19:12 / 02.10.2018
5 997

Jahannamdagi eng goʻzal maktub


… Shundaylar boʻlmasa edi dunyoda,
Bu qadar muhtaram boʻlmasdi ayol.
Abdulla Oripov

Atrofni bahor oʻz tarovati bilan burkagan paytlar ozgina boʻsh vaqtim boʻlsa, mana shu xiyobonga kelib aylanib yurishni yaxshi koʻraman. Bir tarafdan ishxonamizga yaqin,boshqa tarafdan deyarli kimsasiz. Boshqa bogʻlardagidek “Kep qoling, muzqaymoqlar bor!”, “Havo sharlari sotib olinglar, havo sharlari!” deya baqirib xaridor chorlaydigan sotuvchilardan xoli joy. Odam boʻlmaganidan keyin sotuvchi nima qilsin?! Yana bir oʻziga xos tarafi, bu yerda bari oʻzimizning teragu tollar, ora-sira olchayu, olmalar uchrab qoladi-yu, ular ham shaharga moslashib ketganmi, bodroqdek gullashsa-da, deyarli meva tugishmaydi. Chamasi, bu xiyobon shahar xoʻjaligiga qarasa-da, koʻzdan panaroq joyda boʻlgani uchun unga ajratiladigan mablagʻni
tinchgina oʻzlashtirib, bitta qorovulu farroshga tashlab qoʻyishganidan sal yovvoyilashib ham ketgan. Ammo, baribir, chiroyli joy. Men hatto oʻsha farroshu qorovuli ham kamdan-kam koʻzga tashlanadigan bogʻda oʻzimni uning xoʻjayinidek his qilaman, olisda qolgan qishlogʻimizni, uning tolu teraklarini eslayman. Mening tubsiz xayollarimga hech kim xalal bermaydi. Toʻgʻrirogʻi, xalal berishmasdi, ammo bugun… ayol qishining tovushi xayolimni buzdi:

— Abror aka, juda chiroyli gullagan! Oppoq! Hammasi oʻsha paytlardagidek!

— Juda katta boʻlib ketgandir?!

Erkakning ovozi tanishdek tuyuldi-yu, ammo uni qayerda eshitganimni eslay olmadim.

— Mana, oʻzingiz ushlab koʻrishingiz ham mumkin! — ayolu erkakning ovozi qandaydir butalarga chirmashib ketgan chirmovuqlar ortidan kelardi. — Shularning bari pishsa, dunyoning olchasi boʻladi!

— Esingdami, ilgari ularni yegani kelardik, avval dovuchchasini, keyin pishganini, — erkak kimnidir tergadi. — Jim, osilma menga, agʻdarilib ketaman.

— Murodjon, bobongni tinch qoʻy, — ayolning tovushi tahdidli yangradi. — Osilma, dedim! Asli, buni bekor ergashtirib chiqdik! Bogʻchasiga joʻnatish kerak edi! Siz shu yerda oʻtira turing, men bunga muzqaymoqmi, bodroqmi olib bermasam, shoʻxlik qilaveradi. Yur, bu yoqqa! Oʻn daqiqada qaytamiz, bobosi!

Shundan soʻng chirmovuqlar pardasi ortidan uch-toʻrt yoshlardagi bolakayni yetaklab olgan oʻrta yoshlardagi ayol tez-tez yurgancha bogʻning chetidagi katta yoʻl yoqasidagi doʻkonlar sari ketdi.

Chirmovuqlar panasida, chamasi, yolgʻiz qolgan erkakning oʻzicha qilgan xirgoyisi eshitildi:

— Ogʻa sogʻ borsangiz avval,
Otamlarga salom ayting.
Yugurib chiqqan ul mushfiq,
Onamlarga salom ayting.

Bu xirgoyini aytayotgan erkakning ovozi yodimga bundan yigirma besh-oʻttiz yillar burun boʻlib oʻtgan voqealarni tushirdi.

* * *

— Shoir bola, uf-f, seni zoʻrgʻa topdim-a! Tez oʻn ikkinchi palataga borarkansan! — eshikdan bosh suqqan yarador askar topshiriq qattiq boʻlgan, shekilli, ketmay bez boʻlib turaverdi.

— Hozir boradi, koʻrmayapsanmi bandligini?! — dedi menga qishloqda qolgan sevgilisi uchun xat yozdirayotgan qoʻli yelkasigacha gipslangan askar bola oʻqrayib. — Joʻna, degandan keyin joʻnamaysanmi?

— Mayli, — dedi chopar askar choʻntagidan sigaret chiqargancha, — derazaning oldida turaman. Faqat tezroq boʻlsin!

“Shoir bola” — mening laqabim. Qobuldagi harbiy gospitalga Qandahordan joʻnatishganiga bir oydan oshdi. Koʻpchilik yaradorlarning ichida meniki eng yengili boʻlsa-da, qism shifokori “Yetar shuncha porox hidlaganing, xizmating tugashigayam ozgina qolibdi, seniyam Qobulga joʻnataman, biratoʻla oʻsha yerdan uyingga javob bervorishadi!” deb otalik qilgani uchun bu yerdaman. Oʻq teshgan joylarim allaqachon bitib ketgan boʻlsayam meni yana ortga, xizmat qiladigan qismimga joʻnatib yuborishdan maʼno yoʻq. Erta-indin umuman harbiy xizmat muddatim tugagani uchun uyimizga javob berib yuborishi kerak. Zerikishga vaqt yoʻq. Xat-savod masalasida kamlik joyim yoʻqligi, buning ustiga chiroyli sheʼrlar, ayniqsa, qizlarning ismiga moslab toʻrtlikmi-boshqami toʻqiyverishim tufayli koʻpchilik askarlar uylariga xat yozdirgisi kelsa, meni chaqirishadi. Ayniqsa, sevgi xatlarini qoyillatib tashlayman! Albatta, quruqqa emas. Bitta xatga bir quti sigaret yoki hali biz tomonlarga yetib bormagan anvoyi saqichlardan. Oʻz palatamdagi tumbochkamda bunaqa saqichlar qalashib ketgan. Mayli, saqichlarni uydagilarimga olib boraman.

— Shoir bola, boʻldingimi?! Yur! — oyogʻidan yaralangan yigit qoʻltiqtayoqqa tayangancha bir oyoqda qisqa-qisqa hatlab, achchiq ichakdek uzun koridordan meni borishim kerak boʻlgan palataga qarab boshladi.

— Mana, boshlab keldim, — oʻziga topshirilgan vazifani qoyillatib qoʻygandek yarador askar oʻziningmi-boshqaningmi, ishqilib, boʻsh koykaga ketini tashladi.

— Sen xatni boplab yozarkansan-a?! — tovush keldi xonadagi sakkiztacha koykaning biridan.

— Ha, uncha-muncha! — Men tovush kelgan tarafga alanglab, kattagina koykaning yarmida yotgan, yuzi oq doka bilan chandib tashlangan askarni topdim. — Istasang, sheʼrlar ham yozib beraman.

— Sheʼrlarning keragi yoʻq! — deya askar qoʻli bilan paypaslab, yonida yotgan qutidan sigaret oldi. Boshqa koykada yotgan askar darrov gugurt chaqib tutdi.

— Gap munday! — dedi ogʻzigina bintlanmay ochiq qolgan askar bulutdek tutun haydab. — Bir qizga xat yozib berasan.

— Sevgi xati! — dedim uning gapini toʻgʻrilab.

— Yoʻq, qanaqa sevgi?! Menda sevgi qoldimi?! — askar yigit qoʻli bilan oppoq choyshab ustini siladi. — Ikkala oyogʻimniyam kesib tashlashdi. Endi ota-onamgagina kerak boʻlmasam…

Askarning tomogʻiga bir narsa qadalib, jim boʻldi.

— Unda uydagilaringgami?! — dedim yigitning maqsadini tushunmay.

— Uydagilarimga keyin yozamiz, avval oʻsha qizga yozamiz, qayligʻimga, — dedi yigit va xayolga choʻmdi.

Men uning qoʻshnisi oʻtirgan koykaga choʻkib, avvaldan tayyorlab qoʻyishgan qogʻozni qalin bir jurnalga qoʻygancha, qoʻlimdagi ruchkaning ketini tishlagan koʻyi askarning ogʻziga tikildim.

— Yozyapsanmi?! Yoz! “Hurmatli Muʼtabarxon! Men bu yerda boshqa bir qizni yaxshi koʻrib qoldim. Sendan uzr soʻrayman. Shunaqa boʻlib qoldi. Hademay farzandli ham boʻlamiz. Xizmatim tugasa, uning shahriga ketishimiz ham mumkin. Har nima boʻlganidayam…” — yigit shu joygacha ancha tayyorlanganligi uchun ravon aytib turdi-yu, keyin jim boʻlib qoldi… — Yozyapsanmi?!

Men yigitning “Hurmatli Muʼtabarxon! Men bu yerda boshqa bir…” jumlalarini yozganimdan keyin qolganini yozsammi, yozmasammi, deb oʻylanib qolgan edim.

— Yozyapti! Yozyapti! — dedi yonimda oʻtirgan yigit qogʻozga koʻz tashlab. — Juda chiroyli yozyapti! Ammo sen astaroq aytgin-da, pulemyotday tarillatmay, toʻgʻrimi?!

— Qayerga kelding?! — dedi yigit va mening javobimni eshitgach, boshini irgʻadi. — Yaxshi, rus qizni yaxshi koʻrib qoldim. U juda chiroyli qiz…

Men yonimda oʻtirgan yarador yigitga qarab, yelkamni qisgancha qogʻozga boshqa gaplarni yoza boshladim. “Boshqa bir dunyolarga duch kelib, seni yanada yaxshi koʻrishimni angladim. Birga boʻlgan chogʻlarimizni yana esladim. Mendan xavotir olma, koʻnglim hamon senga intiladi. Balki, tez orada koʻrishib ham qolsak kerak!”

— Ie?! — yonimda oʻtirgan askar bola qogʻozga koʻz tashlab, yarimjon askar aytayotgan gaplardan butunlay boshqa narsalarni yozayotganimni koʻrib qoldi va sogʻ qoʻli bilan ogʻzini yopdi.

— Nima boʻldi?! — dedi xat yozdirayotgan askar xavotir olgancha dokalab tashlangan koʻzlari koʻrmasayam, oʻrganib ketganidan biz tarafga qarab. — Tinchlikmi?!

— Tinchlik, tinchlik! — dedi askar qoʻlimdagi qogʻozni yerga tashlab. — Qogʻoz yerga tushib ketdi. Ma, yoz, shoir bola!

— Davom etamiz, — dedi yigit chekib boʻlgan sigaretini tashlab yuborishlari uchun kimgadir uzatib. — Sen juda yaxshi qizsan! Mendan ham koʻra yaxshiroq yigitlar koʻp! Ulardan biriga turmushga chiq. Mendan umidingni uz! Sendan yana bir bor kechirim soʻrab, Abror. Qobul shahri. Sana. Yozib boʻldingmi?!

— Hozir, — dedim men yozganlarim boʻlmish «Senga atab chiroyli narsalardan sotib oldim. Hatto sheʼr ham yozdim.

Olmazor bogʻi bilan,
Yonida yaprogʻi bilan.
Bizni yor xatlar yozar
Kichkina barmogʻi bilan!

Bu sheʼrni oʻzim yozganim yolgʻon, eski qoʻshiqdan, ammo senga atalganday. Xayr, to diydor koʻrishguncha seni jonidan ortiq sevuvchi Abror! Qobul. Sana»

— Yozib boʻlgan boʻlsang, bir boshidan oʻqib ber-chi!

Yigitning bu talabini kutmaganim uchun dovdirab qoldim. Yonimdagi yigit mening ahvolimni tushunib, xat bitilgan qogʻozni qoʻliga olgancha Abror aytib turgan xatni yodida qolgancha oʻqib berdi.

— Boʻladi! Sal bir-ikkita soʻzi adashibdi-yu, men aytmoqchi boʻlgan gaplarni bari yozilibdi, rahmat senga, birodar! — Abror yarmi boʻshab qolgan sigaret qutisini uzatdi. — Kam boʻlsayam shuni ol!

— Qoʻysang-chi, oʻrtoq! — dedim uning qoʻlini qaytarmaslik uchun qutidan bitta sigaret olib. — Bittasini oldim. Endi uni konvertga solib, manzilini yozib beraman. Hatto pochta qutisiga tashlab oʻtishim ham mumkin.

— Shunday qilaqol, savob qilsang, butun qil, deyishadi-yu!

Oyoqlari kesilgan, yuzi doka bilan chadib tashlangan yigit aytib turgan manzilni konvert yuziga yozishga kirishdim.

Senga katta rahmat, joʻra! Qiz bolani nima qilaman baxtsiz qilib, toʻgʻrimi?!

— Bilmadim… — dedim koʻzlarimga qalqqan yoshni bildirmay artarkanman.

— U juda chiroyli qiz, men endi unga arzimayman, — yigit boshini boshqa tarafga oʻgirib, ancha payt jim boʻlgach, gapida davom etdi. — Abdusattor, anavi ashulangni aytib ber, iltimos…

Yonimda oʻtirgan yigit tumbochkada turgan grafindan suv ichib, tomogʻini hoʻllab olgach, chayqalgancha xirgoyi qilishga tushdi:

— Ogʻa, sogʻ borsangiz avva-al,
Otamlarga-a salom ayting,
Yugurib chiqqan ul mushfiq,
Onamlarga-a salom ayting.

Salomat deng, onajonim,
Koʻzin zinhor yoshlatmang!
Yoʻlimga koʻz tikib turgan,
Ukamlarga salom ayting…

* * *

— Tezroq yur, bobong bizni kutib qolgandir! — nabirasiga muzqaymoq olib bergan ayol bogʻ ichiga kirib keldi.

Men uni tanimasam-da, oʻzimga qarab imladim. Juvon kattakon olcha daraxti tagida oʻtirgan eri tarafga qarab oldi-da, nabirasiga bobosining oldiga borishini tayinlab, oldimga keldi.

— Sizning ismingiz Muʼtabarxon-a?! — dedim chirmovuqlar ortidagi erkak eshitib qolmasligi uchun sekin.

— Ha-a, nimaydi?! — dedi juvon ham tovushini pasaytirgancha atrofga alanglab. — Sizni tanimayroq turibman!

— U kishining ismlari Abrormi?! — dedim nabirayu boboning quvnoq tovushlari kelayotgan tarafga ishora qilib.

— Ha-a?! — dedi ayol hadiksiragancha. — Siz kim boʻlasiz?!

Men bir zum oʻylanib turdim-da, oʻsha Afgʻonistondagi urush payti gospitalda yozilgan maktubga ilova qilgan sheʼrni oʻqidim:

— Olmazor bogʻi bilan,
Yonida yaprogʻi bilan.
Bizni yor xatlar yozar,
Kichkina barmogʻi bilan!

— Voy, siz oʻshami?! — ayolning yuzi yorishdi. — Oʻsha yozib bergan xatingiz haliyam uyimizda turibdi. Abror akam aytib turgan-da! Haligacha u kishiga oʻqib beraman.

— Ie, oʻzlari oʻqiy olmaydilarmi?! — juvon tovushimni koʻtarib yuborganim uchun barmogʻini labiga bosdi.

— Bilmasmidingiz, ikkala koʻzlariyam koʻr boʻlib qolgan! — ayol qoʻlimdan ushladi. — Yuring, quroldosh oʻrtogʻingiz bilan uchrashing!

— Boshqa safar! — dedim koʻz yoshimni kaftim bilan sidirib. — Meni koʻrganingizni

aytmang, maylimi! Men bu yerga koʻp kelaman. Balki, yana uchrashib qolarmiz! Eng muhimi, sizlar ajralishib ketmaganingiz! Men shunga xursandman!

Ayol mendan xafa boʻlgandek biroz parishonhol turdi-yu, erining “Buvisi-i! Buvisi-i, qayerda qoldingiz, tez keling, buningiz yozilaman deyapti!” deya chaqirgani qulogʻiga tushib, koʻrsatkich barmogʻini: “Qarab turing!” — degandek menga oʻynatgancha yugurib ketdi.

Men tezda oʻrnimdan turdim-da, shosha-pisha zanglarini yer barobar osiltirgan eski uzum tokining panasiga oʻtib oldim.

Bir necha lahzadan keyin nogironlar aravachasiga oʻtqazilgan, koʻziga qora koʻzoynak taqqan erining oldiga nabirasiniyam oʻtqazib olgancha itarab kelayotgan juvon atrofga alanglay-alanglay hozirgina men turib ketgan eski taxta oʻrindiq yoniga keldi va unda unutib qoldirgan sheʼrlar toʻplamimni qoʻliga oldi.

— Nimaga toʻxtadik?! — dedi Abror aka xavotirga tushib.

— Birov kitobini unutib qoldiribdi, Abror aka! — dedi Muʼtabarxon kimsasiz bogʻni boshdan-oyoq qarab chiqarkan. — Sheʼr kitobi ekan.

— Kitob boʻlsa yaxshi, — dedi Abror aka xotini uzatgan kitobni qoʻli bilan paypaslab koʻrib. — Hamyon boʻlganda, yana-da yaxshi boʻlardi! Ha-ha-ha-a! Qalingina ekan! Mayli, olib ketamiz, menga oʻqib berib yurasiz! Haydang uyga! Ammo-lekin bugun kabobni oʻzim pishiraman! Hech kim aralashmasin! Oʻtgan gal Salimjoningizga ishonib, shundoq kuyindi chaynabmiz-a, xonim!

— Yosh-da, dadasi, yosh! Eskilar bekorga aytmagan-ku, “Yoshga ish buyur, orqasidan oʻzing yugur”, deb! Halimjoningiz ham kelib qolsa, yaxshi boʻlardi. Hammamiz bir dasturxon atrofida jam boʻlardik…

Bogʻni tark etayotgan boboyu buvi hamda nabiralarni biqingan joyimdan kuzatib qolar ekanman, ular olib ketgan yaqinda chiqqan sheʼrlar kitobimning oʻntasiga arziydigan eng goʻzal maktubim — askar maktubini yozgan kunlarimni qaytadan gʻurur va faxrga toʻlib esladim!..
Olloyor BЕGALIYEV

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Jahannamdagi eng goʻzal maktub