23:27 / 09.08.2018
5 205

Nega yo‘q joydan muammo qidiramiz? (foto)

Nega yo‘q joydan muammo qidiramiz? (foto)
Garvard universiteti ruhshunoslari odamlarga ba’zi bir muammolar yechimi har qancha o‘ylamasin hal etib bo‘lmas bo‘lib tuyulishi sabablarini bilish uchun tajriba o‘tkazdilar.

Tadqiqot natijalari Science jurnalida e’lon qilindi, xulosa esa kishini hayratga soladi: miyamiz axborotni qayta ishlashni shunday tarzda amalga oshiradiki, tanish va odat bo‘lib qolgan hodisalarga qancha kam duch kelsak, ularga shuncha ko‘p e’tibor beramiz. Hatto ular bo‘lishi mutlaqo mumkin bo‘lmagan joyda ham.

«Ko‘ngillilar jamoasi sindromi»

Tasavvur qiling, jinoyatchilik yuqori daraja hisoblangan tumanda ko‘ngillilar jamoasi tuzildi. Ularning vazifasi ko‘chada biror bir qonunbuzarlik uchrasa yoki jamoat tartibi buzilsa, bu haqda politsiyaga qo‘ng‘iroq qilishdan iborat.

Avval boshda ko‘ngillilar faqat jiddiy jinoyat sodir bo‘lsa, masalan o‘g‘irlik, mushtlashish yoki talonchilikka guvoh bo‘lishsa shu haqda politsiyaga xabar beradilar.

Endi yana bir holatni ko‘z oldingizga keltiring, ularning hushyorligi o‘zining ijobiy natijasini bera boshladi va tumanda o‘g‘irlik va talonchilikka barham berildi. Xo‘sh ko‘ngillilar endi nima qiladi?

Mantiqiy javob shuki, ular politsiyaga qo‘ng‘iroq qilmay qo‘yadilar, chunki qo‘ng‘iroq qilishga sabab bo‘ladigan hech narsa qolmadi: jiddiy jinoyatchilik endi bo‘lmay qo‘ygan.

Ehtimol intuitsiya sizga boshqa javobni uqtirar: endi ko‘pchilik ko‘ngillilar hushyorlikni yanada oshiradi va bo‘lar bo‘lmasga ham telefon qilaveradi, masalan, shunchaki aylanib yurgan notanish kishi ko‘zingizga shubhali bo‘lib ko‘rinadi yoki piyoda mumkin bo‘lmagan joydan yo‘lni kesib o‘tsa ham politsiyaga qo‘ng‘iroq qilasiz.

Bu yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning bittasi, xolos. Ehtimol siz ham bu borada ko‘plab misollar keltirishingiz mumkin. Gap shundaki, muammolar hech qachon barham topmaydi, chunki haqiqatan ham, aynan nima muammo ekanligini bilmaymiz va bu masalaga bo‘lgan qarashlarimizni har doim qayta ko‘rib chiqishda davom etamiz.

Ya’ni, bizning o‘zimiz yo‘l yo‘lakay o‘yin qoidasini o‘zgartirib boramiz (fanda bu hodisaga «konseptni yuvish» deb nom berilgan) va bundan o‘zimiz aziyat chekamiz.

Xo‘sh, agar har qadamda biz xohlagan yechimning ko‘rinishi o‘zgarib boraversa va u bizdan uzoqlashaversa, unda biz muammoni hal etish borasida oldinga siljiy oldikmi?

Amerikalik olimlar bu holatga tushishning sababi nima va uni bartaraf etsa bo‘ladimi degan savolga javob topmoqchi bo‘lishdi.

Shaffof tahdid

Tadqiqot bir necha bosqichda amalga oshirildi. Dastavval eksperiment ishtirokchilariga fotorobotlarning bir nechta to‘plamini ko‘rsatishdi va oddiy savolga javob berishni so‘rashdi: qaysi aft-angor qo‘rqinchli ko‘rinadi. Yuz ifodalari turi juda ko‘p edi — qo‘rqinchli basharadan tortib, to beozorigacha.

Avval boshda tajriba ishtirokchilari eng qo‘rqinchli yuzlarni ko‘rsatdi, ular tamom bo‘lgan sari qolganlari ham qo‘rqinchli bo‘lib ko‘rinaverdi. Natijada, avval yaxshi bo‘lib tuyulgan chehralar ham endi unga tahdid solib turganday ko‘rinardi.

Boshqacha aytganda, rasmlar to‘plamida haqiqiy qo‘rqinchli basharalar qolmagach, odamlar avval mutlaqo yaxshi ko‘ringanlarni ham qo‘rqinchlilar safiga qo‘sha boshladi.

Bu yerda yana bir oddiy tajriba ham sinab ko‘rildi. Eksperiment ishtirokchilaridan ekrandagi nuqtalarni ko‘m-ko‘k va binafsha rangga ajratish so‘raldi. To‘plamda ko‘m-ko‘k nuqtalar kamaygan sari, ishtirokchilar shuncha ko‘p binafsha rangni ko‘m-ko‘k deb yoza boshladi.

Eng qizig‘i, ishtirokchilarni avval boshda ko‘m-ko‘k rang kamayib boradi deb ogohlantirishgan edi. Tajriba qatnashchilariga hatto, ko‘k rangni tanlashda haqqoniylik, xolislik hamda ketma-ketlikni saqlasa mukofot berilishini ham aytishgan — ammo bu ham yordam bermadi. Bu shundan dalolat beradiki, o‘zni bunday tutish ongli nazoratga ham bo‘yso‘nmas ekan.

Qattiqqo‘l hakam

Balki, miyamizning ushbu g‘alati o‘ziga xosligi voqelikni faqat vizual tarzda qabul qilish bilan cheklanar? Chunki, qaror qabul qilishimiz uchun ko‘rish — axborotning eng ishonchli, va albatta yagona manbai bo‘lolmaydi.

Shu savolga javob topish uchun ruhshunoslar tajriba ishtirokchilarining ma’naviy-axloqiy tamoyillarini tekshirib ko‘rishga kirishdilar. Ishtirokchilarga bir nechta ilmiy eksperiment bayonnomasi bilan tanishib chiqish taklif etildi va bunday tajribalarni o‘tkazish etika nuqtai nazaridan qanchalik to‘g‘ri ekanini baholash so‘raldi.

Olimlarning tan olishicha, bu gal ular «ko‘ngillilar jamoasi sindromi» ancha pasayishini kutgan edilar, chunki odamlar o‘z odob-axloqini va dunyoqarashini anchagina sobit deb hioblaydilar.

Agar sizning bugun zo‘rovonlik illat ekaniga ishonchingiz komil bo‘lsa, demak bu boradagi fikringiz ertaga ham shunday bo‘lib qolaveradi, hatto bir kunda oz yoki ko‘p zo‘rovonlik ko‘rishingizdan qat’iy nazar.

Natija haqiqatan ham shunday bo‘lib chiqdi. Etik nuqtai nazardan nomaqbul eksperimentlar baholash qanchalik oz taklif etilgan sari, qatnashchilar bunday tajribalarni shunchalik ko‘p rad eta boshladilar va borgan sari o‘z baholariga juda qattiqqo‘llik bilan yondosha boshladilar

Tajriba, do‘stlar paradoksi?

Xo‘sh, nima uchun voqeliklarga baho berishimizda u yoki bu toifani ajratishda ketma-ketlik, sobitlik yo‘q?

Ruhshunoslar va nevrologlar shunday fikrga kelishdi: o‘zni bunday tutish — miyamizning asosiy ishlash tamoyillari oqibatidir. Biz sezgilarimizni, his-tuyg‘ularimizni tajribalarimiz bilan uzluksiz ravishda taqqoslab boramiz, ya’ni hozirgi voqelikni avval bo‘lib o‘tganlari bilan.

U yoki bu chehra haqiqatan ham tahdidli tuyulishini sog‘lom fikr bilan baholash o‘rniga, miyamiz uni shunchaki yaqinda ko‘rgan boshqa chehra bilan solishtirib qo‘ya qoladi, chunki bunga oz vaqt hamda kam kuch sarf bo‘ladi-da. Shuning hisobiga neytral ifodada bo‘lgan chehra ham tahdidga ozgina ishora qiladigan bo‘lsa, u bizga haqiqatan ham qo‘rqinchli bo‘lib ko‘rinishi mumkin.

Nisbatan katta ko‘ringanni eslab qolish mutlaqo kattani eslab qolishdan osonroq. Masalan, siz sinfingizda kim baland bo‘yli ekanini yaxshi eslasangiz kerak, garchi har bir o‘quvchining bo‘yi qanchaligini aniq aytolmasangizda.

Ayrim holatlarda solishtirib ko‘rish bizga yetarli bo‘ladi. Deylik, to‘yda yoki teatrda «chiroyli ko‘ringan» bilan do‘konga chiqayotganda «chiroyli ko‘ringan»ni solishtirib bo‘lmaydi, ular boshqa-boshqa bo‘ladi.

Yuqorida xushyor ko‘ngillilar bilan keltirilgan misolda «jinoyat» tushinchasi borgan sari keng talqin qilinaveradi va abadiy kurashga aylanishi mumkin, chunki ko‘ngillining o‘zi hech qachon o‘zining muvaffaqiyatini va maksadga erishishni aslo sog‘lom baholay olmaydi. Va bunday muammo bilan har birimiz vaqti vaqti bin to‘qnash kelamiz — miyamiz mana shunday qurilgan.

Bunday hodisa bilan kurashning birdan bir yo‘li, ruhshunoslarning ta’kidlashicha, oldinga qo‘yilgan maqsadni imkon qadar aniq belgilab olish kerak va uni hal qilishning aniq yo‘llarini yozib olish lozim. Shunday qilmasak, ko‘chada tumshuqbandi bo‘lmagan itni ko‘rsak ham politsiyani chaqiraveramiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nega yo‘q joydan muammo qidiramiz? (foto)