21:12 / 22.07.2018
8 558

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (7-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (7-qism)
Xona chirog‘i o‘chirilgandan keyin ham ancha vaqtgacha Yelenaning kirib-chiqishlarini zimdan kuzatib yotdim. Bu ayolning qadam tashlashidan tortib, nafas olishigacha meni hayajonga solar, nimadir deyishdan zo‘rg‘a o‘zimni tiyardim.

Yo‘q, oxiri tinchlantiruvchi dorilar ta’sir qildi. Men uxlab qoldim.

Biroq bu voqea tushimda ro‘y berdimi, yo o‘ngimdami, idrok eta olmasdim.

Sezib turardimki, Yelena qaysidir xonaga kirdi. Negadir yuragim g‘ash tortib, ortidan yurdim.

Ajablanarlisi, bir chetda o‘tirib, kompyuterda nimalarnidir yozayotgan qiz ham indamadi.

Oyoq uchida yurib borib charm qoplangan eshikni o‘zimga tortdim.

Ne ko‘z bilan ko‘rayki, ichkaridagi yumshoq kursida turma boshlig‘i, uning tizzasida esa yarim yalang‘och Yelena o‘tirardi. Suyukligim nuqul turma boshlig‘iga erkalanib, hiring-hiring kulardi.

— Iflos!.. Nima qilib qo‘yding?.. Hali sen… Shunaqamiding?..

— Hoy, hoy, Murod! Sizga nima bo‘ldi? Ko‘zingizni oching!..

Men kimningdir qattiq turtkisidan uyg‘onib ketdim.

Tepamda Yelena turar, nuqul meni siltardi.

— Men… Tush ko‘rdimmi?.. — talmovsirab so‘radim uning bilaklarini changallab. — Siz… Turma boshlig‘ining…

— Yomon tush ko‘ribsiz shekilli. — dedi Yelena shivirlab. — Turing, vaqt bo‘ldi!..

— Q-qayerga?..

— Ketadigan vaqtingiz bo‘ldi!

Men o‘rnimdan qo‘zg‘alib boshimni qattiq-qattiq chayqadim va ro‘paradagi karavotga ko‘z tashladim. U yerda kimnidir oppoq matoga o‘rab yotqizib qo‘yishgandi.

— Hayron bo‘lmang. — meni tinchlantirgan bo‘ldi Yelena. — Bu mahbus bugun sil kasali tufayli olamdan o‘tdi. Shuning o‘rniga sizni mashinaga ortishadi.

— Uni-chi?.. Qanaqasiga meni ortishadi?..

— Buni keyinroq jo‘natamiz. Xullas, quloq soling. Hozir sizni xuddi shu taxlit oq matoga o‘rayman. O‘zingizni o‘lgandek tutib jim yotasiz. Sekin-sekin nafas oling. Toki hech kim tirik ekaningizni sezmasin.

— Keyin-chi?

— Mashinaga ortishgandan so‘ng men ham yoningizga chiqib o‘tiraman. Mashina qalin o‘rmon orqali ketadi. To‘xtatganimdan so‘ng sizni o‘zim yechib olaman. Sakraysiz-u, o‘zingizni o‘rmonga urasiz. hammasi kelishib qo‘yilgan.

— Siz-chi?.. Keyin sizni ko‘rmaymanmi?..

— Aytdim-ku, taqdirimizda bo‘lsa, albatta ko‘rishamiz. hozir o‘zingizni o‘ylang.

— Tushundim. — dedim boshimni quyi solib. — Hamma aytganlaringizni qilaman.

— Juda yaxshi. Unda cho‘zilib yoting. Men tezda sizni o‘rab tashlashim kerak!

— Meni «murda» holiga keltirish uchun taxminan o‘n daqiqalar sarflandi.

Yelena aytganidek, nafas olish ancha mushkul edi. Ammo… Na iloj?.. Ozodlikni sog‘inganman. Qolaversa, Yelenaning gaplarida jon bor. Turmada meni yaxshilik kutib turmaganini allaqachon anglab yetgandim…

Yarim soatlardan keyin meni kimlardir avaylab ko‘tarib tashqariga olib chiqishdi va mashinaga ortishdi.

— Men ham sizlar bilan birga ketaman! — vrachga yuzlandi Yelena. — Bu mahbus yaxshi inson edi. Uni yorishlariga yo‘l qo‘ymayman!

— Kimning ko‘zi uchib turibdi yoraman deb? — to‘ng‘illadi vrach. — Mumkin emas sizga!

— Nega mumkin bo‘lmas ekan? Boraman dedimmi, boraman!..

— Bilganingizni qiling!..

Vrach zarda bilan haydovchi kabinasi eshigini ochdi-da, ichkariga o‘zini urdi.

Yelena bosh tarafimga o‘tirgach, mashina eshigi sharaqlab yopildi va biz yo‘lga tushdik.

* * *
Chamasi, bir soatcha yo‘l yurilgach, tekis yo‘l tugab, mashina o‘nqir-cho‘nqir yo‘llardan iborat qalin o‘rmon ichkarisiga burildi. Men o‘zimni shu kecha yana bir sinovdan o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgandim. Mashinamiz qancha silkinmasin, ovoz chiqarmasdan yotar, qornimdangina nafas olishga harakat qilardim.

Yana qancha yurganimiz yodimda yo‘q. Yelena kutilmaganda paypaslanib, oq matoni bo‘shata boshladi.

— Turing! — shivirlab buyurdi u boshimni matodan xalos qilgach. — Jim o‘tiring! Ana shunday… Endi hov anavi yoqqa qarang. Ko‘rdingizmi?.. O‘rmon judayam qalin. Baxtingizga chakalakzorlar ko‘p ekan. O‘sha yoqqa o‘zingizni urasiz. Ungacha men anavilarni chalg‘itib turaman.

— Xo‘p bo‘ladi! — men negadir alamim kelib Yelenaning ko‘ksiga boshimni qo‘ydim.

U qarshilik qilmadi. Turmadagidek meni o‘zidan itarib tashlamadi. Aksincha xo‘rsina-xo‘rsina jussamni matodan bo‘shatishda davom etdi.

— Ana endi burchakka borib turing. — dedi u ish bitgach matoni bir chetga otib. — Sizni ko‘rib qolmasliklari kerak. Mashina to‘xtagani hamono tapillamasdan ohista mashinadan tushasiz va emaklab o‘rmon ichiga kirib ketasiz.

— Meni unutib yubormang! — iltijoli ohangda so‘z qotdim men. — Aks holda uvolimga qolasiz.

— Xotiringiz jam bo‘lsin. Siz hamisha yodimda bo‘lasiz. Boring burchakka!..

Qorong‘ilikda sirg‘alibgina tashqari eshik qarshisiga borib oldim. Yelena kutilmaganda baqira boshladi:

— Hoy, to‘xtat mashinani! To‘xtat dedim! Yuragim yomon bo‘lyapti, to‘xtat!..

Mashina to‘xtadi. Biroq oldindagilarning pastga tushgani eshitilmadi.

— Hammasi joyida. — dedi Yelena tashqari eshikni ocharkan. — Manavi xaltachani oling! Ichida bir kunga yetgulik yegulik bor. Endi sakrang!..

Men so‘nggi bor unga qorong‘ilikda bo‘lsa-da, tikilib oldim-da, pastga sakrab, o‘zimni chakalakzorlar orasiga urdim.

Shu zahoti ichkaridan Yelenaning hayqirig‘i eshitildi.

— Bo‘ldi, hayda! Men yaxshiman!..

* * *
Ozodlik totli edi. Garchi tikanaklar a’zoyi badanimni timdalab, qonga bo‘yagan bo‘lsa-da, xaltachani mahkam bag‘rimga bosgancha oldinga intilar, tizzadan baland qor kechish ham oson tuyulardi. Shu tobda hech narsani o‘ylamasdim. Faqat ko‘zdan pana, issiq joy topish haqida bosh qotirardim.

Nihoyat chakalakzorlar tugab, daraxtzorlardan iborat joydan chiqib qoldim.

Atrof jimjit edi. Ahyon-ahyonda boyo‘g‘lining xunuk sayrashi-yu, qayerlardadir chiyabo‘rilarning uvillashi quloqqa chalinardi.

“Ishqilib, yirtqich hayvonlar bo‘lmasin-da! — ko‘nglimdan o‘tkazdim men. — Yo‘q, bunaqangi joylarda yurmasa kerak…”

Picha paypaslanishdan so‘ng charchab ikki quloch keladigan daraxt panasiga o‘tirib qoldim. Shu yer izg‘irindan asraydigandek tuyuldi.

— Mana shu yerda tong ottiraman. — dedim o‘zimga o‘zim. — Nima bo‘lsa bo‘lar. Ortiq yurishga majolim yetmaydi.

Harsillashlarim pasanda bo‘lgach, juda ochiqib ketganimni his etib, jonholatda qo‘limdagi xaltachani ochdim. Ichida yarimta qora non, yarim bo‘lak kolbasa bor ekan.

“Buni hozir yeb qo‘ysam, ertaga och qolishim tayin. — o‘yladim men. — Yaxshisi, bir bo‘lagini yeyman-da, sabr qilaman…”

Ha, ancha vaqtdan beri kolbasa yemagan ekanman. Sal qursa hammasini paqqos tushirayozdim. Ertangi kun qayg‘usi bo‘lgani bois bazo‘r o‘zimni tiyib, ortgan kolbasani xaltachaga tiqdim.

Ovqatlanganimdan so‘ng badanimga iliqlik yugurib, biroz bo‘shashgandek bo‘ldim. Ammo uxlab qolishga haqqim yo‘q edi. Bu qahratonda o‘lib qolish ham hech gap emas. Yaxshisi, o‘tirib tong ottiraman…

Bo‘ron tobora kuchayib, qor yog‘ishi tezlashdi. Biroz o‘tirgach, yana sovqota boshladim.

“Yo‘q, — o‘yladim dast o‘rnimdan turib. — Yugurishim kerak. Shunda qiziyman, muzlab qolmayman…”

* * *
Qahraton qish kechasida yupqa kiyimda tong ottirishning o‘zi bo‘lmaydi. Lekin… O‘zga ilojim ham yo‘q edi. Tunni deyarli uyoqdan buyoqqa chopib, turli jismoniy mashqlar bajargan holda o‘tkazdim. Atrof yorishib, qushlar daraxtdan-daraxtga sakragancha chug‘urlay boshlagach, zahiramdagi so‘nggi yeguliklarni tamaddi qildim. Ha, meni bir soatdan keyin nima bo‘lishi, boshimga qanday savdolar tushishi umuman qiziqtirmasdi. Shu tobda qornimni to‘ydirsam bas. Bir iloji topilib qolar, deb o‘ylardim. Amallab yegulik qidirib topishdan umidvor edim.

Darvoqe… Yodimga Yelenaning so‘nggi gaplari tushdi.

— «O‘rmonga tez-tez ovchilar tashrif buyurib turishadi. Ular o‘zlari uchun chaylasifat uychalar qurib qo‘yishgan. Bu «Ovchi uyi» deb ataladi. Ketayotib ortgan barcha yeguliklarini qaysidir ovchimi, o‘tkinchimi basharti adashib qolsa, ochdan o‘lmasligi uchun uychada qoldirib ketishadi.»

Mana shu o‘y meni jonlantirdi va tikanaklar oralab duch kelgan tarafga qarab chopdim.

Koshkiydi o‘sha uychalardan birini topsam!..

* * *
Qo‘llarim, yuzlarim tirnalib qonga bo‘yalsa-da, nihoyat bir so‘qmoqqa chiqib oldim. So‘qmoqning ikki yoni bo‘ydor qayinlardan iborat edi.

Shu so‘qmoq bo‘ylab keta boshladim. Ochig‘i, avvallari o‘rmon kezib ko‘rmaganim bois bo‘lsa kerak, har bir shitirlagan tovushdan yuragim taka-puka bo‘lar, ayniqsa, gohida oldimdan yugurib o‘tib ketgan tulkilarni ko‘rganda adoyi tamom bo‘lay derdim.

Yo‘q, men tulkilardan, beo‘xshov tovushlardan qo‘rqmasdim. Yirtqichlarga yo‘liqib qolish xavfini o‘ylab bezovtalanardim. Chamamda, ikki chaqirimcha yo‘l bosib qo‘ydim. Shu orada qor ham tindi. Faqat havo yanada sovib izg‘irin burnim uchini, quloqlarimni uzib olgudek chimillata boshladi. Bu ham yetmagandek, tirnalgan joylarimda sovuq zahri tufayli yoqimsiz og‘riq turdi. Qornim ham tatalay boshladi.

“Nahotki, turmadan qochib, ozodlikni orzulab xato qilgan bo‘lsam? — o‘ylardim alamim kelib. — Menga shu taxlit hayot kechirish zarilmidi? Garchi qiynashsa, kaltaklashsa ham baribir kamera bu qadar sovuq emasdi-ku!.. Yo‘q, yo‘q, nimalar deb valdirayapman o‘zim? Endi o‘sha turmasini yelkamning chuquri ko‘rsin! Mayli, shu o‘rmonda o‘lib ketay, go‘shtimni mahluqlar g‘ajib tashlasin! Lekin ozodlikdan kecha olmayman…”

Shu payt qayinlar orasidagi taxtadan chiroyli qilib qurib qo‘yilgan kichik bir uychaga ko‘zim tushdi-yu, yuragim hapriqib ketdi.

Yugurgancha borib uycha ichkarisiga kirdim. Uychaning bir burchagida hali ochilmagan ikkita konserva idishi, yonida yo‘g‘on kolbasa, yarimta qotganroq oq non yotardi.

“Meni aldashmabdi, — o‘yladim shosha-pisha konserva idishlaridan birini ochishga tutinib. — Bu ovqat bilan uch-to‘rt kun bemalol yashasa bo‘ladi. Uyog‘iga taqdirimda bo‘lsa, yana omadim kular…

Nonning bir bo‘lagini konservaga botirib qornimni to‘yg‘azgach, eski ko‘rpacha ustiga cho‘zildim.

Shu zahoti ko‘z oldimda tag‘in Yelena gavdalana boshladi.

“U hozir nima qilayotgan ekan? Meni bir marta bo‘lsin o‘yladimikan? Oh, u shu qadar jozibali, go‘zalki, hech qaysi ayol Yelenaga tenglasha olmasligiga shubham yo‘q. Faqat… Ayriliqda yashashim alam qiladi-da!.. Shu yurishda hayotim hali- veri izga tushib ketadiganga o‘xshamaydi…”

Ochig‘i, keyingi paytlarda qishlog‘imni, o‘zim tanib-tanimaydigan qarindoshlarni sog‘ina boshlagandim. Uyquga ketdim deguncha, albatta qishloq, ikki yoniga tol, teraklar ekib tashlangan katta Bachqirariq kirardi. Men negadir juldur kiyimlarda ariqqa yaqinlashib kelardim. Ammo kutilmaganda qayerdandir bir guruh erkak-ayol paydo bo‘lib, cho‘milishga qo‘ymasdi. Barchalari qarg‘ay-qarg‘ay, meni qishloqdan haydab solishardi.

Xo‘sh, nega? Nima uchun shu bir xil tush takrorlanaveradi? Axir, qishloqqa bormaganimga necha yillar bo‘lgan!.. Qarindoshlar hozir meni ko‘rib qolishsa, tanishmaydi ham… U holda nega bunday tushlar ko‘ryapman?..

To‘xta, balki, ota-onamning qabrini ziyorat qilmaganim sababli ular bezovtalanishgandir?.. Ha, haqiqatan men begona yurtlarga kelganimdan beri butkul o‘zgarganman. Gadoyga sadaqa bermayman, Xudoyimni yodlamayman. Ota-onamning haqiga duo o‘qimayman… Yo‘q, agar ishlarim yurishib, ta’qiblardan xalos bo‘lsam, albatta qishloqqa boraman va qabristonni ziyorat qilaman…

Shu ko‘yi ko‘zim ilinibdi. Qancha yotdim, bilmayman. Uycha darichasidan quyosh asta g‘arbga qarab botayotgani ko‘rinib turardi. Bir mahal nimaningdir beo‘xshov uvillayotgani qulog‘imga chalindi. Sakrab o‘rnimdan turdim-u, darichaga yaqin borib atrofni kuzata boshladim. Hech narsa ko‘rinmasdi. Uvillash esa kuchaygandan kuchayib borardi.

“Bo‘rimikan? — yuragimni vahima bosib ortga tislandim. — Yonimda qurolim ham yo‘q. Bo‘rilar yolg‘iz kelishmaydi. Kamida to‘rt-beshtasi bir bo‘lib o‘rmon kezadi… Nima qilsam ekan? Indamay o‘tiraveraymikan? Yaxshisi, tashqariga chiqaman. Ha, anavi xodani olvolaman. Buyog‘ini endi peshonamdan ko‘raman. Balki, itdir. U holda bir amallab o‘ldirib olsam, yo‘qdan ko‘ra, it go‘shti bilan kun kechirardim…

Ehtiyotkorona tashqariga mo‘raladim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, o‘n metrcha narida ozib-to‘zib ketgan bir it turar, uycha tomonga qarab nuqul uvillardi.

“Bu layka-ku! — ko‘nglimdan o‘tkazdim men. — Ovchi it!.. Qiziq, qaysi ovchiga tegishli ekan? Adashib qoldimikan? Hozir yaqinlashsam, tashlanib qolmasmikan? E, zo‘rg‘a oyoqda turibdi-ku! Hoynahoy, ochlikdan sillasi qurigan-ov!.. Bechora it!..

Sekin uychadan chiqib ehtiyot shart itni kuzata boshladim. U meni ko‘rgani hamono bir-ikki hurib dumini likillatgancha uycha tomonga yurdi.

— Sho‘rlikkina! — dedim qo‘llarimni oldinga cho‘zib. — Qani, kelaqol! Qo‘rqma, senga yomonlik qilmayman!

It yugurib keldi-yu, oyoqlarimga ishqalana boshladi.

Men uni mahkam quchgancha uychaga olib kirdim. It umuman yotsiramas, g‘ingshigan ko‘yi oyoqlarimga ishqalanishda davom etardi.

— Hozir qorningni to‘ydiraman. Avval ko‘rpachaga o‘rab qo‘yay, sovqotibsan.

It sal o‘tib g‘ingshishdan to‘xtadi.

Men bergan kolbasa bo‘lagini ishtaha bilan yeyishga tushdi.

“Xayriyat, hamroh topildi. — o‘yladim men uning jiqqa ho‘l yunglarini barmoqlarim bilan tarab. — Endi yolg‘iz emasman. Tilimni tushunmasa-da, albatta menga hamrohlik qiladi. Ko‘rinishidan yaxshi itga o‘xshaydi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (7-qism)