23:38 / 28.07.2018
8 072

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (13-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (13-qism)
Odam bolasining bu qadar tez o‘zgarishini mana shu yerda ko‘rdim. Militsionerlarga ko‘zi tushgan Tamara hozirgina men bilan hamdarddek yugurib, jasadni berkitish yo‘lini qidirayotganini unutib, birdan tusini o‘zgartirdi va baqira boshladi:

— Mana shu! Shu o‘ldirdi akamni! Uyimga bostirib kirdi! Mana, meniyam hammayog‘imni momotaloq qilib tashladi!

Ayol kishining faryodi har qanday erkakni hushyor torttiradi. Militsionerlar baravariga menga yopishishdi…

Tamaraning ikki yuzlamachiligi menga alam qilib, qarshilik ko‘rsata boshladim. Ikki bilagimdan olib nuqul egib olmoqchi bo‘layotgan militsionerga kutilmaganda kalla soldim. U uchib borib yo‘lakdagi shkafga urildi.

Afsuski, to‘rt kishiga bas kela olmadim. Ular bir amallab qo‘llarimni qayirishdi va polga yuztuban yotqizishdi. Qaysidir biri qo‘llarimni kishanladi.

— Singlim, jasad qayerda? — so‘radi boshimni mahkam bosib olgan militsioner hamon uvillagancha ayuhannos solayotgan Tamaradan. — Namuncha dod-voy qilasiz? Ko‘rsatmaysizmi jasadni?

— A-ana… Balkonga yotqizib qo‘yganman. — dedi piqillab Tamara. — Bu… Yaramas pullarimgacha tortib oldi! Ishonmasalaring cho‘ntaklarini kovlab ko‘ringlar!..

— Vasya, buni mashinaga ort! — buyurdi tik turgani. — To‘xta, cho‘ntaklarini tekshirib ko‘r!..

Ko‘z ochib yumguncha cho‘ntaklarimdagi pullarni tiyin-tiyinigacha tortib olishdi. O‘zimni esa mashinaga qamashdi.

— Iflos! — derdim xayolan o‘zimga o‘zim. — Hali shoshmay tur! Sendan albatta o‘ch olmasdan qo‘ymayman! Itday o‘lib ketasan!..

* * *
Shahar ishki ishlar bosh boshqarmasi navbatchilik qismidagilar meni ko‘rishdi-yu, tipirchilab qolishdi. Buning hayron bo‘ladigan joyi yo‘q. Suratlarim allaqachon turmadan qochganlar qatoridan joy olib ulgurgandi. Navbatchi ofitser telefonga yopishdi. Aftidan turmaga sim qoqdi shekilli, gaplashib bo‘lgach, miyig‘ida jilmayib qo‘ydi.

— Buni to‘ppa-to‘g‘ri turmaga yetkazinglar! — dedi u yonida buyruq kutayotgan militsionerlarga. — Bilasizlarmi bu nusxa kim?

Militsionerlar yelka qisib olishdi.

— O‘ta xavfli retsidevist. Bo‘ynida, adashmasam, sakkizta murda turibdi. Buning ustiga kameradan qochib ketgan. Vey, — ofitser iyagimdan tutib menga sovuq tikildi. — Endi tirik qolmaysan! O‘ldim deyaver! Aytgancha, Vasya, kelganlaringdan keyin to‘g‘ri menga uchrashasizlar! Sizlarni mukofotga tavsiya qilaman!

— Hali buni isbotlash kerak, nachaylik! — javob qildim men ham unga xuddi shunday sovuq boqib.

Tap tortmay tilga kirganim ofitserga yoqmadi. U qornimga mushtladi.

— Olib ketlaring! — baqirdi yonidagilarga.

Buyruqni eshitganlari zahoti militsionerlar ikki yelkamdan mahkam bosib tashqariga sudraklashdi.

* * *
Militsiya mashinasi ikkita ulkan va baland darvozalardan o‘tib turma hovlisida to‘xtagach, negadir yengil tortgandek bo‘ldim. Itlarning akillashi, soqchilarning baqir-chaqirlari qulog‘imga kirmadi. Hatto, oldinda kutayotgan qiynoqlar, karser balosi to‘g‘risida ham o‘ylab ko‘rmadim.

Xayolan Yelenani tasavvur qildim. Uning malla sochlari, oq xalat yarashib turgan tik qomati, pirpirab har qanday erkakni mast qiluvchi uzun kipriklari, har zamon titrab ketuvchi ingichka lablari ko‘z oldimdan o‘taverdi.

— Xayriyat, uni qaytadan ko‘radigan bo‘ldim! — ko‘nglimdan o‘tkazdim mashina eshigi ochilishini kutarkanman. — Hozir eshikni ochishadi. Charm tayoq bilan savalay-savalay navbatchilik qismiga olib kirishadi. Undan so‘ng hoynahoy karserga qamashsa kerak. Balki stakangadir… Buning qizig‘i yo‘q. Nima bo‘lgandayam baribir Yelenani ko‘raman-ku!

O‘zim ham qisqa muddat ichida pishib, haqiqiy jinoyatchiga aylanibman chog‘i. Hech narsadan qo‘rqmay qo‘ydim. Dunyoni suv bosssa to‘pig‘imga chiqmaydigandek xotirjamman. To‘g‘ri-da, siqilib, qo‘rqib nimaga erishaman. Men bu yerdagilar uchun qotil, ashaddiy kallakesarman. Shunday ekan, yaxshilik, shirin so‘z kutishim g‘irt ahmoqlik emasmi?

— Qani, tush itdan tarqagan! — baqirdi baland bo‘yli, keng yelkali, rangi asablari bo‘shroq odamni yurak kasaliga yo‘liqtirgudek sovuq bir nusxa eshikni ochib.

Nim qorong‘ilikda uning kiyimiga razm soldim. Mayor ekan.

— Bu Vasiliy Ivanovichning o‘rniga tayinlanmaganmikan? — o‘yladim o‘zimcha sekin pastga tushib.

Meni hayron qoldirib, tashqarida turgan askarlarning hech biri kaltaklashmadi.

Qishning sovuq havosidan so‘nggi bor to‘yib simirdim-da, askarlarning oldiga tushdim.

* * *
Kutilganidek, ortiqcha rasmiyatchiliklar qilib o‘tirishmadi. Mayor o‘zim tanigan nazoratchiga karserga tashlashni buyurdi xolos.

Nazoratchi ham mayorning huzurida indamagan bo‘lsa-da, yo‘lakka chiqqanimizdan so‘ng kulimsirab gap qistirdi.

— Sendaqasini umrimda ko‘rmagandim! — dedi u karserga yaqin kelgach, qo‘li bilan «devorga orqang bilan o‘giril!» ishorasini qilib. — Bardam bo‘laver, «bratva»lar orasida obro‘ying oshib ketdi! Buyog‘iga qo‘rqmasang ham bo‘ladi.

— Menga qara, nachaylik, — dedim maqsadga o‘tishga shoshilib. — Yelena qayerda? Uni ko‘rsam bo‘ladimi?

— Yelena? Qaysi? Sanchastdagimi?

— Ha, o‘sha, o‘sha! — dedim hovliqib.

— U ishdan bo‘shab ketgan.

— Nima? Nega bo‘shab ketadi?

— Bilmadim-u, ammo erining o‘limidan keyin ishlay olmadi deyishyapti.

Qanday dahshat!.. Bir necha soniya ichida barcha umidlarim puchga chiqsa!.. Endi nima qilaman? Uni ko‘rishni qanchalar orzu qilgandim!..

— Biror nima kerak bo‘lsa, aytaver! — xayolimni bo‘ldi nazoratchi. — Yordam qilaman.

— Meni qaysi kameraga o‘tkazisharkan? — so‘radim undan.

— Bilmadim. harqalay, yomon kameraga kirmaysan. Hozircha o‘n kunlar karserda yotib turasan. Aytgancha, tezroq kir, yaqin do‘sting ham shu yerda yotibdi!

Kirdim.

Eshik yopildi.

Ne ko‘z bilan ko‘rayki, burchakdagi beton supachada Gogi o‘tirardi.

— O‘, Murod! — u meni ko‘rdi-yu, sakrab o‘rnidan turdi. — Rostdan o‘zingmisan? Ko‘zlarimga ishonmayman!

Biz ko‘rishdik va supachaga cho‘kdik.

— Tutishibdi-da! — dedi Gogi menga biroz achinish bilan boqib. — Qayerlarda bo‘lding? Qani, bir boshdan gapir-chi!

— Gogi, men yana picha muddatga ozodlikka chiqishim kerakka o‘xshaydi. — dedim boshimdan o‘tgan ishlarni birma-bir gapirib bergach, supachani mushtlab.

— Nima, ishing chala qoldimi?

— Ha. Bir iflosni o‘ldirishga ulgurmay qoldim. Shu ishni oxiriga yetkazmasam, tinchlana olmayman.

— Senga maslahat beraymi?

— Albatta.

— Hozircha shu ishni orqaga surib tur.

— Nega?

— Seni sud qilishsin, turmaga borgin. Ana undan keyin qochaverasan. Bilasanmi, yelkangda og‘ir yuk turibdi. Yengillatib olmasang bo‘lmaydi.

— Meni qaysi turmaga jo‘natisharkan? — so‘radim qiziqsinib.

— Harqalay, umumiy koloniyaga tushmasliging aniq. Nazorat kuchaytirilgan turmaga tushasan. Lekin-chi, o‘sha yerlardayam o‘zimizning «bratva»lar o‘tiribdi. Xat yozib berib yuboraman. Seni iliq kutib olishadi.

— O‘zing-chi? Bu yerda nima qilib o‘tiribsan?

— E, kamerangdagi armani bor-ku… O‘shani do‘pposlagandim.

— O‘sha kameradamiding?

— Ha, bir haftacha yashadim. Aytgancha, basharti, o‘sha kameraga tushsang, sen ham bir adabini bergin! Endi bemalol tartib o‘rnataversang bo‘ladi. Yuqoridagi «bratva»lar allaqachon seni tan olishgan.

— Shunaqa degin? — xursand bo‘lib o‘rnimdan turdim. — Haqsan! Endi boshqacha yashayman. hammasiga tupurdim. Hayotimni garovga qo‘ydim hisobi. Buyog‘i baribir. O‘lib ketamanmi, tirik qolamanmi, qizig‘i yo‘q. Bir narsani bilamanki, haddidan oshganlarni ayash yo‘q.

— Barakalla! — Gogi ham o‘rnidan qo‘zg‘alib yelkamga qoqdi. — Bu turma qonuni. Jinoyatchiga aylandingmi, hayotda omading kelmadimi, demak, omadni zo‘rlik bilan keltirish kerak.

— Gogi, ichadigan hech narsang yo‘qmi?

— Qayoqda?.. — dedi Gogi qo‘l siltab. — Karserda bunaqa narsalarga ruxsat berishmaydi.

— Pul-chi? Bilasanmi, yonimda bir dasta pul bor edi. Olib qo‘yishdi.

— Pul bor. Cenga yo‘q deb bo‘larmidi?!. — Gogi cho‘ntagini kovlashtirib, ikkita o‘ntalik chiqardi.

— O‘, bu gazakkayam yetadi. hozir…

Sekin borib karser eshigini bir-ikki tepdim. Shu zahoti nazoratchi kelib eshikni ochdi.

— Ha, Murod, tinchlikmi? — shivirlab so‘radi u.

— Mana buni ol-da, bizga bir shisha aroq, bir bo‘lak kolbasa keltir!

— Do‘konlar yopilib qolmadimikan?

— Bunisini o‘zing bilasan. Qolgani xizmat haqingga!

— Mayli, harakat qilib ko‘raman.

Nazoratchi pullarni olib cho‘ntagiga soldi-da, qaytadan eshikni yopdi.

* * *
Karserni turmaning do‘zaxi deb behuda aytishmaydi. Birinchi kuni sezilmagan bo‘lsa-da, bora-bora ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Eski yo‘talim tutib, kechalari allamahalgacha uxlay olmaydigan, suyaklarim simillab og‘riydigan bo‘ldi. Ammo sir boy bermadim. Boshqalar singari baqir-chaqir qilib nazoratchini chorlamadim. Jonim og‘rib, hayotdan to‘yib ketsam-da, g‘iq etmasdan o‘tiraverdim.

Nihoyat beshinchi kuni karser eshigi sharaqlab ochilib, nazoratchi jilmaygancha kirib keldi.

— Nima balo, turmadan qochib qahratonda toblanib qaytganmisan? — so‘radi u bir burchakda titrab-qaqshab o‘tirgan Gogaga bir nigoh tashlab olarkan. — Karserga tushganlar dod-voy qilishardi, tomirini kesib qonga bo‘yalishardi. Sen bo‘lsang, g‘ing demaysan-a!..

— Menga baribir, — dedim hamon sovuq jonimdan o‘tganini sezdirmaslikka tirishib. — Bir boshga bir o‘lim. Dod-voy qilib nimaga erishaman?..

— Bo‘pti, yur, muddating bitdi. Kameraga o‘tasan.

— Qaysi kameraga? — so‘radim atayin.

— Qaysiga bo‘lardi? O‘sha o‘zing bilgan kameraga-da!.. Indinga esa sud. Xullas, bu yerda uzoq qolib ketmaydigan bo‘lding.

— Shunisigayam shukr. — deb qo‘ydim Gogaga ko‘z qisib. — Haqiqat bor ekan-ku!

Goga bilan ehtiyot shart quchoqlashib xayrlashdik. Chunki, turmada hayot bir xilda kechmaydi. Bugun chaqchaqlashib o‘tirgan odamingni ertaga ko‘rmasliging, yillab uchrashmasliging mumkin.

— Bo‘sh kelma! — dedi u ma’yus tortib. — Qayerda bo‘lsang ham, mening gaplarimni yodingda tut! Aytgancha, to‘xta, senga bir enlik xat yozib beraman. Mabodo men bilgan turmaga tushsang, mana shu xatni Jenya degan odamga ko‘rsatasan. U turmada hurmatli aristonlardan hisoblanadi. Biz aka-ukadek bo‘lib ketganmiz. Meni aytsang, senga hamma sharoitni yaratib beradi.

— Yordaming uchun rahmat! — Gogani qaytadan quchdim. — Nasib bo‘lsa, uchrasharmiz.

Goga ko‘zlari yoshlanib, qo‘li bilan «endi ket» ishorasini qildi-da, teskari o‘girilib oldi.

* * *
Men nazoratchi hamrohligida ikkita panjaradan o‘tib, nihoyat «manzil»ga yetdim.

Mana o‘sha 125- kamera. Hamon temir eshikning bo‘yoqlari ko‘chgancha qolib ketibdi. Ichkaridan kimningdir baqirgani eshitildi. Nazoratchi sharaqlatib eshikni ocha boshlashi bilan tovush tindi.

— Qani, Murod, kiraver! — dedi nazoratchi kulimsirab. — Sudga tayyorgarligingni ko‘r! Xizmat bo‘lsa, tortinmay aytaver!

Kirdim. Kamerada butkul boshqa mahbuslar o‘tirishardi. O‘ngdagi pastki karavotda tepakal, oltmish yoshlarga borib qolgan mahbus o‘tiribdi. O‘ng bilagiga burgut surati chizilgan.

Yuqori qavatda men tengi, past bo‘yli, qorindor ariston g‘ujanak bo‘lib olgancha jim yotibdi.

Meni ko‘rgach, sakrab o‘rnidan turdi va pastga tushdi.

Ozg‘ingina, lablari uchib-uchib turgan o‘ttiz yoshlar oralig‘idagi bir yigit hojatxona yonidan joy olibdi. Unga ma’noli qarab olgach, chapga ko‘z tashladim. Birinchi qavatga parda tutib qo‘yilibdi. Demak, bu yerda armani yotibdi. Gogidan so‘ng o‘zini kameraboshi deb e’lon qilgan bo‘lsa ajabmas.

Tepa karavot bo‘sh edi. Men sekin qo‘limdagi ko‘rpa va choyshablarni yuqori qavatga qo‘yib, eski-tuski kiyimlar joylangan sumkamni bir chetga irg‘itdim.

— Salom bratva! — baqirdim o‘zimga ajablanib nigoh qadagan aristonlarga bir-bir boqarkanman. — Nega jim bo‘lib qoldilaring? Men Murodman!

Shu tobda parda sekin ochilib armani ko‘rindi.

— Sen?.. — u ko‘karib ketgan yuzlarini kafti bilan ishqalay-ishqalay o‘rnidan turib menga yaqin keldi. — Nature, o‘zingmisan?..

— Arsen! — ko‘rishish uchun qo‘l cho‘zdim. — Nima bo‘ldi?

Yuziga ishora qildim.

— E, dushman o‘qi tegdi. — majburan tirjaydi armani. — O‘zingdan gapir!

Men javob o‘rniga qaytadan qolgan aristonlarga qarab oldim.

— Bu yerda nimalar bo‘lyapti o‘zi? — to‘satdan do‘qlagan ohangda so‘z qotdim. — Kimlar o‘zi bular? Nega salom bermaydi?..

Armani indamay yelka qisib olib joyiga o‘tirdi.

— Tanishtirmaysanmi? — unga yaqin bordim men. — Nega yalpayib o‘tirib olding?

— Murod, bas qilsang-chi! — armani hamon yon bergisi kelmasdi. — Nimaga kelar-kelmasingdan do‘q urasan?

— Tur hammang o‘rningdan! — stol ustida tutqichi tomoni pichoq kabi o‘tkirlangan qoshiq turardi. Qo‘limga olib aristonlarga baqirdim. — Tur dedim!

Birinchi bo‘lib hojatxona yonida o‘tirgan yigit qarshimda hozir bo‘ldi. Ketidan armani istar-istamas menga yaqin keldi.

— Bugundan boshlab kamerada men tartib o‘rnataman! — tushuntirdim ularga. — Arsen, joyingni bilib tez ikkinchi qavatga chiq!

Turmada hurmatim oshganiga mana shu lahzalarda yana bir marta amin bo‘ldim. Oldingi safar meni yeb qo‘yishga tayyor turgan armani hozir it quvgan mushuk kabi shumshaygancha ko‘rpasini yig‘ishtirishga tushdi.

— Bu nusxa kim? — so‘radim hojatxona tarafdan chiqib kelgan yigitni ko‘rsatib.

— Bumi?.. — armani aftini bujmaytirib teskari o‘girildi. — Xullas, qiz bolaning nomusiga tegib qamalgan. Bilasanmi yana qanaqa qizning?.. Ozarbayjon…

— Tushunarli… Isming nima? — so‘radim yigitdan qovog‘imni uyib.

— Sergey. — zo‘rg‘a javob qildi u yerdan ko‘z uzmay.

— Sergey, nega kamera tozalanmagan?

— H-hozir… Tozalayman.

U shosha-pisha qo‘liga supurgi oldi.

Shundan so‘ng ovqatlanish uchun mo‘ljallangan stol qarshisiga o‘tirib, egnimdagi paltoni yechdim-da, yuqoridagi qorindor aristonga yuzlandim.

— Senga alohida taklif kerakmi?

Qorindor avval o‘rnidan turib o‘tirdi va ko‘zlarini ishqalay-ishqalay bir sakrab pastga tushdi.

— Nima deysan?

Armani kulib yubordi.

— Murod, bu o‘g‘ri! Laqabi Darvin. — dedi yigit bilan meni tanishtirgan bo‘lib. — Aytishiga qaraganda, bratvalar uni hurmat qilarmish.

— Shunaqa degin? — men dast o‘rnimdan turdim-da, qorindorning yoqasidan oldim. — Vey, men chaqirganimda o‘qday uchib kelishing kerak!

— Ahmog‘ing yo‘q. — xirilladi Darvin. — Kim bo‘psan?

Bu gapi uchun uni musht bilan siyladim. Darvin uchib borib armanga yopishib qoldi.

— Bo‘ldi, bo‘ldi, o‘zim tushuntirib qo‘yaman! — armani uni panasiga oldi. — Hali tanishmagan-da, tanishmagan!.. Kel, do‘stim Murod, eson-omon kelganing uchun bugun seni siylayman! Zo‘r arog‘im bor! Nima deysan?

— Aslida gapni ana shundan boshlash kerak edi. — kuldim yangi o‘rnimga joylasharkanman. — Faqat tezroq bo‘l! Karserda yotaverib suyaklarim qayishib ketdi.

Hash-pash deguncha stol ustiga qora non, sho‘r bodring, bir bo‘lak kolbasa qo‘yildi. Darvin menga olaqarash qilgancha nonni ip bilan bo‘laklab, ketidan kolbasa, bodringlarni maydaladi.

— Endi men bir gap aytsam. — dedi Arsen aroq quyilgan temir krujkasini qo‘liga olib. — Darvin, qariya Aleksey, xullas, hammalaring bilib qo‘yinglar. Bu Murod bo‘ladi. Bo‘ynida hozircha yettita murda ilinib turibdi. Bratvalar orasida obro‘si baland. Shunday ekan, kelinglar, shu do‘stimizning hurmati uchun ichaylik!..

Men aroqni ichib bo‘lgach, sekin hojatxona tomon nigoh tashladim. Sergey bo‘zraygancha bizga tikilib o‘tirar, ko‘zlarida yosh g‘iltillardi.
(davomi bor)

Manba: "Hordiq"

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (13-qism)