17:15 / 05.09.2018
5 076

Bir haftalik halovat … (yoxud 60 yoshli moʻysafidning alamli kechmishi)

Bir haftalik halovat … (yoxud 60 yoshli moʻysafidning alamli kechmishi)
Erkak oltmishni yoqalab qolsa-yu, hamon baxtini topa olmasa, xuddi yosh goʻdak kabi xayolan oʻksiydigan, kimlargadir dod solib yigʻlab, alamlarini toʻkib solishga orzumanda boʻlib qolarkan.

Ikki marta oila qurdim, bola-chaqa orttirdim. Mehr, eʼtibor, muhabbat, hurmat orttira olmadim. Ayniqsa, soʻnggi yillardagi umrim xazon kabi sargʻayib, mungʻayib oʻtdi.

Men shu ayolimning ham orzusi ushalsin degan maqsadda uyni xatlab bergandim. Mana, endi haydalgan it kabi ikkinchi bor tagʻin yelkamga toʻnimni tashladim-u, uydan chiqib ketdim. Essiz-a!.. Qancha yillar qora terga botib, yemay-ichmay qurgandim-a shu hovlini!.. Nasib etmadi…

Yoʻq, bolalarimga qolsayam sira achinmasdim. Afsuski, birinchi roʻzgʻorimdan tugʻilgan birgina oʻgʻlim shaharda yashaydi. U magʻrur yigit. Bolam boʻlsayam uyimga koʻz tikishga or qiladi. Mayli, agar shu uyni sobiq xotinimga topshirib, shu sabab tinch, xotirjam boʻlsam, roziman…

Qariganimda azobda qoldim. Issiq-sovugʻimdan xabar oladiganim koʻchadan, sayru-sayohatdan boʻshamasa, bir ogʻiz shirin soʻzga, bir chimdim eʼtiborga muhtoj boʻlib yashasam… Yaxshisi, men shaharga boraman. Oʻgʻlimning — oʻzimning otasiz oʻsgan, oʻziga oʻzi suyanib oʻsgan oʻsha yolgʻizimning huzuriga bosh egib boraman. Balki, quchoq ochib kutib olar? Ha, albatta kutib oladi. Koʻksimdan itarib koʻchaga haydamaydi…

Choponning yenglarini belga oʻrab olgancha darvishlar kabi avtobusga oʻtirdim va shaharga joʻnadim…

* * *

Shahar yaxshi-da!.. Harqalay, kunduzlari aylansang, tomosha qilsang, yolgʻizliging, azob-uqubatlar unut boʻladi. Anavi, charxpalak, irgʻishlab oʻynayotgan goʻdaklar, anhorda lopillab oqayotgan koʻkimtir suvga tikilasan-u, dam olasan, bolalaging yodingga tushadi.

Kechgacha sayr qildim. Charchasam ham, oyoqlarimdan mador keta boshlasa ham dam olib, dam olib aylanib yuraverdim. Shundan boshqa ilojim ham yoʻq. Oʻgʻlim kunduzi ishda boʻladi. Kelinning qosh-qovogʻiga termulib oʻtirishga toqatim yetmaydi. Kim bilsin? Qariy boshlab oʻzim ham anchagina ziqna boʻlib qoldimmi, ortiqcha gap-soʻzlarni sira koʻnglimga sigʻdira olmayman…

Mana, shom payti boʻldi. Shoshilmasam boʻlmasdi. Yaxshiki, shaharda bozor koʻp. Biriga kirib mayda-chuyda oldim. Olti yashar nevaram bor. Quvondiq. Ajoyib bola boʻlgan. Bir yil oldin kelganimdayam mahkam tizzamni quchoqlab olgandi. Oʻsha nevaramga atab ka-atta mashina xarid qildim. Mayli-da, bobom olib keldi deb xursand boʻlib qolsa!..

Eshikni taqillatayapman-u, yurak qurgʻur qinidan chiqib ketay deydi.

— Qanday kutib olarkan-a? — oʻylayman bosh eggan koʻyi eshik ochilishini kutarkanman. — Dardimni aytsam, tushunarmikan? Bolam ham tuyqusdan koʻchaga haydab solmasmikan? Kelin-chi? Omon boʻlsin-u, ja qaysar ayol edi! Qovoq-tumshugʻini osiltirib olmasmikan? Mening dastimdan oʻgʻlim Solivoyga gap tegib qolmasmikan?..

— Ie, ota, keling, keling!.. — xayriyat, bolajonim, shunqorim uyda ekan. Quchogʻini ochib menga peshvoz chiqdi. — Qaysi shamollar uchirdi? Tinchlikmi?..

Hol-ahvol soʻrashib boʻlgach, aybdorona bosh egdim.

Solivoyim nimanidir anglagandek meni yetaklab ichkariga olib kirdi. Nevaramni bagʻrimga bosib qoʻlimdagi sovgʻani topshirdim. Shu tobda kelinim chiqib keldi.

— Uf-f, — deya teskari oʻgirilib lab burganini koʻrdim. Ammo eʼtibor qilmay ochiq chehra bilan soʻrashgan boʻldim. — keli-ing!.. Nima boʻldi?..

Xoʻsh, bunday munosabatga qanday javob qaytarsa boʻladi?.. Bilmasdim. Bir oʻgʻlimga, bir kelinga boqar, soʻnggi soʻzni baribir Solivoyimdan kutardim.

— Bor, choy qoʻy! — buyurdi u xotiniga. — Otam yoʻldan charchab kelgan! Oshga unna!..

Biz ancha vaqt gaplashib oʻtirdik. Boʻlgan ishlarni aytdim. Biroq hozir gaplarim negadir oʻgʻlimning qulogʻiga kirmayotgandek edi. U nuqul oshxona tomon qarab qoʻyar, kelinimning dasturxon tuzashini, choy keltirishini kutardi.

— Nafisa! — oxiri toqati toq boʻldi chogʻi oʻrnidan turib ketdi u. — Oʻlib-netib qolganmisan? Choy-poy olib kelmaysanmi? Otam kelgan-ku, axir!..

— Nima qilay? — oʻgʻlimga javoban baqirdi kelin. — Qanday kelgan boʻlsa, shunday ketaveradi! Oyda-yilda bolam bor, nevaram bor deb yoʻqlamaydigan otaga shuncha janjalmi?.. Uyidan haydalib, endi biz kerak boʻlib qolganmiz-da!..

— Oʻchir ovozingni!.. Otam bugundan boshlab shu yerda yashaydi!..

— Yashab boʻpti!.. Bu uyni mening dadam olib bergan, bildingizmi? Endi bir kamim qari otangizning kirini yuvish, ovqatini pishirishmidi?!.

— Qoʻy, — deya xotinini kaltaklagudek chamasi bor oʻgʻlimning yelkasidan bosib oʻtqazdim men. — janjal qilma, bolam! Men joyimni topib olaman! Senlarni… Bir koʻrib oʻtay deb kirdim-da!.. Oilani mahkam tut! Oila-ya, oila!.. Qara, nevaram ham boʻzrayib qoldi! Uning koʻnglini oʻksitma!..

Solivoyim nima deyishni bilmas, nuqul labini tishlab oshxonaga alam aralash nigoh tashlardi.

Ha, endi ketmasam boʻlmasdi.

Yolgʻiz zurriyodimning tinchini buzib, xonadoniga janjal olib kirgandan koʻra koʻchalarda, vokzallarda kun kechirib yurishni afzal koʻrdim.

* * *

Tunash uchun vokzaldan maʼquli yoʻq. Chekkaga oʻtib boʻsh oʻrindiq topasan-u, bemalol uxlayverasan.

Men oʻtirib birpas oʻtgan-ketganlarni kuzatgan boʻldim. Hamma shoshilardi. Katta-katta sumka, jomadonlarini sudragancha poyezd tomon chopishgani chopishgan…

Bir payt yelkalarim, oyoqlarim zirqirab ogʻriy boshladi.

— Shu insult qurmagʻurdan sira qutulmadim-da! — xayolimdan oʻtkazdim ogʻriyotgan joylarimni kaftim bilan uqalab. — Qaniydi, mehribon kishing boʻlsa-yu, dori-darmon qilsa, uqalab dardingni aritsa!..

— Mazangiz boʻlmayaptimi? — yonimda qirq yoshlar atrofidagi qorachadan kelgan, kelishgangina bir juvon oʻtirgan edi. Chamasi, inqillab qoʻyayotganimni koʻrib xavotir oldimi, men tarafga oʻgirilib soʻradi. — Biror yordam kerak emasmi?..

— Rahmat, singlim. Eski kasal qurgʻur qoʻzgʻab turadi-da!..

— Qayerga ketayapsiz oʻzi?

Bu savol ortiqcha edi. Eh, soʻrab nima qilarkan-a? Yuragim shundoq ham kuyib turibdi…

Biroq bu ayolning bir ogʻiz hol soʻrashi koʻnglimni koʻtargandek, dardimni unutgandek edim.

— Koʻchada qolganman. — dedim boshimni ters burib. — Peshona ekan.

— Uyingiz-chi? Qayerliksiz oʻzi? Nega koʻchada qolasiz?..

— Shunaqa boʻp qoldi-da!..

Ayol hadeb surishtiravergisi kelmadimi, bosh chayqab qoʻydi va qoʻltiqlab oʻtirgan sumkasini yerga tushirib menga yaqinroq oʻtirib oldi.

— Unda bironta kvartirani ijaraga olsangiz boʻlmaydimi?

— Olsam boʻlardi. Lokigin… U yerdayam yolgʻiz qolaman baribir. Toʻrt devor ichiga qamalib oʻtirgandan koʻra vokzalni maʼqul koʻrdim-da! Bu yerda har xil odamni koʻraman, yurakning chigali sal boʻlsayam yoziladi.

— Gapingiz toʻgʻri. — dedi ayol yerga boqib. — Yolgʻizlik yomon…

— Kechirasiz, — dedim nimadir yodimga tushgandek hushyor tortib. — oʻzingiz qayerga ketayapsiz?

— Menmi?.. — maʼyus jilmayib qoʻydi u. — Men… Bozorda tirikchilik qilaman. Qishloqda ikki bolam qolgan. Oʻshalarni boqay deb shaharga kelgandim. Picha boʻlsayam iqtisod qilay, pul orttiray deb vokzalda yotib yuraman. Hozir zamonni bilasiz-ku, qiyin. Uni olsang, bunga yetmaydi, buni olsang…

— Kuyov-chi, kuyov? Nima ish qiladi?..

— Kuyov… Yoʻq u. Ajrashib ketganmiz.

— Uzr, singlim, — dedim xijolat tortib. — dardingizni yangilab qoʻydim shekilli.

— Hechqisi yoʻq. Koʻnikib ketganman.

Odamning taftini odam oladi. Ikki dardkash yigʻilsa, vaqt ham tez oʻtib ketarkan.

Tun boʻyi gaplashib oʻtirdik. Ayolning ismi Orzigul ekan. Gap-soʻzlari maʼnili, ogʻir-bosiq, mehribon. Tinimsiz meni tinchlantirar, gaplarimni eshitib baʼzan yigʻlab ham olardi.

— Sizning dardingiz menikidan yuz chandon ogʻir ekan. — dedi Orzigul. — Yomon odamlarning uyi kuysin, iloyim!..

— Sizni nega tashlab ketadi? — ehtiyotkorlik bilan soʻradim Orziguldan nihoyat yurak yutib. — Shunday kuyinchak, mehribon ayoldan voz kechish mumkinmi, axir!..

— Demak, mumkin ekan. Erim aslida yomon odam emasdi. Rossiyaga ishlab kelaman deb ketdi-yu, dom-daraksiz ketdi. Oradan ikki yil oʻtib keldi. Afsuski, shuncha kutganlarim behuda ekan. Keliboq sudga ajralish uchun ariza berdi. Uylanib olibdi yaramas oʻsha yoqda. Men-chi? Qoʻlimdan nima kelardi? Ikki bolamni quchoqla-ab qolaverdim.

— Ablah ekan. — dedim Orzigulga zimdan nazar tashlab. — Erkak kishi bunday qilmasligi kerak…

Yoʻq, yoshim oltmishga yetgan boʻlsa-da, bu tun men uchun xuddi ertaklardagidek kechganini yashira olmayman.

Suhbatimiz qizigandan-qizib borar, oʻzim esa bu mushtipar ayolga tobora bogʻlanib, oʻrganib borayotganimni yurak-yuragimdan his etib turardim.

Axir, dunyoda shunday ayollar ham bor ekan-ku!.. Nega men baxtsiz yashadim? Nima uchun oʻz vaqtida Orziguldek ayol uchramadi-yu, rohat-farogʻatda yashamadim?..

Ha, Orzigul men qachonlardir yoshlikda orzulagan ayolning oʻzi yangligʻ edi. Yurish-turishiyam, gap-soʻzlarining salmogʻiyam, qolaversa, qalbining yumshoqligiyam xuddi oʻzi…

Kutilmaganda xayolimdan oʻzim payqamagan holda turli oʻylar kecha boshladi.

Men qalbimni, xayollarimni jilovlay olmay borar, oʻylagan oʻylarim qanchalar kulgili boʻlmasin, istakmi, umidmi oʻz domiga tortar, oʻzimdan kechgan soʻzlarni tezroq Orzigulga toʻkib solgim kelardi.

Tabiatan shunday odamman. Kimgadir nimanidir aytgim keldimi, tamom, to aytmagunimcha tinchimayman. Goʻyoki ichimda qolib ketsa, portlab ketadigandek bezovtalanaveraman.

— Sizga bir gapni aytaymi? — dedim nihoyat oʻzimni qoʻlga olib.

— Mayli, ayting. — Orzigul uyoq-buyogʻini toʻgʻrilab, sumkasini kovlab nimalarnidir qidirib koʻrgach, menga yuzlandi.

— Toʻgʻrisi, bu gapni aytsam-u, siz xafa boʻlsangiz, oʻzimni kechira olarmikanman?..

— Nima gap oʻzi?..

— Bilasizmi, mana, tun boʻyi gaplashdik, bir-birimizni tanidik, kimligimizni bildik. Yashirmayman, siz ajoyib ayol ekansiz. Har qanday erkak orzu qilsa arziydigan ekansiz. Mabodo turmush qilish niyatingiz yoʻqmi?..

Bu gapimni eshitgan Orzigul kulimsirab teskari qaradi.

— Uzr, — davom etdim xavotirdan yuragim yorilgudek boʻlib. — basharti savolim koʻnglingizga ogʻir botgan boʻlsa, meni kechirib qoʻyasiz!..

— Yoʻq, — dedi u yerdan bosh koʻtarmagan koʻyi. — toʻgʻri savol berdingiz. Keyingi vaqtlarda oʻzim ham shu toʻgʻrida oʻylaydigan boʻlib qolgandim. Ayniqsa, bolalarimning koʻzlariga boqsam, qiynalib ketaman. Koshkiydi shu bolalarimning ham otasi boʻlsa, har kuni ular qoʻrqmasdan “ota” deb chaqira olishsa deyman!.. Biroq… Hozirgi kunda unaqangi erkakni uchratish…

— Siz… Uchratdingiz. — bu gap qanday ogʻzimdan chiqib ketganini oʻzim ham sezmay qoldim.

— Nima?.. Q-qanaqasiga?.. — shartta boshini koʻtarib soʻradi Orzigul. — Hazillashayapsizmi?.. Qoʻying-e, unaqa gaplarni!..

— Tushuning. Men… Toʻgʻri, yoshim ancha katta sizdan. Lekin bir umr sizday ayol bilan bir yostiqqa bosh qoʻyishni orzulab yashaganman!.. Nima qilay? Hayotim shunaqa azobda oʻtdi. Roʻshnolik koʻrmadim. Bir umr shunga intilib yashadim. Yeta olmadim. Nimasi yomon? Ikkimiz ham hayotda kuyganlardan boʻlsak. Buyogʻiga yaxshi-yomon kunlarimizni birgalikda kechirsak gunoh boʻlmas?.. Ishoning, dunyoda kamlik koʻrsatmayman. Qolgan hayotimni siz va bolalaringizga bagʻishlayman. Xudoga shukr, nogironlik pensiyam yomon emas. Oyiga yuz ming soʻm olaman. Siz ham… Qiynalib bozor qilib yurmasdingiz…

Orzigul indamay qoldi. Teskari oʻgirilgancha uzoq muddat sukut saqladi. Men boʻlsam, gapirgan gaplarimdan goh pushaymon boʻlar, goh yuragimning allaqayerida umid uchqunlab yonimdagi Orzigulga moʻltirab qarar edim.

— Hayron boʻlib qoldim. — nihoyat Orzigul yorildi. — Yoshingiz-ku, mayli. Odamlar, tanigan-bilganlar nima deyisharkan? Shaharga oʻziga er topish uchun ketibdi deyishmasmikan? Bolalarim-chi?

— El ogʻziga elak tutib boʻlarmidi. — endi dadil gap boshladim men. — Uyimiz tinch boʻlsa, oramizda mehr, oqibat, izzat-hurmat boʻlsa bas-da!.. Hozirgi odamlar bor boʻlsa koʻrolmaydi, yoʻq boʻlsa berolmaydi. Qolaversa, boya aytganimdek, sizga mehrim tushib qoldi. Butun umr poyi patagingiz boʻlsam, bearmon ketardim dunyodan…

Orzigul bir muddat xayol surib turgach, soʻradi:

— Xoʻp, turmush qurdik ham deylik. Qayerda yashaymiz? Vokzaldami?..

Men bu hazildan kulgim kelib yerga qaradim.

— Yoʻgʻ-e, nega vokzalda yasharkanmiz? Hozircha ijaraga uy topamiz. Keyinchalik Xudo poshsho. Bizgayam egamning atagan joyi bordir!..

— Toʻgʻri aytasiz. Uysiz qolmasmiz… Mayli, tong ham otibdi. Bozorga chopmasam boʻlmaydi.

Orzigul shunday deb dast oʻrnidan turdi va qoʻliga sumkasini ildi.

Hayron boʻldim. Axir, hozirgi gap-chi?..

— Yoʻq, endi bozorga borishning hojati qolmadi. — dedim uning yoʻlini toʻsib. — Mana, hammasini obdon gaplashib oldik. Hozir machitga boramiz, nikoh oʻqittiramiz-u, undan keyin ijaraga uy topamiz.

— Darrov-a?.. Toʻxtang, hali men bolalarimning oldidan oʻtishim kerak. Siz ham oʻgʻlingizga bir ogʻiz maslahat soling. Tagʻin gap-soʻzga qolib yurmaylik. Nima boʻlgandayam bu umr savdosi!..

— Yashang, — dedim yana bir karra Orzigulning farosatiga tan berib. — bu haqda oʻylamabman-a!.. Hovliqibman-u, qolibman. Boʻpti, unda kechqurun shu yerda uchrashamiz. Qolgan gaplarni gaplashaveramiz.

— Xoʻp.

Biz iliqqina xayrlashdik. Orzigulni bilmadim-u, men xuddi qanot chiqargan kabi telefon bor joy tomon jadal ketib borardim. Yuragim potirlab tinchlik bermas, nazarimda goʻyo yigirma besh yashar norgʻul yigitga aylanib qolgandek sabrsizlana boshlagandim.

* * *

Telefon topishga topdim-u, ancha vaqt oʻylanib qoldim. Oʻgʻlimga nima deb aytishni bilmay boshim qotdi. Uning javobini oʻzimcha taxmin qilib tashvishda qoldim. Ammo vaqtni choʻzib boʻlmasdi. Nima boʻlganda ham endi Orzigulni yoʻqotib qoʻyish haqida oʻylaganim sari yuragim uvishar, shoshilishim zarurligini idrok etib boshimga qoʻnay deb turgan baxt qushini tezroq tutib murod maqsadimga yetishni koʻzlardim xolos.

— Solivoy, oʻgʻlim, — dedim bir qarorga kelgandek bosiqlik bilan. — boʻlgan ishlarni eshitding. Nima qilayki, taqdirim achchiq ekan. Endi qolgan hayotimni oʻylamasam boʻlmaydiganga oʻxshaydi.

— Ota, qayerdasiz? Nega kelmadingiz? — xavotir aralash soʻradi oʻgʻlim. — Keliningizning feʼlini bilasiz-ku! Eʼtibor berib oʻtirganingizni qarang. Yoʻq, keling, menikida yashayvering! Agar sizga bir ogʻiz ortiqcha gap gapirsin, javobini bervoraman unday xotinning!

— Yoʻq, yoʻq, yoʻq! Unday qilma, jon bolam! — dedim yigʻlagudek boʻlib. — Men juda yaxshiman. Sen tinch boʻlsang, oʻsha mening boyligim, oʻgʻlim. Men allaqachon joyimni topib olganman. Xudo xohlasa, tez-tez koʻrishib turamiz. Bilasanmi, sen bilan bir masalada maslahatlashmoqchi edim.

— Xoʻsh, xoʻsh, ota, nima muammo?.. — soʻradi oʻgʻlim. — Nima kamchiligingiz bor?

— Kamchilik yoʻq… Shu desang… Yoshim ham bir joyga borib qolayapti. Bu yoshda yolgʻiz yashash yomon boʻlarkan… Yoʻq, yoʻq, sen yomon oʻyga bormagin! Agar sen hozir aytadigan gapimni eshitib turib bir ogʻiz rad javobini bersang, sen aytgancha yashayveraman.

— Tushunmadim, ota! Nima gap oʻzi? Nega ayta qolmayapsiz?

— Aytishgayam istihola qilaman-da! Lokigin aytmasam ham boʻlmaydi.

— Unda ayta qoling! Bilasiz-ku, sizni juda yaxshi koʻraman, qadrlayman!

— Oʻgʻlim, kecha bir ayolni uchratib qoldim. Juda farosatli, ogʻir-bosiq juvon ekan. Bechorayam hayotda qiynalibdi. Shu… Shu ayol bilan qolgan umrimni birga kechirsammikan degan xayolda qoldim.

Solivoy birdan jimib qoldi. Goʻshakdan uning ogʻir xoʻrsinib qoʻyayotgani aniq-tiniq eshitilib turardi.

“Ishqilib, dilini ogʻritmagan boʻlay-da! — oʻylardim oʻzimcha. — E, shu gapni nega aytdim? Nega keksargan davrimda boʻlar-boʻlmas oʻylarga asir boʻldim? Axir, odam bolasiga shunday gaplarni gapirsa…”

— Ota, — xayolimni boʻlib soʻz boshladi oʻgʻlim. — sizni tushundim. Bir jihatdan bu qaroringizni maʼqullayman. Lekin… U ayol aslida qandayligini bilmayman, uni koʻrgan emasman. Shu yillarda tulkisifat ayollar koʻpayib ketgan-da!.. Mabodo shu ayol… Sizning umringizni hech boʻlmasa besh kunga uzaytirsa, men mingdan ming rozi boʻlaman. Siz yomonlik koʻrmasangiz, azoblanmasangiz deyman!..

— Bolajonim, u ayol misoli farishta, — hovliqib gap boshladim men. — Mana koʻrasan, u ishonchingni oqlaydi!.. Butun umr koʻrmagan yaxshiliklarni nasib etsa undan koʻraman. Bir kun kelib oʻzing ham qoyil qolasan, ha!..

* * *

Xudoyimga beadad shukr! Orzigul to bolalari bilan maslahatlashib, taraddud koʻrguncha men ham qishloqqa borib pensiyamni oldim, yostiqdoshimga atab koʻylak, yana mayda-chuydalar qildim va ijara uyimizga qadam qoʻydim. Biroz oʻtib Orzigul ham yetib keldi. Uning chehrasi negadir tund edi. Jon-ponim chiqib ketdi. Axir, shunday kunda nega xafa boʻladi? Butun orzu-umidlarimiz roʻyobga chiqay deb turganda nega mahzun boʻladi?

— Nima boʻldi? — soʻradim shosha-pisha. — Nega xafasiz? Yoki… Bolalaringiz…

— Ha, — dedi u teskari boqib. — oʻgʻlim…

— Nima dedi?

— U shart qoʻydi.

— Shart? Qanaqa shart? Ayta qolsangiz-chi!..

— Rossiyaga borib savdo-sotiq qilarmish. Agar shu odam menga uch ming dollar topib bersa, mayli, roziman, yashayvering deyapti.

— Shu xolosmi? — kuldim men. — Bor yoʻgʻi shu ekan-ku! Qoʻying-e, arzimagan narsagayam bunchalik kuyinavermang! Xudoga shukr, oʻgʻlim yaxshi topadi. Bir ogʻiz aytsam yoʻq demaydi.

— Rostdanmi? — Orzigulning birdan chehrasi yorishib ketdi. — Rostdan berib tura oladimi?

— Eh, Orzigul, eng asosiysi, rozi-rizolik bilan nikoh oʻqitish! Toʻgʻri-da, u oʻgʻlingiz. Gʻashi keladi-da! Tagʻinam aql-hushli yigit ekan. Mayli, oldin domla masalasini hal qilib olaylik, shu bugunoq topib beramiz pulni.

— Rahmat sizga! — deya jilmayib qoʻydi Orzigul. — Bolam shoʻrlikning orzusi ushaladigan boʻldi.

— Biz oʻshalarni deb yashab yuribmiz-da! Boʻpti, mang, manavi xaltachada mayda-chuydalar, koʻylak bor. Kiyib oling, machitga kechikmaylik!..

Orzigul mamnun boʻlib qoʻlimdan xaltachani oldi-yu, narigi xonaga oʻtib ketdi…

* * *

Bilmadim. Balki, bu soʻzlarni aytish mendek keksa bir odam uchun beandishalik hisoblanar? Lekin bu hislarni hech qachon qalbimda tuyib koʻrmaganim haqiqat.

Nikohimizning ilk kechasi men goʻyoki osmonu falaklarda parvoz qilib yurgan kabi terimga sigʻmas, Orzigulimning oydek chehrasiga termulib toʻymasdim. Shu muhabbat boʻlsa kerakki, oltmishga yaqinlashib qolgan boʻlsam-da, vujudimda tengsiz gʻayrat, bilaklarimda bir dunyo kuch-qudrat zohir edi. Qoʻyib berishsa, togʻni tolqon qila olishimga ishonib turardim…

Orzigul ham mamnunligini mayin jilmayishlari bilan namoyish etib shu kecha menga tushimga-da kirmagan mehrni taqdim etdi.

— Oʻgʻlim, — derdim xayolan. — bu ayol umrimni nafaqat besh kun, besh ming yilga uzaytira oladi, ha! Shukr, qarigan chogʻimda hech qursa odamlardek yasharkanman. Meni odam hisoblaydigan, atrofimda poyi patak boʻla oladigan ayol ham bor ekan.

Shunday qilib biz hash-pash deguncha besh kun birga yashab qoʻydik. Orzigul bozorni yigʻishtirgan, nimaiki lozim boʻlsa, oʻzim chiqib bajo qilardim. Oʻgʻlim ham soʻzimni qaytarmas, puldan siqmas, koʻnglimga qarardi. Shu orada bankda yaxshi kunlarimda ishlatarman deb jamgʻarib qoʻygan besh ming dollar pulim bor edi. Uniyam olib uyga qoʻydim. Ikkimiz birgalashib tez orada uy sotib olishni niyat qildik.

Oltinchi kuni ertalab Orzigul qayergadir chiqib ketgandi. Besh kundan beri ilk bor mungʻayib kirib keldi. Yuzlaridan, nigohlaridan nimadandir asabiylashayotgani shundoq balqib turardi.

— Bilasizmi, dadasi, — dedi u balkonga chiqqanimizdan soʻng derazadan tashqariga maʼyus tikilib. — sizga bir gapni aytsam ranjimaysizmi?

— Ie, bu nima deganingiz? Nega ranjiyman? Siz xafa boʻlsangiz, bu dunyoga sigʻmay ketaman. Aytavering, nima boʻldi?

— Qashqadaryo tarafda erimning ukalari yashaydi. — soʻz boshladi u. — Qaynilarim. Ular meni juda yaxshi koʻrishadi, hurmatlashadi. Bir dugonamga qoʻngʻiroq qilib mehmonga boramiz debdi. Dugonam ham ahmoqqa oʻxshab mana shu manzilimizni berib qoʻyibdi. Endi nima qilamiz-a?..

Boshim qotdi. Nima qilsa boʻladi? Mehmon atoyi Xudo deyishgan. Demak, yaxshilab kutib olish kerak.

— Tayyorgarligimizni koʻraveramiz-da! — dedim Orzigulni tinchlantirishga urinib. — Men hozir chiqaman-u, xarajatni katta qilib kelaman.

— Tushunmadingiz. — soʻzimni boʻldi Orzigul. — Axir, ular qaynilarim! Siz bilan yashayotganimni koʻrishsa, jahllari chiqadi. Xudo koʻrsatmasin, janjal qilvorishsa men qayga boraman?

— Xoʻp, nima qil deysiz?

— Siz oʻgʻlingiznikigami, biror tanishingiznikigami borib yashab turasiz. Ketishgandan keyin oʻzim sizga xabar beraman. Bilmay qoʻya qolishsin erga tekkanimni.

— Shunaqami? — beixtiyor kayfiyatim tushib boshimni changalladim men. — Sizga suyanib qolgandim-ku! Qanday oʻtkazarkanman sizsiz tunlarni?

— Qoʻying, yosh bolaning gapini gapirmang! Bir-ikki kun ming yil emas-ku!..

— Mayli, qachon kelisharkan oʻzi?

— Bugun kelishadi. Siz hoziroq chiqib ketaverganingiz maʼqul.

Ortiqcha gapga sira hojat qolmagandi. Garchi ich-ichimdan zil ketib borayotgan boʻlsam-da, yostiqdoshimning, umrim mazmuniga aylanib qolgan bu ayolning raʼyiga qarashga majbur edim. Unga qarshi borishni tasavvur ham eta olmasdim.

Zarur kiyimlarimni oldim-u, Orzigul bilan vaqtinchalik xayr-maʼzur qilib koʻchaga yoʻl oldim.

* * *

Oradan uch kun oʻtdi. Hamon Orzigulning quvonchli xabarini kutardim. Afsuski, kechgacha hech qanday darak boʻlmadi.

Endi yuragim gʻash torta boshladi. Negadir uni yoʻqotib qoʻyayotgandek aʼzoyi badanim muzlab ketdi va tavakkal ijara uyimizga qarab yoʻl soldim.

Halloslab yetib kelganimda vaqt xuftonga yaqinlab qolgandi. Podyezdga kirmasdan avval uchinchi qavatdagi derazamizga koʻz tashladim. Qiziq. Chiroqlar oʻchirilgan. Bu nimasi? Nega?..

Qanday yuqoriga koʻtarilganimni payqamay qolibman. Eshikka yaqinlashdim-u, jonholatda taqillata boshladim. Hech kim ovoz bermadi.

Shu payt roʻpara eshik ochilib ostonada qoʻshni oʻris kampir paydo boʻldi.

— U ketgan. — dedi u koʻzoynagini toʻgʻrilash asnosida.

— Qayerga ketadi? — soʻradim hayron boʻlib.

— Bilmadim. Ikkita erkak ham bor edi. Oʻshalarminan chiqib ketdi. Mana kalit. Menga tashlab ketgandi…

Bu gap miyamga oʻqdek urildi-yu, shosha-pisha eshikni ochib ichkariga kirdim.

Ne koʻz bilan koʻrayki, uydagi koʻrpa-toʻshaklar har yoqda sochilib yotar, ichkari goʻyo yillar boʻyi yigʻishtirmagan kabi toʻzgʻib ketgandi.

Telbalarcha qutichani ochdim…

Ha-a, pulni olibdi. Dollarlarning hammasini olibdi!..

— Toʻxta, — dedim oʻzimga oʻzim. — nega meni kutmadi ekan? Pul kerak boʻlsa doim soʻrab olardi-ku! Yo qaynilari tijoratchi-yu, shoshilinch uniyam sherik qilib opketishdimikan?..

Xona oʻrtasida tiz choʻkkancha oʻtirib qoldim. Shu oʻtirgancha yarim tungacha qolib ketibman. Oʻzimga kelib boshimni koʻtarganimda achchiq koʻz yoshlarim yuzlarim, boʻynimga qadar hoʻl qilib tashlagan, yelkalarim, oyoq-qoʻllarim yana simillab ogʻrir, koʻnglim esa kimsasiz sahro yangligʻ boʻm-boʻsh edi…

* * *

Mana shu xayol bilan hanuz oʻzimni ovutaman. Har kunim doʻzaxga oʻxshaydi-yu, ora-sirada oʻsha xayol meni xotirjam torttirib qalbimning tub-tubida umid uchqunlari yarq etib chaqnab qoladi…

Mayli, azizim, men keksa bir baxtsizning ustidan kulsangiz ham roziman!.. Chunki, men uch yil oʻtibdiki, yuragim zardobga toʻlib, hayotning barcha ziynatlaridan voz kechib boʻlsa-da, Orzigulimni kutaman! Uning bir kuni jilmayib kirib kelishiga ishonaman! Ishonayapman. Lekin u qachon va qay mahal kirib keladi? Qachon topdim deganimda yoʻqotib qoʻygan halovatim qaytadan menga mehmon boʻladi?

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir haftalik halovat … (yoxud 60 yoshli moʻysafidning alamli kechmishi)