12:28 / 30.07.2018
8 040

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (16-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (16-qism)
Shu kecha uyqum qochdi. Negadir yuragim g‘ash tortib, behuzur bo‘laverdim. Kamera darichasidan ko‘kdagi yulduzlarni tomosha qilgancha o‘y surib o‘tirdim. Ha, qor tinib, osmonni yulduz bosibdi. Demak, havo ochiq. Ammo Rossiya qishida havo ochildimi, kuchli sovuq bo‘lishi tayin. Bunday kechalarda qalin o‘rmonda qolib ketsang bormi, adabingni yeysan. Qahraton naq joningni sug‘urib oladi.

— Nega uxlamading? — kimningdir tovushidan xayolim qochib orqamga o‘girildim.

Jenya ekan.

— Yuragim siqilyapti. — dedim bosh qashib. — Bolaligimdan yangi joyga ko‘nika olmay qiynalaman.

— Hechqisi yo‘q, — dedi Jenya. — Ertadanoq ishga chiqsang, kechqurunga borib tosh qotib uxlaydigan bo‘lasan.

— Ishga?.. Ha-ya…

Unutgan ekanman. Axir, men «SIZO»damas, haqiqiy turmadaman-ku!..

— Aytgancha, Jenya, nima ish qilamiz o‘zi?

— Rossiyada nimayam qilarding? O‘rmon kesasan-da!.. Daraxtlarni kesib, qirqib, taxlab, daryoga oqizamiz. Biroq ish juda qattiq. Tepangda nazoratchilar itdek akillab turishadi. Birpas nafas rostlashga izn berishmaydi.

— Buni hali ko‘ramiz. — dedim xotirjam. — Ariston ham odam. Picha nafas rostlashga, dam olishga haqi bor.

— Yo‘q, — bosh chayqadi Jenya. — Ular uchun biz odam emas, jinoyatchimiz. Jinoyatchini esa ular juda-juda yomon ko‘rishadi.

— Jenya, bir narsa so‘rasam maylimi? — suhbatdoshimga tikildim.

— So‘rayver! — dedi Jenya.

— Qanchadan beri turmadasan? Nega qamalgansan?

— Menmi?.. — Jenya sovuq kulimsirab, boshini egdi. — Buning tarixi uzoq… Eh, hozir xomcho‘t qilib ko‘rsam, o‘n yildan beri turmada ekanman.

— Hali muddating tugamadimi?

— Necha marta tugasin? Endi ozodlikka chiqishim yaqinlashganda, ablahlar nimadir qilishadi-yu, bo‘ynimga bir-ikki yilni ilishadi… Dushmanlarim ko‘p, yigit, dushmanlarim!

— Qiziq, — yelka qisdim. — Odam shunchalik shafqatsiz bo‘lishi mumkinmi?

— Shafqatni gapirasan-a!.. Mana, o‘zing odam o‘ldirayotganingda shafqat haqida o‘ylab ko‘rganmisan?

— Menmi?.. Yo‘q.

— Ana, ko‘rdingmi? Sen-ku, har holda vijdonli, halol yigitga o‘xshaysan. Mening dushmanlarim esa unaqamas. g‘irt mahluqning o‘zi. Ularga pul, shuhrat kerak.

— Nega qamalganingni aytmading.

— Ha, harqalay farishta emasman. Bolaligimga havas qilib bo‘lmaydi. Otam ham, onam ham piyonista bo‘lishgan. Xudoning bergan kuni uyimiz shovqin-suronga to‘lardi. Qayoqdagi piyonistalar yig‘ilishib, aysh-ishrat qilishardi. Men o‘shanda yetti yashar bola edim. Esimni tanib qolgandim. Kuniga besh-o‘n marta do‘kondan ichkilik tashiyverish jonimga tekkandi. Ishonasanmi, o‘zlari ichkilikka qaerdan bo‘lmasin, pul topishardi-yu, menga hatto bitta muzqaymoq olib berishmasdi. Qishning sovuq kunlaridayam ming yamoq, eski-tuski kiyimlarda yurardim. Oxiri uydan qochib ketdim. Ota-onam qidirishganmi-yo‘qmi, bilmayman. Boshqa shaharga poyezdga osilib bordim. Hayot kurashishga majbur qilarkan. Qorin to‘ydirish ilinjida o‘g‘irlik qilib ko‘rdim. Epladim. O‘sha-o‘sha boshqa ishga bo‘ynim yaramaydigan, faqat birovlarning cho‘ntagiga ko‘z soladigan bo‘lib qoldim. Xoh ishon, xoh ishonma, biror marta qo‘lga tushib qamalmaganman. Sal voyaga yetgunimcha mayda-chuyda o‘g‘irliklardan nariga o‘tmadim. Ammo ancha-muncha pul jamg‘ardim, tanish-bilishim ko‘paydi. Kunlarning birida menga «Katta pul tashlab, «Qonundagi o‘g‘ri» (Vor v zakone) bo‘l, shahar qo‘lingda bo‘ladi. Sen shu mansabga juda loyiqsan» deb qolishdi. O‘zing o‘yla, kimga yoqmaydi bu gap. Harakatga tushdim. Jinoyat ko‘chasining eng kattalaridan biriga borib uchrashdim, dardimni aytdim. U bo‘y-bastimni ko‘zdan kechirdi, ishimizga oid turli savollar berdi. Xullas, imtihon qilib ko‘rdi. Hamma savollariga javob berdim. Bir haftadan so‘ng «Qonundagi o‘g‘ri» (Vor v zakone) larni bir tashlandiq binoga yig‘ib u menga toj kiydirish marosimini o‘tkazdi. Shundan so‘ng men o‘zim mayda-chuyda o‘g‘irliklar qilib katta bo‘lgan shaharning o‘g‘riboshisiga aylandim. Shaharda, adashmasam, uch yuz o‘g‘ri bor. Ular kuniga menga ulush tashishardi. Shohona hayot kechira boshlagandim. Afsuski, dushmanlarim ham borligidan bexabar qoldim. Meni qamatib yuborishdi. To‘plagan boyliklarni davlat foydasiga musodara qilishdi.

— Turmada-chi? Nega turmaga «paxan» emassan?

— Aytdim-ku, dushmanlar yetarli deb! Hozirgi paxan ham o‘shalarning hamtovog‘i, Meni ko‘rishga ko‘zi yo‘q. Har gal bo‘ynimga muddat ilishlarida o‘shaning ham qo‘li bo‘lsa ajabmas!..

— Ha-a, seniyam darding menikidan kam emas ekan. — dedim. — Qaniydi, qo‘limdan kelsa, senga yordam bersam!..

— Qo‘lingdan keladi. — kutilmaganda yelkamga qo‘lini tashladi Jenya. — Kunduzgi gapimga xafa bo‘lma. Boshqa aristonlarning oldida faqat adolat bilan ish yuritishga urinaman. Shunday ekan, ishon, hammasi yaxshi bo‘ladi. Xudo xohlasa, bratvalar seni tan olishsa, ana undan keyin maslahatli gaplarni bir-bir gaplashaveramiz. Aytgancha, ular tan olishgach, seni boshqa kameraga o‘tkazishadi. O‘sha kameraga o‘zing bosh bo‘lasan.

— Ishda-chi? Birga bo‘lamizmi?

— Xotiring jam bo‘lsin, ishga birgalikda borib, birgalikda turmaga qaytamiz. Ishdan tashqari, sayrga chiqqandayam gaplashib olishga vaqt topiladi.

— Sen, Jenya, qochishimga yordam berishing lozim. — dedim ovozimni hiyla pasaytirib.

— E, hali kelib ulgurmasingdan qochishni mo‘ljallama! Fursat topiladi. Oldin turmaning shart-sharoitini, baland-pastini yaxshilab o‘rgan. Ana undan keyin bir gap bo‘lar. Xo‘p, endi yotib uxla! Erta uyg‘otishadi.

* * *
Jenya haq edi. Erta tongda bo‘yi men bilan deyarli baravar nazoratchi qo‘lida charm tayog‘ini o‘ynatgancha kirib kelib baqirdi:

— O‘g‘ri, bosqinchilar! Tez turib yo‘lakda saf tort!

Men ham yuz-qo‘limni chala-chulpa chayib, turma kiyimni kiyib safga turdim. Endi men turma boshliqlari uchun Sharipov emas, 358- raqamli mahbus edim.

Bizni oshxonaga olib kirishdi. Har bir kamera uchun alohida stol qo‘yilgandi. Men Jenyaning yonidan joy oldim.

Bu yerning ovqati SIZO nikidan birmuncha sifatli ekan. Bo‘tqasida biroz bo‘lsa-da, maza bor, choydan shakar ta’mi kelib turibdi.

Chamasi besh daqiqadan so‘ng turishga buyruq berildi. Yana saf tortib ishga olib ketish uchun mo‘ljallangan yuk mashinalariga chiqib o‘tirdik.

— Hozir ko‘rasan, — dedi Jenya meni turtib. — Ish boshlaylik! Soqchilarni ko‘rib hayron bo‘lmasang bas!

Ajabo!.. Bizni qalin o‘rmon yoqasiga olib kelishdi. Ellik metr narida daryo. Faqat muzlab qolgan. Muz ustida qandaydir izlar…

Etib kelishimiz bilan chor atrofni avtomat tutgan soqchilar o‘rab olishdi.

— Ko‘rdingmi, — dedi Jenya soqchilar ta’qibi ostida o‘rmon ichkarisiga ketib borarkanmiz. — Bu turma xuddi urush paytidagi konslagerga o‘xshaydi. Bir metr ham joy bo‘sh qolmaydi. Anavi soqchilar turib olishadi. Qani, shunday sharoitda qochib ko‘r-chi!..

— Baribir qochaman! — dedim soqchilarning bo‘ralab so‘kishlari, haqoratlarini eshitganim sayin g‘azabim qo‘zg‘ab. — Uyoqdagi ishlarni bitirib qaytmasam bo‘lmaydi.

— Bahorgacha sabr qilishingga to‘g‘ri keladi, Kallakesar! — dedi Jenya. — Bahorda anavi muzlar eriydi. Biz kesilgan tayyor daraxtlarni boylaymiz, keyin daryoda oqizamiz. Ana shunda qochishing uchun osonroq yo‘l topsa bo‘ladi. To‘g‘ri, daryoda muz yo‘l qilingan. Ammo bu yo‘l bo‘ylab uzoqqa bora olmaysan. Ikki qadam yurmasingdan, itday otib tashlashadi.

— Hozir-chi?. Nima ish qilamiz?

— Oldiniga daraxt kesamiz. Keyin ularni uskuna yordamida tilib chiqamiz. Tilinib, taxta xoliga kelganlarini mashinalarga ortamiz.

— Tushunarli. Demak… Bahorgacha sabr qil degin?..

Jenya javob qilishga ulgurmadi.

Sekinlab qolgan ekanmizmi, soqchilardan biri ketma-ket yelkalarimizga avtomat qo‘ndog‘i bilan tushirdi.

— Tekintomoqlar, qimirla!..

* * *
Jenya aytganicha bor edi. Garchi ilgari qurilishlarda jismoniy ish bilan ko‘p shug‘ullangan bo‘lsam-da, bunaqasini yetti uxlab tushimda ko‘rmagandim.

Meni daraxt kesishga qo‘yishgandi. Elektr arralarda daraxtni ag‘dargach, shoxlarini kesib chiqish lozim. Undan so‘ng yaxshilab o‘lchab, ularni bir xil uzunlikka keltirilarkan.

Soqchilar bizni o‘rab turishardi. Endigina og‘rib ketgan belga dam berish ilinjida qaddingni ko‘tardingmi, qaerdandir nazoratchi qo‘lida tayoq bilan paydo bo‘ladi va duch kelgan yeringga tushirib qoladi.

Men ham ikki soatcha chidadim. Azbaroyi terlaganimdan egnimdagi kiyim jiqqa ho‘l bo‘ldi. Bel tarashaday qotib qoldi.

Oxiri toqatim toq bo‘lib qaddimni rostladim va cho‘ntagimdagi sigaretni olishga tutindim. Shu zahoti uzun bo‘yli, yumaloq yuz, yuqori labi uchib-uchib turadigan nazoratchi kela solib bo‘ynim aralash tushirib qoldi.

— Ha-a, Uch yuz ellik sakkizinchi! — u baqirib qo‘limdagi sigaretni tortib oldi-da, oyoqlari ostiga tashlab ezg‘ilab tashladi. — Kurortga keldim deb o‘ylaganmiding, o‘g‘ri, bosqinchi?..

U qaytadan meni tayoq bilan tushirmoqchi bo‘ldi. Chap berib qoldim. Shunda nazoratchining bosh kiyimi yerga uchib tushdi.

— Voy ablah-ey! — qichqirdi u labi uchgancha menga yaqin kelib. — Hali menga chap beradigan bo‘ldingmi? Qani, shapkani ol yerdan!.. Tez bo‘l!

— Vey, men «musor»larga xizmat qilmayman, bildingmi? — dedim mushtimni tugib. — Kerak bo‘lsa, o‘zing ol!

— Nima?.. Nima deding?.. Hali qarab tur, turmaga qaytgin, tilingni sug‘urib olaman!..

— O‘rtoq leytenant, mana shapkangiz! — qaerdandir kelib qolgan pakana ariston nazoratchiga bosh kiyimini tutqazdi.

Men aristonni kelganimdan beri ko‘rmagandim.

— Mayli, ko‘ramiz, — dedim xayolan o‘zimga o‘zim. — Qaysi kameradanligingni surishtirib bilaman, do‘mbirachi!.. (Bundaylarni turmada do‘mbirachi deb atashadi).

— Qani, ishga kirish! — buyurdi nazoratchi bosh kiyimini kiyarkan. — Masalangni keyin hal qilamiz, itdan tarqagan!..

* * *
Qanchalar charchab holdan toyganimni faqat o‘zim bilardim. Ayniqsa, belim, yelkalarim simillab og‘rib, qattiq azob berardi. Shu ahvolda kechki yo‘qlovga chiqdim.

Hech kimga so‘z qotmay, tezroq yo‘qlov tugashini va kameraga qaytib karavotga yonboshlashdek baxtli onlarni orziqib kuta boshladim. Charchoq tufaylimi, kunduzgi voqealarni unutibman shekilli. Yo‘qlov oxirlab ulgurmay, Uzun bo‘yli nazoratchi safni oralab o‘tib menga yaqin keldi.

— Qani, oldimga tush! — buyurdi u. — Nega qaqqayib turibsan? Yur dedim!

— Qaergaligini bilsak bo‘ladimi, nachaylik? — bo‘sh kelmadim men ham masxaraomuz kulimsirab.

— Karserga! — baqirdi nazoratchi. — Turma xizmatchisini haqorat qilganing uchun uch kun karserda o‘tirasan!

Nimayam qilardim? Sal narida bizni zimdan kuzatib turgan Jenyaga ko‘z qisib qo‘ydim-u, nazoratchining oldiga tushdim.

* * *
Bu yerdagi turma karseri SIZO dagidan ikki hissa yoqimsiz va jirkanch edi. Beton devorlarni sho‘r bosgan, ichkaridan kelayotgan hid ko‘ngilni aynitgudek edi.

Faqat bir jihati menga dalda berardi. Shu yerda xayollarimni jamlab, fikrlab olishga imkon bor.

Beton supaga yonboshlarkanman, beixtiyor xo‘rligim keldi. Kelgusi hayotimni tasavvur etishga urindim. Tasavvurimga sig‘dira olmadim.

Yarim soatcha yotganimdan so‘ng sovuq o‘tib, yo‘tal tuta boshladi. O‘rnimdan turib karserning uyog‘idan buyog‘iga yura boshladim. Bu ham yordam bermas, yo‘tal kuchaygandan kuchayib borardi.

— Shu kasal meni olib ketmasaydi! — xayolimdan o‘tkazdim egnimdagi turma kiyimi yoqasini bo‘ynimgacha ko‘tarib. — Nega dunyoga keltirishdi o‘zi? Azobda o‘lib ketishim uchunmi? Bolalikdan xotirjamlik, huzur nimaligini bilmasam! Na uyim, na muqim vatanim bor. Kimga kerakman? Nega yashayapman? Maqsadim nima? O‘n besh yil turmada o‘tirib chiqib, qaerga boraman? Qishloqqami? Kimning ko‘zi uchib turibdi yarimjon, yuzi qora aristonga? Yo‘q! hammasidan nafratlanaman! Yorug‘ dunyosini yomon ko‘raman. Bu devorlarni, anavi ko‘zni qamashtiruvchi qorni, shovillab oqayotgan soy-u, daryolarini… Hech birini ko‘rishga ko‘zim yo‘q! O‘t tushib kul bo‘lsin hammasi!..

Karserdagi uch kun meni mahluq qiyofasiga kiritib qo‘ygandek edi. Shom payti nazoratchidan bir metr oldinda kamera tomon ketib borarkanman, birinchi navbatda nima ish qilishim lozimligini yaxshi bilardim. O‘qchitib-o‘qchitib tutayotgan yo‘talga ham e’tibor bermaslikka harakat qilardim. Faqat… Tezroq kameraga yetsam, bas…

— Devorga orqa o‘gir! — buyurdi nazoratchi belimga charm tayog‘i bilan nuqib. — Adabingni yedingmi, tekintomoq?..

— Og‘zingga qarab gapir! — dedim boshimni u tomon o‘girib. — Karsering nima bo‘pti menga? Iltimos, yolg‘iz qo‘limga tushmagin! Tug‘ilganingga pushaymon bo‘lasan!

— Men-a?.. Nima, orqaga qaytging kelyaptimi?

— Seni ogohlantirdim xolos. Uyog‘i o‘zingga havola.

— Ko‘ramiz! — nazoratchi sal naridagi stol ustidan bir bo‘lak tovuq go‘shtini qo‘liga olib ishtaha bilan yeya boshladi. — Qani, ichkariga kir!..

Payqadim. Nazoratchi so‘nggi gaplarimdan so‘ng sal past tushdi. Tushmay ham ko‘rsin-chi!.. Endi hech birini ayab o‘tirmayman. Menda na shafqat, na mehr-oqibat qoldi. Qalbim, vujudim bo‘m-bo‘sh. hech qachon to‘lmaydi. Bo‘shligicha boqiy dunyoga ravona bo‘laman. Koshkiydi qachonligini bilsam… Shoshilgan bo‘lardim…

Kameraga kirib borganim hamono barchalari o‘rinlaridan turib meni qarsaklar bilan qarshi olishdi. Barchalari bilan bir-bir ko‘rishdim.

— Rangingda qon qolmabdi, yigit! — dedi Jenya qo‘lidagi qaynoq choy to‘la krujkani uzatib. — Boshlanishiga manavini ich! O‘zingga kelasan.

— O‘rmondagi ariston qaysi kamerada yashaydi? — so‘radim karavotlardan biri chetiga cho‘kib. — Uni tez ko‘rishim kerak.

— Ha-a, anavi… «Musor»ning bosh kiyimini olib berganmi?

— Xuddi o‘sha.

— Xavotir olma. Topamiz. Qochib ketmaydi. Kel, birgalikda tamaddi qilaylik! Vey, boplading o‘ziyam o‘sha nazoratchi xunasani!.. Ishonsang, yaqinda menam boplab so‘kkandim uni.

— Menga baribir. — dedim aftimni bujmaytirib. — Zarur bo‘lib qolsa, kallasini sapchaday uzib tashlayman.

Bostirib-bostirib qaynoq choy ichgach, rostdan ham o‘zimga kela boshladim. Yo‘tal pasanda bo‘lib, tanamga qon yugurgandek bo‘ldi.

— U nega qamalgan o‘zi? — so‘radim Jenyadan hamon og‘zimga tikilib o‘tirgan aristonlarga bir-bir nazar tashlash asnosida. — O‘g‘rimi?

— Qanaqa o‘g‘ri? Bosqin uyushtirganmish hamtovoqlariminan. Qandaydir boy odamni kaltaklab pullarini tortib olishganmish. O‘zi yaqindagina turmaga kelgan. «Do‘mbirachi»larning yetkazishlaricha, kamerasidagilarning hammasiminan mushtlashib ulguribdi.

— Zo‘r mushtlasharkanmi shunaqa?

— Qaydam? Shaxsan men guvoh bo‘lmaganman.

— Ko‘rasan. — dedim stolni mushtlab. — Tartibli ariston ekanini bugun isbotlaydi. Isbotlay olmasa, o‘zidan ko‘rsin!
(davomi bor)

Manba: "Hordiq"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (16-qism)