11:30 / 25.07.2018
7 313

Hayotiy voqea: Shukr qilib yashash

Hayotiy voqea: Shukr qilib yashash
Bir odam duosi mustajob ulug‘ zotning huzuriga borib, «Hazrat, duo qiling, men yaxshi yashamoqchiman, to‘q, xotirjam hayot kechirmoqchiman», debdi. Hazrat «Mayli, duo qilaman, lekin kimga o‘xshab yashamoqchisan? Odamlar orasidan o‘zing havas qilgan biror odam bormi, borib bir qidirib kel-chi, keyin men o‘sha odamga o‘xshab yashashingni so‘rab, Allohdan duo qilib beraman», debdi. Haligi odam shahar aylanibdi. Qarasa, bir odam nihoyatda yaxshi yashayapti, oldida o‘g‘illari xizmatga bel bog‘lagan, yegani oldida, yemagani ortida.

U shu odamga havas qilib, hazratga borib, «Falonchini bilasizmi, taqsir? Falon ko‘cha, falon mahallada yashaydi. O‘sha odamga havas qildim, shunga o‘xshab yashagim kelyapti, duo qiling», debdi. Hazrat shunday debdilar: «Mayli, duo qilaman. Lekin sen shoshmagin, bolam. Borib, u odam bilan bir gaplashib ko‘rgin. U odamning biror muammosi, bir dardi bo‘lmasin tag‘in. Duo qilsam, undagi ne’mat bilan qo‘shilib, dardi ham senga o‘tib qolmasin, keyin qiynalib yurma».

Bu odam yana borib, o‘sha boy bilan gaplashibdi. Men hazratning huzurlariga borib, sizga havas qilganimni, sizga o‘xshab yashashimni so‘rab, duo qilishlarini so‘rasam, sizga yubordilar. Sizda hech bir dard, muammo yo‘qdir har holda?» debdi. U gapini tugatar-tugatmas, haligi boy, o‘ziga to‘q, hayotdan xursand, mamnun bo‘lib yashayotgandek ko‘ringan odam yig‘lab yuboribdi, «Bu dunyoda mendan baxtsiz odam bo‘lmasa kerak. Kelib, mendan so‘rab to‘g‘ri qilibsiz» deb, o‘zining tarixini aytib beribdi:

«Oila qurdim, uylandim. Er-xotin bir-birimizni juda yaxshi ko‘rar edik. Ammo ko‘p yillar oldin ayolim og‘ir dardga chalindi, o‘lim to‘shagiga mixlandi. O‘lishi aniq bo‘lib qolgach, oramizdagi tillarda doston bo‘lgudek muhabbat tufayli ayolimning rashki qo‘zib, «Men o‘lsam, boshqasiga uylanib olasiz» deb tinmay yig‘layverdi. O‘zi o‘lim azobida qiynalib yotibdi, yana rashki ham qiynayapti deb, rahmim kelib, «Xotirjam bo‘l, men sendan boshqa ayolga qaramayman. Butun umr senga sadoqat bilan yashab o‘taman», deyaverdim. Ammo u bu gapimga ko‘nmadi. Men ham uni nihoyatda yaxshi ko‘rar edim, muhabbatdan ko‘zim ko‘r bo‘lib, so‘zimni isbotlash uchun oshxonaga kirib, pichoqni olib, o‘zimni o‘zim bichib tashladim.

Shundan keyin ayolim xotirjam bo‘ldi, xursand bo‘ldi, «Endi ko‘nglim joyiga tushdi», dedi. Men ham xursand bo‘lib, endi tinchgina oyog‘ini uzatib, dunyodan o‘tadigan bo‘ldi deb tursam, Alloh shifo berib, xotinim o‘ziga kelib, sog‘ayib ketdi. Og‘ir kasaldan tuzalib, naq o‘limning yoqasidan qaytib keldi. Ammo bu quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Unga ko‘rsatgan vafodorligim hurmati ayolim men bilan bir-ikki yil sabr qilib yashadi, ammo keyin toqat qila olmadi. Mana bu menga xizmat qilib yurgan o‘g‘illar mening farzandlarim emas. Men ana shunday azob to‘la hayotda yashayapman, sen ko‘rgan narsa mening tashqi ko‘rinishim, ammo ichimdagi dardim dunyoga sig‘maydi».

Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh ushbu rivoyatni keltirib, shunday deydilar: «Har bir inson o‘z holiga, hayotiga, qismatiga, taqdiriga rozi bo‘lishni, shukr qilishni o‘rganishi kerak. Chunki bu hayotni unga Alloh subhanahu va taolo ravo ko‘rdi, shunday bo‘lishini iroda qildi. Shuning o‘zi katta marhamat, shuning o‘zi katta bir ne’mat. Shukr qilsak, Alloh bundan ham ziyoda qilishi mumkin. Ammo noshukrlik qiladigan bo‘lsak, boshqa hayotlarga havas qiladigan bo‘lsak, o‘zimizdagi boridan ham mahrum bo‘lib qolishimiz mumkin».

Manba: muslim.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Hayotiy voqea: Shukr qilib yashash