18:00 / 18.11.2018
4 217

Musulmon bo‘lgan ateistning hayotiy saboqlari

Musulmon bo‘lgan ateistning hayotiy saboqlari
Bu voqea, aslida 1999 yilda ro‘y bergan. Ungacha Jefri Lang e’tiqod masalasida juda ko‘p qarama-qarshiliklarga duch kelgandi.

Yosh katolik

Jefri Lang AQShdagi eng yirik hisoblangan Kanzas universitetida matematika fani bo‘yicha professor bo‘lib ishlaydi. U 1954 yil 30 yanvarda Konnektikut shtatining Brijport shahrida, katolik oilasida dunyoga kelgan. Umrining dastlabki 18 yilini katolik maktablarida o‘tkazdi, biroq olgan bilimlari yuragida paydo bo‘lgan qarama-qarshiliklarni bartaraf eta olmadi. O‘tgan asrning 60-70 yillarida yoshlarning ongi asosan jamiyatdagi mavjud holatga nisbatan isyonchi ruhda shakllanib borgan edi. Ushbu munosabat katolik cherkovlariga nisbatan ham namoyon bo‘lgan edi.

Ateistga aylanish

Jefri Lang 18 yoshida shunchaki ateistga aylangan edi. Agar rahmi bo‘lgan Yaratuvchi mavjud bo‘lsa, nega yer yuzida shuncha azob-uqubatlar hukm surmoqda? Nima uchun U bizni shunchalik samoga olib ketmaydi? Nahotki, U insoniyatni azob tortishi uchun yaratgan bo‘lsa? Uning davridagi yoshlarni shu kabi savollar ko‘p qiziqtirar edi, lekin bularning birortasiga aniq javoblar topa olmasdilar.

Islomda Xudoni topish

San-Antonio universitetining bo‘lajak matematika bo‘yicha o‘qituvchisi nihoyat shunday dinni topishga muvaffaq bo‘ldiki, unda haqiqiy Xudo mavjud edi. Xudoni unga universitetdagi musulmon do‘stlari ko‘rsatib berdilar.

“Biz din haqida gapirar edik. Men savollar berar edim. Ularning puxta o‘ylab keyin javob berishlari meni lol qoldirar edi” – deb eslaydi Lang.

Saudiyalik talaba Mahmud Qandilning birinchi kuni sinfga kirib kelishiyoq unda boshqacha taassurot qoldirdi. O‘shanda Lang shu talabasiga tibbiyot sohasi bo‘yicha savol beradi. Mahmud esa sof ingliz tilida aniq va mukammal javob qaytaradi. Mahmudni yashab turgan mahallasida mer ham, politsiya ham va hatto oddiy odamlar ham yaxshi tanirdi. Oradan bir oz vaqt o‘tib Lang yosh talabasi bilan haqiqiy do‘st bo‘lib qoladi. Mahmud unga Qur’on va bir qancha islom diniga oid kitoblar beradi.

Lang mustaqil tarzda Qur’onni o‘qib chiqadi. Kunlarning birida universitetning talabalar namoz o‘qiydigan xonasiga kirib keladi. Bir so‘z bilan aytganda u hech qanday qarshiliksiz islomni qabul qilgan edi. Qur’oni karim uning qalbini zabt etgandi.

“Har kuni kechqurun men o‘zimni qiziqtirgan savollar va mulohazlarimni tartiblab chiqardim. Va har kuni ularga tegishli javoblar topardim. Men har safar Qur’onni ochganimda Muallif mening fikrlarimni o‘qib, ularga javoblar yozib qo‘yardi guyoki. Bu sahifalarda men o‘zimni uchratdim...”

Lang besh vaqt ibodatni ado etishga kirishib, undan juda ham katta ruhiy ozuqa ola boshladi. U bomdod namozini islomning eng chiroyli va ta’sirli ibodati, deb hisoblaydi. Garchand arab tilida o‘qishi va tushunishi ravon bo‘lmasa ham bu tilda o‘qish, Qur’ondagi ajoyib go‘zalliklarni tushunishiga monelik qilmas edi. Bu xuddi bola onasining nima deganini fahmlamagani bilan onaning tovushi unga tasalli berayotgandek edi.

Qur’oni karimni o‘qish unga juda ham katta taskin va og‘ir kunlarida esa kuch berdi. O‘shandan buyon dinni chuqurroq tushunish yo‘lidagi muntazam intilishlari ma’naviy yuksalishiga yordam bermoqda.

Lekin shular bilan bir qatorda, u o‘z sohasini ham tashlab qo‘ymadi. Oldin nomzodlikni, keyin doktorlik ilmiy ishlarini yoqladi. U har doim matematikadan hayratga tushadi.

“Matematika bu mantiq, u javob olish uchun aniq fakt va raqamlarni ishlatadi. Mening aqlim ham ana shunday ishlaydi, shu sababdan ba’zida ishlar bilan band bo‘lganimda aniq javoblar bo‘lmagani bois, o‘zimni yo‘qotib qo‘yaman. Fikrlash qobiliyati g‘oyalarni aniq faktlarga ko‘ra baholaydigan insonning dinda o‘zini topishi juda ham qiyin. Qolaversa, ko‘plab dinlarda g‘oyalarni e’tiqod sifatida qabul qilishni talab qiladi. Islom esa insonni sog‘lom fikrlashga chorlaydi”.

“Musulmon talabalar assotsiatsiyasi”ning bo‘lajak maslahatchisi bo‘lgan Lang o‘zini universitet va talabalar o‘rtasini bog‘lovchi muhim bo‘g‘in sifatida ko‘rardi. Shu bilan birga universitet ma’muriyati unga Islom dini bo‘yicha ma’ruzalar o‘qishga ham ruxsat berdi.

“Men maslahatchi sifatida musulmon talabalarga ehtiyojlarini ta’minlashga, amerika madaniyati va o‘qish jarayoniga moslashishlariga yordam beraman. Ular xatolardan qutulish imkoniyatlarini juda ham qadrlashadi”.

Lang AQSh musulmonlari orasida mashhur bo‘lgan bir qancha islomga oid kitoblar yozdi. Ulardan biri “Hatto farishtalar ham “Amerikada islomga yo‘l” haqida so‘rashadi” deb nomlanadi. Bu kitobida Lang o‘quvchilar bilan Islom ta’limoti yo‘lidagi ruhiy yuksalishiga sabab bo‘lgan nurli tushunchalari bilan o‘rtoqlashgan.

Lang saudiyalik Roiqa ismli muslimaga uylandi. Havas qilsa arzigulik musulmon oilasi paydo bo‘ldi. Hozirda ular uch qiz farzandning ota-onasi.

Manba: Islom.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Musulmon bo‘lgan ateistning hayotiy saboqlari