23:44 / 05.10.2018
6 182

“Bozor dunyo” yoxud erini oʻzgaga nikohlatgan ayol iztirobi (3-qism)

“Bozor dunyo” yoxud erini oʻzgaga nikohlatgan ayol iztirobi (3-qism)
Nabi Musayevichning zamoni aniq oʻtgan, shunday esa-da, u vaqti allono bunday gaplarni gapirib turish kerak deb oʻylaydi. Shunda uning koʻngli taskin topadi. Asli oʻzi Mansurni, yoʻlimdan yursin, hunarimni olib qolsin deb, tarixga kirgizgan edi. Olim boʻlishini xohlardi. Shu sababli norozi boʻlib yurdi, aytgani boʻlmadi-da. Mayli, omadini bersin.

Bir kuni amvol toʻgʻrisida aztaxidil gapirayotib, bir misol keltirdi:

— Bir odamni bilaman, juda kambagʻal edi. Oilasini amal-taqal tebratardi. Alvir-shalvir, yirtiq-yamoq kiyim kiyib, bizning uyimiz yaqinidagi axlatxonani titgani-titgan edi. Unda sizlar yosh bola edinglar. Yillar oʻtib unga xuddi oʻziga oʻxshash, anvo bolalar qoʻshildi. Ishtonsiz, koʻylaksiz ham yurishaverardi. Oʻshalar otasiga yordam berib, axlatxonadan kir, koʻkargan buxan-kalarni terishardi, qop-qop qilishib, orqalab ketishar-di. Shunga mol-qoʻy boqishib, zoʻrgʻa tirikchilik qilar ekanlar. Bu boʻlgan voqea, oʻgʻlim. Hozir koʻrsang, shulardan boy odam yoʻq. Hamma oʻgʻlining oʻziga yetarli uy-joyi bor, tagida mashinasi. Koʻrdingmi, halol mehnatni, nonni aziz qilganni Xudo aziz qiladi.

Mansur tabiatan kamgap boʻlgani uchun ota bechora gapira-gapira ensasi qotib, hafsalasi pir boʻlardi. Nari borsa dadasining gaplariga odob yuzasidan “xoʻp” bilan chegaralanardi.

Mansurjon dadasi bilan salomalik qilguncha, Nozima darrov dasturxon tuzadi. Yogʻli patirlarni ushatdi. Ikkovlariga chuchvara suzdi, choy damladi. Ota-bola suhbat qurib ovqatlandilar. Tashqarida timirskilanib yurgan Nozimaning xayolidan negadir “Juda boʻlmasa, shu yerga ham kelib olaveraman-da” degan oʻy oʻtdi. Oʻylashga oʻyladi-yu, oʻzi gʻalati boʻldi, bu yomon fikrni quvishga urindi.

Bir vaqt ota bilan xayrlashib uyga qaytdilar. Indamay rulni boshqarib ketayotgan Mansurjon:

— Dadamga biron narsa dedingizmi? — deb qoldi toʻsatdan.

— Yoʻq, shunchaki oʻzim… Baribir biladilar-da… — javob qildi dudmollanib Nozima.

— Avvalo, menga shu ish kerakmas. Oʻzingiz boshimni qotiryapsiz. Sizning ustingizga hech qachon xotin olmayman. Mayli, siz aytgan doʻstlarimning ikkita xotini boʻlsa boʻlsin. Meniki boʻlmaydi. Boʻlmaydigan gapni oqsoqolga aytib nima qilasiz? U kishini endi koʻrayotgan boʻlsangiz ekan.

— Unchalik deganim yoʻq edi… Shunchaki…

— Professorga qilcha ishora boʻlsa bas, jahon tarixini choʻntagingizga solib qoʻyadi.

— Xafa boʻlmang, begim, bilmabman.

— Kechiring, eshitadiganimizni eshitdik-da. Uzr, jonim, sizni koyimoqchi emasdim, — Mansurjon chin dildan uzr aytdi, buni Nozima tushundi, tushunsa ham:

— Meni Anxel shovvasidan tashlab yuborsangiz ham zarracha xafa boʻlmayman, — dedi yigʻlash oʻrniga kulimsirab.

— Anxelingiz nimasi?

— Professorning gapida.

— Ha, shundoq deng?

— Hali tushlik keltirganimda shuni menga tushuntirib ketdilar. Venesueladagi eng baland sharshara ekan. Shovva 1054 metr balandlikdan tusharkan.

— Sizga nima aloqasi bor ekan uning?

— Men ham siz bilan ana shunday sof va uzoq yashashim kerak ekan.

— Obbo, professorey, keliniga shunaqayam xushomad qiladiki, — kuldi Mansurjon va tez oʻzini tutib, kuy-malandi. — Bu yokda oʻzi Anxelim chiqib turibdi.

— Voy, nima qildi?.. — Nozima bu savolga juda-juda “dadasi” degan ulugʻ soʻzni qoʻshgisi kelardi-yu, har gal tilini tishlab kolardi. Shuning uchunmi, gapi uzuq-yuluqday chiqardi.

— E-e, — dedi xoʻrsinib Mansurjon, — yana departament.

— Ie. Kechagina kelishkandi-yu?

— Endi narigi doʻkonga… Yana sertifikat yoʻq, kassaga urilmagan raznitsa… Shunday boshogʻriq.

— E-e, koʻnglingizga olmang. Bersangiz tinchishadi.

— Shu-da. Shuni indamay soʻrayverishsa-ku, beriladi. Koʻrmaysizmi?

— Koʻying, arzimagan narsaga boshingizni ogʻritmang. Bor, berasiz. Ular ham nima qilsin, bola-chaqasi bor… Oylikka yashab boʻladimi?

— Boʻladi, deydi-yu, professor…

Dadam, dadamda. Umrlari ziyoda boʻlsin. Endi, meni gapimni gaplashaylik. Salimaxon…

— Qoʻying, beʼmani gapni…

— Quloq solib turing… — erkalandi Nozima.

— Eshitmayman!

— Eshitasiz!..

Bu vakt uylariga yetib keldilar. Nozima chaqqon darvozani ochdi, Mansurjon darvozadan oʻtishiga ichkaridagi garaj eshigini ochib, chirogʻini yoqishga ulgurdi. U har kuni bu ishlarni yugurib-yelib, ayasi bogʻchaga erta kelgan boladay quvonib bajaradi. Mansurjon mashinadan tushgan zahoti, Nozima yengil parashyut matohni ma-shina ustiga tashladi, gir aylanib yopdi.

— Choʻmilib olasiz, — deya uy eshigini ocha solib, chiroqlarni yoqib yubordi.

Yugurib kirib, vannaxonani koʻzdan kechirdi. Eri-ning choʻmilishiga koʻmaklashdi. Unga sovun surib, orqalarini ishqalar ekan: “Azizim, shahanshohim” deya goʻdak-dek suyar, erkalanib erkalardi.

— Mana boʻldi, endi artinib oladilar, — amrikon sochiqni yopdi ustiga, sochlarini artdi. — Hozir, shahan-shohimiz chiqquncha, choy damlab turamiz.

Mansurjon xalatini kiyib, bir quchoq boʻlib, mehmonxonaga kirarkan tagiga oromkursi surdi, yugurib televizorni qoʻydi. Choy keltirgani chiqib ketdi. “Qizi boʻlganda edi, hozir oʻn ikkiga kirgan boʻlardi, dadasiga choyni oʻsha damlardi” xayolidan kechdi uning. Ogʻir xoʻrsindi. Ey, dunyoi bevafo! Choyni olib kirganda Mansurjon oromkursiga yastanib, televizor tomosha qilayot-gandi. Nozima choyni quyib, unga qoʻshildi.

Televizorda reklama ketar, Farrux Zokirov boshliq ashulachilar ishtirok etgan filmdan parcha koʻrsatishmoqda edi. Mansurjon:

— Oʻzbekistonda aktyor qolmadi, shekilli? — dedi choy hoʻplarkan.

Nozima tushunmadi yoki eʼtibor bermadi, Mansurjon unga biroz qarab turdida, dasturni oʻzgartirdi. Bu yerda tadbirkorlar haqida film ketar, bir qiz oʻzicha yopishmagan sunʼiy xatti-harakatlar, gap-soʻzlar qilar-di. Mansurjon yana tugmachani bosdi, endi koʻcha toʻla baxtiyor oʻzbek juftlar yasan-tusan, oʻrtalarida shoʻxshodon bolachalarini yetaklaganicha xiyobonni toʻldirib oʻtmoqda edilar. Mansurjon bilmay Nozimaga qaradi, u esa yerga. Buni darhol tushungan Mansurjon yana dasturni oʻzgartirdi. “Rossiya” kanalida Stalin bino boʻldi. Keyin Gitler… “Myunxauzen” degan yozuvdan keyin koʻkka boʻy choʻzgan, tutun buruqsayotgan ulkan moʻri ekranga keldi, undan keyin sochi qirilgan bolalarning oʻtga kirayotgani…

Mansurjon: “Yotdik” dedi va televizorni oʻchirdi, yotoqxonaga yoʻl oldi. Nozima televizordagilar yetovidagi shoʻx-shodon, chiroyli bolachalar bilan birga kirdi, xayolida yotoqxonaga. Mansurjon magnitafonni past qoʻydi, undan “Bahor ayyomi” mungli taraldi. Ikkovlon yonma-yon yotib koʻksini toʻldirgan yoqimli ohang ogʻushida tin olishdi. Ohang asta-sekin avjiga chiqar, butun olamning abadulabad saodatbaxsh torlarini chertmoqda edi. Ular anchayin sukutda qoldilar. Qoʻshiqning soʻnggi pardalarida Nozima Mansurjonning yelkalarini siladi. U ohanrabo qoʻshiq seliga gʻarq, Nozimaning totli sirpanayotgan kafti ustiga kaftini qoʻydi. Shu topda soʻzlashish ortiqchadek edi. Baribir, bu xushbaxt sukunatni Nozima buzdi: u bunga majburiyat sezayotgandi.

— Begim, — deya mayin, ammo jiddiy soʻz boshladi. — Men sizdan soʻroqsiz bir ish qilib qoʻydim, — gap boshladi-yu, erining eʼtiborini kutdi.

Yaxshi, Mansurjon jim yotdi. “Endi takdirga tan beradi” oʻyladi Nozima va imkonida mavjudki samimiy-likni ishga soldi, gapni uzokdan boshladi.

— Mening baxtim ham, taxtim ham faqat siz. Men sizdan boshqa kimga kerakman? Togʻalarimni qoʻlida oʻsgan boʻlsam, oʻshalar chiqargan boʻlsa, institutda sizni — oʻzimning baxtimni topgan boʻlsam! Sizdan boshqa kimim bor? Oʻzimni bir dam sizsiz tasavvur qila olmayman va sizni baxtsiz qilishga zarracha haqqim yoʻq. Sizga avval ham aytganman, ayb menda. Men oʻzim baxtiqaro yakkatugʻmaman. Buni bilasiz. Sizdan yashirganim yoʻq va koʻzim tirik ekan sizdan hech narsani yashirmayman. Onam meni tugʻiboq, u dunyoga yoʻl olgan. Uning tugʻishi mumkin emas edi. Remokardit shunaqa dard. Meni zoʻrgʻa saqlab qolishgan. Yaxshiyam yashab qolgan ekanman, mana, oʻn uch yildirki, bir yostiq ikkimizniki, dunyoda eng sevgan kishimning ogʻushidaman. Meni bir marta ham koʻz yoshimni oqiz-madingiz, biror dam birovga qaram yoki zor qilmadingiz. Togʻalarimning menga qilgan yaxshiliklarini ham oʻn chandon qaytardingiz. Mendan hech qachon kechmassiz, chunki sizda nomardchilikning urugʻi ham yoʻq. Qoʻli ochiq, mard, mehribon odamsiz. Yaxshi odamning farzandisiz. Hatto akam ham sizning koʻp xislatlaringizdan begona. Buni men bilaman. Shuning uchun dadam va men sizni juda yaxshi koʻramiz. Hamma sizni yaxshi koʻradi. Men buni odamlar siz bilan gaplashayotganda koʻzlaridan sezib turaman. Xudo ikki qoʻllab bergan saxiy, oliyhimmatsiz… Ishonavering, men sizni judayam, judayam… sevaman desam endi yarashmaydi, bu oʻzbekning gapi emas, xullas sizning qulingizman… Chin soʻzlarimni aytayo-tibman. Axir shu bugun ham gapimni rad etsangiz, unda dadamga aytganimni qilaman… Shu yoqlardan yoʻqolib ketaman…. Meni shu yerda, shu eshikda qulingiz boʻlib yursin desangiz, gapimni ikkita qilmaysiz. Men bunga qatʼiy qaror qilganman. Tugʻadi, ketadi. Chidayman. Ogʻzimdagimni berib qoʻyish menga oson deb oʻylamang. Ammo siz uchun, bitta farzand uchun hozir jonimni olaman desa, boshimni kundaga qoʻyaman. Siz aytgan bolalar uyidan olingan begona qayoqda-yu, tomirida sizdek odamning qoni oqib turgan et qayoqda? Oʻsha mening bolam boʻladi. Oʻzim katta qilaman. Ona boʻlaman. Meni bu baxtdan mosuvo qilmang, jon Mansur aka!

— Keyin ketmasa-chi? — tilga kirdi Mansur, ovozi xira chiqdi.

— Ketadi. Shunga kelishildi. Shuning uchun sodda, qishloqi, oʻsha oʻzingiz koʻrgan kelin bilan gaplashildi. Shaharlik echkidan qoʻrq. U nima, bir qorniga pul topa olmay yurgan pul gadosi. Yaxshi toʻlaymiz, bizning aytganimiz boʻladi. U olgan pulidan xursand, oʻz yoʻliga keta-veradi. Bizning esa merosxoʻrimiz paydo boʻladi. Oson topyapsizmi, kechayu kunduz chopa-chopa… Etni tirnokdan ajratib boʻlmaydi. Oʻzingizning pushtikamaringizdan boʻlganiga nima yetsin!

— Uni siz yaxshi bilmaysiz…

— Tavakkal… Xudodan qoʻrqar axir. Hammamiz ham Xudoning bandalarimiz-ku?

— Men qanday qilib tanimagan-bilmagan boshqa xotin bilan yotaman?..

— Bitta tirnoq uchun odamlar nimalar qilishmaydi. Siz ham, men ham chidaymiz, Azroilning changalida boʻlsa ham.

— Biron narsa boʻlsa, oʻzingiz barchasiga sababchi, shu esingizdan chiqmasin.

— Biron narsa boʻlishi sizga bogʻliq. Erkak kishi qattiq tursa, gapida tursa, hamma chigal yechiladi. Gap hamjihatlikda. Hamjihat hal qilamiz.

— Odamlar nima deydi? Hoji boʻlsam?

— E-e, hojilarni qoʻying. Oʻsha, hojilarmi, hoji-lar… Ularni gapirib nima qilasiz? Siz boshqacha odamsiz. Bilaman, oʻligim ham sizniki.

— Osoni, bosh ogʻriq qilmasdan, bola olib qoʻya qolsak olam guliston edi…

— Qayoqdan bilasiz, kimning bolasi, qaysi haromzoda tugʻib tashlagan? Ular toʻgʻrisidagi gaplarni eshit-sangiz, tepa sochingiz tik boʻladi. Manavi gapni eshi-ting: bir bizga oʻxshagan oila farzand deb turgan ekan, singlisini eri borib qolibdi. Bu gapni eshitib “Nima qilasizlar, begonani olib, begona-begona-da, mana bizda nechta farzand, yaqinda xotin yana tugʻadi, oʻzingizni singlingiz, oʻshani olib kelib beraman, qoʻyinglar birov-ning bolasini, vafo qilarmidi?” deb ketib, ular ishonib yursa, bir kuni bir yangi tugʻilgan bolani olib borib beribdi. Kunlardan bir kun bolani katta qilayotgan xotin singlisinikiga kelib, “Bolang ajoyib katta boʻlyapti, hech tashvish qilma”, desa, singlisi hayron: “Qaysi bolam, ikki yildan beri tuqqanim yoʻq-ku?” deb-di. Qarang, haligi shovvoz bojasiga xotinimdan, deb oʻynashidan xufya tugʻilgan bolani olib borib bergan ekan. Opa boʻlsa, eri har: “Bojamlarnikiga boraylik” deganda, singlisi bolani koʻrsa, baribir onada, mehri tov-lanib, zoʻrgʻa topgan bolasini olib qoʻyishidan qoʻrqib eriga: “Ular uzoqda yashashsa, bola bilan qiynalaman” deb naq sakkiz oy deganda borgan ekan…

Ana koʻrdingizmi? Bu gapni aslo ogʻzingizga olmang. Endi anovi qishloqi masalasiga kelsak, tuzukkina, esli-hushli juvonga oʻxshaydi. Kambagʻallik tushoviga tushgan. Boshidan issiq-sovuq oʻtgan, yaxshi-yomonni ajratgan, bola-chaqalikkina ekan. Salima opa obdon soʻrab-surishtirdi. Bilmadim, endi odamning olasi ichida. Xudoga aytganimiz boʻlsa, toʻgʻri xotin chiqar, boʻlmasa peshona-miz… Oʻziyam soʻlqillagan, qoramagʻiz, ofatijongina. Er-kak zotini koʻzini oʻynatadigan. Hali ishqilib, qorachasi oʻt boʻlarkan deb… — Mansurjonni turtdi Nozima.

— E-e, hazil sigʻadimi hozir?

— Endi, bilib boʻlmaydi-da, jodugargina boʻlsa…

— Qoʻying, umuman bas qiling shu gaplarni…

Aytdim-qoʻydim-da, begim. Insofni oʻzingizga bersin. Biz endi “Bismillo” deb bu ishga qoʻl urdik, oxiri baxayr boʻlsin.

Nozima nozli suykalib, erining pinjiga suqilarkan, Mansur erta-indin bu koshonada yuz beradigan yoqimli yangiliklar mazasini tuyar, xushbaxtlik ila istiq-bolda turgan ayol nafasini Nozimadan izlay boshladi…

— Ha, sal siylab qoʻyadigani… bor ekan, — jerkigandek javob qildi Kaniza pastga ishora qilib, koʻrpa ostidan bir koʻzida qarab turgan erining: “Xoh, yasanib juda oytilla boʻlib ketibsizmi?” degan pisandasiga.

— Hoy, tilingni uzib olaman, — teskari qaradi Samad.

— Oʻzingnikini uzasan hali… — endi pastgina javrandi u va taraqlagancha chiqib ketdi.

Samad koʻrpaning ichida soʻkindi:

— Badbaxt, bozorga oʻrgangan xotin oʻzi…

U kech kelgani bois, Kanizaning ustidagi kiyimlarni koʻrgani yoʻq edi. Qolaversa, chiroq oʻchgan vaqtda keldi. Qorni och yotdi. Hozir ham koʻngli ozib, qorni hushtak chalayotgandi. Yana biroz uxlamoqchi edi, och qoringa koʻzi ilinmadi. Qizchasi uxlab yotibdi. Oʻgʻli maktabga ketgan chogʻi. Bir pas yotdi, ustidan koʻrpani agʻdargan edi, sovuq chaqdi. Junjikib, yana oʻranib oldi. “Hayotniyam padariga laʼnat. Bu nima hayot boʻldi? Makiyon dakangga doʻq ursa! Kaltak yegisi kelib qolibdi, shekilli, chichanglab qoldi. Qayoqqa ketdi oʻzi? Bozorga ketib boʻlishdi, u bugun bormadi, bir boʻlsa”. Uzalib fufaykasini tortdi, kir, sitilib ketgan mayka ustidan kiydi. Fufayka yelkasini muz-dekkina chaqdi. “U-u-uv” degancha choʻntagidan “Karvon” olib tutatdi. Chekib bir nuqtaga tikilgancha ancha oʻtirdi, yana xayoli xotiniga, hozirgina jerkib ketgan Kanizaga koʻchdi: “Bozorga borib, toʻrtta non topib kelib, tili chiqib qopti-ya. Tur, top qanjiqni. Seni otang toʻrt mahal-laga gap bermagan. Onang pisgan tovukdek yurardi oldida. Bularning tizginini boʻsh qoʻyib boʻlmaydi. Bugunoq ogʻziga tepmasang ertaga tomga chiqib baqiradi, bu Oʻktam tayoqning tuqqani…”

Samad qizchasini uygʻotmay, onasinikiga yoʻl oldi. Borib biron narsa yemasa, boʻlmaydi. Qorin hushtak chalvordi. Borsa, bozorchi satang oʻsha yerda oʻtiribdi. Hasrat qilgani kelibdi-da. “Samad — u, Samad — bu. Ichadi. Nonni Kanizaxon topyapti, bolalarning ustiga hech balo yoʻq va hokazo…”

Kirib borishi bilan buvisi va Kaniza ikkovlon unga qarashdi. Samad bir muddat indamay turdi, soʻng:

— Buvi, yeyishga biron nimangiz bormi? — dedi.

— Ioʻq, hozir oshxamir olyapman, — dedi onasi astoydil togʻorani nuqilab.

— Satang nima qilyapti bu yerda? — kesatdi Samad.

— Qoʻy bolam, hozir urish-janjal qiladigan zamonmi? — bir narsani sezganday gapning indallosini aytdi Xosiyatbi. — Urish-janjallarni oʻrniga bola-chaqani oʻylanglar. Qishloqda hammaning etagi ketiga yetmay turibdi. Osa olibdi ustivosh. Buyam yosh, kiyinadigan payti. Ertaga menday yagʻiri chiqib, koʻylaging-niyam yuvib berolmaydigan boʻlib qoladi. Hozir kiysa yarashadi. Xoʻp qipti, ajab qipti. “Shu narsalarni bekor oldim” deb kelgan ekan, boplabsiz, xoʻp qipsiz, deb oʻtirgan edim, sen kelib qolding. Arzon-garov olibdi. Osa olibdi-da. Sen olib bermaganingdan keyin, biz olib bermasak…

Xosiyatbi togʻoradagi xamirni ezishga mos nafas olib gapirar, gapida qoʻpishi mumkin boʻlgan dovulning oldini olayotgani aniq-tiniq sezilib turardi. Kaniza atay burnini qattiq tortib, burilib oʻtiraverdi. Samad ayvon peshtaxtasiga oʻtirdi. Burnini pilpillatib, ayvonga yaqinlashgan jiyaniga:

— Nasi, bor biznikiga, ukangdan xabar ol, — dedi. Qizcha xiralanib joʻnadi.

— Endi, oʻzingdan qolar gap yoʻq, bolam, — yana gap boshladi Xosiyatbi kir dasturxon bilan xamirning us-tini oʻrab, toʻshak tashlarkan. — Buning ham ogʻrib qolib-di. Uch-toʻrt kun doʻxtirda yotsam, deb kelibdi. Oʻsha yokda bir opaxoni bor ekan, tanish doʻxtirga qaratarkan. Bola bechora oʻtgan yildan beri bozor qatnab, tinim bilmadi. Tirikchilik qursin. Sovuqlarda narsa koʻtarib, kasal oshirgan boʻlsa bordir? Issiq jon, axir. Qolaversa, birovning bolasi. Oʻzi kuymasa birov kuyarmidi? Davolansa, ana, davolansin, yotsin, bolam. Boʻyida bormi, Xudo biladi? — chuqur xoʻrsindi Xosiyatbi. — E-e, xotin kishining joni qirqta boʻlgan bilan ichidan oʻtganini oʻzi biladi. Senlar qoʻnib-qoʻnib ketaverasan. Sen-larni tuqqunimcha ichim agʻdarilib, ketimga tushib qoldi, bplib qoʻydingmi? Bittasi otangmi? Yukini enang koʻtargan xolos, Makiyonchalik qadrim yoʻq otangga. Peshini qayirishni biladi xolos. Hammang bir goʻrsan.— U Kanizaga oʻgirildi. — Davolaning qizim. Bollarni oʻzim qarayman. Shuncha dahani oʻraga yetgan non ikkoviga yetmay qoladimi? Tashvish chekmang.
Tilavoldi Joʻrayev

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Bozor dunyo” yoxud erini oʻzgaga nikohlatgan ayol iztirobi (3-qism)