20:13 / 03.09.2018
4 967

Koshki edi dunyo onam kabi boʻlsa

Koshki edi dunyo onam kabi boʻlsa
Koshki edi dunyo onam kabi boʻlsa-yu... uni ranjitsam ham mendan rozi boʻlsa.

Baʼzi farzandlar onalari bilan birga yurishdan xijolat tortib uyaladilar.

Buning aksi esa agar farzand onasini bozorga yoki biron-bir qarindoshinikiga olib borsa ona faxrlanib quvonib ketadi. Haqiqatdan ham, onalar naqadar bagʻri keng va mehribon. Farzandlar esa naqadar bagʻritosh va berahm.

Koshki edi dunyo onam kabi boʻlsa-yu... uni ranjitsam ham meni tark etmasa.

Koʻpchilik ayoliga yoki aziz doʻstiga sovgʻa yuborishni rejalashtiradi. Lekin birontasi kutilmagan sovgʻa bilan onasini xushnud etishini hech oʻylab koʻrarmikin?!

Koshki edi dunyo onam kabi boʻlsa-yu...uni ranjitsam ham menga kulib boqsa.

Ehtimol, onang qalbidagi senga boʻlgan sevgisining hajmini bilmasdursan. Bir kun kelib sen ham oila qurasan. Birin-ketin farzandli ham boʻlasan. Ana oʻshandagina ota-onaning farzandiga boʻlgan mehr muhabbatining miqdorini bilib olasan. Agar oʻshanda ham sevgining miqdorini his eta olmasang, unda aziz doʻstim, sening qalbing qattiq va hissiz toshlardan iborat ekan.

Koshki edi dunyo onam kabi boʻlsa-yu...uni ranjitsam ham meni erkalayversa.

Bu dunyoda hamma narsaning oʻrnini bossa boʻladi. Ajrashib ketsang undan yaxshisi bilan oila qurasan. Boshqa farzand ham koʻrishing mumkun. Mol-u dunyoni ham yangitdan toʻplashing mumkin. Lekin yagona “Onang” agar ketadigan boʻlsa, uning oʻrnini hech kim bosa olmaydi!

Koshki edi dunyo onam kabi boʻlsa-yu... uni ranjitsam ham boshim silasa.

Shunday farzandlar borki, ular Onani shunchaki uy xodimasi deb oʻylaydilar. Taom tayyorlaydi, tozalaydi, erta tong bilan uygʻotadi. Lekin Ona bilan choʻrining orasidagi yagona farq shundaki, choʻri har oy maosh oladi. Ona esa kecha-kunduzgi mehnati uchun ish haqqini talab qilmaydi.

Koshki edi dunyo onam kabi boʻlsa-yu... ranjitsam ham mehrin ayamasa.

Oramizdan qanchamiz qoʻllaridan oʻpib quchganmiz? Qanchamiz boshlaridan oʻpib qoʻyganmiz?

Qanchamiz engashib oyoqlaridan oʻpganmiz?

Qanchamiz ehtirom va odob bilan suhbatlashganmiz...

Agarda farzand onasiga qilayotgan muomalasiga eʼtibor berib qaraydigan boʻlsa, oʻzini qanchalar noshukr va itoatsiz ekanligini koʻrgan boʻlar edi..!

Noshukr farzandlar esa onasi vafot etgach uni qabridan chiqarib boʻlsa ham boshini silab oʻpib qoʻyishni va “Onajon, meni kechiring” deb aytishni orzu qiladi.

Agar onang aka-ukalaring orasidan seni ixtiyor bilib chaqirsa yoki chaqirtirsa shuni bilginki Alloh taolo seni ibodatga eltayotgan boʻladi.

Allohim onamdan uch narsani yaʼni qabr azobi, qabr fitnasi va doʻzax otashini yiroq qil.

Va ularni uch narsa bilan yaʼni, Sayyidul Akrom Muhammad sollallohu alayhi va sallamning shafoatlari, qabr rohati va jannati “Naʼiym” bilan rizqlantirgin.

Amin ya Robbal ʼalamiyn.

Onalar bu dunyoning jannatidir. Ularning roziligi esa u dunyoning jannatidir.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Koshki edi dunyo onam kabi boʻlsa