08:30 / 31.07.2018
6 717

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (19-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (19-qism)
Endi vaqtinchalik Aleksandr aytgan gaplarni unutib, armanidan qanday o‘ch olish haqida bosh qotirardim. U tarafga o‘g‘rincha nazar solganim sayin a’zoyi badanim qasos o‘tida yonib, vujudim titrardi.

— Qaniydi bir bahona topilsa-yu, — o‘ylardim. — Shu yaramasni yer bilan yakson qilsam! Axir, yaqindagina u meni o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Bu ishini oshkora amalga oshirishga urindi. Qanday kechiray bu nusxani? Haqiqiy ariston bunday xatoni qon bilan yuvadi. Faqat qon bilan.

Bir mahal kamera eshigi sharaqlab ochildi-yu, ichkariga nazoratchi va mayor Samoylov qandaydir soqchi askar hamrohligida kirib kelishdi.

— Qani, kallakesar, o‘g‘ri! — mayor to‘ppa-to‘g‘ri Arsenning tepasiga borib qichqirdi. — Tez devorga orqang bilan o‘giril! Tez bo‘l dedim! Sen nega qarab turibsan! Yo maxsus taklif kerakmi?

Men ham Arsenning yonidan joy oldim.

— Soat qani? Qani soat? — o‘shqirdi mayor Arsenga. — Nega indamaysan? Nega topshirilgan narsani qaytadan o‘g‘irlab olding? Nima haqing bor edi, iflos? Qani deyapman?

— Ko‘rpa ostida. — norozi ohangda javob berdi Arsen boshi bilan karavot tomon ishora qilib. — Lekin… Kamandir… U menga esdalik edi.

— Men ko‘rsatib qo‘yaman esdalikni!..

Mayor ko‘rpa ostidan yarqiragan qo‘l soatini olib cho‘ntagiga soldi. Arsen esa bir muddat sukut saqlagan bo‘ldi-da, kutilmaganda ortga o‘girilib, mayorning yoqasiga yopishdi.

Soqchi va nazoratchi baravariga uni charm tayoq bilan savalay ketishdi. Arsenga bu kaltaklar ham ta’sir etmagandek, Samoylovni mahkam bo‘g‘ib turardi.

Yo‘q, baribir tayoqlar ustun keldi. Ketma-ket kelib tushgan zarbalar Arsenni yiqilishga majbur etdi. Soqchi shu zahoti uning qo‘llarini kishanlab, qo‘ltig‘idan oldi-da, tashqariga olib chiqib ketdi.

— Karserga! — xirillab qichqirardi mayor. — Uni karserga qama!..

* * *
Hammasi ostin-ustun bo‘lib ketgandi. Aleksandr «uchrashuv»ni ertangi kunga qoldirdi. Meni tushga yaqin mayor Samoylov huzuriga olib kirishdi.

Hoynahoy, armani uning tomog‘iga shikast yetkazganga o‘xshardi. Doka bilan boylab olibdi.

— Sen o‘tir, o‘tir! — qarshisidan joy ko‘rsatdi mayor. — Chekasanmi?

— Yo‘q, rahmat! — dedim qovog‘imni uyib.

— Unda senga topshiriq bor. — gap boshladi mayor kabinet eshigini yopib kelish asnosida. — Bunisi ancha qaltis.

— Aytavering! — dedim xotirjamlik bilan. — Men uchun ishning qaltisi bo‘lmaydi.

— Ko‘rding-a, anavi kavkazlikning nima qilganini?!. Juda haddidan oshib ketibdi!

— Ko‘r emasman.

— O‘shani…

Mayor qulog‘imga nimalar qilishim lozimligini uqtira boshladi. Uni oxirigacha tinglagach, sekin o‘rnimdan qo‘zg‘aldim.

— Evaziga bir iltimosim bor. — mayorga tik boqdim. — O‘zingiz va’da bergansiz…

— So‘rayver! Nima istaysan?

— Uyoqda o‘tirganimda Yelena ismli ayolni yoqtirib qolgandim. O‘sha bilan uchrashuv uyushtirib berasiz.

— Yelena?.. — mayor biroz o‘ylanib qoldi. — Kim o‘zi? Aristonmi?

— Yo‘q, u ayol turmada vrach edi. Keyin ishdan bo‘shab ketdi. Xullas… U bilan uchrashishni xohlardim.

— Yaxshi, xotiring jam bo‘lsin. Buni tashkil qilsa bo‘ladi. Biroq… Mening topshirig‘im bugundan… Yo‘q, hozirdan qolmasin!.. Imi-jimida harakat qil!

— Buyog‘ini menga qo‘yib beravering! — ayyorona ko‘z qisdim. — Aytganingizdan ham ziyoda bo‘ladi.

— Bo‘pti, bor, men nazoratchiga tayinlayman!..

* * *
Keyingi kunlarda nazoratchi ham menga qo‘pollik qilishni yig‘ishtirib, yumshoq muomalada bo‘la boshlagandi. Ayniqsa, hozir uning munosabati butkul boshqacha tus oldi. Yo‘lak bo‘ylab borib, kameralar tomon burilganimizda, nazoratchi to‘xtashga buyruq berdi.

— Bor, tezroq qimirla! — dedi u yigirma qadamcha narida polga nimalarnidir sepish bilan band aristonlarni ko‘rsatib.

Payqadim. Ular kalamushga qarshi dori sepishyapti. Demak, shu dorilardan bir hovuchini cho‘ntakka joylashim zarur. Shundan so‘ng karserga yo‘l olaman. Menga atigi yarim soat vaqt belgilangan. Rahbarlar hidlanib qolmasliklari uchun shoshilishim shart.

O‘ylab o‘tirmay, yugurgancha borib mayda toshday keladigan dorilarning bir hovuchini cho‘ntagimga urdim-u, ortga qaytdim.

— Endi qadamingni tezlat! — dedi nazoratchi ehtiyot shart uyoq-buyoqqa qarab olib. — U yerdayam uzoq qolib ketma! Aytib qo‘yay, ortiqcha baqir-chaqirlar bo‘lmasin! Naq kallamiz ketadi.

— Xavotir olma, nachaylik!

* * *
Karserning beton supasida Arsen qunishgancha o‘tirib, sigaret tutatardi. Meni ko‘rdi-yu, qo‘lidagi sigaretni yerga tashlab, o‘rnidan turdi.

— Salom, do‘stim! — sovuq kulimsirab unga yaqin bordim. — Zerikib qolmadingmi?

— Nega kelding? — to‘ng‘illadi Arsen norozi ohangda.

— Senga hamroh bo‘lishni buyurishdi. Mana, keldim!

— O‘ldiradigan bo‘lsang, gapni aylantirmay aytaver! — dedi Arsen asta-sekin ortga tislanib. — Seni ichi qora deb sira o‘ylamagandim.

U beixtiyor baqira boshladi:

— Kelishib ketardik, Murod! Eshitdingmi, kelishib ketardik!

— Kechirib qo‘yasan! — shoshilmasdan borib Arsenning iyagidan tutdim. — Xudo kechiradi. Men bo‘lsam, Xudo emasman. Senga o‘xshagan oddiy aristonman.

Qorni aralash berilgan ikkita zarbadan so‘ng Arsen bukchaygancha oyoqlarim ostiga o‘tirib qoldi. Fursatni qo‘ldan bermaslik uchun kuch bilan tomog‘idan changallab oldim-da, bir qo‘lim bilan cho‘ntagimdagi dorilardan olib Arsenning og‘ziga tiqa boshladim.

U zo‘r berib qarshilik qilishga urinar, faqat kuchi yetmasdi.

Dorilarni yedirib bo‘lgach, cho‘ntagimdagi sochiq bilan og‘zini mahkam boyladim va yelkasidan bosib turaverdim.

Arsen tinimsiz o‘qchir, ko‘zlari chaqchayib, nuqul silkinardi.

Shu ko‘yi oradan ikki daqiqacha vaqt o‘tdi. Arsen o‘qchishni bas qilib faqat silkinish bilan kifoyalanib qoldi. Nafas olishi ham borgan sari sekinlashib, rangi ko‘kimtir tusga kira boshladi.

— Hozir o‘lasan, — umrimda ilk bor jon berayotgan odamga alam aralash tikilib shivirlardim. — Uzoq vaqt qiynalishingga yo‘l qo‘ymayman. Vaqtim ham yo‘q. Faqat mendan xafa bo‘lma. Shunday bo‘lib qoldi. Hammasiga o‘zing aybdorsan. Mening ko‘nglimni qoldirmasliging lozim edi. Alvido!..

Hammasini ko‘ngildagidek amalga oshirgan edim. Arsen ortiqcha tovushlarsiz jon berdi. Tanasida barmoq izlarim ham qolgani yo‘q. Tekshirishsa, hech bir zo‘rlash, qiynash alomatlarini topa olishmaydi. Juda borsa, yurak xuruji degan tashhis qo‘yishadi.

Shularni o‘ylab, tashqari eshikka yo‘naldim. Shu tobda negadir ikki yelkam og‘irlashib, bilaklarimda noma’lum og‘riq turdi.

* * *
Bu nima edi o‘zi? Nega og‘irlashdim? Adashmasam, Arsen biror yerimga ziyon yetadigan harakat sodir etmagandi. Hatto, bilagimni changallab ham ko‘kartira olmadi. Kuchi yetmadi. Unda nega yelkam, bilaklarim og‘rib boryapti? Nima sababdan o‘zimni ko‘ksimning allaqayerida og‘ir yuk ko‘tarib turgan kabi his eta boshladim? Nima o‘zi bu? Nahotki, kasalim qo‘zg‘ay boshlagan bo‘lsa? Yo‘q, bu kasal emas. Qachonlardir Nina xola aytguvchi edi. Murdaning yuki bo‘larkan. Olamdan o‘tgan odamni ko‘targanda, ko‘targuvchini yuk bosib o‘zini lohas sezarkan. Men-chi? Ko‘tarmadim-ku! Aksincha, o‘ldirdim. Yo armani jon berayotib qarg‘adimi meni? Bilmadim… Shuncha qotilliklarga qo‘l urib bunaqasini ko‘rmagandim. Hammasi xamirdan qil sug‘urgandek bitar, men ishni bitiriboq teskari o‘girilgancha ketaverardim. Bu gal-chi? Nimaga o‘yga toldim? Yuragim g‘ash tortib, tanamda lohaslik alomatlari zohir bo‘ldi? Qo‘rqoq bir bandaga aylanib qoldimmi? Ko‘nglim yumshadimi? Qalbimda shafqat hissi uyg‘ondimi? Yo‘q, bunday bo‘lmaydi! O‘zim ko‘rmagan shafqatni qanday qilib boshqalarga ulasha olardim?!. Bu charchoq shekilli. Ruhan charchasa shunday holatga tushadi odam. Ha, uxlashga harakat qilaman. Tiniqib uxlasam, yengil tortaman. Hammasi unut bo‘ladi. Uxlashim kerak… Uxlashib shart…

* * *
Ko‘zim ilindimi, yo ilinmadimi, eslay olmayman. To‘rt tomoni temir panjaralar bilan o‘ralgan gulzorda paydo bo‘ldim. Gulzor o‘rtasida qotib turgan ko‘yi bepoyon adirga boqqancha kimnidir kuta boshladim.

Tevaragimda turli sayroqi qushlar xonish qilar, boshqa tovush qulog‘imga chalinmasdi.

Bir mahal qip-qizil kiyimda tanish bir chehra sohibi adir tarafdan menga qarab kela boshladi. U kimsaning yuzlari ham qon rangida edi. Har qadam tashlaganda, tevarak zirillab ketardi.

— Bekor qilding shu ishni! — kutilmaganda hayqirdi u kimsa. — Bekor qilding! Bekor qilding!

Hayqiriqqa nimalarningdir taraqlagani, chiyillagan tovushlar jo‘r bo‘ldi.

Yuragim hapriqib, nafasim bo‘g‘zimga tiqildi. Qochishga tutindim. Biroq oyoqlarim joyidan jilmas, o‘zimga noma’lum bir kuch oldinga bosishga qo‘ymasdi…

Shunda beixtiyor uyg‘onib ketdim-u, sakrab o‘rnimdan turdim. Kech tushib, kameradagilar ishdan qaytishibdi.

Qora terga botgan badanimni choyshabga arta-arta Jenyaga baqirdim:

— O‘larmiding shovqinsiz kirsang?..

Jenya qovog‘ini uygancha indamasdan stol qarshisiga o‘tirdi-da, papiros tutata boshladi.

— Og‘zingga tolqon solvolganmisanlar? — qolganlarga qichqirdim. — Yo salom berishni unutib qo‘ydilaringmi?..

Hech kimdan sado chiqmadi. Bu manzara meni tamoman garangsitib qo‘ygandi. «Alahsirayotganga o‘xshayman» degan xayolda krandagi suvda yuz-qo‘llarimni chaydim. Biroz o‘zimga kelgan bo‘lsam-da, kameradagi manzara o‘zgarmagandi. Aristonlar teskari o‘girilib, o‘zaro pichir-pichir qilishar, go‘yo men bu yerda yo‘q edim.

— Gapirmaysanlarmi, ablahlar! — jazavaga tushib yanada balandroq ovozda baqirdim ularga taxtadan yasalgan stolni tepib. — O‘ldiraman hammangni, o‘ldiraman!..

— Bilamiz, sen zo‘rsan! — nihoyat tilga kirdi Jenya. — O‘ldirish ham, do‘pposlash ham qo‘lingdan keladi. Ammo biz ham senga o‘xshagan aristonmiz. Bo‘ynimizda ozmi-ko‘pmi jinoyat izlari tamg‘a bo‘lib turibdi. Sal hurmatlasang, izzatlasang yomon bo‘lmasdi. Masalan, mening yoshim sendan ancha ulug‘. Murod, sen meniyam yer bilan bitta qilib tashlayapsan. Hamma narsaniyam chegarasi bo‘ladi. Unutmaginki, qurbaqani bossang vaqillaydi. Bir kun kelib mening ham sabr-kosam to‘lishi mumkin.

— Menga baribir, — dedim Jenyaning gaplaridan ta’sirlangan bo‘lsam-da, past tusha boshlaganimni sezdirmaslikka urinib. — Yoshing ulug‘mi, kichikmi, bu sening ishing! Bu yer turma! Hurmatni ochiqqa chiqqaningdan keyin boshqalardan talab qil! Hozircha bu yerda men kamerani nazorat qilib turibman. Obidiydangni ko‘tarmayman…

Shunday dedim-u, qaytadan karavotga cho‘zildim va devorga o‘girilib ko‘zlarimni yumdim.

Chamasi bir soatdan ortiqroq uxlabman. Kimningdir ohista turtkisidan uo‘g‘onib ketdim. Tepamda o‘g‘irlik tufayli qamalgan Sakenboy ismli qozoq ariston turardi.

— Nima deysan? — so‘radim pardani nari surib.

— Sizga bir gapim bor. — shivirladi u karavotlarga bir-bir ko‘z tashlab. — Afsuslanmaysiz.

— Ayt, nima gap o‘zi?

— Siz mayorning o‘limi bilan qiziqayotgandingiz. — dedi Sakenboy.

— Sen qayerdan bilasan? — uning yoqasidan olib o‘zimga tortdim. — Tez gapir, kim aytdi senga bu gapni?

— E, aka, anavi kuni qulog‘imga chalingandi-da!..

— Xo‘sh, nima deysan?

— Bilasizmi, — yanada sekinroq shivirladi Sakenboy. — Jenya sizni aldagan o‘sha kuni. Aslida mayorning o‘limida o‘zining qo‘li bor.

— Nima?.. — bu gapni eshitib o‘rnimdan turib o‘tirdim. — Davom et!

— Agar ishonmasangiz, siquvga oling! Ortidan kuzating. U turmadagi qandaydir yerto‘laga tez-tez qatnab turadi.

— Yerto‘la? Nima qiladi u yerda?

— Men bunisini bilmadim. Surishtirsangiz, hammasini aniqlaysiz.

— U holda o‘zing kuzatasan.

— M-men?.. — Sakenboy ortga tislandi. — Yo‘q, men… Qo‘rqaman…

— Qo‘rqasanmi?.. Bilib qo‘y, o‘zingni o‘zing tutib berding. Endi faqat sen kuzatasan Jenyani. Agar gaping isbotlanmasa, o‘ldim deyaver!..

Payqadim. Sakenboy faqat menga yaxshilik qilmoqchi, shu yo‘l bilan ishonchimga kirishni istagandi. Men bo‘lsam, uni cho‘chita boshladim…

Nima bo‘lyapti menga o‘zi? Nega hech kimga odamgarchilik qila olmaydigan bo‘lib qoldim…

Shu o‘ylar bilan bilinar-bilinmas titrayotgan Sakenboyning yelkasiga qo‘l tashladim.

— Qo‘rqma, — dedim unga. — Kuzatishni boshlayver! Ish bitsa, o‘zim seni xursand qilaman!..
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (19-qism)