21:42 / 10.01.2019
5 891

Ziyoratgohga nima uchun boramiz?

Ziyoratgohga nima uchun boramiz?
So‘nggi yillarda ulug‘ avliyolarning qabrlarini ziyorat qilishga hukumatimiz tomonidan ham xalqimiz tomonidan ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Albatta, bu ishda bir qancha foydalar bor. Jumladan, tarixda o‘tgan ulug‘ ajdodlarimizni tanish, ularning ibratli hayotlarini o‘rganish va kelajakda yana shunday peshvolar chiqishi uchun nimalar qilishimiz kerakligini anglash kabi manfaatlar bor. Ammo har bir amalning shartlari va odobi bo‘ladi. Musulmon inson qiladigan amali shariatga va sunnatga muvofiq ekanligiga e’tibor berishi lozim.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytarar edim. Endi ziyorat qilinglar, chunki u (qabr ziyorati) sizlarni dunyoda parhezkor qiladi va sizga oxiratni eslatadi”, (Beshovlaridan faqat Imom Buxoriy rivoyat qilmagan) deganlar. Ushbu hadisi sharifga ko‘ra qabrni ziyorat qilishdan asosiy maqsad undan ibratlanish, ya’ni o‘limni eslash bo‘lishi lozim. Ulug‘ avliyolar qabrini ziyorat qilishda esa ularning ibratli hayotlarini o‘rganish jihati ham bor.

Xo‘sh, bu borada hozirgi kunimizdagi ahvol qanday?
Uzoq-uzoq yo‘llarni bosib, yurtimizning turli go‘shalari sari ziyoratga otlanayotganlar asosan nima niyatda borishyapti?

Bu savollarning javobi ko‘pchiligimizga ma’lum. Aksar odamlar ishlari yurishishi, turli kasalliklardan shifo topish, farzand ko‘rish istagi va shu kabi maqsadlar bilan bormoqdalar. Ularning bu maqsadlari biz har kunlik namozlarimizda takror takror o‘qiydiganimiz “Fotiha” surasidagi:
"Faqat Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam so‘raymiz" (4-oyat) oyatiga mutlaqo zid. Ushbu oyati Karima yordam so‘rashimizga loyiq bo‘lgan zot faqat Alloh taolo ekanini anglatadi. Asli oxiratni eslash uchun bajarilishi lozim bo‘lgan amalni dunyoviy maqsad bilan bajarsak, bu amalimizda bizga qanday manfaat bor ekan?! Allohni qo‘yib bandasining qabridan yordam so‘rash emasmi bu?!

Qolaversa, ziyoratgohlarning atrofi ham bid’atu xurofotlar bilan to‘la. Qaysi ziyoratgohga bormaylik atrofi ko‘zmunchoqlarning har xil turlari bilan to‘lib toshgan rastalarga ko‘zimiz tushadi. Ziyoratga borganlarning deyarli hammasi ushbu ko‘zmunchoqlardan “yaxshi niyat” bilan olib kelishadi. Uylariga, mashinalariga osib qo‘yishadi va hattoki yosh farzandlarining kiyimlariga ham qistirib qo‘yishadi. Axir bunda aynan o‘sha narsaga suyanish ma’nosi borku! Bizni har holatda muhofaza qiluvchi Alloh taolo emasmi?! Bu ishlar Alloh taologa shirk keltirishning bir ko‘rinishi emasmi?!

Bundan tashqari ziyoratgohlarda jonliqlar so‘yish borasida ham noto‘g‘ri tushunchalar mavjud. Ma’lumki, Alllohning nomidan boshqa nomga atab so‘yilgan jonliqning go‘shti haromdir. Ziyoratgohga borib, “Falonchi otaga”, “Falon boboga” deb jonliq so‘yib, u joyni yemakxonaga aylantirish holatlari ham ko‘p. Maqbara, ziyoratgoh jonliq so‘yiladigan joy emas. To‘g‘ri, so‘yilgan jonliqning savobini kimningdir ruhiga bag‘ishlash shariatda bor. Ammo uning uchun so‘yiladigan jonliqni aynan o‘sha joyga olib borish shart emas. Mazkur jonliqni uyda so‘yib, go‘shtini birorta muhtojga ehson qilib, savobini bag‘ishlasa, ehson o‘z o‘rniga tushgan bo‘ladi. Shuncha uzoq yo‘llarni bosib, qancha-qancha xarajatlar qilib, evaziga gunohkor bo‘lsak…

Qolaversa, biz ziyorat qilayotgan ulug‘larimizning barchalari taqvoga, xolislikka, sunnatga ergashishga chaqirib, bid’at-xurofotlardan qaytargan zotlar edi. Ularni ehtirom qilishni da’vo qilsagu, qilayotgan amalimiz ularning da’volariga mutlaqo xilof bo‘lsa.

Aslida bu mavzuda aytiladigan gaplar ko‘p. Ammo muhtaram o‘quvchilarga malol kelmasligi uchun qisqaroq yozishni lozim topdik.

Har bir qilayotgan ishimiz sunnatga muvofiq, bid’atu xurofotlardan yiroq bo‘lishini va ajdodlarimizga munosib avlodlar bo‘lishimizni Alloh taolo nasib aylasin!
Ohangaron tumani “Abduqahhor Maxsum”
jome masjidi imom-xatibi
Abdulbosit NUSRATULLAYeV

Manba: O‘MI Toshkent viloyati vakilligi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ziyoratgohga nima uchun boramiz?