00:40 / 24.01.2019
5 808

So‘nggi so‘z

So‘nggi so‘z
U bilan bir necha yillik yon qo‘shni edik. Lekin uni qahvaxonasida ko‘rardim. Bir guruh do‘stlari bilan deraza oldida o‘tirib, ertadan kechgacha qarta o‘ynardi.
Bir kuni meni ham chaqirib:
– Kel, seni ham bir choyga taklif qilay, – dedi. – Shunchaki salom berib o‘tish yaramaydi.

Stolda yolg‘iz o‘tirgandi. Taklifini qabul qilib, yoniga bordim. Qo‘l siqishib ko‘rishayotganimizda “Sigaret hidini yoqtirmayman, shuning uchun ham bunaqa joylarga ko‘p kirmayman. Qolaversa, ishlarim ham juda ko‘p” dedim.

Ko‘ngli nozikroq ekan, og‘ringanini sezdirib:
– To‘g‘ri, – dedi. – Bizning ishimiz yo‘q.
– Aslida hammamizning ishimiz ko‘p, – dedim, nima demoqchiligimni ochiqroq ifodalashga urinib.

– Oxiratdagi abadiy hayotimizni shu qisqa dunyo hayotida qozonishimiz kerak.
– Haqsan. Lekin yosh pensiyaga chiqib, bu yerda mahkumlarday bog‘lanib qoldim.

– Abadiy hibsda emassiz, – dedim. – Bu yerda hech kim sizni majburan ushlab turmaydi.
– Do‘stlarimni ranjitishni istamayman. Har kuni qayta-qayta chaqirishadi.

Sal nariroqdagi masjidga ishora qildim:
– Muazzinni taniysanmi?
– Yigirma yillik muazzinni qanday tanimasligim mumkin? – dedi. – Buning ustiga oilaviy do‘stimiz bo‘ladi.
– Ha-a, shunchaki esimga tushdi-da. Uyam bir kunda besh mahal chaqiradi, – dedim.

Bu tanbehimdan xafa bo‘lgani, qizarinqiragan yonoqlaridan ko‘rindi.
– Avvallari unaqa emasdim, – deya g‘udrandi. – Ora-sirada jumaga ham chiqib turardim hatto. Keyinchalik ibodatga tanballashib qoldim.
Shu uchrashuvdan ikki oy o‘tib betobligini eshitdim va ziyoratga bordim.

Salom-alikdan keyin o‘g‘li:
– Otamning ahvoli juda, og‘ir, domla, – dedi. – O‘zini bilmaydi. Har zamonda bir “Sanzotu” deb alahsirab baqiradilarmiyey. Xullas, shunga o‘xshash nimalardir deb g‘udranadilar...

– Nima degani ekan?
– Kim biladi? Lekin yaxshi eshitdik, sanzotu deb baqiradilar.

– Balki semizo‘ti degandir? Yaxshi ko‘rarmidi?
– Umuman og‘izlariga olmasdilar hatto! – dedi xotini. – Men ham shunaqamikan deb o‘ylagandim lekin…

– Bu sanzotu degani biror doridir, men bir izlab ko‘raychi... – deb tezgina uyidan chiqib ketdim.
Guzardagi dorixonadan quruq qaytganimda oila a’zolarining fig‘oni yurakni o‘rtardi.

Katta o‘g‘il bag‘rimga boshini qo‘yib:
– Otamdan ayrilib qoldik, – dedi. – O‘sha dorining nomini aytib-aytib jon berdilar... Siz topoldingizmi?

– Endi ahamiyati yo‘q, – deb qo‘ya qoldim. Dorixonada menga “Sanzotu” degani qarta o‘yinlarida ishlatiladigan so‘z deb aytib kulishganini otasidan ayrilib ezilayotgan o‘g‘illarga aytishning hojati yo‘q edi...
Junayd SUAVI
Umida ADIZOVA tarjimasi

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » So‘nggi so‘z