11:13 / 27.09.2018
6 507

Moʻʼjiza qayerda sotiladi? (Taʼsirli hikoya)

Moʻʼjiza qayerda sotiladi? (Taʼsirli hikoya)
Bemor akasining xonasi oldida turgan qizcha, ota-onasining suhbatini eshitib qoldi.

Ota:

– Endi nima qilamiz, onasi? Oʻgʻlimiz oʻlim yoqasida. Miya jarrohlik amaliyoti tez oʻtkazilishi lozim! Lekin, bizda yetarli mablagʻ yoʻq! Uning hayoti xavf ostida. Najot qayerda ekan-a? – dedi.

Ona alamli yigʻi bilan:

– Bunga moʻʼjiza kerak! Qoʻlimizdan kelganini qildik! – dedi.

Qizcha ortiq tura olmadi. Yugurib borib xonasiga kirdi. Pul toʻplaydigan qutichasini ochdi. Undan 1 dollar 4 sent mablagʻ chiqdi. Uning miqdoriga ishonch hosil qilish uchun uch marta qayta sanadi.

Ota-onasidan izn soʻramay, chaqmoq tezligida chiqib, uylariga yaqin dorixonaga bordi. Kirib qarasa, dorixonachi bir kishi bilan gaplashayotgandi. Ularning suhbatlari qiziganidan, dorixona peshtaxtasiga barmoqlarini qoʻyib olgan qizchaga sotuvchi ahamiyat bermadi.

Birozdan soʻng:

– Senga nima kerak, qizalogʻim? – dedi.

Qizcha:

– “Moʻʼjiza” – dedi. Sotuvchi hayron qolib:

– Nima? – dedi.

– Akamning tuzalib ketishi uchun “Moʻʼjiza”ni sotib olmoqchiman! – dedi.

Dorixonachi ohistalik bilan:

– Qizalogʻim, bizda moʻʼjizalar sotilmaydi! – dedi.

– Unda, uni qayerdan sotib olsam boʻladi? – deb soʻradi qizcha.

Sotuvchi javob berishidan oldin boyagi kishi:

– Qancha puling bor? –dedi.

Qizcha:

– Bir 1 dollar 4 sent pulim bor. Bu pulimning bori, bori shuncha, amakijon! – dedi.

U kishi:

– Qizalogʻim, moʻʼjizani sotib olsang, nima qilasan? – deb soʻradi.

– Akamning unga ehtiyoji bor. Usiz tuzalmas ekan! – dedi. Kishi gap orasida ota-onasidan eshitganlarini, akasi oʻlishi mumkinligini, uyining qayerdaligini bilib oldi.

U kishi unga qoʻlini uzatib, “pulingni bergin!”dedi.

U jajji qoʻlchalarini choʻzib amakining kaftiga “Moʻʼjiza”ning pulini qoʻydi.

Amaki uning qoʻlidan tutib:

– Men bilan yur! – dedi.

Qizcha “Moʻʼjiza sotiladigan boshqa dorixonaga borsak kerak” deb oʻyladi. Lekin ular toʻgʻri qizchaning uyiga kelishdi. U kishi uning ota - onasi bilan tanishdi. Amaki yetuk miya jarrohi ekan. Holatni oʻrganib, bolakayni oʻz klinikasiga olib borib amaliyot oʻtkazdi. Amaliyot muvaffaqiyatli oʻtdi. Oradan vaqt oʻtib bolakay uyiga qaytdi. Ona eriga qarab:

– Allohimga shukr! Bu doktorni bizga ayni kerakli damda Oʻzi yubordi. Bu – moʻʼjiza! – dedi. Buni eshitgan qizcha:

– Oyijon, men oʻzimdagi bor pulimni berdim. U kishidan moʻʼjizani sotib oldim! – dedi.

Ona qizaloqni quchoqlab, moʻʼjiza tushunchasini, shifoni Alloh berishini, bandalar unga olib boradigan sabablarni bajarishi kerakligini anglatdi. Va:

– Qizim, moʻʼjizaning narxi, sen akangni yaxshi koʻrganing, unga shifo soʻrab duolar qilganing, va oʻzingda bor boʻlgan “Boyliging” – toʻplagan mablagʻingni berganingdir! – dedi.

Qizchani yoniga olib ikkovlari shukr namozini oʻqidilar. Allohning fazli, neʼmati va tugamas moʻʼjizalari uchun hamd aytdilar.

Manba: www.minbar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Moʻʼjiza qayerda sotiladi? (Taʼsirli hikoya)