14:55 / 04.10.2018
7 236

“Bozor dunyo” yohud erini oʻzgaga nikohlab bergan ayol iztirobi (1-qism)

“Bozor dunyo” yohud erini oʻzgaga nikohlab bergan ayol iztirobi (1-qism)
Kishiga nasihat qilmoqqa zamonning oʻzi kifoya qiladi. Hadisdan.

Bozor. Qisqa muddat tin olgan bu markaziy bozor soʻfi obdasta koʻtarmasdan yana jonlandi. Uning chor tarafiga turli xil gʻiyqilloq, eski mashinalar alagʻda-jon yetib kelib, inqillib jon taslim qila boshladilar. Hozirda kuchga toʻlgan, navqironlik kezida avtopoyezd deganlari allaqachon darvozalar yoniga tirband boʻlgan. Kabinalaridan aft-angori gezargan, ayoz yutib qaltirayotgan kimarsalar toʻnu fufaykalarga burkanib, qimtinib, hamon yerga tushishga yurak betlamay oʻltirishibdi. Son-sanoqsiz aravachalar yelka surib, uloq taloshiga qistalang, mast-alast otlarday dimlanmoqda. Ulgurji savdo avjlanyapti. Ot kimniki — minganniki, xoʻrda kimniki — urganniki, losh kimniki — tortganniki, qop kimniki — surganniki… Kaltak — gʻoʻraniki, pul — toʻraniki… Bozor degani shu — tort-tort dunyo…

Qayerdan bino boʻldi shuncha olomon, xuddi yerdan potirlab chiqqan qoʻziqorinday odam bosdi bozor atrofini… Aksariyat bolalar, ayollar… Bozor yon-veridagi doʻkonlar, choyxonalar, oshxonalar ichi gʻij-bij odam ekanmi, osmondan yoqqan qumursqalarday toʻldirdi goʻshalarni. Koʻzini ishqalagan, kerishgan, yoʻtalgan, ogʻzi yirtilay deb esnagan ahli zamona ayni shu yerda. Ketiga sovuq suv urib kelganlar chorsisini yozadi, yuzini hoʻlla-ganlarning koʻzlari olazarak. Kimdir non kavshaydi, oshqozon ham birga uygʻongan boʻlsa nima qilsin, balki oldinroq uygʻongandir… Ogʻziga narsa tiqayotganlarni koʻrgan faylasufnamo soʻzamollar “buni qarang-a, xayriyat, odamning qornini ham molnikiday qilib qoʻymagan ekan, yeb tursa nima boʻlardi-a?” degancha miya charx-laydilar. Gʻaflat uyqusidan uygʻonasolib, ogʻziga zahri qotil tiqqanlarni aytmaysizmi? Allaqachon oʻrama qogʻoz-larda erigan noslar axlat kabi oqmoqda. Halizamon shaharga jon kirib, naʼrasi tezlashib boryapti.

Maʼlum fursat kechgach, bozorning ichiga odam toʻlqini dengizday yopirildi. Nimrang tun tongga oʻrin bergisi yoʻq. Odamlar “viz-viz”. Koʻr er-xotin yetaklashib, birida rubob, birida childirma, oʻz oʻrniga shoshilgan. Xotin ovoz chiqarib, tomogʻini sinab koʻradi. Eri rubobni hali toʻrvasidan chiqaradi, hali soladi. Tilanchilar qoʻl va yelkalarini uqalamokdalar. Pattachilar qoʻllarini ulardan-da oʻtkazibroq qashishadi. Doshqozon qaynashga kelmoqda. Tunda yaxshi uxlagan yoxud kechani orombaxsh oʻtkazgan kishilarning kayfi chogʻ, xaridor chorlab, sayrab, guvillab osmonga oʻrlayotgan doshqozon tovushiga sayqal beradi. Guvillagan bu sasga yangi yopilgan nonlar-ning anvoyi hidi, hamon uyqusirayotgan bolalarning goʻshtkuydi tandirlariga yoqib yuborgan oʻtidan koʻtarila-yotgan qora tutun, kabob koʻralardan buruqsayotgan oʻtkir hidli oq tutun, bir tomondan nos, ikkinchi tomondan baliq sassigʻi omuxta, allaqachon burun va tomoqlarni karaxt etdi. Joy talashib, yoxud dafʼatan kirib qolgan notavon dehqonning qopini tortib jiqqamusht boʻlayotgan, ovozi oʻtkir, ogʻzi shaloq bozorchi xotinlarning shangʻillashi, saharmardonda ayrimlarga noxush boʻlsada, bu holga koʻnikib ketgan bozor ahlining gʻayratini qoʻzgʻa-moqda edi.

Kaniza avtobusdan tushdi, avtobus oʻlgur ham erining quchogʻiga mixlangan ochofatlarning kasriga kech yetib keldi. U joyiga shoshildi. Uch kundan beri kechki pomidor sotadi. Tuzlovchilar koʻp. Hozir, shu xaridorgir. Kechagina kartoshka sotayotgan edi, kartoshkachilar bozorni bosib ketdi. Shuncha torozidan urmasin, toʻrtta nonga pul chiqmaydi. Odamlarning ham choʻntagi qurib qolyaptimi, kim biladi, sotuvchi mingta, oluvchi bitta. Kechga qolganiga kuyinib, yelka kuragi tortishib, qaqshab turganiga qaramay, joyiga yetib kelganda, biroz koʻngli taskin topdi. Sherigi — shaharlik Salima opa, yaxshi, ulgurji pomidordan unga ham olibdi. Yashiklarni joy-joyiga qoʻyib, pomidorlarni koʻzdan kechirib, sotishga tayyorlar ekan, engashsa, tursa, kuragi muz, tortishib, choʻgʻ bosishni xohlayotgandi. “Erkaklarni yer yutib ketsa boʻlmasmikin-a? Ishing boshshingdan qolgur, paypaslamay oʻl, alkash, eshshak… Yoz, issiq boʻlsa ham goʻrga ekan”.

Kaniza oyogʻining muzlaganini xis qildi, chapiga tayanib, oʻngini nomiga yerdan uzdi. Baribir, oyogʻi muz qotardi. Shippaklar isitarmidi? Shunday sovuqda maxsi zoʻrgʻa ilitar. “Yarimta non topish qoʻlingdan kelmaydi, qorning ochtoʻq, padari laʼnat”. Suvni sal ilitib yuvinay desa, oʻt yoqish kerak, aftobusga kech qoladi. Bitmagan, yangi uyining teshiklaridan izgʻirin “salom” deb turib-di. Sovuq ich-ichiga oʻtib ketdi. Oshiqmay yer yutsin qay-nona-qaynotasini ham, bitmagan uyga haydashdi. Anovining yurishi shu — yurmaydigan, oʻlaksa mashinasining tagidan chiqmaydi…

— Ha, egachi, nimalar deb shivirlayapsiz? — xayolini boʻldi sherigi Salima opa.

— Yoʻq, oʻzim.

— Nima, xoʻjayin…

Kaniza yelkasining ogʻrigʻiga karamay sal iljaydi.

— Sizday xotinni qoʻyib qoʻyarmidi, jonidan? — xa-yolida bir narsalardan taʼmalanib soʻz qichadi Salima. — Voy-yey, shundoq puldor boyvachchalarning arzanda xotini boʻladigan odam qishloqda bola-chaqa boqaman deb yursangiz-a?

Kaniza, yana kechagi gapini boshlayapti bu xotin, deb oʻyladi-yu, kech qolganda pomidor olib qoʻygani bois qattiq tekkisi kelmadi. Hozir Kanizaning xayoli boshqa narsalarda edi. Qachongacha bunday boʻlarkin? Pul topish kundankun ogʻirlashib ketyapti. Kuzning oxirgi oyiga oʻtildi. Maktabga boradigan ikki bolasining ustiga zoʻrgʻa amaltaqal narsa topib berishdi. Uydagi bor nar-sa — mevachevayu sabzavotu nima qoʻlga kirsa qolmadi. Hatto bir-ikki qop qishga asrashga yoyib quritilgan piyozni ham sotdi. Endi, bu yogʻi nima boʻladi? Anov yer yutkur, koʻchakoʻyda laqillab gap sotgani-sotgan. “U yoq-bu yoqqa ketaman” deb bir yildan beri boshni ogʻritadi. “Ketishga ham pul boʻlish kerak-ku” deydi, sangʻigani-sangʻigan. Choʻlda sherikchilikka yer ekaman, deya yoz boʻyi yurdi, oxiri qovun-tarvuzning palagi oʻlib ketganini bahona qilib qutuldi. Oʻsha yoqdan keltirgani yarim pritsep sariq sabzi boʻldi. Mana, bir yilda topgani. Bu yokda uch xona oldi ayvon qilib boshlangan uyning polsiz bir xonasida oʻtirishibdi. Qish kelyapti, hali pechka oʻrnatilgani yoʻq.

Kaniza bozorchilikni oʻzicha boshlamadi. Qimirlamasa, tirishmasa — ochdan oʻlishar, agar? Sut-qatiq sotib yurganlarga qoʻshildi. Tayyor avtobus. Mahallaning sutqatiqchilarini tashiydi. Mana, shu yil yozigacha yelkala-ri mayishib, domlar orasida sut-qatiq, tuxum sotdi, baqira-baqira tomogʻi qirildi. Biri ikki boʻlmadi. Sheriklarining gapiga qaraganda, oldingi yillar tuppa-tuzuk pul topish mumkin ekan, borgan sari, ayniqsa, bu yil qurgʻur sut-qatiq ham oʻtmayapti. Yurib-yurib Kanizaning oyoqlaridagi kiyimi toʻzidi, topgani, sut-qatiq egalarining pulini bergach, non pulidan oshmaydi. Avtobusning kirasi ham malol keladigan boʻldi. Shuni sezdimi, Sattor oshqovoqning oʻgʻli Mutal haydovchi bir kuni avtobusda yakka qolganda nima deydi deng, shilqim, oʻl, kechasi chiqib tursa, bepul yurar emish, betingdan buzulgurni gapini qarang!

Bu ish boʻlmadi. Kaniza oʻzini bozorga urdi. Bozorni uyidan, hovlisidan chiqayotgan narsalarni sotishdan boshladi. Bir hafta deganda, bozorchilikning hadisini oldi, pastu balandini oʻrgandi. Bu yerda talashib-tortishib kun koʻrar ekansan, halol-harom demas ekansan, aldasang seniki, aldamasang birovniki ekan. Xaridorgir molga ot, pulga chang solar ekansan. Koʻzing oʻynab, birov olayotgan pulga suqing kiradigan boʻlib qolarkansan. Sen bilan savdolashgan xira odamlarni, zakonchilarni oʻldirging kelarkan, oʻzing singari bozorchilarga Xudo urishni tilarkansan, birovning choʻntagidagi moʻmay pulni koʻrsang esing ogʻarkan, ancha-muncha harom-xarishning farqi qol-mas ekan. Oʻzingni sotvorging keladi baʼzan. Sotayotganlar yoʻqmi, sotishyapti ham… Oʻsha maqtanchoq, behuda oʻziga ishonib, bino qoʻyadigan, ikkita temir tishidan boshqasi sap-sargʻayib ketgan, nosdan ogʻzi buruqsab turadigan oʻlaksaning quchogʻida yuribdida, gul yuzini sargʻaytirib… Bu yerda qosh-koʻzini suzayotganlar qancha? Hoʻv anovi soʻtak hozir yoniga yana keladi. Qarab-qarab qoʻyyapti. Uy olganmish. Yaqinda mashina olarmish. Kaniza xoʻp desayoq boʻldi, dunyoning u chetiga ham ketaverarmish. Topgani Kanizaniki emish. “Davay” desa bozorda har kuni topgan puli Kanizaniki. Goʻlayib turib, “xotin, bola-chaqam yoʻq” deydi. Shu yerlarda ivirsib, kovak-kandiklarda yotib yuradi. Xotini koʻz yoshi qilib, roʻmoli uchini tishlab, pul olib ketib turadi. Yolgʻonni yamlamay yutadi, yer yutgur. Uzokdan xotini mayshayib, oqsoqlanib koʻrindi deguncha, uni bir chetga tortadi, aldab-suldab joʻnatadi. E, bunaqangi afirislar, tayini yoʻqlar toʻlib yotibdi atrofida…

Erkaklarga hayron qoladi. Gʻami pulda, koʻzi olma teradi. Shunday yaratgan ekanda. Ana, sulloh yana shu yoqqa yurdi. Kaniza teskari burilib oldi. Yelkasi boʻyin aralash sanchdi, boʻyni tolganga oʻxshardi. Ishqilib, kallasi burilmay qolmasaydi? Qorni ochib, koʻngli ozdi. Sullohning yetib kelganini his qilib, Salima opa tomon siljidi. Yaxshi, anov yoʻl-yoʻlakay bir tanishi bilan koʻrishib, gaplashib qoldi. “Oʻsha olib ketsa edi”, baribir sulloh keldi, prilavkaga tayanib:

— Qalay endi, qora magʻizim, xoʻjayin yaxshi ekan-mi? — rashknamo gap uchirma qildi.

Kaniza indamadi. Uning oʻrniga Salima:

— Kuyov degan shu mahalda quruq safsataga keladimi, uyat-ye, — dedi va Kanizani turtdi. — Kelinni qorni surnay chalyapti.

— Ie, iye, ana xolos. Toʻgʻri aytasiz. Kalla qurgʻur ishlamaydi-da, — deya burildi sulloh. — Hoy bola, obke pirajkani bu yoqqa.

Bola shu zahoti yetib keldi.

— Beshta pirajka ber, — dedi u, — qanchadan oʻzi narxi?

— Kartoshkali, yigirma besh soʻmdan.

— Muncha qimmat qivording? Boʻpti, pulini hali olasan…

Bola koʻnmadi. Tirxashlik qildi.

— Hoy bola, hoʻ-oʻ-na joyim, bilasan-a? Oʻsha joyga oʻt, beraman, — dedi sulloh va Kanizaga pirajkalarni uzatdi, bittasini oʻzi ogʻziga soldi. — Yeyveringlar, menga bitta boʻladi, hali quling oʻrgulsin qoʻy yogʻida shoʻrva ichganman, ikki porsi manti ham yedim. Uziyam uch choynak choy ichdimmi?..

Salima bilan Kaniza ikki donadan pirojkani zumda yeb qoʻydilar.

— Hoy, kuyov, — dedi hazilga olib Salima tagʻin. — Kelinga sovuq oʻtib ketibdi, oyogʻidagini qarang, qanaqa kuyovsiz?

— Xix-xix-xix… Soʻlahmon, pullari taxmon, suvga pishgandir-da?! — Soʻtakni uzoq yoʻtal tutdi, oxiri qizarib-boʻzarib, boʻgʻilgan ovozda yoʻtal aralash: — Obbera-miz, pransuzskiysidan, sonlariga oʻt qalavoradiganidan…

Suyuq suhbatga xaridor chek qoʻydi. Salima oʻn kilo pomidor sotdi. Sulloh Soli sariq ancha vaqt ishshayib turdi, soʻng ketdi.

— Ogʻzingdan suving kelmay oʻlsin, — dedi Salima va afti burishgan Kanizaga oʻgirildi, — inkubassani oʻylayapsizmi, bir qarorga keling endi. Yurasizmi, kam-bagʻal boʻlib, pulni tagida qolasiz. Bozorni yelkamning chuquri koʻrsin deb, yayrab-yashnab, kami koʻstingizni bitirib olasiz. Homilador boʻlganingizdan keyin har kuni pul olib tursangiz ham boʻlaveradi. Qiyinchiligi toʻqqiz oy ekan, tugʻasiz, topshirasiz, hech narsa boʻlmagandek ketaverasiz. Xursandchiliklaridan pulu tilloga koʻmib tashlashadi sizni. Eru xotin oʻzi xohlaganidan keyin oʻylanib oʻtiradimi, odam? Oʻzlari boqishadi, tugʻib bersangiz boʻlgani. Xotini Nozimaxon juda esli xotin. Yon qoʻshnim-da. Oʻn uch yildan beri farzand yoʻq. Bormagan, qaratmagan joylari qolmadi. Ayb xotinda. Eru xotin apoq-chapoq. Ajrashgani koʻzi qiymaydi. Voy, oʻshandoq uy-joylarni birov tashlab ketadimi-ya?! Boʻy yetgan qizim boʻlganda, dod desayam, voy desayam oʻrab-chirmab olib kirib berardim. U bolani koʻngli nozik. Erini aytyapman. Pul demagan, obroʻ demagan, mashina, ulfat-doʻst oʻshanda. Professorni bolasi-da. Oʻntami, yigirmatami magazini bor, zapravkasiyam bitdi. Pulga koʻmib qoʻyadi sizni. Nima, birga yasharmidingiz? Nikohlaydi, besh-oʻn kun rov borib-kelib turasiz, qarabsizki, yopishadi-qoladi. Keyin ketovrasiz, tugʻib bersangiz boʻldi-da, pulni tagida qolasiz…

— Mendan boshqa qurib ketibdimi, Salima opa? — dedi Kaniza boshini bir yoqqa tashlab choʻzinib, boʻyin ogʻrigʻi azobida, aslida u bu gaplarga ishonmasdi…

— Voy Kanizaxon, sizdan boshqasiga unaydi deysizmi, u juda karranda, boy, nima deyapsiz? Sizga bildirmay necha marta koʻrib, zoʻrgʻa koʻndi, — goʻyo zardali xulosa yasadi Salima. — Baxt qushingizni uchirmang… Kambagʻalni bekorga kambagʻal qilib qoʻymaydi, oʻzi. Oyogʻining tagida tillo tursa tepalab oʻtadi.

Kuzning kuni qisqa. Yaxshi, pomidorlar sotilib boʻldi. Salimaning pulini berdi. Oʻziga sakkiz yuz soʻm qoldi. Kaniza toʻrtta non olib, avtobusga oʻtirdi. Ogʻriq endi butunlay belidan boʻynigacha oʻrab oldi. Avtobus “diq” etdi, joni zirqillaydi. Ioʻl ham bir uzayib ketdiki, bora sola yotib oladi. Non oldi. Ovqatga yogʻ ham yoʻq. Bir gap boʻlar.

Oʻgʻli va qizi koʻchada oʻynayotgan ekan. “Non” deb yugu-rishdi.

— Uyga kiraylik, — dedi qiziga, — toʻrtta nonni yeb boʻlishdingmi? Yo hamma bolalarga boʻlib berdilaringmi?

Xaltasini ushlab kirgan qiziga non ushatib berdi. Oʻgʻliga ham. Oʻzi toʻshakka yonboshlab qoldi. Bir ozdan soʻng dildirab isimagach, oʻgʻliga:

— Bor, yogʻ baklashkani olib kelchi, — dedi, — oʻla, bir hoʻplam qolgan boʻlsin, ishqilib…

Idishni qoqishtirib, yelkalariga surkatdi. Xonadagi sovuq suyagini zirqiratardi. Tez kiyinib oʻranib oldi. Yaxshi, ulgurib qoldi, oʻranayotganda chiroq ham oʻchdi. Yon-veriga bolalar choʻzildi.

Yarim kecha edi chogʻi, eri keldi. Eshik oldida oyogʻini qoqdi va ichkariga kirdi.

— Hey, ovqat qildingmi? burchakdagi qozonni ochib koʻrdi u, timirskilanib non topdi-da, kavshashga tushdi.

Uxlab-uxlamay, joni orom topmayotgan Kaniza alamini ichiga yutdi. Tishini-tishiga qoʻydi. «Bu ablah bilan yashab boʻlmaydi. Ajrashish kerak. Ikkita bolasi boʻlsa boqib oladi, baribir oʻzi boqyapti. Padar laʼnati yurgani-yurgan. Bir mundoq erkak kishiga oʻxshab gʻam yesa ekan? Anov falonchilarni eri tuppa-tuzuk topib-tutishyapti-yu? Gap sotmay yergina yutgur! Qorni toʻysa boʻlgani. Qayokdan ham shunga tegdi? Onasi-da, narigi mahalla, koʻzimni oldida boʻladi, deb qildi, uni shu haromxoʻrga. Aka-ukalari tuppa-tuzuk, bu esa nosqovoqqa nos bormi… He, oʻl! Yergina yutsin sani. Hali koʻrasan, shaharga ketib, yoʻlimni topib ketmasam, otimni boshqa qoʻyaman. Ochdan oʻlib ham ketasan hali men boʻlmasam…

Salima opa oʻlgur ham hadeb inkubassa, inkubassa demasdan tuzukroq odam topsa, oʻshani etagini ushlardi. Uni ham topgan gapi shu. Qurib ket. Inkubassang boshshingdan qolsin. Nikoh oʻqitarmish, bola boʻlgunga qadar birga yotib yurarmish, keyin tugʻib berib, ketaverarmish… Katta toʻlaydi, deydi. Nimani toʻlaydi? Hozir hamma erkak bir goʻr, aldasa boʻldi. Huzuringni koʻrib olsa hisob. Afirisdan koʻpi yoʻq hozir. Anov soʻtak ham sho-lipoyaga bir suv qoʻyib olsa, boʻlgani. Koʻzlagani shu. Bitta mardiga uchragan edi-yu, qoʻldan chiqardi. Yonidagi piyozchi juvon urib ketdi.

Qimir etsa joni ogʻrib, tong ottirdi. Bozor bormasa boʻlmaydi. Nima yeb, nima ichishadi? Tishini-tishiga qoʻyib uydan chiqib ketdi. Bozor yana shu. Guvillagani-guvillagan. Kechgacha pomidor sotdi. Oxiri bir yashik qoldi. Salima opa tez tugatdi. Tushdan keyin uyiga ketdi. Negadir, u qaytib keldi. Bu payt Kaniza galstuklik xira bilan olishayotgan edi. Xira bir yashik oxirgi pomidorni xaltalariga boʻshatib, yuz soʻm berib ketyapti. “Toʻxtang, nima deyapsiz? Oʻrniga qoʻying” desa, “Bozordan yoʻqotaman”, emish. Ie, oʻzing kimsan? Doʻq-poʻpisa bilan qanaqadir knijka koʻrsatib xalta toʻldirasan, yaramas. Salima opa qoʻshilgach, oxiri galstukli shlyapa pomidorni yerburun toʻkib tashlab, “Ertaga bozorga kirib koʻrgin…” deya doʻq urgancha tupurib ketdi. Ka-nizaning yelka ogʻriqlari ham unutildi. Qargʻana-qargʻa-na pomidorlarni yashikka terib soldi. Qani, bitta odamning rahmi kelsa. Yaxshiyam, shu Salima bor.

— Oʻzingizni bosing, bu iflosning tirikchiligi shu.

— yupatdi uni Salima, pattachilardan ham oladi, bozor-qoʻmga xarajat qildiradi, yer yutkur!

— Chatanagʻini kerib qoʻyaman, endi kelsin. Qoʻrqadigan enasini qornida! — hamon ovozini pastlatmasdi Kaniza.

— Bunaqalar koʻpayib ketdi, — xulosaladi Salima.

— Keling endi, boshini oʻzi yesin, parvo qilmang, — deya xaltasidan yangigina ayollar etigini chiqardi.

— Yomgʻir, havoni qarang, mana buni kiyib oling, shu havoda shippakda yurib boʻladimi, rangingizni koʻring…

— Nimaga kiyaman? Kim berdi buni?

— Kiy degandan keyin kiysangiz-chi?! Xudoni mehribonchiligi. Qoʻshnim berdi. Nozimaxon hali oyogʻingizni koʻrib ketgan ekan. Shunaqa, sizga bildirmay xabardor boʻlib turadi. Xudo degan qiz ekansiz. Kundoshingiz biram mehribon. Oʻz qoʻli bilan koʻtarib chiqibdi. Mana bu jemperni ham kiyib oling, — Salima yana bir ohorli, qalin, qishda ham kiysa boʻladigan uzun tovus suratli jemper chiqardi. — Hali shoshmay turing…

Etikni kiygan Kaniza jemper yengiga qoʻl tiqarkan, oyogʻining shu zahoti iliganini his qildi. Yon-veridagi bozorchilar Salimaga:

— Singlingizni yasatyapsizmi, ha, kuyov topdingizmi, deyman, — deya hazil-mutoyiba qilishdi.

— Ha, oʻzim kammanmi, ancha-muncha kuyovdan, — javob qildi Salima.

“Qutlugʻ boʻlsin” koʻpaydi.

— Endi, — dedi Salima yonidan pul chiqarib sanar-kan, — bir, ikki, uch… Mang, oʻn ming pul, egachi. Bu ham sizga. Qani, qoʻlingizni koʻtaring. Xudo bizga ham bersin.

Kaniza pulni darhol oldi.
Tilavoldi Joʻrayev

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Bozor dunyo” yohud erini oʻzgaga nikohlab bergan ayol iztirobi (1-qism)