13:03 / 27.08.2018
8 485

Eng baxtiyor ayollar

Eng baxtiyor ayollar
Yuz ming kishi ishtirok etgan vidolashuv hajida Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ummatlariga quyidagicha vasiyat qildilar: “Ey insonlar, xotinlarning xaqlariga rioya etingiz. Ular bilan shafqat, mehr ila muomalada boʻlingiz. Ularning haqlari xususida Allohdan qoʻrqingiz! Xotinlar sizga Allohning omonatidir”.

Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning goʻzal axloqi butun bashariyatga namunadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni uzoqdan koʻrgan kishi haybat, yaqindan koʻrganlar muhabbat tuygʻusini his etardi. U zotning chiroyli xulqlari turmush tarzida yaqqol koʻzga tashlanardi.

Ul zot faqirona hayot kechirganlar, oilalarida kamtaronalik va samimiyat hukm surgan. Butun boshli bir davlatni boshqargan boʻlsalar ham kiyimlarini oʻz qullari bilan yamar, arpa non yer edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari shunday sharoitda yashab, hech qachon nolimaganlar. Moʻmina onalarimiz boshiga toj kiyib, yer yuzida xukmronlik qilgan qanchadan-qancha podshoh, qirol, imperatorlarning ayollari koʻrmagan, butun umr xayollarida orzu qilib, yetisha olmagan oila baxtiga bir boʻyra, loydan yasalgan bir koʻza kabi oddiy ashyolaridan boshqa mulkni oʻziga ravo koʻrmagan zotdan ulkan bir muhabbat, cheksiz fidokorlikni koʻrdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zavjalariga oʻta nozik munosabatda boʻlganlar. Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam onalarimiz bilan safarga chiqdilar. Ular oʻz ulovlariga minib olishgach, tuyakash tuyalarni qistab hayday boshladi. Shunda u zot oʻz xonimlarining nozikliklariga ishorat qilib: “Billurga diqqatli boʻl, ehtiyot qil!”, deya taʼkidladilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birinchi ayollari – Xadicha binti Huvaylid roziyallohu anho onamizni bir lahza ham eslaridan chiqarmay: “Albatta menga Xadichaning muhabbati berilgan” der va zikr qilinganlarida, uning haqqiga istigʻfor aytishni kanda qilmasdilar.

Paygʻambar alayhissalom ayollariga yordam berib, uy supurar, qoʻy sogʻar va boshqa ishlarida koʻmaklashardilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Savda binti Zamʼa onamiz roziyallohu anhoni din yoʻlida koʻrgan mashaqqatlarini taqdirlab, oʻz nikohlariga olganlar. Savda binti Zamʼa onamiz ahyonda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni kuldirib turishni yaxshi koʻrar ekanlar. Savda binti Zamʼa onamiz sayyida, jamila va sharifa boʻlishi bilan birga yirik jussaliklari sababidan uy ishlariga uringanidagi oʻngʻaysizligini koʻrib ul zot tabassum qilib qoʻyar edilar.

Hafsa binti Umar roziyallohu anho nubuvvat xonadonida goʻzal hayot ichra yashay boshladilar. Hafsa onamiz roziyallohu anho Qurʼoni karimni toʻliq yod olgan va uning tafsirini yaxshi bilganlar. U kishining bu darajaga yetishlariga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan olgan saboqlari sabab boʻlgan.

Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anho ham moʻminalarning onasi boʻlishdek sharafga noil boʻldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabri, jasorati, Islom dini yoʻlidagi fidokorliklarini munosib taqdirlab “Ummul masokin” (miskinlar onasi) der edilar.

Ummu Salama roziyallohu anho onamiz ham Nabiy sollallohu alayhi va sallamning zavjasi boʻlishdek sharafga noil boʻldi. Jabroil alayhissalom ularning uylariga vahiy olib kelganlar. Ummu Salama roziyallohu anho onamiz oʻta zehnli, oqila va ilmga chanqoq boʻlganliklari tufayli Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan turli masalalarni soʻrashdan zerikmas edilar va oʻz navbatida Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham bu savollarga alohida eʼtibor bilan javob berar edilar.

Juvayriya binti Horis roziyallohu anho onamiz nubuvvat xonadoni ayollarining duru javharlari silsilasiga qoʻshildilar. Juvayriya roziyallohu anho onamiz qabila boshligʻining qizi sifatida nozu neʼmatga koʻmillib, hoyu havasga berilib yashashdan koʻra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayoli sifatida boriga shukur qilib, kamtarona yashashni maʼqul koʻrdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizning yoshliklarini eʼtiborga olib, ul kishining darajalariga tushar, oʻzlariga yarasha sharoit yaratib berishga harakat qilar edilar.

Sofiya binti Huyay roziyallohu anho onamiz tuyaga minib olishlari uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam oyoqlarini ularga toʻgʻrilab turganlar. Shunda Sofiya binti Huyay roziyallohu anho onamiz ul zotning sonlariga oyoqlarini qoʻyishdan bosh tortib, tizzasini qoʻyib turib chiqqan.

Ummu Habiba roziyallohu anho onamiz uzoq muddat koʻrishmay yurgan otasi mushrik boʻlgani uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning koʻrpachalarini ularning taglaridan tortib olishlari ul zotga boʻlgan yuksak ehtiromlaridan edi. Albatta, Ummu Habiba roziyallohu anho uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamga zavja boʻlishdan ortiq baxt yoʻq.

Maymuna binti Horis roziyallohu anho onamiz ham nubuvvat xonadoni ayollari qatoriga soʻnggi durdona boʻlib qoʻshilishlarining ham oʻziga yarasha hikmati bor edi. U zot ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga oilaviy sharoitda sodir boʻlgan sharʼiy ahkomlarni islom ummatiga yetkazishda yana bir yordamchi boʻldilar. Maymuna roziyallohu anho onamizning nihoyatda taqvodor va silai rahmga moyil ekanlariga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oʻzlari guvohlik berganlar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning moʻmina onalarimiz bilan kechirgan turmushini kuzatar ekanmiz, ular orasidagi samimiyat, mehr-muruvvat, muhabbat, nazokatdan zavqlanib, tobora ularga havasimiz ortib, ularga oʻxshashga oshiqamiz! Zero, Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning xotinlari pok ayollar, dunyodagi eng baxtiyor ayollar, “Moʻminlarning onalari” degan yuksak unvonga munosib boʻlgan onalarimizdir!
Xadichai Kubro ayol qizlar oʻrta maxsus islom bilim yurti yetakchi mudarrisasi
Gulobod QURBONOVA

Manba: muslim.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Eng baxtiyor ayollar