21:28 / 08.09.2018
5 317

Kuyov toʻra, boring, avval oilangizdan mardlikni oʻrganib keling!

Kuyov toʻra, boring, avval oilangizdan mardlikni oʻrganib keling!
Bir yigit yoshgina qizga uylandi. Kunlarning birida uyiga kuyovning ogʻaynilari ziyofatga keladigan boʻlishdi. Odatlariga koʻra, kuyov qoʻy soʻydirdi. Ayoliga qoʻy goʻshtidan chiroyli qilib taom pishirishini tayinladi.

Qiz qoʻrkib ketib, eriga bunday ovqat ovqat qilishni bilmasligini, ota uyida oʻrganmaganligini aytdi.

Erning jahli chiqib:
— Narsalaringni tayyorla, seni uyingga qaytarib olib borib qoʻyaman. Sen ovqat qilishni bilmasang, mening xotinim boʻlishga noloyiqsan, — dedi.

Qizning uyiga kelib, qizning otasiga:
— Bu, sizlarning molingiz, oʻzingizga qaytarildi, — dedi. — Ovqat tayyorlash usullarini unga oʻrgatmaguningizcha, mening yonimda unga oʻrin yoʻq!

Ota:
— Ikki oy davomida biz bilan tursin. Shu muddat ichida bilmagan narsalarini oʻrgatamiz, soʻng sizga qaytaramiz, — dedi.

Qiz ota uyida ikki oy yashadi. Aytilgan vaqt oʻtdi. Eri uni olgani keldi. Eri pishirishni yaxshilab oʻrgangan boʻlsagina, uni qaytarib olib ketishi mumkinligini taʼkidladi.

Otasi:
— Qizimiz, ojizamiz, barcha taomlarni oliy darajada, xususan, qoʻy goʻshtidan ajoyib narsalar tayyorlashni oʻrgandi, — dedi.

Kuyov:
Unday boʻlsa, Alloh barakasini bersin. Qani, ketdik, uyga, — dedi.

Ota:
— Ketishingizdan oldin, qizimning oʻrganganiga oʻzingiz ishonch hosil qilib, keyin ketishingizni xohlayman, — dedi.

Tirik qoʻyni keltirib, kuyovga:
— Buni soʻying, — dedi. — Qizimizni qay darajada uni pishira olishini oʻzimiz koʻramiz, — dedi.

Kuyov:
— Men qoʻy soʻyishni eplay olmayman, — dedi.

Ota:
— Unday boʻlsa, kuyov toʻra, boring-da, oilangizdan mardlikni oʻrganib keling! Oʻrganib boʻlganingizdan keyin, marhamat, kelib xotiningizni olib keting, — dedi…

Xulosa.

Bir insonga “Shuni ham bilmaysanmi?” deyish oson! Lekin unga oʻrgatishni, shu muddat ichida sabr qilishni bilish, katta mahorat!
Insonni Alloh oqil qilib yaratdi. U oʻrganolmaydi, deyish xato. Lekin ayol kishi bilmasa, darrov ota – onasiga taʼna toshlarini yogʻdirishni boshlaydilar! Ota – onasi berolmagan tarbiyani, siz bering! Siz oʻrgating!

Oʻzini oila boshligʻi deb hisoblovchi har bir erkak qoʻl ostida boʻlgan ojizasi — ayoliga goʻzal munosabatda boʻlishi lozim. Uning kamchiliklarini yuziga solmay, xushmuomalalik bilan oʻrgatishi darkor. Qiz bola turmush qurgach erining qaramogʻiga oʻtadi, uni goʻzal tarbiya qilish endi erining vazifasi. Ayol misoli gʻuncha, erkak esa bogʻbon! Gulning soʻlib qolishi yoki gullab yashnashi bogʻbonning mahoratiga bogʻliq. Ayolini kamchiliklarini yuziga solib, uni yerga uradigan, undan shikoyat qiladigan erkaklarga hayron qolaman… Goʻyoki oʻzlari mukammal, ayb-nuqsonsizdek! Oʻzlari qoʻllariga ishonib topshirilgan Gulni parvarishlay olmay, yana noliydilar… Ayb kimda? — degim keladi.

Aybdor kishigina oʻz xatosini koʻrmay, boshqalarga agʻdaradi. Shuni bilingki, ayolingizga otgan tana toshingiz birinchi boʻlib oʻzingizning boshingizga kelib tushadi!

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kuyov toʻra, boring, avval oilangizdan mardlikni oʻrganib keling!