00:17 / 01.11.2018
9 157

Bir kechalik kelinchak… (12-qism. Birinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (12-qism. Birinchi fasl)
Tuhmat toshi og‘ir bo‘ladi. Uni ko‘tarishga har kimning ham qurbi yetmaydi. Nasiba ham bir yuzsizning tuhmatlari zarbidan sal qursa egilay derdi. Shu ahvolda mashinasiga o‘tirdi-yu, rulga bosh qo‘yib og‘ir xo‘rsindi. Orqa o‘rindiqda esa Bilol o‘tirar, Nasibaning ahvolini ko‘rgandan beri hayron edi. Ammo savol berishga shoshilmasdi.

Nasiba bir necha daqiqa shu taxlit o‘tirgach, ilkis boshini ko‘tardi va mashinaning kichik ko‘zguchasidan orqa o‘rindiqqa qaradi.

— Voy, o‘zimning tashvishlarim bilan bo‘lib siz borligingizniyam unutibman, — dedi u. — Uzr!

— Bir narsa so‘rasam maylimi, opa? — ehtiyotkorona so‘radi Bilol.

— Yo‘q, — dedi Nasiba. — Men sizdan so‘rayman o‘sha bir narsani.

— Mayli, — bosh qashib qo‘ydi Bilol. — Bemalol so‘rayvering, opa!

— O‘zi yoshingiz nechada?

Bilol yoshini aytdi.

— Mendan ikki yosh kichik ekansiz. — dedi Nasiba jilmayish qilib. — Bemalol uka deyaversam bo‘larkan.

— Bemalol.

— Ha-a, so‘ramoqchi bo‘lganim… Bekatda nega o‘tirgandingiz? Biror yerga bormoqchimidingiz?

— H-ha, — tutilibroq javob qildi Bilol. — Markaziy kutubxonaga bormoqchi bo‘lgandim. Keyin… Sizni ko‘rib fikrimdan qaytdim…

Nasiba suhbatni davom ettirish o‘rniga qayta-qayta xo‘rsinib oldi. Bilolning melisaga arz qilish niyati yo‘qligiga yana bir karra amin bo‘lib ko‘ngli yorishdi. Lekin soliqchining zug‘umi, qo‘rqitishlari yodiga tushdi deguncha yuzi qaytadan tundlashdi.

— Opa, tinchlikmi? — oradagi sukutni buzdi Bilol. — Mazangiz yo‘qmi?

— E, uka, mazam yo‘q bo‘lsa yaxshiydi shundan ko‘ra. Qurib ketsin dunyolariyam!

— Nega unday deyapsiz? Nima bo‘ldi? Balki mening yordamim tegib qolar?

Nasiba talabaning shu bir og‘iz so‘zi qalbini eritgandek hiyla yengil tortdi. Bu yigitning ko‘ngli ochiqligiga shubhasi qolmadi. Dunyoda kam bo‘lsa-da, shunday odamlar borligi uchun shukr qildi.

— Siz yordam bera olmaysiz, — dedi u tashqariga hissiz boqarkan. — Ular vahshiy hayvondan battar. Sizniyam qo‘shib yutvorishadi.

— Ja unchalikmasdir? — jonlandi Bilol. — Ular ham bizga o‘xshagan odam-ku, opa!

— Shundaylikka shunday-ku-ya, lekin ular baribir yomon odamlar. Tutgan yerini kesadi.

— Boyagi odam sizni xafa qildimi? Ayting, opa, meniyam boshimdan ko‘-o‘p issiq-sovuq o‘tgan. Balki arzimagan bo‘lsayam yordamim tegar? Iltimos, opa, ayta qoling!

— Uf-f… Mendanam qaysar ekansiz, — ma’yus jilmayib ko‘zgucha orqali Bilolga qarab qo‘ydi Nasiba. — O‘sha nusxa soliq tashkilotining boshlig‘i. Xudo qarg‘agan. Nimaymish, men o‘sha siz borgan klubni tezlikda unga sotishim kerakmish. Bir dunyo tuhmatni boshimga yog‘dirdi. Boshimdan oyog‘imgacha mag‘zava to‘kib tashladi… Nima qilishni bilmay qoldim… O‘lib ketsin bizneslariyam!..

— Yomon odamlarakan-da! — dedi Bilol qovoq uyib. — Lekin ish bersa uni to‘xtatishning bitta yo‘li bor.

— Qanaqa yo‘l? Menimcha undaylarni faqat xudo to‘xtatsa kerak.

— Harakat qip ko‘rish ziyon qilmaydi, opa.

— Xo‘p, ziyon qilmasa, ayting. Qanaqa yo‘l.

— U yana sizning oldingizga kelishini aytdimi?

— Yo‘q, ammo ko‘nglim sezib turibdi. Bugun tag‘in peshonamda paydo bo‘ladi.

— Unda meniyam yonlaringda o‘tirishimga ruxsat bersangiz, o‘sha usulimni ishga solardim.

— Qanaqa usul? Ayting-da cho‘zmay!

— Menda diktofon bor. Bor gapni o‘sha diktofonga yozib olaman. Keyin sizga beraman. Siz qo‘ng‘iroq qilasiz-da, haqiqatni aytasiz. «Agar yana bezovta qilsang, yozuvni prokuraturaga topshiraman», deysiz. Qalay, opa? Zo‘r o‘ylabmanmi?

— Ja shustriy ekansiz-ku-a? — kuldi Nasiba. — Qayerliksiz?

— Buxoro tomonlardan.

— Ha-a, yaxshi. Buxoroga bormaganman-u, ammo yaxshi joylar deyishadi. Ziyoratgohlarini maqtashadi.

— To‘g‘ri… Opa, taklifimga nima deysiz?

— H-ha-ya, qarang, darrov esimdan chiqay debdi… Umuman, yomon taklifmas.

— Unda boshlay qolaylik!

— Soliqchi kelsin-da oldin! Diktofoningiz o‘zingizdami?

— Ha, yonimda. Doim yonimda olib yuraman buni.

— Bo‘pti, unda hozir restoranga boraylik, birga tushlik qilamiz.

— Restoran? — Bilol birdan o‘zgardi. Rangi gezargan ko‘yi asabiy lab tishladi. — Y-yo‘-o‘q, opa, bu menga to‘g‘ri kelmaydi. Talaba odamga kim qo‘yibdi restoranda ovqatlanishni? Yo‘-o‘q, opa, uzr!..

— Nega unaqa deysiz? Nima, talaba odam emasmi? Siz g‘ururlanib yurishingiz kerak talabaligingiz bilan. Bu baxt-ku!

— To‘g‘ri, lekin ochig‘ini aytsam… Ayollarga hech qachon boqimanda bo‘lmaganman!

— Mayli, unda kecha mening qo‘riqchilarimdan kaltak yeganingiz uchun uzr so‘radim deb hisoblang. Shuning evaziga men sizni mehmon qilmoqchiman. Bo‘ladimi?

Bilol kulimsiragancha bosh egdi.

— Qo‘ymadingiz-qo‘ymadingiz-da, opa! Mayli…

* * *
Restorandan chiqishgach, Nasiba mashinasiga o‘tirgandan keyin, yana ko‘zgucha orqali Bilolga boqdi.

«O‘zini tutishi, hushyorligiga qaraganda, ko‘cha ko‘rgan yigitga o‘xshaydi, — ko‘nglidan o‘tkazdi u. — Bundaylar chayir, mehnatkash bo‘ladi. Ko‘ngliyam ochiq ekan. Menga o‘xshab kambag‘al oiladan chiqqani ko‘rinib turibdi. Nima qilsam bo‘ladi? Supermarketga ishga qo‘ysam-chi? Darsdan kelib ishlayverardi… Ha, buni o‘ylab ko‘rish kerak…

— Opa, iltimos, meni yo‘lda qoldirib ketsangiz, — dedi Bilol o‘rtadagi jimlikni buzib. — Kutubxonaga kirib o‘tsam devdim.

— Ish-chi? — kuldi Nasiba. — Taklif nima bo‘ladi?

— U odam… Kelmagan-ku hali!

— Keladi. U iflos ortimdan tushdimi, qaytmaydi endi. Sezib turibman. Baribir keladi yuzsiz. Bo‘pti, hozir supermarketga boramiz. Ish bor.

— Xo‘p, — deya qayta bosh egdi Bilol. — Qarshi emasman, opa!

* * *
«Eshakni eslasang, qulog‘i ko‘rinadi», deb bejiz aytishmagan ekan. Supermarketga kirib kelishlari bilan ish yurituvchisi Noilaxon pildiragancha kelib qarshisida hozir bo‘ldi.

— Assalomu alaykum, Nasibaxon! — dedi u kabinet tarafga bilinar-bilinmas qarab qo‘yib. — Sizni yana hov anov kungi soliqchi amaki kutib o‘tiribdi.

— Shunaqami? — kulimsirab Bilolga ko‘z qisdi Nasiba. — Qarang-a, juda intizomli-da shu soliqchi! Kutdirishni yomon ko‘radi. Mayli, siz ishingizga boravering, men kabinetda bo‘laman!..

Nasiba Bilolni ergashtirgancha kabinetiga kirdi. Soliqchi chetroqdagi kursiga yastanib olgancha qaysidir gazetani varaqlash bilan band edi. Nasiba kirib kelganini ko‘rib gazetani bir chetga surdi-da, nomigagina qimirlab qo‘ydi.

«Xuddi o‘z uyiga kirganday yastanib olibdi-ya, yashshamagur, — xayolan qarg‘andi Nasiba. — Na uyat, na nomus bor bunda. Iloyim og‘zingdan qoning kelsin!..»

— Keling, xush kepsiz, — Nasiba joyiga o‘tirib soliqchiga alamli boqdi. — Kutdirib qo‘ydikmi deyman?

— Ha endi, sizdaqalar kutdirsa arziydi, — og‘zining tanobi qochib javob qildi soliqchi. — Kerakli odamsizlar!.. Aytgancha, o‘zingizga yangi tansoqchi oldingizmi deyman?

Soliqchi bir chetda qimtinibgina o‘tirgan Bilolga ishora qildi.

— Aytmabsiz-da, baquvvatlaridan topib berardim.

— Bu tansoqchimas, — dedi Nasiba. — Mening yordamchim.

— Shunaqami?.. Mayli, mayli… Endi Nasibaxon, muddaoga o‘ta qolaylik-a?..

Shu gap tilga olingach, Nasiba yalt etib Bilolga qaradi. Talaba ham uni darrov tushunib asta ko‘z qisib qo‘ydi. Demak, diktofon yozishni boshlagan. Qo‘rqmasa ham bo‘ladi…

— Mayli, o‘ta qoling! — dedi Nasiba soliqchiga savol nazari bilan boqib. — Nima ishingiz boridi bizda?

— Bilib turib tag‘in so‘raysiz-a, Nasibaxon! Axir, boyagina gaplashdik-ku tungi klub haqida!..

— Xo‘sh, nima bo‘pti? Men klub haqida oxirgi javobimni aytdim sizga. Endi boshqa gap sig‘maydi, amaki!

Ko‘rinib turibdi. Soliqchiga Nasibaning «amaki» deya murojaat etishi juda alam qilyapti. Bu bilan Nasiba o‘sha paytlardagi ochiq taklifiga arzirli javob sifatida «sen qarisan» degan iborani xuddi shu «amaki» so‘ziga qorishtirib aytganiga aqli yetib turardi. Baribir sir boy bermadi. Gapni boshqa yoqqa burmay, tahdid qilishda davom etdi.

— Siz qanaqa ayolsiz o‘zi tushunmaydigan? Klubingiz tomog‘igacha balchiqqa botib yotibdi. Prokuratura, melisa bossa o‘zingizni birinchi o‘rinda oborib tiqib qo‘yishadi. Undan ko‘ra, tinchgina sotib qo‘ya qolmaysizmi?

— Bu mening mulkim, xohlasam, sotaman, xohlamasam, sotmayman.

— To‘g‘ri, lekin bizni ranjitish yaxshilikka olib bormaydi. Ertaga tag‘in o‘zingiz qarshimda tiz cho‘kib yolvorib yurmang!..

— Qo‘rqityapsizmi, amaki? — jahdini sir tuta olmay soliqchiga sovuq tikildi Nasiba. — Nima qilasiz? Qamatasizmi?

— Men qamatishdan oldin shunday ishlar qilamanki, tug‘ilganlaringizga, biznesga kirganlaringizga ming pushaymonlar yeysiz!

— Ha-a, shunaqami? — qoshlarini chimirib soliqchiga qattiqroq tikilib qaradi Nasiba. — Demak, zo‘ravon, mafiyachilarni peshonamga opkelib o‘ldirtirasiz, shundaymi?

— O‘ldirtirmayman, — dedi soliqchi xirillab. — Oldin qiynoqqa solishadi. Ana undan keyin bilganlarini qilishadi…

— Gapingiz tugadimi? — Nasiba zarda bilan o‘rnidan turdi. — Agar boshqa gapingiz bo‘lmasa, kabinetni bo‘shatib qo‘ysangiz, iltimos!

— Demak, yaxshilikcha ko‘nmaysiz, shundaymi? — soliqchi o‘rnidan turishga shoshilmay, o‘tirgan yerida qulochini kerdi. — Afsus, endi yaxshi gaplarim qolmadi. Bilasizmi, nodon ekansiz. O‘sha klub erta-indin baribir meniki bo‘ladi. Insof qilayotgandim. Shu ayol ham foyda ko‘rsin, qaqshab qolmasin degandim. Tushunmadingiz. Endi klubni qo‘shqo‘llab hadya qilishingizni hamma ko‘radi. Qani, alam qilmasmikan sizga!..

— Buni vaqt ko‘rsatadi, — dedi Nasiba. — Sal pastroq tushing! Hozir umuman boshqa zamonda yashayapsiz.

— Ko‘ramiz.

Soliqchi shunday dedi-yu, chiqib ketdi. Nasiba esa pinagini buzmay, Bilol uzatgan diktofonni qo‘liga oldi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (12-qism. Birinchi fasl)