14:03 / 26.01.2019
6 047

“Bu men uchun kuchli zarba bo‘ldi...”

“Bu men uchun kuchli zarba bo‘ldi...”
Bundan ikki yarim yil avval Ramazon oyi edi o‘shanda. O‘zimda ilgari hech uchratmagan tushkunlik holatini seza boshladim. Hech nima qilgim kelmaydi, juda qiyin holat edi. Shunday kunlarning birida Peshin namozidan chiqayotgan edim, Nigeriyalik ustozim bo‘lar edi, o‘shani uchratib qoldim. U menga arab-tili grammatikasi bo‘yicha ustozlik qilgan edi. Meni odatdagidan o‘zgacha holda ko‘rgan ustozim bu yurishimning sababini so‘radi. Men bir necha kundan buyon o‘qishimning ham mazasi yo‘qligi, o‘zimda g‘ayri tabiiy sustlik paydo bo‘lganini aytib, hasrat qilganday bo‘ldim.

Shayx Ishaq (o‘sha ustozimning ismi Ishoq) – Bugun Hufton namozidan keyin bir yerga borib kelamiz, vaqting bo‘ladimi? – deya so‘radi. Men vaqtim bemalol ekanini aytdim. Shunday qilib, o‘sha kuni iftor vaqti ham bo‘ldi, iftordan hech qancha o‘tmay hufton ham bo‘ldi. Tayyorgarlik ko‘rib, Ustozim bilan ko‘rishishga kelishgan masjidga bordim. Namozdan so‘ng yo‘lga tushdik. Yo‘l quyun gapirib ketdilar, «Hozir meni 10 yil o‘qitgan insonni oldiga ketyapmiz.
U inson bizni "Usulul-fiqh" fanidan o‘qitgan. Hozirda keksayib qolgani bois nafaqaga chiqib, ibodat bilan mashg‘ul bo‘lib qolgan. O‘sha inson bilan ko‘rishtirmoqchiman seni. U inson bizga har taraflama ustozlik qilgan. Talabalariga namozxonlikni mashq qildirar edi. Sen bu hafta 100 rakat nafl namoz o‘qiysan, kabi topshiriqlar berar edi. Biz bu topshiriqlarni bajonidil bajarar edik. Ayrim o‘quvchilari bir haftada ming rakat ham o‘qiganini bilaman», degancha moshinaning ichki tomonidan yon oynaga boqib jimib qoldi shayx Ishaq.

Men esa, o‘sha talabalariga namoz o‘qishni vazifa qilib beradigan insonning ko‘rinishi haqida tasavvur qilib ketar edim. Biz uchrashgan yerdan taxminan bir soatlik masofani bosib o‘tdik. Misrda salkam o‘n yil yashagan bo‘lsam-da, ilgari bu ko‘chalarga kirmagan ekanman. Tor-tor mahallalar. Aholi zich, asosan o‘rta hol insonlar istiqomat qiladigan kamtarona mintaqa ekan. Moshinadan tushgach chamasi 15 daqiqa piyoda yurdik. Shayx Ishaq talabalarni o‘qitib o‘rganib qolgan, piyoda yurish mobaynida menga grammatikaga aloqador ayrim savollarni berib ketdi. Men javob beraman, ular javobim to‘g‘ri bo‘lsa maqtab qo‘yadi, noto‘g‘ri bo‘lsa to‘g‘rilaydi. Shunday savol-javob bilan qandaydir ko‘rinishidan o‘ta sodda bir imora oldiga kelib to‘xtadik. Negadir bu ko‘cha menga XVIII asrlarni eslatar edi.

Xullas, uncha ham baland bo‘lmagan yog‘ochlik zina poyadan ko‘tarilib nuragan taxta darvoza orqali bir katta xonaga kirdik. Eni 7-8 metr, uzunasi 10 metr atrofida, balandligi taxminan 6-7 metr keladigan bu xona go‘yoki meni o‘rta asrlarga qaytarib qo‘ygandek edi. Boshqa masjidlar kabi gilamlar to‘shalgan emas, hayvon terilari solib qo‘yilgan. Atrofda yoshi keksalar va yoshlar bor. Kimdir yonboshlab mizg‘iyotgan, yana kimdir cho‘kka tushib olib Qur’on tilovat qilayotgan edi. Ichimda shunday sokinlik va xotirjamlik paydo bo‘ldiki, hayotim bo‘yi bunaqasini his etmaganman!

Hali tinmay Qur’on tilovat qilayotgan kishilarga, hali yonboshlab orom olayotganlarga, hali yerga solingan terilarga termulib tanirqirab tursam, bir inson qo‘lida qandaydir ko‘k rangdagi matoni ko‘tarib kelib, menga uzatdi va sekin past ovozda «Manabuni beldan pasiga o‘rab olsangiz, bu yerda shimda yurilmaydi», dedi. Chindan ham atrofga boqsam jilbab (arablarning uzun libosi) kiymagan faqat men ekanman. Matoni oldim-da, darxol o‘rab oldim. Odatda bunday holatni musulmon bo‘lmagan yurtlardan kelgan sayyohlar masjidlarga kirib ko‘rmoqchi bo‘lsa, eshik oldida kalta kiygan erkak-ayollarga berilganini ko‘rar edim.

Bu vaqt meni olib kelgan shayx Ishaq tahorat olayotgan edi. Oradan bir soat vaqt o‘tdi. Men esa taajjublanib charchamas edim. Chunki, u yerdagi ko‘rganlarimni men ilgari hech qayerda ko‘rmaganman. Qandaydir yoqimli va sokin edi. Huddi sahobiylar davriga tushib qolgandek his qiladi odam o‘zini. Taxminan tungi soat 22:30gacha kutdik. O‘sha intizorlik bilan kutilgan inson masjidga keldi. Yuzi shu qadar nurliki, inson tik qarab turishga botina olmaydi u yuzga, xuddi ko‘z qamashib ketadigandek. Oppoq soqollik, qo‘lida hassasi bilan yoshlari chamasi 70 bilan 80 oralig‘idagi nuroniy kirib keldi. Yuz tuban qarshi oldik. Kamtargina shayx Ishaq ustoziga ehtiroman meni shogirdim deb emas, do‘stim deya tanishtirdi – «Bu yigit mening do‘stim, ismi Ma’mur. O‘zbek millatidan. U bilan sizni ziyorat qilgani keldik».

Talabalar orasida mashhur bir odat bor. Ustozlarga ehtiroman ular bilan ko‘rishganda qo‘lidan o‘pib qo‘yiladi. Ko‘rishganda qo‘lidan o‘pib qo‘ymoqchi bo‘ldim, ammo bunga ijozat bermadi. Menga «Hush kelibsan o‘g‘lim! Buxoriy yurtidan kelibsanda», deya jilmaydi. Qandaydir kuchli hayajon bosdi shekilli meni, gaplarim bir-biriga almashib salom-alik qildim. Soat tungi 23:00 bo‘lganida namozga qomat aytildi. Biz hufton namozini o‘qigan bo‘lsakda, yana o‘sha masjid ahli bilan o‘qish uchun safga turdik. Imom kelishini bir oz kutib turdik. Ne ko‘z bilan ko‘rmay, o‘sha hassada sekin yurib kelgan nuroniy inson mehrobga o‘tib, hassasini yerga qo‘ydida, namoz boshladi. O‘ylabmanki, u inson kursida o‘tirib namoz o‘qisa kerak, deb.

Namoz boshlandi. "Fotiha" surasi o‘qilib, zam sura uchun "Baqara" surasini boshladi. Ichimdan «Baqaraning boshidan to‘rt-besh qator o‘qisa kerak» degan o‘y o‘tdi. Ammo, to‘rt-besh qator emas, to‘rt-besh bet o‘qib yubordi. Ammo rukuga ketay demas edi. Baqaraning birinchi juz’ini ham o‘qib bo‘ldi. Xuddi o‘zimni esi og‘ib qolganday his eta boshladim. 70-80 yoshdagi hassada yuradigan oqsoqol oyoqlarida tik turib zam suraga Baqara surasining yarmini o‘qib yubordi! Eng qizig‘i, hamon o‘qishda davom etmoqda. Ikkinchi juz’i ham tugadi. Men tik turaverganimdan tovonim qizib, go‘yo o‘t chaqnayotgandek edi. Namozda bo‘lsamda xayolim parishon, ishonib bo‘lmas holat yuz berayotgan edi. U Baqara surasini tugatib, rukuga ketdi. Uzoq ruku-sajdadan so‘ng ikkinchi rakatga turdik. Men «birinchi rakat uzun bo‘ldi. Endi ikkinchisida zam sura qilib biror kichikroq so‘ra o‘qisa kerak», deb o‘yladim. Biroq unday qilmadi. Ikkinchi rakatda ham "Fotiha" surasidan keyin "Oli Imron" surasini boshladi. Chamamda ikkinchi rakat birinchisidan yarim soatga uzunroq bo‘ldi. Shu tariqa to‘rt rakatlik hufton namozini 23:00 da boshlab, 02:30 da yakunladik. Ishonish qiyin, hatto aqldan ozish mumkin! Taajjublanaverib, oxiri ramazonda shunday qilar ekanda, deya o‘y o‘tkazdim ichimdan. Namoz tugagach uyga qaytdik. Chunki, saharlik vaqtiga ulgurib borishimiz kerak edi.

Yo‘lda shayx Ishaq bilan savol javob qilib ketdik, U so‘radi:
– Qanday fikrdasan?
– Ochig‘i, qattiq taajjubdaman!
– Kutmaganliging aniq.
– Ha, aslo kutmagan edim. Avvalo masjiddagi muhit ajablantirgan edi. Shayxning namozdagi matonati undan ham o‘tib tushdi.
– Ha, Shayx ibodatga juda chanqoqda.
– Har ramazonda shunday qilishadimi?
– Yil bo‘yi!
– Nahotki?! Qanday qilib?!
– Har haftada ikki marta Qur’onni xatm qiladi.
– Namozdami?!
– Ha, namozda!
– Bir o‘zi imomlik qiladimi?! Xuddi shu tarzda-ya..?!
– Ha!
– Qachondan buyon?
– Men 10 yildan buyon deb eshitganman. Shogirdlari necha bora xatm qilganini hisoblab borishadi. Oxirgi marta eshitganimda xatm soni 2000 martadan oshgani, 3000 martaga yaqinlab qolganini aytishgan edi.

Negadir yig‘lagim kelib ketdi o‘sha vaqt. Shoshib-pishib o‘qiydigan namozlarimni ko‘p ko‘rar ekanman. Kuch-quvvatim bo‘la turib besh daqiqalik namozga ham erinib qolar ekanman gohida. Bu men uchun kuchli zarba bo‘ldi. O‘sha ibodatgo‘y nuroniyni shayx Usoma deyishar ekan. Kuni kecha bir yaqinim juda ta’sirli tush ko‘rganini aytib, biror ustozimdan ta’birini so‘rab berishimni so‘rab turib oldi. Meni xayolimga o‘sha inson birinchi bo‘lib keldi. Chamasi bir hafta ilgari o‘sha masjidga ikkinchi bora yaqinim tushining ta’birini bilish maqsadida bordim. Ushbu siz suratda ko‘rib turgan o‘rin, 80 yoshlar atrofidagi nuroniy, ibodatgo‘y olimning 3000 martaga yaqin oyoqlarida tik turib Qur’onni xatm qilgan o‘rni bo‘ladi.
Baytul Ma’mur sahifasidan

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Bu men uchun kuchli zarba bo‘ldi...”