22:17 / 04.10.2018
9 005

“Bozor dunyo” yohud erini oʻzgaga nikohlab bergan ayol iztirobi (2-qism)

“Bozor dunyo” yohud erini oʻzgaga nikohlab bergan ayol iztirobi (2-qism)
— Bugun qoling biznikida, — dedi Salima.

— Yoʻ-oʻ-oʻq, bormasam bolalar bor…

— Mayli, ularni tinchitib, bir-ikki kun qoladigan boʻlib keling.

— Mana bu bir yashik pomidorni olib koʻyinglar, qizlar, — atrofga murojaat qildi Kaniza va bir yashik pomidorni dast koʻtarib, qoʻshni bozorchi xotinlar yoniga keltirdi. — Shuniyam sotib koʻyasiz.

— Voy, tovba, oʻzimniki turibdi hali, hoziroq avtobusiz ketmaydi-ku, — eʼtiroz bildirdi bozorchi xotin.

— Ketadi, — dedi qatʼiy Kaniza, xaltasini tez olib Salima opa bilan chiqib ketishdi.

— Somsa yeymizmi? — dedi xomtama boʻlib Salima, issiqqina somsa oldidan oʻtisharkan.

— Mayli, — oʻsha yoqqa burildi Kaniza.

Ular somsa yeyishga tushdilar. Issiq koʻk choy ichish-di. Kanizaning ichiga issiq yugurdi. Joni orom oldi. Yelkasining ogʻrigʻi oʻz-oʻzidan barham yedi. Ezib yomgʻir yogʻmokda edi.

— Kanizaxon, mening gapimga kirsangiz, kam boʻlmay-siz, — choy hoʻplarkan soʻz qotdi Salima.

Kaniza xoʻp boʻladi, degandek bosh irgʻadi. Hozir uning xayoli Salimada emas, kecha tunda ogʻrib yotib “E, hozir birovga birov pul beradimi, inkubassaga balo bormi?” deb oʻylagandi, u ham aldaydi-da, hech boʻlmasa ellik ming bersa ekan, degandi. Demak, berar ekan. Kaniza nimadan qoʻrqadi? Oʻsha mishiqi eridanmi? Oʻsha haydab chiqargan qaynona-qaynotasidanmi? Oʻtaversin, Kaniza bilganini qiladi. Qay biri mehribonchilik qilib oyogʻiga issiq etik, ustiga ming yildan beri yetinmay yurgan jemperni kiygizib qoʻydi?i Qaysi biri? Kim unga oʻn ming pul berib qoʻyibdi? Oʻsha opasimi, maktabni man-man degan direktorining xotinchasi? Dadasimi, nomiga fermer? Qaysi biri? Toshini teraversin.

Salima Kanizaga hayron boqdi. Gapimni eshitmadi, shekilli, deb oʻylab yana qaytardi:

— Kanizaxon, men bir narsani bilmasam qilmayman. Aqlingiz yetgandir-a, qanaqangi odamlar ogʻiz ochyap-ti…

— Boʻpti, — dedi Kaniza. — Turdik.

Somsaning pulini sekinroq yurib borsa-da, noiloj Salima toʻladi. “Pishshiqqina bor, bu qishloqi oʻlgur, — koʻnglidan oʻtkazdi u. — Hali bu qirchangʻi adabginangni bermasa edi, Nozima qoʻshni. Nima qilsin, Nozima quloq-miyasini yeb qoʻliga beryapti. Eridan koʻra bu astoydil. Tinchgina oʻtiribsan, senga nima-ya, xom sut em-gan banda. Ering aytganda ham nafasini oʻchirmaysanmi? Ishqilib, bu gado kuningni koʻrsatmasada!”

Bu gapni Nozima uch-toʻrt oydan beri ogʻzidan qoʻymaydi. Yen qoʻshnisi emasmi, chiqqani-chiqqan. Oʻtgan yildan beri harakat qilishadi, tuzukroq bir xotin topilmaydi. Bitta-ikkita topganlari eriga yoqmayapti. Hoji oʻlgurni koʻngli ancha-muncha bitliqini xohlamaydi. U kishim afifasini qoʻmsaydilar. Tugʻib bersa boʻldi-da. Chiroyiga non botirib yermikin? Nima deysan endi? Bolalar uyidan bitta-yarimtasini olib, boqib olishsa boʻladiku. Unga ham noz qilishadi. Harom-sarom bolalardan kim chiqadi-yu, kim boʻladi, deb oʻylashadi.

Mana shu qoramagʻiz qishloqini poshshomizning koʻngillari tusab qolibdi. Bugun bir kun uyiga erta boray deb borgan edi, yana Nozimaxonim sepini yoydi. Qoʻshning tinch, sen tinch deb shuni aytishsa kerak-da. “Kechagi sovuqdagi ahvolini qarang, mana bularni olib boring, unamasa unamasin, xayri Xudo, oʻzim bir kiyib, kiymay qoʻyganman” deb qoʻyarda-qoʻymay joʻnatdi. Yana oʻn ming soʻm bergani-chi? Salimaga bermaydi. Yoʻq, Salima, noshukur boʻlma. Qoʻshni boʻlsa shunchalik boʻladi. Nafslamirini aytganda, qoʻshnisi ikkovi ham yaxshi, umrlarini bersin.

Salimaning kuyganiki, Nozimaning yegani oldida, yemagani ortida, shahzodadek suqsur boyvachcha erining davru davronida tillosi bijib, aytgani-aytgan, degani-degan davron surib yuribdi. Eri bola, farzand deb oʻlib qolayotgani yoʻq. Nozimaga nima balo ekan? Ering aytganda ham alda, quchogʻini boʻshatma, juvon oʻlgur. Ogʻzingdagi oshingni oldirib oʻtirsang edi, hali mulla mushuk boʻlib. Qayokdan bilasan, bu bozorchi qishloqilar nima oʻylab, nimani netib yurishibdi? Mol sirtidan yaltillab koʻrinaveradi. Xudo biladi, ichida nima bor? Odamlarga ham hayron qolasan. Nimalarni oʻylab, nimalarni qilishmaydi-ya? Qilsa, qilsin-ye, Salimaga nima? Oʻzla-ri qilib, shoʻriga shoʻrva toʻkib oʻtirishmasa boʻlgani. Mol-davlat nimalar qilmaydi. Ichlarini gupurtirayotgan boʻlsa kerakda.

Salima pulni toʻlab, oshxona ayvoni oldida yomgʻirdan saqlanib turgan Kanizaning oldiga keldi.

Hali avtobusga ancha bor, aylanaman, — dedi Kaniza.

— Mayli, men boray. Egachim kutib oʻtiribdi. Xursand boʻldi, deb aytib koʻnglini tinchitib qoʻyaman, — xayrlashdi Salima.

— Keyin yana beradimi? — soʻradi Kaniza.

— Beradi, siz mening gapimga kiring, hali shunday beradiki, bu nima? Ertaga qoladigan boʻlib keling. Oshi-gʻingiz olchi.

— Bilmadim, ammo kelaman…

Salima ketdi. Kaniza u bergan pulni xaltadan olib, ichkariga joyladi. Oʻzining pulini sanadi, bir ming ikki yuz soʻm ishlabdi. Bugun dovi yomon emas. Bolalari-ning kamini olsinmi? Olmaydi. Otasi bor, olsin oʻsha. Oʻn mingni topish osonmi? Sentyabrda opasi uch mingga olmadi. Mana pul. Bugun toʻppa-toʻgʻri qaynonasinikiga borsinmikin? E, nima qiladi, oʻsha pismaygan qaynona-sinikida? Eshikdan kirib bordi deguncha, qarzlaridan gapiradi, puldorlardan gap ochadi. Eplasang fermer boʻl. Ana, Qoʻzi togʻa ham fermer. Hamma yogʻi pul. Turdi kal togʻa ham fermer, pul bitlab yotibdi. Bular boʻlsa, unga pul bergan, bunga pul bergan, planini bajarolmay toʻla-gan, yana allambalolar.

U yomgʻirdan qochib, ayvonli qator doʻkonlar peshtaxtalarini aylanib yurdi. “Pulni mahkam qil, bir tiyinini ham sarflama” derdi oʻziga oʻzi. Odamlar xuddi unga qarayotganday, undan koʻz uzmayotganday tuyular, tez-tez jemperining barlari va oyogʻiga qarardi. Xudo berib, boyib ketsa-ya?! U xayolan shohona qasrlarda shoho-yimdek kezinar, oʻzi bilgan, alam oʻtkazgan odamlarni, yoʻq, butun dunyoni oyogʻini oʻptirib, burnidan ip oʻtkazib, poyiga choʻktirardi.

Bugun u atay qaynonasinikiga kirib oʻtadi. Kuysin oʻsha mochagʻar. Shunaqa oʻgʻil tugʻmay, toʻngʻiz qoʻpgur. Biladi, u nima derdi? “Uyinglarni oʻgʻnasalaring boʻlar edi” deb pingʻillaydi-da. Kaniza barmoqlarini jamladi: “Haa, oʻgʻnaydi-ya! Oʻgʻnasin oʻsha hoʻkiz… Hali koʻrsataman hammangga!”

***

Nozima qaynotasining kechligiga tayyorlagan ovqatini endi oʻrab ham boʻlgan ediki, kichik eshik ochilib Mansurjon kirib keldi. Nozima darhol oshxonadan uning istiqboliga shoshildi, qoʻlidagi narsalarni oldi.

— Voy, juda ham yaxshi vaqtda keldingiz, dadamning ovqatini olib ketayotgan edim, — dedi u mamnun. — Siz ham borsangizchi, dadam xursand boʻlardi.

Uyga kirib, yechinish taraddudida turgan Mansurjon toʻxtadi, toʻgʻri, borish kerak. Ilgari kuni borgan edi, boradi.

— Tushda borganingizda yaxshimidilar? — dedi u.

— Yaxshi, ishtahasi ham ilgarigiday boʻlib qoldilar, ilgari kuni olib borgan doringizni foydasi tegibdi. Doʻxtir xabar olib turibdi ekan. Akam ham kelgan ekanlar.

— Ketdik, — dedi Mansurjon, — toʻrttagina issiq non olvolsakmi?

— Yogʻlikkina patir qilib olganman. Chuchvara tugdim. Siz bilan borsak, mashinada issiqqina boradi.

— Oshqozoni nozik, yangi goʻsht olib bermabman.

— Voy, kecha olib kelgan qoʻy goʻshtingiz sarak-sarak yaltillab turibdi. Dadamning nozikligini bilaman.

Oʻgʻli bilan kelini kirib kelganda, Nabi Musayevich yotgan yerida kitob oʻqiyotgan edi. Ularni koʻrib oʻrnidan qoʻzgʻoldi. Kasbi oʻqituvchi. Institutda ishlagan. Hali ham fakultetiga borib turadi. Shundoqqina institutning orqasidagi tinch koʻchada yashaydi. Umr boʻyi uyining yonidagi shu oliygohda ishladi. Professor. Tarix fanlari boʻyicha mutaxassis. Nafakaga chiqibam uyda oʻtir-maydi. Ustiga-ustak, Mansurjonning onasi qazo qilgach, mutlaqo uyda oʻtirmay qoʻydi. Mansurjon kenja oʻgʻli. Kelinidan mamnun. Umring uzoq boʻlgur uch mahal ovqat pishirib keladi. Uylarini chinnidek tozalaydi. Hammayoqni saramjon-sarishta qiladi. Toʻkilgan bitta bargni ham yerda qoʻymaydi. Kiyim-boshlarini erinmay dazmollaydi, toza tufli, botinkalarini bir kunda uch marta artadi. Biram pazandaki, Nabi Musayevich kelini pi-shirgan ovqatdan boshqa taom yemaydi. Birovnikiga kir-maydi, oshxonalarga toqati yoʻq. Aspirantlari chorlagan dasturxonga bormaydi, borgan ham emas. Oʻzi injiqtabiat, nozikroq. Toʻy-toʻychiqqa kam aralashadi. Mahalla-ning issiq-sovugʻiga kirib turadi, xolos. Haj qilgan. Ikki oʻgʻli qoʻyarda-qoʻymay xotini ikkisini hajga joʻnatishgan. Oʻgʻillar shundan gap qoʻzgʻab, borasiz deb turib olishganda, chin gap, oyoq tiradi:

— Oʻgʻlim, hajga odam oʻz ixtiyori bilan, oʻzi topgan pulga boradi. Sizlar pulni toʻlab qoʻydik, deb tursala-rish, mei qandoq boraman? — U ana shunday boʻyin tovlagandi.

Oʻgʻillar tixirlik qilavergach:

— Menga qaranglar, avvalo minnatdorman, rahmat sizlarga. Ammo bir gapni aytib qoʻyay, sizlar mening gapimga kirishingiz shart. Mening kirishim shart emas. Endi bir gapni eshitinglar: Aytibdilarki, ikki yetim norasidani voyaga yetkazib, tarbiyalagan odam oʻn marta hojidur. Men qancha beva-bechoraning bolasini tarbiya qildim. Qolaversa, bir kitobat tuzib, bekor-behuda yur-may, insonlarga aql oʻrgatmoqliq saodati abadiyadur, de-makkim, oʻttiz marta haj qilmoqlik savobini berur. Men abdol emasman. Afkor omma shu ekan boramiz. Shuni bilib qoʻyinglarki, haj qilmoqlik umr davomida bandasi qachon abdolvashlikni boʻyniga olgach, qilingani maʼqul. Sizlarga hozir hikoyatlar soʻzlab oʻtirishimni foy-dasi yoʻkdur.

Haj qilib ham yaxshi qilgan ekan, shu bahona kampirining ham koʻngli tinch ketdi.

Nabi Musayevich farzandlaridan norizo boʻlib yurgan kezlari koʻp boʻldi. Kattasi doʻxtir boʻlish oʻrniga uning irodasiga qarshi borib, iqtisodchi boʻlib ketdi. Kichigi Mansurjon umuman yaxshi oʻqimadi. Tarix fakultetini boʻynidan bogʻlagandek amal-taqal bitirdi. Yangi zamon kelib, hozir “yangi oʻzbek” emish, oʻzini tijoratga urib boy-badavlat boʻlib ketdi. Nechtayam doʻkonlari, avtozap-ravkayu yana allambalolari bor. Onasi xoʻp xursand boʻl-di-ya, oʻgʻlining toparmon-tutarmon boʻlganiga. Tabiatan injiq Nabi Musayevich qoʻli ostida bu xotin moyanaga chidab yashadi-da. Koʻp qiyinchilik tortishdi, yoʻqchilikni koʻrishdi. Oila qurishganda shaharga koʻchib kelishib, oʻqituvchilar uchun belgilangan barakning bir xonasida yashashdi. Zokirjon oʻsha yerda tugʻildi. Mansur ham yorugʻ dunyoni koʻray deganda boshqa barakka — ikki xonalikka koʻchishdi. Mana shu oʻtirgan uyni ham shahar boʻylab yetti marta koʻch-koʻch qilib keyin olishgan. Shu yerda tinishdi. Nabi Musayevich bu yerdan hech qayoqqa koʻchmaydi.

Mansur esa uyiga olib ketarmish! Haliyam yoshda bu bola, qirqni qoralab qoʻysa ham… Ishlari xoʻp yurishishga yurishdi-yu, bitta tirnoqdan qisdi-da, Xudoyim. Shundek afifa, saodatmand, goʻzal, esli-hushli, odobu izzatda yagona kelin — Nozimaxon ikkisi uzukka koʻz qoʻyganday, ammo tugʻmagani yomon boʻldi. Mansur bildirmaydi, xotinini hurmat qiladi, kelin uni boshiga koʻtaradi. Farzand dogʻi bir kunmas-bir kun oilaga nifoq solmasa boʻlgani. Nabi Musayevich oʻgʻlidan ham kelinini xush koʻradi. Biram xushmuomala, shirinsoʻz, mehnatkash, endi nimasini aytasiz? Bechorani farzanddan qisgan.

Gapning toʻgʻrisi, bunday xotin bilan ablah ham baxtli boʻladi. Mansurjonni oʻtqizgani joy topa olmaydi. Qaynonasi ham “xoʻp yetindik kelinga” deb boshi osmonga yetib yurdi, ammo qazo qilayotib tashvishda ketdi. Bular hali yosh, oʻttiz yosh nima degan narsa, avji toʻlib kelishayotgan palla, hayotdan vaqti chogʻ, koʻzi yaxshi narsadan boshqani koʻrmaydi, bir-biriga toʻymaydi. Ammo vaqti kelib, yolgʻizlik, zurriyodsizlik gʻulgʻula soladi. Bular, ayniqsa, boy, oʻrtada merosxoʻr masalasi bor. Kimga tashlab ketadi buncha boylikni? Shuning uchun tijoratga ruju qoʻygan-da Nabi Musayevich aytgan edi:

— Oʻgʻlim, pul, boylik yaxshi narsa. Ammo halol boʻlsa. Birovni aldab, yetimning haqqini yeb, hech kimning oxirati obod boʻlgan emas. Hozir odamlar olib qolsam boʻldi, deb qolishgan. Birovning haqqi, oʻzganing mehnati hech kimni qiziqtirmaydi. Yaxshi xalqimiz bor, mehnatkash, zahmatkash, oʻzi yemay yediradi, deymiz. Mana bu yangi zamon odamlarni sal eladi. Odamlar boshqacharoq boʻlib qoldi. Hamma ham emas, albatta. Ammo koʻpchilik besh barmogʻini ogʻziga tikyapti. Haromdan qoʻrqmay qol-di. Taʼma koʻpchilikni ilonday oʻrab oldi. Har qanday oʻtish davrida, har bir mamlakatda, mana uzoqqa bor-maylik, Yevropaning hozirgi rivojlangan davlatlarida ham bundan battar boʻlgan. Ammo ular yoʻlini tez topishgan. Bizning yulgʻichlar qachon bu gʻaflat uyqusidan uygʻonadi, nomaʼlum? Bunga yillar kerak. Qolaversa, oʻgʻlim, birovni ekspluatatsiya qilib boylik orttirib boʻlmaydi. Yaponlarni olgin, bu ulugʻ xalq-chi, oʻgʻlim, bizdan-da qashshoq boʻlgan. Yeyishga noni, guruchi, kiyishga kiyimi boʻlmagan chogʻda ham shu aqidaga amal qilishgan. Yapon bilan Xitoy xalqiga qonun qon bilan kiradi. Dunyodagi eng ustuvor narsa — qonun deydi bu xalqlar. Koʻrdingmi? Biznikilar-chi, biznikilar!? Ayniqsa, sen, tijoratchilar qonunlarni chetlab oʻtsak boʻldi, changalda shoʻrva deb oʻylaysanlar.

Bunday gaplar koʻp boʻlardi, lekin bola degani oʻz bilganini qilar ekan. Mansur ham bilganidan qolmadi. Hozir uning qoʻli uzatgan yeriga yetadi. Ammo ota tashvish chekar ekan-da. Shu bolani toʻgʻri yoʻlga boshlayman deb koʻp urinadi. Xudo biladi, balki toʻgʻri yurgandir. Zamon shularnikidir.
Tilavoldi Joʻrayev

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Bozor dunyo” yohud erini oʻzgaga nikohlab bergan ayol iztirobi (2-qism)