14:14 / 11.11.2018
4 673

Xayrullo Hamidov: Berganingga menga dard shukr!

Xayrullo Hamidov: Berganingga menga dard shukr!
Arzimayman, ko‘nglimda kibr,
Shunda hamki, ehtirom aylab,
Odamlarning ichidan saylab,
Berganingga menga dard shukr!

Fursat erur Seni bilmoqqa,
Vaqt qolmadi o‘ynab kulmoqqa,
Imkon yo‘qdir gunoh qilmoqqa:
Berganingga menga dard shukr!

Sihat chindan mol-davlat bo‘ldi,
Dilga tanish oyatlar keldi.
Do‘zax nima, idrok tug‘ildi:
Berganingga menga dard shukr!

Yetsa hamki endi qazoim,
Angladim ne bo‘lar jazoim
Olding demam biror a’zoim,
Berganingga menga dard shukr!

Qadaring haq, tezda ovundim,
Ixlos ila Senga sig‘indim,
Sahobalar holin tushundim,
Berganingga menga dard shukr!

To‘rt mucham sog‘ yurganlarimda
Gunoh to‘la ul daftarimda
Ko‘ngil edi tamom yarimta...
Berganingga menga dard shukr!

Bilarding-ku, mendek g‘o‘r banda
Holatim naq edi sharmanda.
Shuncha odam qarab turganda,
Berganingga menga dard shukr!

Arzimayman, bilaman, Robbim,
Bir yig‘layman, kulaman, Robbim,
Endi shukr qilaman, Robbim,
Berganingga menga dard shukr!

Bermay qo‘ysang mutloq e’tibor
Salomatdan qanday huzur bor?!
Yuragimdan ketkazib g‘ubor,
Berganingga menga dard shukr!

Bolalarim qilishar duo,
Otam, onam tilida xudo,
Kalomingni etmasdan judo,
Berganingga menga dard shukr!

O‘zing yordam bermasang bo‘lmas,
Yo‘lim o‘ngga burmasang bo‘lmas,
Tinch hayotdan ko‘nglim xo‘p sarmast,
Berganingga menga dard shukr!

Oxir so‘zim mening ushbudir:
Bergan darding ajib ko‘zgudir,
Azoblaring rohat, uyqudir:
Berganingga menga dard shukr!
Xayrullo Hamidov

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xayrullo Hamidov: Berganingga menga dard shukr!