09:44 / 28.12.2018
5 083

Go‘r azobi… (10-qism) (mistika)

Go‘r azobi… (10-qism) (mistika)
Sarvinozning tipirchilashi, siltanib oh chekishi, baqirishlari negadir menga huzur bag‘ishlay borardi. U qanchalar qattiqroq, ko‘proq dod solsa, men shuncha mamnun bo‘layotgandim. Iblis ham tek qarab turmasdi. Nuqul meni tezlab yanada qattiqroq bo‘g‘ishga undardi…

Sal o‘tib menga bu ham kamdek tuyula boshladi. Iblisning ko‘rsatmasini kutib o‘tirmay, hamon Sarvinozni tinchlantirishga urinayotgan qo‘riqchimga yopishdim. U juda baquvvat edi. Agar tirikligimda bo‘g‘ishga tutinsam, kuchim yetmasligi tayin edi. Ammo shu tobda arvohlar ulardan-da kuchliroq, chayirroq bo‘lishlari mumkinligini angladim. Bunga o‘zim guvoh bo‘ldim. Qo‘riqchimning yo‘g‘on bo‘ynidan siqimlab, tomog‘iga chang soldim. U ham xuddi qizim kabi siltanishdan, chiranishdan nariga o‘ta olmadi.

— Qo‘yib yuborma, — deya qichqirardi iblis chapak chalib. — O‘ldir uni! Bizning qo‘limizga tushsa, adabini beramiz! O‘ldir!..

Yo‘q, men iblis aytganidek yo‘l tuta olmadim. Qo‘riqchimni ham qo‘yib yubordim. Ana shundan keyin qizim ikkalasi jonholatda tashqariga o‘zini urdi. Ularning qochishi meni yanada jo‘shtirib yuborgandi. Ortlaridan chopdim. Buyog‘iga nima qilishlari, qanday yo‘l tutishlari, qanaqangi harakatlar sodir etishlari qiziq edi. Qo‘riqchi qizimni qo‘lidan tutgancha yugurtirib xotinim o‘tirgan uyga kirib bordi.

— Ha-a, — deya baqirdim ularning ketidan qolmay. — Baliq boshidan sasigan ekan-da! Bu manjalaqi qiziga katta yo‘l ochib berib qo‘yibdi-da! Bitta-yu bitta qizini manavining qo‘yniga o‘zi solib qo‘yibdi-da! Vey, qanaqa iflossan o‘zi? Nega bunday qilding?..

Afsuski, ular meni eshitmasdi, sezmasdi, payqamasdi.

— Oyi, kimdir meni uyqum orasida bo‘g‘di, — deya arz qila boshladi Sarvinoz yig‘lab, titrab-qaqshab. — Mana, Anvar akamlarniyam bo‘g‘ibdi! Ayting, bo‘g‘dimi? Sizniyam bo‘g‘dimi?

— Ha, qo‘llariyam kattakonmi deyman, sira qayirib tashlolmadim. O‘ldirib qo‘yayozdi it emgan!

— Kim it emgan! — bu haqoratdan jahl otiga minib yana qo‘riqchimni bo‘g‘ishga tutindim. Lekin bu gal qo‘llarim tutmadi. Xuddi ilgarigidek bo‘g‘ishga uzangan qo‘llarim havoda muallaq qolaverdi.

— Sen ularning ko‘ziga ko‘rin, — dedi iblis kutilmaganda. — Adablarini yeyishsin! Rosa maza qilardik ko‘zlariga ko‘rinsang!

— Men sehrgarmidimki, xohlaganda birovning ko‘ziga ko‘rina olsam!

— Men o‘rgatib turaman! Qani, xotiningdan sal beriroq tur! Shunday! Ana endi ikki qo‘lingni oldinga cho‘z!

— Qaysi qo‘limni? Qo‘llarimni o‘zim ham ko‘rmayapman-ku!

— Sen hayot paytingni eslagin-da, men aytganni qil!

Men iblis o‘rgatganidek, qo‘llarimni oldinga cho‘zdim.

— Endi qulog‘ingga bir gapni aytaman, sen baland ovozda takrorlaysan!

Iblis qulog‘imga sirli jumlalarni quydi. Men tayinlanganidek baland ovozda takrorladim. Ana shunda rostakam tomosha boshlandi. Xotinim men tomon boqqancha rangi oqarib ortga tislandi. Qizim va qo‘riqchim hayron edi. Hoynahoy, ularning ko‘ziga ko‘rinmayapman chog‘i, hech narsani tushunmay, xotinimga baqrayib qolishgandi.

— Arvoh! — deya qichqirib yubordi xotinim. — Ana, arvoh! Arvoh!

— Qanaqa arvoh? — yig‘i aralash so‘radi qizim. — Qani arvoh?

— Ana, derazaning yonida osilib turibdi! Oppoq kiyim kiyvolibdi! Bu… Beta’sir dadangning arvohi, qizim! Xuddi o‘sha!..

Bu orada men iblisning ko‘rsatmasiga ko‘ra qo‘llarimni pastga tushirdim. Endi xotinimga ko‘rinmayotganim tayin edi. Shu bir necha o‘n lahzalik ko‘rinishimning o‘zi ham yetarli edi.

— Voy, qizi-im, — dod solib yig‘lagancha xonani aylana boshladi xotinim. — Bu o‘sha! Dadangning arvohi! O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim! Bizni o‘lib ham tinchitmaydiganga o‘xshaydi maraz!..

— Kim maraz? — iblisning hay-haylashiga-da qarab o‘tirmay baqirib yubordim va xotinimning tomog‘iga chang solish payida bo‘ldim. Ammo qo‘lim yana havoda muallaq qolib ketaverdi. — Gapir, xunasa! Kim maraz?..

Xotinim ham, yonidagilar ham pinagini buzmasdi. Bir-birlariga zorini aytgan ko‘yi yig‘lashardi. Faqat qo‘riqchimgina asabiy sigaret tutatib, ona-bolani tinchlantirishga urinardi.

— Qizim, — nihoyat qarg‘anishdan, yig‘lashdan to‘xtab Sarvinozga yuzlandi onasi. — Bor, narigi mahalladagi Sarvi folbinni boshlab kel! Oyog‘ini yerga tekkizmay, dikonglatib opkel!..

Sarvinoz qo‘riqchimni yoniga oldi-da, tashqariga o‘zini urdi. Men bo‘lsam, nima qilishni bilmay, nuqul orqaroqda turgan iblisga javdirardim.

— Folbinni kutamiz, — dedi iblis. — Qani, nima karomat ko‘rsatarkin?!. Qo‘rqma, folbin, jodugarlar o‘zimizning odamlar. Ular sen bilan menga ziyon yetkaza olishmaydi. Aksincha, mening yo‘rig‘imda yurishadi.

* * *
Oradan o‘n besh daqiqaga yaqin vaqt o‘tgach, jikkakdan kelgan, yoshi oltmishga yaqinlab qolgan yupqa lab, qirraburun folbin qizim va qo‘riqchim yetagida kirib keldi. Xotinim ustagar emasmi, u kirishi bilan yelkasidan olib yig‘lashga tushdi.

— Yig‘lamang, o‘rgilay, yig‘lamang, — uni yupata boshladi folbin. — Shuncha yig‘laganlaringiz kammi? Nima bo‘ldi? Nega chaqirdingiz meni? Tinchlikmi, o‘rgilay?

— Anavi yaramas erim o‘lib ham bizni tinchitmayapti, — dedi xotinim. — Boya Sarvinozimminan kuyovimni uxlayotgan yerida bo‘g‘ib o‘ldirmoqchi bo‘pti. Sho‘rliklar rangida rang qolmagan. Dodlab chiqib qolishdi. Ularni tinchlantiray deb tursam… Ishonasizmi, la’natining arvohi shundoq tepamda menga qarab turibdi. Jonim chiqib ketayozdi, opa! Shunga… Qizimni oldingizga yugurtiruvdim.

— Ha-a, shunaqami? — Sarvi folbin bir-ikki cho‘zib esnadi-yu, uy burchaklarini ko‘zdan kechira boshladi. Men esa iblisga umidvor boqdim.

— Sen kut, — dedi iblis. — Folbinning nima karomat ko‘rsatishini kut. Rostini aytaymi, agar vijdonli, kuchli folbin bo‘lsa, xotiningni majburlab bo‘lsa-da, tilovat qilishga majburlardi. Yoddan bilmasa, kitob keltirib o‘qitardi. Ammo bu folbin o‘zimizdan. Xotiningni jinidan yomon ko‘radi. Shuning uchun aldab-suldab pulini oladi-yu, quyon bo‘ladi.

— Menga yomonlik qilmaydimi ishqilib? — so‘radim iblisdan. — Tag‘in «issiq-sovuq» qip qo‘ymasin!

— Jinnimisan? O‘lganlarda issiq-sovuq nima qiladi? Qara, kuzat, nima qilishini hozir ko‘rasan o‘zing!

Haqiqatan folbin uy burchaklarini ko‘zdan o‘tkazib bo‘lgach, yana xotinimga yuzlandi.

— Arvoh haliyam ketmagan, — dedi u. — Mana shu xonada payt poylab o‘tiribdi. Xafa bo‘lmang-u, eringiz Daminboy tirikligidayam yovuz mahluqqa o‘xshardi. Sizni bir vaqtlar ichib kelib do‘pposlaganlari, pichoq ko‘tarib quvganlari esingizdami? Menikida tunni o‘tkazardingiz. Ha, bundaylarning arvohiyam yovuz bo‘ladi. «Qazisan, qartasan, asl zotingga tortasan» deganlari shu-da!

— Iltimos, arvohni quving, — yalina boshladi xotinim. — Yo‘qolsin uyimdan! Daf bo‘lsin!

— Daf bo‘ladi! Daf bo‘lmay qayerga borardi. Lekin…

Xotinim folbinning muddaosini anglab yetgandi. «Hozir», dedi-yu, ichkariga uyga kirib ketdi va ko‘z ochib yumguncha qo‘lida bir dasta pul ko‘tarib chiqdi.

— Yetadimi? — so‘radi pullarni folbinga tutqazarkan. — Yo kammi?

— Voy, yetadi-i! — kuldi folbin. — O‘lar joydamidik?!. Bir-birimizning korimizga shunday kunlarda yaramasak, qachon yaraymiz?!.

— Endi arvoh ketadimi? — so‘radi xotinim Sarvinozni bag‘riga bosib. — Bitta-yu, bitta qizimni bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ysa, ado bo‘laman, egachi!

— Menga qarang, — dedi folbin qarshisidagilarni o‘tirishga chorlab. — Bitta yo‘li bor. Shuni qilsangiz, ketadi, keyin hech qachon sizni bezovta qilmaydigan bo‘ladi.

— Xo‘p, ayting, nima qilish kerak? Aytavering! Pul ketsa ketsin, ammo arvohni ketkazsangiz bo‘ldi.

— Hozir oppoq qog‘oz olasiz-da, rosa qarg‘ab, so‘kib xat yozasiz eringizga. Yaxshi gap yozmang, faqat qarg‘ish va haqoratga qorishiq bo‘lsin. Innaykeyin o‘sha xatni hovliga opchiqib o‘choqqa solasiz-da, yoqvorasiz!

— Sizam yonimda turasizmi?

— Albatta turaman. O‘zim bosh-qosh bo‘laman. Bo‘la qoling endi!..

* * *
— Tamom bo‘lding, — dedi kutilmaganda iblis menga juda yaqin kelib. — Bular seni haydab solishadi. Xatni o‘choqqa tashlasa, yonishi bilan seni ilohiy kuch itqitib tashlaydi. To‘g‘ri zulmatlar qa’riga borib tushasan!

— Nega? Axir… Bu bor-yo‘g‘i xat-ku!

— Xat bo‘lganiminan xudo ko‘rib turibdi. Sening bu yerga kelib yaqinlaringga yomonlik qilishing unga sira yoqib tushmagandi. Men sezgandim. Ammo shashtingni qaytarmagandim. Nima bo‘lgandayam do‘stingman-ku!.. Men…

Iblis gapini tugatishga ulgurmadi. Folbin yetakchiligida haqoratlar bitilgan qog‘oz o‘choqqa tushgani hamono meni qandaydir noma’lum kuch bo‘ynim aralash chunonam urdiki, ko‘zimdan o‘t chaqnab ketdi. Boshim gir aylanib bir zumda atrofni zulmat egalladi. Men o‘qchiy-o‘qchiy, hushimdan ketdim.

Ko‘zimni ochganimda…

Bu dahshatlarni ta’riflashga til ojiz…

Bor bo‘yim bilan botqoqlikda paydo bo‘ldim. Balchiq tomog‘imga qadar botgan, tubi yo‘qdek edi. Agar sal qimirlasam, cho‘kib ketishim tayinligini his etardim.

Bir mahal hov narida, sohilda barzangi, ya’ni, qo‘riqchi farishtam hozir bo‘ldi. U indamasdi. Menga masxaraomuz, goh alamli boqardi.

— Qutqar meni! — qichqirdim. — Qara, cho‘kyapman! Qutqarmaysanmi?

— Haqqim yo‘q, — dedi barzangi bir tuki seskanmay. — Shu yerda uzoq vaqt o‘tirishingga to‘g‘ri keladi.

— Nega? Qay gunohim uchun?

— Sen iblisning gapiga uchib yaqinlaringni qattiq ranjitding. Xudoning g‘azabi keldi. O‘zingni o‘zing mushtla, chimchila, tishla, sen bilan baravar bizning dunyoga kelganlar bugun arshi a’loga uchib ketishadi. Sen esa mahrumsan. Qachon gunohlaring uchun javob berib bo‘lsang, iblisdan yuz o‘girsang, ana undan keyin xudoyimning o‘zi o‘ylab ko‘radi. Omon bo‘l! Ko‘zingni och!..

Shunday dedi-yu, barzangi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Men balchiqning badbo‘y isiga chidolmaganimdan, so‘ngsiz azoblarga mahkumligimdan alamim kelib bor ovozda o‘kirib yig‘lab yubordim.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Go‘r azobi… (10-qism) (mistika)