00:57 / 27.07.2018
5 511

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (8-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (8-qism)
Ikki kun ichida it bilan do‘stlashib qoldik. Men unga «Sharik» deb laqab qo‘ydim. hamrohim sira yonimdan jilmas, olis-olislardan shubhali tovush qulog‘iga chalindimi, tamom, darhol tashqariga chopib chiqib vovillay boshlardi.

Kun peshindan oqqanda ko‘zim ilingan ekan. To‘satdan uyg‘onib ketdim-u, chap yonimga o‘girildim. Negadir it ko‘rinmasdi. Tashqarida bo‘lsa kerak, degan xayol bilan birpas jim yotdim. Ammo Sharikning tovushi kelmadi.

Bezovtalanib jonholatda tashqariga otildim. Afsuski, u yo‘q edi.

— Sharik!.. Qayerdasan, Sharik?.. — pastroq ovozda uni chaqirarkanman, uycha atrofini aylanib chopar, yuragim qo‘rquvdan dir-dir titrardi.

Shu ko‘yi oradan yarim soatcha vaqt o‘tdi. Men tasodifiy hamrohimdan butkul umidimni uzdim.

— Ha, o‘zi shunaqa, — o‘ylardim alam bilan labimni tishlab. — Itlar ham odamlarga o‘xsharkan-da! Qorni to‘ydi, sovuqdan o‘lmadi. Endi haqiqiy egasini qidirib ketgandir-da!..

Boshimni eggancha ichkariga kirdim. Bir chetda yumalab yotgan konservaga boqdim. Yo‘q, hech narsa yeyishni xohlamasdim. Xo‘rligim kelib, to‘yib-to‘yib yig‘lasam derdim…

* * *
Bir mahal… Tashqaridan Sharikning vovillagani qulog‘imga chalinganday bo‘ldi.

Hovliqib tashqariga chiqdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qadrdonim ikki-uch metr narida turar, oldida kattakon bir qush dumalab yotardi.

Sharik meni ko‘rdi-yu, yugurgancha kelib oyog‘imdan tishlab tortqilay boshladi.

— Obbo sen-yey! — kulib yubordim uning yunglarini siypalab. — Qush ovlab kelibsan-da!.. Men bo‘lsam, sendan ayrilib qoldimmi deb o‘tiribman.

Itning xohishiga bo‘ysunib qushni qo‘limga oldim. Ha, bunday qushlarni ilgari ham ko‘rganman. Mana shunday go‘shtdor bo‘lishadi. Agar sho‘rva qaynatilsa, juda mazali bo‘lsa kerak.

Shosha-pisha uychaga kirib pichoq olib chiqdim va qushning boshini kesib, hash-pash deguncha patlarini yulib oldim.

— Iye, bu nima?.. — qushning tanasini ikki bo‘lakka ajratayotib, ichidan mayda-mayda, yaltiroq toshchasimon qattiq buyumlarga ko‘zim tushdi. — Qiziq, sap-sariq, yaltiroq… To‘xta, bu tilla emasmi? Boshqa toshlar sariq bo‘lmaydi. Ha, tillaga o‘xshaydi… Adashmasam, avvallari kimdandir eshitganman. Aynan shu qushlar Priobi, Nijniy Tagil taraflardagi kichik daryolar sohillarini kezib tilla zarralarini yutisharkan. Bu yer qaysi joy? Nijniy Tagilmi, Priobimi?.. Nahotki, daryo yaqin bo‘lsa?..

— Sharik, — dedim itning boshini silab. — Ikkalamiz hoziroq ovga chiqishimiz lozim. Agar shu qushlardan o‘n-o‘n beshtasini tuta olsak, omadimiz keldi deyaver. Boyib ketamiz. Bir hovuch tillamiz bo‘lsa, bilasanmi, nima qilamiz? Uy quramiz, mashina sotib olamiz… Ketdik!

It ham go‘yo meni tushungandek, ortimdan ergashdi.

* * *
O‘rmon ham go‘zal, ham qo‘rqinchli edi. Men umrimda ko‘rmagan botqoqliklardan kechib o‘tishga mahkum edim. Yaxshiki, Sharik oldinda borar, men faqat uning izidan yurardim.

Yo‘l-yo‘lakay mayda-mayda, qip-qizil o‘rmon mevalaridan, kedr yong‘oqchalaridan to‘yguncha yedim. Botqoqlik ustida o‘sib, butun o‘rmonga ko‘rk bag‘ishlab turgan gullarga boqib ko‘zim yashnadi.

Shu ko‘yi biz o‘n chaqirimcha yo‘l bosib, nihoyat kichik bir daryo bo‘yidan chiqdik.

Sharik sohilga yetganimizdanoq, uyoqdan buyoqqa chopib sohilda kezib yurgan qushlarni quvlashga tushdi.

U quvlaganda ham juda ehtiyotkorlik bilan, haqiqiy ovchilarga xos harakatlarni sodir etardi. Qaysi qushni mo‘ljalga olsa, avval emaklab unga yaqinlashar, paytini topdimi, kutilmaganda tashlanib, tappa bosardi.

— Ha, oddiy jaydari itlar bu ishni bir umr uringanda ham qila olishmaydi! — ko‘nglimdan o‘tkazdim men. — Buni boqib olgan odam erinmay ovga o‘rgatgan ekan-da!.. Qara, har bir harakati hisob-kitobli!.. Men shu ikki metr bo‘yim, bilagim to‘la kuch bilan ham bu qadar ov qila olmayman…

Ko‘z ochib yumguncha u qushlarning oltitasini chalajon holatda oyoqlarim ostiga keltirib tashladi. Men ham qarab o‘tirmay, qushlarning boshini kesib uychadan topgan xaltachaga joylab qo‘ydim.

Bu kecha biz Sharik bilan rostakamiga ziyofat uyushtirdik. Qushlarning hammasini qozonga bosib dimlama pishirdik.

— Endi, tilsiz do‘stim, shu atrofdan biror kimsani topsak yomon bo‘lmasdi. — dedim tashqariga chiqib uchqunlay boshlagan qorni kuzatarkanman. — Bu ketishda so‘zlashishni unutib yuborish ham hech gapmas. Sen yonimda ekansan, mushkulim oson bo‘lishiga aminman. Mayli, hozir yotib uxlaylik! Erta tongda yo‘lga tushamiz.

* * *
Erta tongda — hali yerga yorug‘ tushib-tushmasdan men Sharikni yonimga olib yo‘lga tushdim. Tag‘in botqoqliklar, chakalakzorlardan o‘tishga to‘g‘ri keldi. Daryoga yetgach, o‘ngga qarab yurdik. To‘g‘ri, chor atrof qalin o‘rmon, biror uy yoxud chayla ko‘zga tashlanmasdi. Ammo sezardim. Daryo oqib o‘tibdimi, demak, bizni odamlar yashaydigan joylarga olib borishi tayin.

— Ehtiyot bo‘lishim zarur, — o‘ylardim o‘zimcha. — Nima bo‘lgandayam turmadan qochganman. Yomonlarga duch kelsam, sotib qo‘yishi mumkin. Shunday ekan, men basharti kimnidir uchratgan taqdirimda ham oldin yaxshilab tekshirib olishim lozim.

Biz Sharik bilan taxminan o‘n chaqirimcha yo‘l bosdik. Oxiri charchab oppoq qor ustiga yonboshladim. Qornim tatalab, ortiq yo‘l bosishga holim yetmasdi.

— Kel, manavi qushlarni pishirib tamaddi qilaylik! — dedim ro‘paramga kelib cho‘nqaygan Sharikka qarab. — O‘zingniyam tiling osilib qolibdi. Yaxshilab ovqatlansak, yo‘l yurish oson kechadi.

Oltita qush ichidan chiqqan tillalarning vazni sezilarli darajada edi. Ularni yig‘ib lattaga o‘radim-da, cho‘ntakka joyladim. Shundan so‘ng olov yoqib, cho‘g‘ida novdaga bo‘lak-bo‘lak holda terib chiqilgan qushlarni pishira boshladim.

* * *
Shu payt qayerdandir miltiqning gumburlagan ovozi qulog‘imga chalinib, hushyor tortdim va qo‘limdagi go‘shtni bir chetga qo‘ydim-da, qulog‘imni ding qildim.

Miltiq tovushi o‘rmon ichkarisidan kelayotgandi.

— Yur, odam borga o‘xshaydi o‘rmonda! — Sharikni turtkilab turishga undadim. — Balki, shu odam jonimizga oro kirar? Bu ahvolda ikkimiz adoyi tamom bo‘lamiz!..

Sharik oldinda chopib, go‘yoki menga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib borar, har miltiq gumburlaganda vovillab qo‘yardi.

Biz botqoqlikni aylanib o‘tib, so‘qmoq bo‘ylab boraverdik. Miltiq ovozi ham ancha yaqindan eshitila boshladi.

Botqoqlik tugab, chakalakzorlar boshlanganda ikkimiz ham to‘xtadik. Chunki, bizdan ellik-oltmish qadam narida — oq qayin daraxti ostida semizdan kelgan, sersoqol, boshiga jundor telpakni bostirib olgan bir qariya o‘tirar, qo‘lidagi miltiqni daraxt tepasida chug‘urlashib uchayotgan qushlarga to‘g‘rilash bilan ovora edi.

U bizni ko‘rdi-yu, dast o‘rnidan turib, miltig‘ini to‘g‘riladi.

— To‘xta, otaman! — baqirdi qariya tobora ortga chekinib. — To‘xta dedim!

Men yurishdan to‘xtab, unga qo‘l siltadim.

— Otaxon, unday qilmang! Biz adashib qoldik! Bizga yordam bering!

Qariya shu gapimdan so‘ng miltig‘ini yerga tashladi.

— Yaqinroq kel! — buyurdi u soqolini tutamlab. — Agar ko‘nglingda yomonlik bo‘lsa, o‘zingdan ko‘r! Sendaylarning ko‘pini ko‘rganman!

Men Sharikni yetaklagancha qariyaga yaqin borib so‘rashish uchun qo‘l cho‘zdim.

— Qayerdan kelyapsanlar? — so‘radi u sovuqqonlik bilan.

— Ota, adashib qoldik. — yolg‘ondan tushuntira boshladim unga. — Necha kundan beri yo‘l topolmay halakmiz. Iltimos, yordam bering!

— Qaysi turmadan qochgansan? — kutilmagan savolni eshitib, rangim o‘zgardi va asta o‘rnimdan qo‘zg‘alishga tutindim.

— Qo‘rqma, — dedi qariya miyig‘ida kulimsirab. — Sotmayman. Rostini aytaver!

— Turmadan qochganimni qayerdan bildingiz? — so‘radim undan cho‘chiyotganimni sezdirmaslikka urinib.

— Iye, meni go‘l deb o‘ylaganmiding? Ana, egningdagi kiyim turmaniki-ku!

Men egnimga razm soldim. Haqiqatan, qalin kostyum ichidan turma kiyimi aniq-tiniq ko‘rinib turardi.

Nima qilishni bilmay, aybdorona bosh egdim.

— E, bolam, shu ishni bekor qilibsan. — dedi qariya Sharikka zimdan razm solib. — Iye, buni qayerdan topding?

— Itnimi?

— Ha-da! Bu Zinaida rahmatlining ovchi iti-ku!..

— Bilmadim… — javob qildim yelka qisib. — O‘zi meni topdi.

— Eh, Zinaida, Zinaida!.. — qariya og‘ir xo‘rsinib Sharikka qo‘l cho‘zdi. Biroq it irillab o‘ziga qo‘l tekkizishga qo‘ymadi. — Qara-ya, bir oy ko‘rmaganiga darrov begonasirayapti.

— Egasini yaxshi tanirmidingiz? — so‘radim yonimga kelib suykala boshlagan Sharikni mahkam quchib.

— Ha, tanirdim. Bechorani o‘rmonda ayiq g‘ajib tashlabdi.

— Ayiq? Q-qanaqasiga?..

— O‘g‘lim, buni Tayga deb qo‘yibdi. Yirtqich to‘lib-toshib yotibdi. Zinaida ham ichkilik desa o‘zini tomdan tashlardi. Kayfda uxlab yotgan ayiqni uyg‘otib yuboribdi. Ayiq… Ularni uyg‘otib bo‘lmaydi. Uyg‘otdingmi, o‘ldim deyaver!..

— It-chi? Bunga tegmabdimi?

— Qochib qolgandir-da! Harqalay, buyam o‘zimizga o‘xshagan. Yashashni istaydi. Jon shirin.

— Juda aqlli it ekan. — dedim Sharikka havas bilan boqib. — Meni ochlikdan qutqarib qoldi. Tezda do‘stlashib ham ketdik.

— Bo‘pti, qani, endi tanishaylik. Oting nima?

— Murod.

— Meniki Saveliy.

— Ota, iltimos, yordam bering! — dedim qariyaga umidvor tikilib. — Rostini aytsam, o‘rmonda yurish juda og‘ir kechyapti.

— Millating nima? — so‘radi qariya menga shubha aralash boqib. — Kavkazliklardanmisan?

— Yo‘q, o‘zbekman.

— O‘zbek?.. Yaxshi, kim bo‘lganingdayam menga baribir. Faqat… Yomonlik qilishni xayolingga keltira ko‘rma! Aks holda o‘zingga jabr bo‘ladi.

— Men yaxshilikni unutadiganlardan emasman, ota!

— Xo‘p, ishondim. Endi bunday qilamiz… — Saveliy amaki atrofni kuzatgan bo‘ldi-da, bazo‘r egilib qo‘liga miltig‘ini oldi. — Senlarni chaylamda qoldirib turaman. Qiladigan ishlarim bor.

— Balki, mening yordamim kerakdir?

— Yo‘q, kerakmas. O‘zim amallayman. Qani, ketdik! Vaqtni bekorga o‘tkazish yaramaydi!

Sharik ikkalamiz Saveliy amakiga ergashdik.

* * *
Saveliy amakining uyiga juda tez yetib bordik. Yo‘g‘on qayin daraxtidan qurilgan bu uy men yashagan uychaga nisbatan tartibliroq edi. O‘rtaga xontaxta. Xontaxta ustida non, qovurilgan go‘sht qo‘yilgan.

— Qorning ham ochgandir? — so‘radi qariya bir chetga indamaygina kelib yotib olgan Sharikka tabassum bilan qarab qo‘yarkan.

— Yo‘q, — bosh chayqadim men. — biz yo‘l-yo‘lakay tamaddi qilgandik.

— Nima tamaddi qilding? Nonmi?

— It menga qushlar ovlab berdi. — maqtanib qo‘ydim. — Ikkovlashib pishirdik.

— Shunaqami? Oltin ham topgandirsan unda?

— Oltin? Qayerdan?

— Qushlarni daryo bo‘yidan ovlagan bo‘lsang, demak, oltin ham topgansan.

— Siz buni qayerdan bilasiz?

— Eh, sen!.. Axir, men bu o‘rmonni ellik yildan beri deyarli har kuni kezaman!.. Oltining bo‘lsa, ehtiyot qil demoqchiman.

— Tushundim…

Biz Saveliy amaki bilan yarim tunga qadar gaplashib o‘tirdik. Undan o‘rmonning ko‘plab sir-sinoatlarini bilib oldim. Ajablanarlisi, miltiq otishining sababini eshitganimda hayratdan qotib qoldim. Aytishicha, o‘sha Zinaida deganlarini yoqtirarkan. Aniqrog‘i, tez-tez unikiga tashrif buyurib, birgalikda qo‘lbola aroq ichib turarkan. O‘limidan so‘ng har kuni o‘rmon kezib qotil ayiqni qidiradigan bo‘libdi. Shuning uchun miltiq otib o‘rmonni aylanarkan. Lekin hamon ayiqni uchrata olmabdi.

— Bo‘pti, endi yotib uxlaylik! — dedi hikoyasini yakunlab qariya. — Ertaga senga bir gap aytaman.

— Xo‘p bo‘ladi!..

Men Sharikka bir qarab oldim-da, uxlayotganiga amin bo‘lgach, ko‘zlarimni yumdim.

***
— Bugun qor qalin bo‘ladi. — dedi Saveliy amaki ertalab bulutli osmonga tikilib. — Payqadingmi, havo iliq tus olibdi?!.

— Ha, payqadim. — javob qildim men. — Lekin…

— Endi gaplarimga yaxshilab quloq sol, qahramon. — Saveliy amaki yelkamdan tutib meni ichkariga boshladi. — Mana, sen bilan gaplashdim, kimligingni anglab yetdim. U qadar yomon yigitga o‘xshamaysan. Ha endi… Turmagayam faqat yomonlar tushavermaydi-ku!.. Xullas, sen bola menga yoqding. Shuning evaziga seni bugun bir ayol bilan tanishtirib qo‘yaman. Nima deysan?

— Qanaqa ayol? Tushunmadim…

— Yengiltabiat ayol bor. Ismi Tanya. Yoshi… Xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, qirqlar atrofida. Yolg‘iz yashaydi. O‘shaning yonida bo‘lsang, har holda picha nafas rostlaysan. Ungacha senga yangi pasport to‘g‘rilab beraman o‘zim.

— Pasport? Nega?..

— Obbo, ezib yubording-ku o‘zing ham! — qo‘l siltadi qariya. — Hujjating yo‘q-ku yoningda! Qolaversa, qidiruvdasan. Buyog‘ini o‘yladingmi?

— Ha-ya, — bosh qashib oldim men. — buyog‘ini o‘ylamabman.

— Yoshsan-da, yigit, yoshsan! Yaxshiki, menga ro‘para bo‘lding. Biror battolga duch kelsang bormi, allaqachon turmada o‘tirgan bo‘larding.

— Xudo asrasin. — ichimga tuflab-tuflab qariyaga savol nazari bilan boqdim. — Siz aytgan… Ayol-chi? Sotib qo‘ymasmikan?

— Go‘rga sotarmidi? Erkakka zor bo‘lib o‘tiribdi-ku!.. Sotish deysan-a!.. Seni odambashara qilib qo‘yadi. Yangi kiyimlar beradi, kirlaringni yuvadi, mazali ovqatlar pishirib beradi. Qayg‘urma, men hujjatni bir haftada tayyorlab tashlayman. Faqat… Yoningdagi oltinni berishing kerakka o‘xshaydi. harqalay, pasportni tekinga tutqazib qo‘yishmasa kerak.

— Mayli, beraman. — dedim shunday mehribon odamga yo‘liqqinim uchun ich-ichimdan quvonib. — Mana, oling, ota!..

— Xo‘p, endi yo‘lga tushaylik!

— Uzoq yuramizmi?

— Yo‘q, taxminan yarim soatlarda yetamiz.

— Kechirasiz, ota, bir narsa so‘ramoqchiydim. — dedim sal ikkilanibroq.

— Nimani so‘raysan yana?

— Bu yerlar qayer o‘zi? Sira aniqlay olmayapman.

— Bu yerlarmi? Nijniy Tagil deyiladi. Eshitganmisan shunaqa joyni?

— H-ha… Eshitgandayman.

— Unda oldimga tush! Qor uchqunlagisi kelyapti. Tezroq yetib olaylik!..
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (8-qism)