19:13 / 10.08.2018
18 974

Duodan baxt topgan kelin

Duodan baxt topgan kelin
“Bo‘ladigan bola boshidan”, deb bejizga aytilmagan. Odina o‘nlarga kirganda buvisi vafot etdi. Buvasi Muhammad ota yolg‘iz qoldi. Keksayganda yolg‘izlik azobi qiyin bo‘lar ekan. Keksa odamning ko‘nglini topish uchun bir so‘z kam, ikki og‘iz so‘z ko‘p. Ularning ko‘ngli nozik, xizmati og‘ir bo‘ladi. O‘n yoshli Odinani otasi yoniga chorlab, buvasiga xizmat qilib, duosini olish kerakligini tushuntirdi. Odina yosh bo‘lsa-da, ziyrak edi. Otasi tushuntirgan hamma ishni bajarishga va’da berdi. Muhammad buva namozxon. Erta tongda turib, namoz o‘qir, uzoq duo qilar, nonushtani ham erta qilardi.

Muhammad buvaning xonasida Odina va kichik ukasi Abdulaziz birga yotardi. Muhammad ota nabiralarini uyqusi buzilmasin deb endi o‘rnidan turmoqchi bo‘lsa, ziyrak Odina namoz vaqti bo‘lganini, buvasiga tez tahorat suvi tayyorlash lozimligini sezib, o‘rnidan sakrab turardi. Buvasining uxlayver, deyishiga qaramay tahorat suvini tayyorlardi. Buvasi namoz o‘qib bo‘lguniga qadar nonushtani hozirlardi. Yana nolimasdan oyisiga uy ishlariga yordam berardi. Buvasi esa har namozdan so‘ng: “Umring uzoq bo‘lsin, baxtli bo‘l, qizim! Olijanob inson jufting bo‘lsin!” deb duo qilardi.

Otaning so‘zini qoldirmagan, buvaning duosidan nasibasiz qolmagan Odina o‘n yilga yaqin, ya’ni turmushga chiqquniga qadar buvasiga xolis xizmat qildi. Bu katta matonat, otaga itoat va buvaga hurmat edi. Uyqu va rohatdan savobni ustun qo‘ydi. O‘zi katta oliygohni tugatmasa-da, eng obro‘li, ilmli shaharlik yigitlardan biriga turmushga chiqdi. Odina turmush o‘rtog‘i Murodga ham xizmatini ayamadi. Erini tong saharda turishga undab, shunday derdi:

– Buvam, tongda uxlash rizqni kesadi. Rizqi mo‘l bo‘lishni xohlagan odam, sahar turadi. Buvam: “Tongda qilingan ish unumli, duolar esa qabul bo‘ladi”, – derdilar. Qani o‘rningizdan turing! – deb erini holi-joniga qo‘ymay uyg‘otardi.

Murod esa:

– Qishloq qizisan-da, tannoz kelinlar kabi dangasalikni yoqtirmaysan-da! – derdi.

Odina o‘z odatiga ko‘ra, qaynota-qaynona va eriga nonushtani ertalab tayyorlab qo‘yardi. Uni shunday tayyorlardiki, hammasi hayron qolardi. Erini biror marta bo‘lsa-da, ishiga nonushtasiz kuzatmasdi. Qaynota va qaynonasi ham uni ko‘p duo qilardi. Duo va olqishning sababidan necha yil zahmat chekib, buvasining duosini olgan, otasining nazariga tushgan, qaynota va qaynonaning olqishini olgan, eriga itoatli kelin hamma orzusiga yetdi. Eri Murod uni biror joyda ishlatmas, “Qishloqda rosa ishlagansan, shuning o‘zi yetadi”, derdi. Qaynotasi vafot etgach, qaynonasiga qizlaridan ham yaxshiroq xizmat qilib, duosini oldi. O‘zi ham keksalik yoshiga yetdi. Uch qiz, ikki o‘g‘ilni voyaga yetkazdi. Ularni ilmli, odobli va hayoli qilib tarbiyaladi. Dasturxon atrofida o‘tirganlarida, bolalariga:

– Buva, buvisi, qaynota va qaynonasi bor o‘g‘il-qizlar va kelinlar juda baxtli-da! Ularning xizmatini qiladi, duosini oladi, bilmaganini o‘rganadi. Duo va olqish olgan inson kam bo‘lmaydi. Buvamning xizmatini qildim, qaynonam va qaynotamning duosini oldim, otalaringizning hurmatini joyiga qo‘ydim, mana bugun sizlarning ardog‘ingizdaman. Tahoratga suv isitaman deb, qish kunlari sovqotgan qo‘llarimni sovuq suvga urdirmaysiz, uxlab qolmay deb qattiq yerlarda yotardim, endi esa par to‘shaklarda izzatdaman. Savob topaman deb ozgina qilgan xizmatim evaziga hajga bordim, bugun sizning ardog‘ingizdaman. Ha, xolis qilin­gan xizmatning mukofoti, duolar samarasi mana shunday azizlikdir, – derdi mamnun.

Aziz qizlarim! Albatta, ota-onaning xizmatini qilib, duosini olish sharafdir. Hamma ham duo olavermaydi, hammaga ham olqish nasib qilmaydi. Kim xizmat qilsa, kun kelib unga ham xizmat qilishadi. Kim hurmat qilsa, hurmat topadi. Kim nima eksa, shuni o‘radi. Shuning uchun xizmat qiling, xizmat va duo bois ulug‘lik, hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lasiz.

Manba: muslim.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Duodan baxt topgan kelin