08:58 / 15.08.2018
5 115

Noto‘g‘ri ovqatlanishning qanday zararli oqibatlari bor?

Noto‘g‘ri ovqatlanishning qanday zararli oqibatlari bor?
Sog‘lom turmush tarzi haqida juda ko‘p eshitganmiz, bu borada juda ko‘p gapirilgan. Ertalab yaxshi to‘yib ovqatlanish, tushlikda sal kamroq, kechki ovqatda esa iloji boricha meva va sabzavotlardan tanovul qilish – sog‘lom hayotning eng oddiy va asosiy shartlaridan biri. Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga qilgan axborotida bu qoidaga amalda juda kamchilik e’tibor qaratayotgani qayd etildi.

Quyoshli zaminimizda yetishtiriladigan meva-sabzavotlarni butun dunyo sevib iste’mol qilsada, o‘zbekistonliklarning 67 foizi kuniga 400 gramm meva-sabzavot iste’mol qilish mustahkam sog‘lik garovi ekanidan bexabar. Natijada yuqumli bo‘lmagan, ya’ni, gipertoniya, yurak kasalliklari, temir tanqisligi anemiyasi kabi xastaliklar inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, erta o‘lim holatlariga sabab bo‘lmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda Idoralararo ishchi guruhi rahbari, Respublika sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari B. Yusupaliyevning “Aholining sog‘lom ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini yuritishdagi muammolar” to‘g‘risidagi axboroti eshitildi. Mavzu dolzarb. Shu bois tadbirga aholining sog‘lom ovqatlanishi va sog‘lom turmush kechirishini ta’minlashga mas’ul tegishli davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari, ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlar vakillari taklif etildi.

— Bugungi kunda sayyoramizda 2 milliard inson (26 foizi) temir moddasi va A vitamini kabi odam organizmi uchun o‘ta zarur bo‘lgan organik mikroelementlarni talab darajasida tanovul qilmaydi, — dedi B.Yusupaliyev. — Shu tufayli aksariyat bolalarning o‘sishi va rivojlanishi ortda qolmoqda, ular surunkali tinka qurishidan aziyat chekyapti. Bularning asosiy sababi nosog‘lom ovqatlanish va turmush tarzidagi kamchiliklardir. Bu esa yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet, saraton va boshqa surunkali xastaliklar, shuningdek, semizlik, kam qonlikka olib keladi. Natijada aholining yaxshi yashashiga va sihat-salomatligiga salbiy ta’sir qiladi. Birgina keng tarqalgan kamqonlik anemiyasining o‘zi jiddiy e’tibor qaratish lozim bo‘lgan muammolar sirasiga kiradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda dunyodagi 1,62 milliarddan ortiq inson temir tanqisligi anemiyasiga chalingan.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishi sohasidagi chora-tadbirlar kompleksi ijrosini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim muassasalarida to‘laqonli va xavfsiz ovqatlanishni tashkil etishning hamda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligiga gigiyenik talablar, sut va sut mahsulotlariga davlat standartlari ishlab chiqildi. Bunda tayyor oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga qo‘shiladigan shakar, tuz, to‘yingan va transkislotalar hamda qo‘shimchalarni xavfsiz miqdorda me’yorlashtirish ko‘zda tutilgan.

Eshituvda qayd etilganidek, qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay, bu boradagi muammolar to‘la bartaraf etildi, deb bo‘lmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini tekshirish maqsadida 2017 yilda o‘tkazilgan laboratoriya tahlillari yanada hushyor bo‘lishga undaydi. Unga ko‘ra, sanitariya-gigiyena laboratoriyalarida 265 ming 332 ta oziq-ovqat mahsuloti namunalari tekshirilganda, ularning 9 ming 302 tasi sanitariya-gigiyena me’yor talablariga javob bermasligi aniqlangan. Ayrim tadbirkorlar esa bu kabi tekshiruvlarni “faoliyatimga ortiqcha aralashuv” deb baholab, nazoratni samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qilgan. Demak, oziq-ovqat xavfsizligi va umuman sog‘lom turmush tarzi masalasi faqatgina bitta vazirlikning ishi emas. Bu masalaga har bir fuqaroning mas’uliyati talab etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Noto‘g‘ri ovqatlanishning qanday zararli oqibatlari bor?