11:44 / 04.10.2018
4 845

Hayot endi boshlanadi

Hayot endi boshlanadi
Joʻramning ismi Toshkentboy. Balki poytaxt sharafiga qoʻyilgani sabablidir, bir eshitgan odamning yodidan chiqmasdi bu ism. Ustiga-ustak, joʻramning tugʻilgan kuni ham esdan koʻtarilmaydigan sanalardan edi: 29 fevral. Yili, adashmasam, 1964 edi.

Koʻplar bunday ot olishining sababini soʻrab qolishardi, albatta. Javob esa juda joʻn edi. Uzoq Nurota togʻlarining orasidagi doʻppidekkina qishloqda tugʻilgan chaqaloqqa uning otasi Keldiyor aka yaxshi niyatlar bilan, yanada aniqrogʻi, katta boʻlsa Toshkentni egallasin, ka-atta odam boʻlib yetishsin, deya qoʻygan ekan bu ismni.

Bu fikr bolaligidan joʻramning miyasiga oʻrnashib qolgan shekilli, maktabda oʻqib yurgan chogʻlarimiz, goho-goho har kim oʻzining bolalik orzusini aytib qolgan chogʻlari, u hech ikkilanmasdan:

– Maktabni bitirsam, Toshkentga boraman, derdi-qoʻyardi.

Biz ham bu fikrga chippa-chin ishonardik. Zero, joʻramiz matematika fanida hammamizdan peshqadam edi. Biz hatto hayron qolardikki, bu allaqanday formulalaru, teorema-aksiomalar orasida Toshkentboy nimani tushunadi, deb. Ammo u tushunardi. Tushunish ham gapmi, barcha masala-misollarni sharillatib yechib tashlayverardi.

Shu sababli boʻlsa kerak, Toshkentboyning matematika daftari sinfdoshlar orasida talash edi koʻpchilik undan birinchi boʻlib uy ishini koʻchirib olishga shoshardi. Bu fandan oyda bir marta oʻtkaziladigan nazorat ishlari chogʻi-ku, Toshkentboy bechoraning yonidagi, orqa-oldidagi partalarga oʻtirishni istovchilar chunonam koʻpayib ketardiki...

Ona tomondan qarindoshchiligimiz borligi bois bunaqa paytlari men xeshligimizni pesh qilgan holda daftarimni birinchi boʻlib tutib turaverardim. Toshkentboyga esa kimning misolini yechib berishning sira ahamiyati yoʻqday edi: faqat matematik amal bajarishga moʻljallangan mashinaday, daftar ustiga engashib olgancha yozaverardi, yozaverardi.

Aynan matematika sababli Toshkentboyning maktabda ham obroʻyi baland edi. Chunki u shu fandan oʻtkazilgan olimpiadalarda tumanda birinchi oʻrinni, viloyatda esa ikkinchi oʻrinni olib qaytgandi.

Xullas, Toshkentboy joʻramizning kelgusida Toshkentga oʻqishga borishiyu, institutga oʻz kuchi bilan kirib, oxir-oqibat poytaxtni egallashini biz ham isbot talab qilmaydigan aksioma sifatida qabul qilardik.

Tez orada maktabni ham bitirdik. Hammasi oʻtdi: ilk muhabbat ham, ilk uchrashuvlar ham, qizlarga pinhona maktub yozishlar ham, kechalari oʻpkadan dudlar chiqib “oh”lab chiqishlar ham...

Hayot shu ekan-da...

Darvoqe, Toshkentboy kamgap edi. Oʻtirishlarda ham qadah soʻzi berganimizda chaynalib, ezilib oʻtirmas, gapni juda qisqa qilar, nari borsa:

– Hamma sogʻ boʻlsin, deb qutulardi.

Shu sababli Toshkentboyga ovqat suzilgan mahallari qadah soʻzi berishni xush koʻrardik, taom sovib qolmasligi uchun.

Toshkentboy joʻramizning ozgina soddaligi bor edi. Kim nima desa, ishonib ketaverardi. Yodimda, sinfimizdagi xushroʻygina bir qizning nomidan maktub yozib, uni uchrashuvga taklif qilgandik. Soʻng kech mahal kiyimlarini dazmollab, ustiga arzon atir sepib vaʼdalashilgan joyga yetib kelgan Toshkentboyni oʻzimiz kutib olib, rosa mazax qilib kulgan edik.

Joʻramiz oilada toʻngʻich farzand edi. Mol-holga qarash, dala ishlari bilan boʻlib, koʻpda bizning oʻtirishlarimizga ham kelolmasdi. Holbuki, joʻramiz shu yoshida oshqozon xastaligiga chalinib ulgurgan edi. Kuchli ovqat yeya olmas, koʻpincha oshqozonini changallab oʻtirib qolar, tez charchar, ozgina ishlashi bilan terga koʻmilardi. Bir-ikki marta doʻxtirga borishni maslahat bergan boʻldik, u ham koʻnganday boʻldi, ammo, oʻzbekchilik, “ertaga” degan vaʼdaning oxiri koʻrinmaydi, vaqt esa yetishmaydi...

Maktabni bitirishimiz munosabati bilan oʻtkazilgan kechada ham osh suzilgan mahal Toshkentboyga soʻz berildi. Oʻz odatiga sodiq qolgan joʻramiz gapni bu safar ham kalta qildi. Faqat... negadir Toshkentboy hammaga sogʻliq-salomatlik tilash bilangina kifoyalanmadi, balki:

– Qani, oldik, – dedi allanechuk koʻtarinki ohangda. – Hayot endi boshlanadi...

Toʻgʻrisi, shaxsan oʻzimga bu qadah soʻzi sal erishroq tuyuldi. Yoʻq, gap jumlaning jimjimadorligida emasdi. Zingil solib qarasam, bir nechta sinfdosh oʻgʻil bolalar ham ensalari qotib, lab burib turishibdi. Bu bejiz emasdi-da. Ilk muhabbat atalmish his-tuygʻular girdobida oʻralashib, oʻzimiz koʻngil qoʻygan qizning qoʻliga tasodifan qoʻlimiz tegsa yettinchi qavat osmonda sayr etib, mast-alast odamday entikib-hapriqib yurgan kezlarimiz edi. Nazarimizda, maktab tugashi bilan hayot ham tugaydiganday edi. Axir, endi hamma har tomonga tarqalib ketadi... Shu bois chekka-chekkaga oʻtib, koʻz yoshi toʻkib olayotgan birodarlarimiz qancha edi... Oʻn yil birga oʻqigan sinfdoshlar bilan ajralishning oʻzi boʻladimi...

Shunga qaramasdan, gurillab joʻramizning gapini maʼqullagan boʻldik.

Shu-shu Toshkentboy joʻramizning “Hayot endi boshlanadi” degan gapi esda qoldi.

* * *

Oʻsha paytlar rasm boʻlgan tartibga koʻra oʻn kun dalada ishlab berdik, shundan keyin attestatimizni qoʻlimizga tutqazishdi. Shosha-pisha sogʻligʻimiz toʻgʻrisida tibbiy maʼlumotnoma olishga kirishdik.

Qarasam, Toshkentboy maʼlumotnomasiga “Universitetga” deb yozdiribdi.

– Matfakka, dedi joʻram savolimga javoban.

Biz buni ham oddiy aksioma yangligʻ qabul qildik.

Hatto, toʻgʻrisini aytay, birontamiz undan “Tankang” bormi?” – deb soʻrab ham oʻtirmadik. Zero, shuncha bilimi bor bola oʻqishga oʻz-oʻzidan, oʻz kuchi bilan kirib ketadiganday edi. Buning ustiga Keldiyor akaning ahvoli hammamizga maʼlum, bolasi uchun uch-toʻrt mingni sanab beradigan holi yoʻq...

Koʻpchiligimizning yodida bordir, u paytlari oliy oʻquv yurtiga toʻrtta kirish imtihoni boʻlardi. Men Toshkentboyning oʻqishga kirolmaganini aytsam, unchalik ajablanmassiz. Ammo, bizni hayratda qoldirgani shu boʻldiki, joʻramiz matematika fanidan yozma imtihonda “3” olibdi.

Bunga esa sira ishonib boʻlmasdi...

Ammo ishonmaganda qayerga borardik...

Qisqasi, Toshkentboy joʻramiz mandatdan oʻtolmay, eski jomadonini koʻtargancha qishloqqa qaytdi.

Keldiyor aka sovxozda brigadir edi, poytaxtdan bosh egib qaytgan oʻgʻlini darhol dalaga chiqargan.

Biz, ochigʻini aytay, bir amallab yoki tanish-bilish orqali oʻqishga kirib olganlar, ommaviy ravishda paxtaga joʻnab ketish oldidan qishloqqa, issiq kiyimlarimizni olib ketishga keldik.

Ana oʻshanda koʻrib qoldim Toshkentboyni.

Bir kabinasi olib tashlangan, uch gʻildirakli eski “X4” traktorini haydab kelayotgan ekan. Meni koʻrib toʻxtadi.

Har qalay, changga-moyga belangan ust-boshidan istihola qildimi, qoʻlining uchini berib soʻrashish bilan kifoyalandi. Soʻng, hol-ahvol soʻragach, oʻqishga oʻtganim bilan tabrikladi.

Gerdayib, sal tepadan kelgan koʻyi maslahat bergan boʻldim:

– Sen bu yerda moyga botib yuravermay, ilojini topib podkursga kirib ol. Kallang boʻlsa bor...

“Kallasi bor” joʻram gaplarimni maʼqullab bosh irgʻab turdi.

Yosh edim, oʻqishga oʻtib olganligim bois andak havoyiligim ham bor edi, shu sababli ogʻzimga kelgan gapni oʻylab oʻtirmasdan aytib yubordim:

– Bunday kiyim-boshda Toshkentni egallab boʻlmaydi, joʻra...

Toshkentboy bu gapimni ham maʼqullab bosh irgʻab qoʻydi.

Shu bilan xayrlashdik.

Paxta terishga qoʻshni tumanga keldik.

Oʻttiz kun tilidan zahar tomadigan, har ikki gapning birida “Institutdan uchirib yuboraman!” – deb doʻq-poʻpisa qiladigan bir oʻqituvchi rahbarligida eshshakday ishlagach, avval uch kun yomgʻir ostida qoldik, keyin yomgʻir qorga aylandi.

Muzday shiyponda yotibmiz. Sovuq suyak-suyagimdan oʻtib ketgan.

Oʻzi sovuqqa yoʻqman.

Oxiri chiday olmadim.

Oʻqituvchilar almashib, keksaroq bir oʻqituvchi bizga rahbarlik qila boshlagach, shu kishidan bu yerdan atigi olti chaqirim naridagi uyimga borib kelishga izn soʻradim.

Baxtiyor aka ismli sochlari oppoq, muloyim bu oʻqituvchi meni shiypon tashqarisiga olib chiqdi, bir boʻralab yogʻayotgan qorga, bir tizza boʻyi loy yoʻlga qarab, oʻylanib turgach:

– Bu ahvolda uyga qanday yetib olasiz? – dedi.

Men esa, javob boʻlsa bas, uyga qanot bogʻlab uchadigan, qanotim hoʻl boʻlib qolsa, emaklab ham boradigan ahvolda edim.

Baxtiyor aka ahvolimni tushundi shekilli:

– Bu yoqqa yuring-chi, dedi.

Shiypon yonboshidagi ayvon ostida Baxtiyor akaning yigirma yillik shaloq “Gaz-21” mashinasi turar edi.

Domla mashinaga oʻtirib, meni yoniga chaqirdi.

Hayron boʻlib, kabinaga kirdim.

Bu mashina emas, traktor, yoʻq, haqiqiy tank ekan.

Xullas, “Gaz-21” vorillab-porillab, loylarda toyib-qiyshayib, kuchanib oldinga intilib, xullas, bizni katta yoʻlga chiqarib qoʻydi.

Baxtiyor aka ajoyib odam ekan. Meni qishlogʻimiz boshiga qadar olib borib qoʻydi-da:

– Qor toʻxtagandan keyin yerlar sal selgishini kuting, keyin barakka qayting, dedi.

Men yurak yutib soʻradim:

– Ungacha... javob berib qolishmasmikin...

Domla maʼyus kulimsiradi:

– Respublika toʻlmaguncha studentlarga javob berilmaydi... Televizorda svodkani kuzatib turing. Kuniga bir yarimdan beryapmiz, ajab emas yana oʻn kunlardan keyin planni bajarib qoʻysak...

Baxtimga, qor yana uch kun tinmadi. Tilinib-shilinib, qop-qorayib ketgan qoʻllarimni qayta-qayta isssiq suv solingan togʻorada ilitdim, oʻzim boʻlsa issiqqina tanchaning ostidan chiqmayman.

Ishqilib, ikki kun deganda odam boʻldim.

Ana shunda joʻram Toshkentboyning viloyat markazidagi shifoxonaga tushib qolganini eshitdim.

Hamishagiday, xasta oshqozoni pand beribdi. Kombaynda paxta terayotgan ekan. Rulni buraman deb zoʻriqqan shekilli. Axir bahaybat mashinani boshqarishning oʻzi boʻladimi... Buning ustiga u paytlar butifos degan balo bor edi. Joʻram boʻlsa daladan beri kelmaydi. Samolyotda bir yilda necha marta dori sepilsa, har safar dori dalada bayroq ushlab turgan...

Onamning bir-ikki dakkisidan keyin noiloj shifoxonaga bordim.

Toʻrt kishilik palataga beshta karavot joylashtirilgan. Mana shu ortiqcha, shundoq eshikka qadalib turgan karavotda yotgan ekan joʻram.

Toshkentboy negadir qop-qorayib ketibdi. Holsiz.

Hol-ahvol soʻradim.

Ichimga oʻziyam uch metr shlang tiqishdi, dedi u hazillashgan boʻlib.

– Ishqilib, endi yaxshimisan? – dedim.

Joʻram iljayishga urindi:

– Koʻz tegmasin, otdayman.

– Otday boʻl-da, joʻra, dedim unga dalda berishga urinib. – – Hali sen ne-ne shaharlarni egallashing kerak.

– Toʻgʻri, dedi Toshkentboy gapimni maʼqullab bosh irgʻarkan. Soʻng mutlaqo xotirjam tarzda qoʻshib qoʻydi: –Hayot endi boshlanadi...

Men bu bayonotga nima deb munosabat bildirishni ham bilmay qoldim. Hazillashyaptimi, deb razm solaman, yoʻq, joʻramning koʻrinishi jiddiy. Lablari shahd bilan qimtilganiga, koʻzlari bir nuqtaga qadalib turganiga qaraganda oʻta jiddiy.

Shu sababli gapni boshqa yoqqa burishni maʼqul koʻrdim:

Eng muhimi, yaxshilab tuzalib ol... Qolgani bir gap boʻlar...

* * *

Qor tindi, erib ham ketdi. Hammayoq bilch-bilch loy. Kun sovuq. Bunday sharoitda shiypondagi bolalarning qay ahvolga tushganini oʻylab ezilaman. Qaytib borishga esa yuragim dov bermaydi. Bormaslikning ham iloji yoʻq. Axir, oʻqishdan haydab yuborishlari mumkin...

Shunday ikkilanib yurgan kunlarimning birida Toshkentboyning shifoxonadan uyiga qaytganini eshitib qoldim. Yana onamning qistovi bilan Keldiyor akanikiga bordim.

Ancha ozib qolgan joʻram bilan quchoqlashib koʻrishdik.

Bir piyola choy ustida uyoq-buyoqdan gurunglashib oʻtirdik.

Tashqaridan mashinaning choʻziq signali eshitilib qoldi. Ikkovlon shoshib derazadan qaradik.

Darvoza yonida butun tumanga mashhur qora “Villis” turardi. Bu qoʻngʻizga oʻxshash mashinani ayniqsa ota-onalaru yosh yigitlar yaxshi bilib olishgan. Zero, qora “Villis” tuman “voyenkomi”ning, yaʼni tuman harbiy komissarligi boshligʻining xizmat mashinasi edi.

Hovlida kuymalanib yurgan Keldiyor aka shoshib mashina yoniga bordi.

“Villis”dan tushgan katta shapkali harbiy kiyimdagi kishi bir nimalar deb baqirdi. Men tanidim, uni oʻninchi sinfda oʻqib yurgan kezlarim, tuman markaziga tibbiyot koʻrigidan oʻtgani borganda koʻrgandim. Doimo qovoq solib, oʻshshayib yuradigan, gapirganda ham jerkib, ruscha gapiradigan bu basavlat odam maʼlumu mashhur “voyenkom” Togʻaboyev edi.

Asta derazani ochdim.

Odatiga koʻra Togʻaboyev rus tilida doʻq urmoqda edi:

– Sizga ikki soat muhlat!.. Mashina kelib olib ketadi!.. Bir minut ham ortiq berolmayman!.. Qanaqa shifoxona? Oʻgʻlingiz mutlaqo sogʻlom! Qoʻlimda tibbiyot kartasi turibdi!.. Harbiy xizmat bilan hazillashmang!.. Oʻgʻlingni topmasang, ustingdan jinoiy ish ochtirib, qamattirib yuboraman! Bu mening qoʻlimdan keladi! Men kerak boʻlsa raykomingga boʻysunmayman!..

Mashina eshigi qarsillab yopildi. “Villis” gurillab oldinga intildi.

Darvoza yonida bir lagan loyday boʻshashib qolgan Keldiyor akaga bir qarashdanoq hammasini tushundim: Toshkentboyni armiyaga olishmoqda edi.

Yodingizda bordir, oʻsha paytlari askarlar Afgʻonistonga yuborilayotgandi... Shundan qoʻrqdimi, shoʻrlik...

Qudratli “voyenkom”ning aytgani-aytgan, degani-degan paytlar...

Qolgani juda tez, hovliqish va shoshilish tarzida oʻtdi.

Keldiyor aka chopib kela-sola hovli adogʻidagi molxonadan ozgʻingina bir tanani yetaklab chiqarkan, derazadan moʻralab turganimni koʻrib qolgach, menga qarab baqirdi:

– Chop, Norjigitni topib kel.

Shu koʻchada turadigan Norjigit aka qishloqning old qassoblaridan edi.

Men Norjigit akaning uyi tomon oshiqdim.

Bir soat ichida tana soʻyildi, qaydandir paydo boʻlib qolgan beminnat hasharchilar yordamida ikkita uyga joy qilindi, sandiqda yotgan mayiz-parvardalar dasturxonlarga sochildi, Maryam xola qoʻshni ayollar bilan tandir-tandir patir yopishga kirishib ketishdi. Kim doʻkonga chopgan, nasiyaga ikki yashik aroq olib kelgan...

Axir, hazil gapmi, oilaning toʻngʻichi Toshkentboy armiyaga ketmoqda edi.

Shifoxonadan soʻng ozib-toʻzib ketgan, darmonsiz Toshkentboyning oʻzi katta las choponga oʻralib olgancha mehmonxonaning toʻrida oʻtirar, keksa-yosh maslahatchilarning armiyada oʻzini qanday tutishi kerakligi, “starik”lar bilan qanday olishish lozimligi xususidagi bosh-keti yoʻq, ayni paytda biri-biridan vahimali maslahatlarini odatiga koʻra bosh silkib-bosh silkib eshitardi.

Xayriyatki, xonadonda biron marta boʻlsin “Afgʻoniston” soʻzi tilga olinmadi.

Ikki soat ichida aroqning bari ichib boʻlindi, hatto yetmay qolib, yana oʻn shisha qarzga ham olib kelindi. Vaqt ziqligi bois qaynatma shoʻrva qilinmadi, Norjigit akaning oʻzi goʻshti hil-hil pishgan qovurdoq tayyorlabdi. Taomni mehmonlar maqtab-maqtab yeyishdi.

Togʻaboyev “voyenkom” oʻzi tayinlab ketganiday, ikki soatda emas, ikki yarim soatda yana oʻsha qoʻngʻizga oʻxshash qora “Villis”ida yetib keldi.

Mashina ichida Toshkentboy tengi yana bir yigitcha koʻzlari jovdirabgina oʻtirardi.

Togʻaboyev ichib olib, sal dadillashgan mehmonlarning shunchalik yalinib-yolvorishlarga qaramay ichkariga kirmadi, joyida oʻshshayib oʻtiraverdi.

Toshkentboyni boyagi jovdirab turgan yigitcha yoniga oʻtqazishdi. Oʻgʻli orqasidan intilgan Keldiyor akaga qarab Togʻaboyev bir oʻqraygan edi, dami ichiga tushib ketgan ota joyida qotdi-qoldi.

Men ham eshik yoniga borib, joʻramga:

– Yaxshi bor, deyishga ulgurdim.

Toshkentboy menga... allanechuk xursand boʻlib qaradi va:

– Armiya... yaxshi, dedi. Soʻng mamnuniyat bilan qoʻshib qoʻydi: – Hayot endi boshlanadi...

Keldiyor aka oʻkrab yigʻlab yubordi, Maryam opa izillab eriga joʻr boʻldi...

– Prekratit!

“Voyenkom”ning qahrli, guldiragan ovozda bergan buyrugʻidan soʻng birdan hamma jim boʻldi-qoldi.

Togʻaboyev anqayib qolganlarga yana bir bor oʻqrayib qaradi-da, haydovchiga oʻgirilib, navbatdagi buyrugʻini berdi:

– Poyexali.

“Villis” ketdi.

Mashina muyulishdan qayrilib, koʻzdan yoʻqolgandan soʻnggina oʻziga kelgan Keldiyor aka yana oʻkrab yigʻlab yubordi, Maryam xola yana izilladi...

Ozgina ichib, sal kayf boʻlgan, koʻzlari suzilib borayotgan Norjigit qassob Keldiyor akani quchoqlab olgach, chayqalgan koʻyi dedi:

– Moshin mendan, haydaydigan mard bormi? Oblsentrga borib, Toshkentboyni kuzatamiz.

Elchilik, mehmonlar ichida ichmagan, buning ustiga haydovchilik guvohnomasiga egalar ham bor ekan.

Xullas, eski “Moskvich”ga olti kishi oʻtirib ular safida Keldiyor aka bilan Maryam xola ham bor edi viloyat markaziga, Toshkentboyni armiyaga kuzatgani ketishdi.

Kelib, boʻlgan voqeani aytib bergandim, achinish bilan oʻylanib qolgan onam lab tishlab turdi-turdi-da, soʻng ishonch bilan:

– Kambagʻalning bolasi-da, kambagʻalning bolasi, dedi. – Boʻlmasa kecha balnisadan kelgan bolaga armiyada nima bor? Birovning oʻrniga ketgan bu, birovning oʻrniga... Biron amaldor Togʻaboyevning ogʻzini moylagan-da, bolasini olib qolgan... Oʻrniga bir bechorani yuborgan bu uying kuygur...

* * *

Oradan ikki yildan koʻproq vaqt oʻtdi.

Toshkentboy xizmatni Uzoq Sharqda oʻtadi. Undan ikki-uch marta xat oldim, bir marta javob ham yozdim shekilli. Bir maktubida u uch oyga yaqin harbiy qism shifoxonasida davolanganini, ichiga “aniq olti metr shlang yutganini”, shifoxonada yotganida matematika boʻyicha ruscha kitoblar oʻqiyotganini yozgani esimda bor.

Yangi yil arafasida qishloqqa kelib, onamdan Toshkentboyning allaqachon armiyadan qaytganini, shu kunlarda esa otasining oʻrniga brigadir boʻlib, dalada yaxob suvi quyayotganini eshitib qoldim.

Kech mahal koʻchada joʻramning oʻzini uchratib qoldim.

– Amallar muborak! – dedim quchoqlashib koʻrishib, hol-ahvol soʻrashganimizdan keyin. Hammasini qoʻshib yuvarkanmiz-da.

– Rahmat, dedi iljayib joʻram. – Otam qarib, ancha oʻzini oldirib qoʻyibdi. Bu yoqda ukalar katta boʻlyapti.

Darvoqe, Toshkentboyning sakkkizta uka-singlisi bor edi. Shu esimga tushib, beixtiyor tilim uchida turgan savolni berdim:

– Nima, oʻqishga borish niyating yoʻqmi? Hozir ham podkurs kech emas, armiyadan keyin indamay olishadi...

Joʻram maʼyus kulimsiradi:

– Sakkizta uka... Bari yeyman-ichaman degan payti... Men oʻqishga ketib qolsam, kim ularni boqadi?

Bu savoldagi temir mantiq meni oʻylantirib qoʻydi.

– Matematika... shahar... – deya chaynaldim men.

Toshkentboy jilmayib qoʻydi.

– Matematika qochib ketmas... Keyin... hamma shaharga ketaversa, podani kim boqadi?

– Har qalay, kuning podaga qolmagandir, – dedim men hazil qilishga urinib.

– Yoʻq, dedi joʻram kiyib olgan rezina etigiga ishora qilib. – Otamning oʻrniga brigadir boʻldim... Oʻzing aytganday, amaldorman... Rostini aytsam, yaxshi ish. Buning ustiga...

Shu safar men joʻramdan ilgariroq otni qamchilab qoldim-u, Toshkentboy aytmoqchi boʻlgan gapni aytib qoʻya qoldim:

–... Hayot endi boshlanayotgan boʻlsa...

Toshkentboy kulib yubordi:

– Toʻgʻri, hayot endi boshlanadi...

“Amaldor” joʻram bilan shu yerda xayrlashdik.

Toʻgʻri, ertasi kuni odatimiz boʻyicha uni “choy”ga chaqirdik, uy toʻla mehmonlar bilan qoʻshilishib, aroq ichdik. Ammo joʻram bilan iki ogʻiz gaplashishga ham fursat boʻlmadi.

Oila davrasida oʻtgan yangi yil bayramidan keyin esa oʻqishga qaytib ketdim.

Keyingi yili Toshkentboy joʻram uylandi.

Maryam xola turib olibdi: “Tezroq uyga bir yordamchi olmasak, bir oʻzim shuncha bolani hech eplay olmay qoldim...” Kelinni ham onaning oʻzi topibdi. Qarindoshining qizi ekan. Oyoq-qoʻli chaqqongina, uy ishlarida sochi supurgi, qoʻli kosov emish.

Oʻqishdan amaliyotga ketayotganligim bois toʻy arafasida borib Toshkentboyni tabrikladim.

Joʻram yanada ozibdi, qorayib ketibdi, koʻzlari kirtayib qolibdi, biqinini ushlab-ushlab qoʻyishiga, koʻzlari ostida paydo boʻlgan qoramtir halqachalarga qaraganda sogʻligʻi ham yaxshiga oʻxshamaydi.

Toshkentboy qutlovlarimni yerdan koʻz uzmagan koʻyi, indamay eshitdi. Nihoyat boshini koʻtarib menga kulimsirab qarab turdi-turdi-da, oxiri:

– Uylanish yaxshi, dedi. Mana koʻrasan, haqiqiy hayot endi boshlanadi...

Chin gapim, men shunday boʻlishini juda-juda istadim...

Ammo hayot deganlari beshafqat ekan...

* * *

Bir-birini quvib yillar oʻtdi.

Hayot ekan, har kimning oʻz tashvishi, oʻz quvonchi bor.

Oʻqishni bitirib, men ham oʻz tashvishlarimga andarmon boʻlib ketdim.

Xudoga shukr, sevib uylandim, farzandlarim bor.

Baʼzan, fursat topilganda soʻrab-surishtirib qolaman, gohida onamdan eshitib qolaman, har tugul, Toshkentboy haqida u-bu gaplardan voqif boʻlaman.

Toshkentboy joʻram oʻtgan oʻn yildan ortiqroq vaqt mobaynida juda qattiq ishladi. U yetti uka-singlisini uyli-joyli qildi, hammasining toʻyini birovnikidan kam qilmay oʻtkazdi. Eshitishimcha, har safar, biron ukasi yoki singlisining toʻyini oʻtkazgach, juda xursand ahvolda: “Qutuldim. Xudoga shukr. Hayot endi boshlanadi”, der ekan.

Ammo koʻpi bilan bir haftadan keyin navbatdagi toʻy tashvishi xonadonga asta kirib kelaverarkan...

Yilda bir-ikki marta biron toʻy yoinki maʼrakada uchrashib qolardik joʻram bilan.

Balki adashayotgandirman, ammo Toshkentboy koʻz oʻngimda ado boʻlib borayotganday edi. Ish, ish va yana ish... Joʻramning bilgani shu edi goʻyo. Uchta farzandli boʻldi. Ammo qachon izlasam, joʻram dalada boʻlardi. Yoz-ku, tushunarli, ammo qishda ham uni daladan topish aniq edi.

Men aniq bilardim, bu yillar mobaynida Toshkentboy biron marta boʻlsin shifoxonada yotmadi, kurortlarga, sanatoriyalarga bormadi. Zero, bunga uning vaqti ham yoʻq edi. U ishlardi, tinmay ishlardi...

Taqdir hazilini qarang. Toshkentboy joʻram oʻn yildan oshiqroq vaqt mobaynida brigadirlik qilgan, har yili rejasini oshirib bajarib kelgan yuz gektar yerga tumandagi kattaroq bir amaldorning jiyanining ishqi tushib qolibdi.

Fermerlik harakati paydo boʻla boshlagach, tender oʻtkazilibdi-yu, joʻramning yeriga daʼvogarlik qilayotgan amaldorning jiyani “Men oliy maʼlumotliman”, deb falon ball olibdi, “Mening shaxsiy traktorim bor”, deb yana falon ball olibdi, “Mashinam bor”, deb yana ball olibdi, xullas, Toshkentboydan koʻra koʻproq ball yigʻibdi-da, tender komissiyasi qaroriga koʻra yerni olibdi-qoʻyibdi.

Oʻziyam serhosil, suv boshidagi yer ekan.

Har yili Toshkentboy joʻram tonnalab mahaliy oʻgʻitni aravada tashigani, vaqtida yaxob suvi berib turgani uchun yer shoʻrlash nimaligini bilmagan, hosildorligini esa oshirsa oshirganki, yoʻqotmagan.

Kambagʻalning ovi yursa ham, dovi yurishmas.

Osmondan tushganday toʻsatdan paydo boʻlib qolgan yangi xoʻjayin joʻramning bu dalada ishlashiga roʻyxushlik bildirmaydi.

Toshkentboy joʻram yerga astoydil mehr qoʻygandi, yerga bogʻlanib qolgandi.

Joʻram kasal boʻlib yotib qoladi.

Qoʻrqib ketgan mushtipar xotin doʻxtir chaqiradi.

Doʻxtir joʻramga tuman markazidagi shifoxonaga yoʻllanma yozib beradi.

Yoʻllanma bir hafta deraza raxida yotadi.

Nihoyat ahvoli ogʻirlasha boshlagan, uzluksiz issigʻi chiqib, gʻarq terga botayotgan Toshkentboyni qoʻni-qoʻshnilar majburlab mashinaga yotqizib, shifoxonaga olib kelishadi.

Bu yerda joʻramni ikki haftaga yaqin davolashadi. Uyidagilar, uka-singillar Toshkentboyning holidan xabar olib turishadi.

Axiyri bu xabarni men ham eshitib qoldim va shifoxonaga bordim.

Palataga kirib, Toshkentboyni koʻrdim-u, qoʻrqib ketdim.

Bir burdagina boʻlib qolibdi-ku, shoʻrlik...

Gap soʻrasam, maʼyus kulimsiraydi, ahvolidan gap ochsam:

– Yaxshi... deb qutuladi.

Shunday keyin asta tashqariga chiqdim va uka-singillardan soʻray-soʻray, boʻlib oʻtgan gap-soʻzlarni bilib oldim.

Jahlim chiqdi. Palataga, Toshkentboyning oldiga kirib:

– Shuncha gʻavgʻo boʻlibdi, nega menga bir ogʻiz aytmading? – dedim.

Joʻram kulimsirashga urinarkan, koʻzlari gʻiltillab:

– Seni... bezovta qilgim kelmadi... dedi.

Shundan keyin unga yotigʻi bilan gap uqtirishga urindim:

– Tong saharda ishga ketasan, joʻra, yarim oqshomda qaytasan. Yoz demaysan, qish demaysan, qachon qarasang ish, ish, ish... Bunaqa hayotning... bunaqa hayotning onalarini palon qilsang arziydi... Qoʻy oʻsha yerni, sen ham bunday odamga oʻxshab dam ol, hordiq chiqar, bolalaringni shaharga olib bor, aylantir... Balki oʻsha yerni sendan olib qoʻyishgani yaxshi ham boʻlgandir bir tomondan... Balki hayoting endi boshlanar...

Toshkentboy menga diqqat bilan tikilib, pichirladi:

– Yoʻq, yomon boʻldi... Bola-chaqani shuning orqasidan boqib turibidim...

Men boʻsh kelmadim:

– Lekin qanday boqayotganding? Yashashdan maqsad bola-chaqa uchun oʻlib-tirilib bir burda non topish, xolosmi? Oʻzing qachon odamga oʻxshab yashaysan... Axir umr oʻtib boryapti. Dunyoga bir marta kelasan...

Xullas, yarim soatcha baqirib-chaqirib, oʻzimcha joʻramga nasihat oʻqigan boʻldim.

Joʻram gaplarimni indamay eshitdi. Faqat bir marta, men gap orasida: “Kerak boʻlsa yeringni qaytarib olib berishim mumkin”, degan mahalim menga yalt etib qarab qoʻydi.

Xayrlashmasdan ham tashqariga chiqdim-u, bosh shifokorni topib, joʻramga yaxshi qaramagani uchun xumordan chiqquncha soʻkdim.

Shu bilan oʻzim oʻzimdan mamnun boʻlgan koʻyi uyga ketdim.

Oradan uch kuncha vaqt oʻtib, Toshkentboyning ogʻirlashganini aytishdi. Avvaliga ishonmadim. Nazarimda, shuncha yil uzluksiz davom etgan ogʻir jismoniy mehnatdan soʻng nihoyat shifoxona palatasida boʻlsa hamki dam ola boshlagan joʻram qisqa fursat ichida mutlaqo sogʻayib, hayotga boshqacha koʻz bilan qaray boshlashi kerak edi.

Kechga yaqin ishdan chiqib, shifoxonaga bordim.

Joʻramga alohida palata berganini tinmay taʼkidlayotgan bosh vrach uning sogʻligʻi xususidagi savolimga javoban qoʻllarini ikki yonga yozgan koʻyi bosh chayqarkan:

– Kasallik oʻtib ketgan ekan, dedi hamdardlik ohangida. – Lekin nimanidir kutyapti bechora...

Palata shinamgina ekan. Hatto tumba ustida moʻjazgina televizor ham bor.

Bir qarashdayoq uxlab yotgan joʻramning ahvoli yanada ogʻirlashganini angladim.

Bemorning oppoq bolishi tagida qandaydir kitobning bir cheti koʻrinib qolganday boʻldi. Sekin egilib, kitobni oldim. Bu matematika boʻyicha darslik edi...

Tomogʻimga nimadir tiqilganday boʻldi.

Nogoh Toshkentboy seskanib koʻz ochdi.

Uning nigohidagi cheksiz armon, sogʻinch, iztirob va alamni his qilarkanman, beixtiyor yuragim orqamga tortib ketdi.

– Joʻra, dedim salom-alikni ham unutgan koʻyi hayajon bilan, – Gaplashdim, hal qildim, yer oʻzingga qoldi. Hech oʻylanma. Sen oʻzing fermer boʻlasan. Traktor ham sening nomingga rasmiylashtiriladi.

(Illo, men yolgʻon gapirmayotgandim, joʻramning yerini olib qoʻygan amaldorni ham, uning tantiq jiyanini ham yaxshi tanirdim, ularga poʻpisa qilib qoʻymoqqa haddim sigʻardi, ammo orani buzib qoʻymay degan hadikda to shu kun ularga bir ogʻiz gap aytmagandim).

Shunda... shunda joʻram Toshkentboyning avvaliga ogʻir soʻlish olganini, soʻng koʻzlari chaqnab ketganini, quvonchdanmi, koʻkragi koʻtarilib tusha boshlaganini koʻrdim-u, “Shoʻrlik intizor boʻlib kutgan yangilik balki shudir”, degan tusmolli oʻyga bordim.

Joʻramning qaqroq, yorilib ketgan lablari qimirlaganday boʻldi. U nimanidir shivirlashga urinardi.

Men engashib, qulogʻimni joʻramning lablariga yaqin olib bordim.

– Hayot... hayot endi boshlanadi... shivirladi Toshkentboy...

Bu uning oxirgi soʻzlari edi...

Shu soʻzlar bilan bir insonning umr shami soʻndi...
Abduqayum Yoʻldoshev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Hayot endi boshlanadi