javob qildim qo‘l siltab. — Ish ko‘p edi.

— Shunaqa degin? Qanchasini tinchitgansan o‘zi?

— O‘zing-chi?

— Men birinchi so‘radim.

— Ilgari uchtasini yo‘q qilganman. Lekin topa olishmagan. To‘rtinchisida qo‘lga tushdim.

— Keyin-chi?

— Oxirgisini o‘zing eshitgandirsan?

Gogi kulib yubordi.

— Lekin-chi… — kulgi aralash yelkamga shapatiladi Gogi. — Boplabsan. Mana shunisini boplabsan. Mentlarning adabini beraverish kerak. Ochig‘i, senga kamida yigirma yil berishadi-yov!?

— Menga baribir. — dedim qovog‘imni uyib. — Asosiysi, o‘z ishimni qildim.

— To‘g‘ri qilgansan. Ana endi «Bratva»lar seni qo‘llarida ko‘tarib yurishadi.

Eh, bunisiga ham tushunmadim. Kim o‘zi «Bratva» degani? Yo‘q, so‘rasam, qovun tushirishim mumkin. Yaxshisi, o‘zimni go‘yo tushungan qilib ko‘rsataveraman. Xato qilmasman, axir!..

— Uyqung keldimi? — so‘radi Gogi.

— Yo‘q, nimaydi?

— Unda hoziroq belgi chizamiz.?

— Qanaqa belgi?

— Sening bilagingga fil suratini chizamiz. Chunki, sen bolalikdan faqat azob chekkan ekansan.

— Qayerdan bilding? — so‘radim kulimsirab. —

— Buyog‘i bilan ishing bo‘lmasin! Aytgancha, boshqa bilagingga miya suratini chizamiz.

— Nega endi miya?

— Miya kallakesarning asosiy belgisi hisoblanadi. Xo‘sh, rozimisan?..

Men bosh irg‘ab, Gogining taklifini ma’qulladim.

Erta tonggacha Gogi o‘ng bilagimga fil, chapiga miya suratini chizib ulgurdi.

U yana menga turmaning ko‘p sir-asrorlarini gapirib berdi. Co‘ngra qo‘limga bir qog‘oz tutqazdi. Qog‘ozga igna bilan chiziladigan suratlarning izohi yozilgan edi.

Sinchiklab o‘qiy boshladim.

Miya, toj — yetakchi bo‘lishga intilayotgan jinoyatchilar ramzi;

Fil — bolalikdan azobda yashaganlar belgisi;

Mash’ala — turmadagi jinoyatchilarning do‘stlik belgisi…

Ha, men shu oddiy qog‘oz sabab bo‘lib jinoyat olamidagi sir-asrorlarning bir qismidan boxabar bo‘ldim.

Qolaversa, shunday ochiqko‘ngil hamrohga uchraganimdan mamnun edim.

* * *
Ertasiga ertalab tag‘in nazoratchi meni tashqariga chorladi. Yo‘q, avvaliga bir menga, bir Gogiga zimdan nazar tashlab oldi. Adashmasam, tun shovqin-suronsiz, mushtlashuvlarsiz o‘tganiga u ham hayron bo‘ldi. Lekin sir boy bermadi. Meni advokat bilan suhbatlashgan xonaga boshlab bordi.

Bu safar panjara ortida advokat emas, yoshi elliklarga borib qolgan, oppoq sochli erkak o‘tirardi. U o‘zini prokuratura vakili Gennadiy Sviridonovich deya tanishtirdi.

Vakil gapni juda uzoqdan boshladi. Mening oldingi hayotimni surishtirdi. Qarindosh-urug‘larimni so‘radi. Shundan keyingina maqsadga o‘tdi.

— Bilaman, — dedi Gennadiy Sviridonovich. — Sen juda qat’iyatli yigitga o‘xshaysan. Shuning uchun ortiqcha savollar berib boshingni qotirmayman. Gapning indallosiga o‘tib qo‘ya qolaman. Xo‘sh, senga ozodlik ko‘proq yoqadimi, yo turmami?

— Nima, ozodlik desam, chiqarib yuborarmidingiz?

— Men aytgan ishni qilsang, chiqarib yuborishim ham mumkin.

— Qilmasam-chi?

— Qochib qayerga borarding?!. Majbur qilish ham qo‘limdan keladi.

— Men siz o‘ylagan qo‘rqoqlardan emasman.

— Sen oldin qanday ish ekanini jim o‘tirib eshitsang-chi, noshud!..

— Xo‘p, eshitaylik-chi, «nachaylik»!

Vakil shoshilmadi. Avval bir-ikki yo‘talib oldi. So‘ngra cho‘ntagidan sigaret chiqarib tutatdi.

— Ana endi asosiy ishga o‘tamiz. — dedi u menga ma’noli ko‘z qisib. — Bilasanmi, sening bo‘yningga juda katta ayb qo‘yishgan. Eh, bunaqangi ayb bilan qamalsang, jazoni o‘tashga bir yigitning umri yetmaydi. Buyam mayli. Seni itdan battar qiynashadi bu yerda. Negaligini bilasanmi?

— Albatta bilaman.

— Xo‘sh, nimaga?

— Aytishim shartmi?

— Shart.

— Chunki, men turma xodimini o‘ldirganman.

— Ha, endi o‘zingga kelding. Shunday ekan, bo‘tam, bir yo‘lini topib turmadan chiqib olmasang bo‘lmaydi.

— Keyin-chi? — dedim ayyorligim tutib. — Keyin nima bo‘ladi?

— Dard bo‘ladi. — jerkib berdi vakil. — Qanaqa g‘alchasan o‘zi-a? Men sening foydangni ko‘zlayapman, yaramas!..

— Men-chi? — beixtiyor baqirib yubordim. — Siz menga uy-joy berasizmi? Ish, pul bilan ta’minlaysizmi? Nega indamaysiz? Mening ilgari qanday hayot kechirganimni bilmaysiz-ku!..

— To‘g‘ri, — dedi vakil og‘ir xo‘rsinib. — Seni ishing bilan to‘liq tanishib chiqqanman. Meni hech narsadan bexabar deb o‘ylama. hammasini oldindan cho‘tga solib ko‘rganman. Agar menga bir ishda yordam bersang, ozodlik ham, pul ham, uy ham, ish ham bo‘ladi. Manaman deganidan yaxshiroq yashaysan.

— Xo‘p, ayting, — dedim o‘zimni bosib. — Aytavering!

— Navbatchilik qismi boshlig‘i Vasiliy Ivanovichni bilasanmi?

— Baland bo‘yli mayormi?

— Xuddi o‘zi.

— Bilaman.

— O‘shani kuzatasan.

— Uni kuzatishimdan nima foyda? Kim menga imkon berib qo‘yardi?

— Imkonni senga men beraman. Uyog‘i bilan ishing bo‘lmasin.

— Xo‘sh, nimani aniqlashim kerak?

— Menga aytishlaricha, u yangi kelgan mahbuslarni tunayotganmish. Qimmatbaho buyumlarini o‘zlashtirib yuborayotganmish.

— Axir, u menga nimalarni o‘zlashtirayotganini ko‘rsatmaydi-ku!

— To‘g‘ri, lekin senga bir yordamchi beraman. U anchadan beri navbatchilik qismini supur-sidir qilib yuradigan kar-soqov. O‘sha orqali aniqlab, barcha kirdikorlarini menga yetkazib turasan. Buning uchun senga alohida kamera ajrattiraman. Kamera darchasi ortidan uzun sim o‘tgan. Sen barcha ma’lumotlarni qog‘ozga yozib, lattaga o‘raysan va o‘sha simga boylab qo‘yasan, vassalom! Ma’lumot to‘g‘ri mening qo‘limga borib tegadi.

— Qancha muddat berasiz?

— Sen o‘n kun ichida barcha kirdikorlarini isbot-dalillar bilan aniqlab berishing kerak bo‘ladi. Ana undan keyin va’daga binoan seni ozod qilaman.

— O‘ylab ko‘rishim kerak. — dedim negadir yuragimni vahm bosib. — Bu siz o‘ylaganchalik oson ish emas. Qo‘lga tushib qolsam, umrimni karserda chiritishadi.

— Xavotir olma. O‘ylab ko‘rishga sira vaqt yo‘q. Hozirdanoq ishga kirishishing kerak. Bu yerdan chiqishing bilan senga alohida kamera ajratiladi. Biroz o‘tib oldingga o‘sha kar-soqov kiradi.

— Men… Ularning tilini bilmayman-ku!

— U bilan gaplashib o‘tirishingning hojati yo‘q. Yozma ravishda gaplashasizlar.

— Yaxshi… Ketsam maylimi?

— Boraver, omadingni bersin!

Chiqib ketayotib, o‘ylab qoldim. «Nega unda o‘sha kar-soqov orqali aniqlayvermaydi?..»

* * *
Gennadiy Sviridonovich dastlabki va’dasini bajaribdi. Men uning huzuridan chiqiboq alohida kameraga joylashdim. Sal o‘tmay soqollari o‘sib ketgan, keng yelkali, oltmish yoshlardagi kar-soqov mahbusni kiritishdi. Biz yozma ravishda gaplashdik. Ismi Saveliy ekan. Kelasi yil turmaga tushganiga roppa-rosa olti yil to‘larmish. Nogiron bo‘lgani sababli zonaga yubormay, turmaning o‘zida qoldirishibdi. Lekin nimaga qamalganini aytmadi. Bugun kechqurun ma’lumot olib kelishga va’da berdi-yu, chiqib ketdi.

Saveliyning bir odati menga yoqib tushgandi. Ora-orada menga yer ostidan tikilib qaradi-yu, mahzun jilmayish qildi. Mana shu xislatining o‘zi mahbus ochiq ko‘ngil ekaniniga bir belgi edi…

Saveliyni kuzatib qo‘ygach, men darcha ortini ko‘zdan kechirdim. Ha, devor bo‘ylab uzun sim o‘tgan. Karavotlardan birining ostidan uzun tayoq ham topdim. Demak, ma’lumotni qog‘ozga, so‘ng lattaga o‘rab kichik sim bilan boylayman va simning bir uchini o‘sha «aloqa ipi»ga osib qo‘yaman…

— Yo‘q, — dedim o‘zimga o‘zim karavotga cho‘zilarkanman. — Ozodlik berishiga unchalik ishonmayman. Yaxshisi, Yelena bilan uchrashtirishini talab qilaman. Uni negadir sog‘ina boshladim. Ajab emaski, uchrashuv bahona ko‘nglini ovlasam…

Oradan yarim soatcha vaqt o‘tib, kamera eshigi darichasi sharaqlab ochilib, turma nazoratchisining boshi ko‘rindi.

— Senga «peredachka» bor, — dedi u katta qog‘oz qutini darichaga qo‘yib. — Yaxshiroq yeguliklari bo‘lsa, mengayam uzatishni unutmassan?

— Unutmayman, — dedim hayron bo‘lib qutini ichkariga olarkanman. — Men xasis emasman.

To‘g‘risi, hayron edim. Kim menga bularni jo‘natishi mumkin? Qarindosh-urug‘im bo‘lmasa bu yerlarda. Yo Nina xola jo‘natganmikan?

Shosha-pisha qutini ochdim. Ichida bir shisha konyak, ikki quti shokolad, apelsinlar, go‘sht. Yana bir nechta qog‘oz pul…

Pullar ostida bir qog‘oz yotardi. Ochdim. Qog‘ozga qisqa qilib: «Seni sevaman» deb yozib qo‘yishibdi.

“Qiziq, — o‘yladim hayajonim ortib. — Nahotki, Yelena yo‘qlagan bo‘lsa? Ha, xuddi o‘sha. Yelenadan bo‘lak ayol bunday so‘zlarni yozmasdi. Uyam meni sevarkan-da demak!.. Oh, tezroq muddat tugay qolsaydi, sevgilimning visoliga yetsam!.. Nima qilsam ekan? Javob yozaymi? Ammo kimdan berib yuboraman? Nazoratchidanmi? Ha, pul berib ko‘raman. Oladi. Olmay qayerga borardi…”

Hovliqqancha qog‘ozning orqasiga javob yozdim:

— Yelena, ko‘nglimni tog‘day ko‘tarding. Men ham seni jondan ortiq sevaman… Murod Sharipov.

Shundan so‘ng kamera eshigini taqillatdim.

— Nima deysan? — darichani ochib so‘radi nazoratchi. — Bormikan arziydigan narsa?

— Ha-ya… — men shosha-pisha konyakni olib unga uzatdim. Ketidan pulni ham qo‘liga tutqazdim.

— Bir iltimos chiqib qoldi. — dedim shivirlab.

— Qanaqa iltimos? — so‘radi nazoratchi uyoq-buyoqqa o‘g‘rincha qarab olib. — Tinchlikmi?

— Mana shu qog‘ozni Yelenaga yetkazsang.

— Qaysi Yelena?

— Vrach bor edi-ku!

— Ha-a… Umi?.. Qiyinrog‘-ov!.. O‘zing bilasan… Birov ko‘rib qolsa…

Bildimki, nazoratchi narxini oshiryapti.

Qog‘oz pulning yana bittasini berdim.

— Mayli, — Shundan keyingina nazoratchi sovuq kulimsirab qog‘ozni qo‘limdan oldi. — Harakat qilib ko‘raman…
(davomi bor)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (4-qism)