13:15 / 14.12.2018
2 955

Go‘zal fazilatlarsiz muvaffaqiyat qozonib bo‘lmaydi...

Go‘zal fazilatlarsiz muvaffaqiyat qozonib bo‘lmaydi...
Maktabdan shosha-pisha chiqqan o‘n yoshli bolakay muzqaymoqqa chopdi. Shu shahd bilan muzqaymoqxonaga kirayotib u nogoh bu yerdagi xizmatchi qiz bilan to‘qnashdi. Do‘kon xizmatchisining qo‘lidagi muzqaymoq idishlaridan biri yerga tushib ketdi. Yaxshiyamki idish bo‘shagan ekan. Orada bir oz xijolatpazlik bo‘ldi, bola terga botdi.

Birozdan so‘ng u oldiga suv qo‘ygan ofitsiantga tabassum qilib, atrofidagilar maza qilib yalayotgan quyma muzqaymoqning narxini so‘radi.

"50 sent," javob qaytardi xizmatchi qiz. Uning ohangi g‘azabnok tuyuldi.

"Iltimos, bir daqiqa kutib turing," dedi bolakay va cho‘ntagidagi chaqalarini ikki marta sanadi, jajji barmoqlarida nimalarnidir hisobladi. Bu orada uning tepasida turgan ofitsiant uni kutayotgan mijozlarga ko‘z yugurtirib betoqatlandi, bolaga norozi ko‘zlarini qadadi.

"Pulimga yarasha quydirib olsam bo‘ladimi?"
"Bo‘ladi, bo‘ladi, faqat tezlashtir!" xizmat ko‘rsatayotgan qiz qo‘pollik bilan javob qaytardi.

"Unda iltimos, 35 sentga yarasha muzqaymoq olib kelsangiz".

Qiz kichkina mijozga ensa qotirganicha stoldan uzoqlashdi, keyinroq bolaning oldiga muzqaymoq solingan idishni va hisob yozilgan qog‘ozni qo‘yib ketdi. Kayfiyati yo‘qligi uchun bo‘lsa kerak, jajji mijozga iltifot ham qilmadi.

Muzqaymoq jonu-dili bo‘lgani uchun bolakay uning muomalasiga e’tibor qilmadi. Boshqalarnikidan kam bo‘lsa ham, yigitcha boriga qanoatlanib, shirinlikni yedi. So‘ngra hisobni oldi va kassaga 35 sent to‘ladi, do‘konni mamnun kayfiyatda tark etdi.

Ko‘z qiri bilan uni kuzatib turgan ofitsiant stolni yig‘ish uchun kelganida bir fursat tek turib qoldi, so‘ng namlangan ko‘zlarini artgancha kichkina mijozga rahmat aytish uchun ko‘chaga otildi.

Bolakay otasidan olgan 50 sentning 15 sentini choy-chaqa uchun ofitsiant qizga olib qo‘yib, 35 sentlik muzqaymoq yegan va minnatdorchilik ramzi sifatida idish yoniga uch dona besh sentlik tangani qoldirib ketgan edi.
Shuhrat SATTOROV

Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Hayot tarzi » Go‘zal fazilatlarsiz muvaffaqiyat qozonib bo‘lmaydi...