01:14 / 30.10.2018
5 685

Raqqosa aslo o‘yinchi emas!

Raqqosa aslo o‘yinchi emas!
O‘qigan kitoblarimning birida mana shunday jumlalar bor edi. “Har bir qiyin, og‘ir mashaqqat ortida bir mukofot bordir” deb yozilgan edi. Ha, xaqiqatdan ham har bir inson oldiga maqsad qo‘ydimi, unga birdan yetishib qolmaydi. O‘z maqsadlari yo‘lida tinmay xarakat qiladi, izlanadi. Qanchadan-qancha mashaqqatli yo‘llarni bosib o‘tib, qiyinchiliklarni yengib, so‘ng unga yerishadi. Mukofotini oladi. Bizning o‘zbek milliy raqs san’atimiz ham mana qancha mashaqqatli yo‘llarni bosib o‘tdi, qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazdi. Tarixda ayollar ilk bor paranjisini yechib, raqs tusha boshlagan paytlarida odamlar ularni toshbo‘ron qilishgan, xatto 13 yoshli Nurxon ismli qiz o‘z akasi tomonidan pichoqlab o‘ldirilgani xaqida ma’lumotlar borki, ularni o‘qigan inson bizning milliy raqslarimiz shu darajaga qanday qilib yetishganini faxmlashi qiyin emas. O‘tgan asrda ijod qilgan raqs san’atining ustalari Tamaraxonim, Usta olim Komilov Yusufjon qiziq Shakarjonov Mukarrama Turg‘unboyevalarning tarixdagi mexnatlari samarasini mana biz ko‘rib turibmiz, biz guvohmiz. Ular xar bir maxalla, tuman qishloq ovulma-ovul yurib , halq orasidan kichik-kichik o‘yinlarni to‘plab, ularni tiklab, bir tizimga qo‘yishdi. O‘zbek raqs san’atini ishlab chiqib ,uni professional darajaga ko‘tarishdi. Hozirgi kunda bu insonlarning izidan borib, o‘zbek milliy raqs san’atini sevib, uni o‘rganib, butun dunyoga targ‘ib etayotgan yoshlar, mana shu buyuk insonlarning qoldirib ketgan meroslarini asrab avaylab, ijro etib kelishmoqda .Lekin xalqimiz orasida shunday bir san’atni tushunmaydigan, san’atga yomon munosabatda bo‘ladigan insonlar xam bor. Ayniqsa raqs san’atini aloxida e’tirof etish joizdir. Masalan, halqimizda ba’zi bir insonlar borki, ular raqsni o‘yindan, o‘yinchini raqqosadan farqlay olmay, bu kasb yegalariga nisbatan noxaqlik qilishmoqda. Undaylar hatto raqs san’atini umuman kasb darajasida ko‘rishmaydi. Masalan ular raqqosalarni odam o‘rnida ko‘rmay, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lishayapti. Mana shu insonlarning raqs san’atiga bo‘lgan tushunchasining pastligi, bilimlarining kamligi, menimcha ularni shu fikrga olib kelgan. Lekin nega ular o‘ylab ko‘rishmaydiki, oddiy o‘yinchi bilan professional raqqosaning o‘rtasida yer bilan osmoncha farqi bor. Professional raqqosa 5-sinfdan raqs maktabiga qabul qilinadi, keyin kollej, institutlarda o‘qib, raqs san’ati bo‘yicha buyuk ustozlardan tahsil olib , o‘zbek ansambillarida, davlat katta tadbirlarida ishtirok etib kelishadi, erta-yu kech tinim bilmay ishlashadi. Professional raqqosalar insonning go‘zal bir ichki kechinmalarini, dunyodagi jamiki yaxshi his tuyg‘ularni, nafis xatti -xarakatlar orqali tushuntirib beradi insonlar qalbiga manashu san’ati orqali kirib boradi. Odamlar unga qarab bir olam zavq oladi. Oddiy o‘yinchi esa bu hislarni aslo boshidan kechirmay turib, faqat tashqi xarakatlari orqali odamlarni o‘ziga maxliyo qilmoqchi bo‘ladi, mashxurlik ketidan quvib, kim nima taklif qilsa, qayerga desa boraverishadi. Ular milliy raqs xoreografiya ko‘chasidan ham o‘tmagan xech qanday raqs maktabi-yu institutlariga hatto borib ham ko‘rmagan, faqat va faqat, o‘z nafsi, ya’ni pul topish va o‘z-o‘zini ko‘z-ko‘z qilish maqsadida e’tibor bering, katta davralarda ziyolilar o‘rtasida yoki davlat tadbirlarida emas balki, to‘ylarda, klublarda, ko‘cha ko‘yda pul topib yurish uchungina o‘ynashadi. Siz bunday o‘yinchilarni raqqosa deyishingiz juda katta xatodir. Aksincha bizning milliy raqsimiz durdonalarini ijro etayotgan professinal raqqosalrimizni o‘yinchi deb atashingiz ham mutlaqo noto‘g‘ri.

Bizning xoreografiya oliy maktabimizda taxsil olayotgan bo‘lajak raqqosalar manashunday insonlar dastidan bunday muammolarga ko‘pincha ro‘baro kelishmoqda.

- San’atning nonini yeyish qiyin deyishadi. Bu gaplar xaqiqat ekan. Biz raqs soxasidagilar uchun biroz qiyin. Ayniqsa ko‘chada yurgan odamlar bizning bo‘lajak raqqosalar ekanligimizni bilishsa , yomon fikrda bo‘lib, –ey bu oddiy o‘yinchi ekanku deyishadi. Albatta shunaqa paytlarda ko‘nglim biroz og‘riydi . Lekin bizni turli tadbirlardagi chiqishlarimizni ko‘rganlar xursand bo‘lib, o‘zlariga xordiq olishadi. Ular bizning san’atimizdan baxramand bo‘lishadi, tomosha vaqtida zaqlanib o‘tirashadi-yu, ko‘cha ko‘yda ko‘rganda negadr pisand qilishmaydi, deydi 2-kurs xareografiya jamoalari raxbari bo‘limi talabasi Zarina Tursunqulova.

Respublikamiz bo‘yicha yagona xisoblangan Toshkent davlat milliy raqs va xoyerografiya oliy maktabi ham tarixda oddiy maktab studiya bo‘lganligi va xozirgi kunga qadar ko‘plab yo‘llarni bosib o‘tib, katta bir oliy dargoxga aylangani juda xam quvonarli xolatdir. Professinal raqqosa va raqqoslarni yetishtirib chiqarayotgan oliy maktabni haqiqiy ijod maskani desak xecham adashmaymiz. U yerga faqat yuragida o‘ti bor , yaratgan tomonidan beriladigan iloxiy qobiliyati bo‘lgan, yoshlar qabul qilinadi. O‘yinchi degan so‘z bu dargox uchun mutloqo begona.

Mana shu maskanda ta’lim olayotgan xar bir talaba bu yerga o‘z hoxishi va o‘z istaklari, qobiliyati va iste’dodi orqaligina kiradi. Chunki xech bir ota ona farzandini san’at soxasida o‘qishiga majbur qilmaydi. Bu uning faqat o‘z mexnati va iste’dodiga bog‘liq.

- Biz xozirda oddiy talaba bo‘lishimizga qaramay o‘qishdan tashqari katta kansertlarda, davlat tadbirlarida ter to‘kib kuniga 8 soatlab mashg‘ulotlar qilamiz. Bizni sohamiz qanchalik ma’suliyatli ekanini ustozlarimiz va o‘zimizdan boshqa xech kim bilmasa kerak, deya gap boshladi 2-kurs xoreografiya jamoalari raxbari talabasi Abitdinova Xushnoza.

- Bilasizmi san’atkordan xecham yomonlik chiqmaydi. Shuningdek raqs san’ati fidoiylari borki, men ularga xavas qilaman.Ulardek bo‘lishni istayman. Ustozlarimiz Mamura Ergasheva, O‘g‘iloy Muxammedova, Roza Iskandarova kabilar o‘z kasbining fidoiy ustozlari. Ular mana necha yildirki, kasblariga sodiq. Milliy raqslarimiz bir-biridan chiroyli ,go‘zal xarakatlardan tarkib topganki, biz o‘z raqslarimizni qayerda ijro etmaylik , barcha san’atimizga maftun bo‘ladi, deya gapini to‘ldirdi.

Menimcha raqs san’ati xuddi sport kabi kishi salomatligi uchun ham juda foydalidir. Bizning oliy maktabda dars berib kelayotgan ustozlarimizning aksariyatining yoshi ulug‘, keksa bo‘lishiga qaramay hali xanuzgacha bardam baquvvat va sog‘lomdir. Ular bizlarga o‘rgatayotgan har- bir xarakatlarni o‘zlari ko‘rsatib, ijro etib berishadiki, boshqa soha vakillari bu jarayonni ko‘rishsa , xayron bo‘lib qolishi tabiiy. –Naxotki shu yoshda bunday harakatlarni bemalol qila olsa deb, qoladi kishi.

Raqs san’ati – halqimizning eng sevimli san’at turlaridan biri ekanligi xech birimizga sir emas . Ammo shunday bir san’atdan tushunchasi bo‘lmagan insonlar bor ekanki, raqsimiz rivojlanishda to‘siqlarga uchrayveradi. Hozir birinchi o‘rinda biz bu muammolarga barxam berish uchun nima qilishimiz kerak, degan savol ko‘ndalang turadi. Axir xar bitta odamga raqqosa bunday bo‘ladi, o‘yinchi esa bunday, raqqosalarni xurmat qiling, deb chiqa olmaymiz albatta! Buning uchun insonlarning yoshligidan san’atni sevuvchi , xurmat qiluvchi qilib tarbiyalash zarur .Bu ham oddiy umumiy gap bo‘lib qolmasligi kerak. Maqolamni kimdir o‘qiydi kimdir esa yo‘q . O‘ylab qoldim nima qilsak, bu kabi muammolar o‘z yechimini topadi? Mening fikrim va taklifim shuki, o‘zbek raqs san’atini xuddi musiqa fani singari maktablarda fan sifatida darslarga kiritish lozim 5-sinfdan barcha maktablarda bizning o‘zbek milliy raqsimiz tarixi ,uning namoyondalari haqida o‘rgatilib borsa, insonlarda bolalikdan bu kasbga nisbatan tushuncha paydo bo‘ladi. Eng asosiysi ular san’atni sevuvchi , bo‘lib yetishadi. Bunday insonlar esa kelajakda san’atimizning rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shishga harakat qilishadi. Chunki ular xuddi biz kabi raqs san’ati ruxida tarbiyalanadi. Shuni ham aytib o‘tishimiz joizki, mana hozirgi kunda barcha sohada rivojlanishlar kuzatilayapdi, yurtimiz ravnaqi kundan-kunga, yildan yilga, oshib borayapdi. Bunda albatta raqqosalarning ham o‘rni bor. Har bir bayram, har bir tadbir yoki festivallar tanlovlar borki raqqosalarsiz o‘tmaydi. Biz o‘zbek xalqi buni tushunib yetishimiz, raqqosalarning topayotgan noni xalol ekanligini chuqur anglashi darkor.

Yuqorida aytib o‘tganimdek, har bir qiyin og‘ir mashaqqat ortida buyuk bir mukofot bordir. Raqqosalar mana shunday qiyin vaziyatlarda xam o‘z kasbidan voz kechmay odamlarning gap so‘zlariga etibor bermay go‘zal raqslarni ijro etib, xarakat qilishda, o‘rganishda davom etayotgan ekan, ularni oldinda katta yutuqlar mukofotlar kutib turgan bo‘lsa ajab emas!

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi
2-kurs “San’atshunoslik” bo‘limi talabasi
Maftuna Mirzaxo‘jayeva

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Raqqosa aslo o‘yinchi emas!