06:02 / 23.02.2019
6 582

Kim nima bilan o‘zini baxtli, deb hisoblaydi?

Kim nima bilan o‘zini baxtli, deb hisoblaydi?
Olimlar, dunyo mamlakatlari aholisining yashash darajasidan qoniqishi, uzoq umr ko‘ruvchilar soni, asosiy ozuqa mahsulotlari bilan ta’minlanganlik darajasi kabi omillar asosida qaysi hududda «eng baxtli» odamlar yashashini aniqlashadi. Bu ko‘rsatkichni aniqlashda, shuningdek jamoatchilik fikri ham o‘rganiladi. Ya’ni, “Siz o‘z hayotingizdan rozimisiz?” qabilidagi so‘rovlar o‘tkaziladi. Hozir biz foydalanuvchilardan “Nima deb o‘ylaysiz, qaysi mamlakat aholisi o‘zini eng baxtli hisoblaydi?” deb so‘rasak, aksariyat G‘arb mamlakatlari AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya kabi davlatlar nomini keltiradi. Ammo, taajjubki, bunday emas ekan.

Bir necha yil oldin britaniyalik mutaxassislar “baxt ko‘rsatkichi”ning navbatdagi so‘rovini o‘tkazishdi. So‘rov natijalariga ko‘ra, dunyodagi eng baxtli insonlar Avstraliyaning sharq tomoniga yaqin, Tinch okeanidagi kichikkina orolda joylashgan Vanuatu degan davlatda yashashlari ma’lum bo‘ldi.

Taxminimizcha, ko‘pchilik bu davlatning nomini ham eshitmagan. Uning maydoni 25 ming kv.m.ga yaqin bo‘lib, taxminan 250 ming aholi yashaydi. Ta’kidlash joizki, Vanuatu kabi baxtli insonlar yashaydigan mamlakatlar sirasiga Lotin Amerikasi davlatlari Kolumbiya, Kosta-Rika, Dominika va Panama kabilar ham kiradi. Ammo, eng ajablanarlisi shuki, Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi qudratli davlat, aksincha, ro‘yxatning eng quyi qismidan – 150chi o‘rinni egalladi. Germaniya 83-o‘rin, Buyuk Britaniya 108-o‘rin, Yaponiya esa 97-o‘rinni egalladi. Ya’ni, Yevropa, Osiyo va Amerika qit’asining eng rivojlangan va aholisi to‘la ta’minlangan mamlakatlarida yashaydigan insonlar o‘zlarini to‘laqonli baxtli deb hisoblashmaydi va hayotdan qoniqishni his qilmaydi.

Bunday tashvishsiz va baxtli hayotning sababini aniqlash maqsadida blogerlardan iborat bir guruh ushbu mo‘’jazgina mamlakatga sayohat uyushtirdi. Ma’lum bo‘ldiki, u yerlik aholi eng sodda va kamtarin hayot tarzida – okean bo‘yida, palma shoxlari yopilgan yog‘och chaylalarda yashar ekanlar. Iqlim qishin-yozin deyarli bir xil: 25-30 daraja atrofida bo‘lgani uchun odamlarda issiq kiyim va uylarni isitish muammosi yo‘q. Boshingiz uzra har qadamda turli tuman mevalar – banan, mango, greypfrut deysizmi... Demak, kamtarona hayotda o‘zini baxtli his eta oladiganlar uchun ayni muddao.

Endi asosiy masalaga o‘tsak, insonni baxtli bo‘lishiga nimalar to‘sqinlik qiladi? Nega fan-texnikaning so‘nggi yutuqlari, eng zamonaviy tibbiyot, qulay va shinam uy-joylar, turli ko‘ngilochar maskanlarga ega, hamma narsa insonni baxtli qilishga xizmat qiladigan boy va rivojlangan mamlakatlar aholisi baxtiyor emaslar? Va aksincha, tashqaridan qaraganda hamma qashshoq deb bilgan mamlakatlarda yashovchi kishilar o‘zlarini baxtli deb bilmoqdalar? Nima sabab, Alloh taolo ba’zan bizni ayrim ne’matlardan mahrum etadi va biz buni kanday qabul qilishimiz kerak?

Hadisi sharifda haqiqiy baxtli kishining holati shunday tasvirlangan: “Kimki omonlikda, tan sihatlikda va bir kunlik ozuqasi bor holda tong ottirsa, unga dunyodagi hamma yaxshilik berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati)

Keling, fikr qilib ko‘ramiz. Rostdan ham inson o‘zini baxtli his qilishi uchun ko‘p narsa kerakmi? Mana, tasavvur qiling, tongda uyg‘ondingiz, tinch-xotirjamsiz, sizga yoki yaqinlaringizga hech qanday xavf-xatar tahdid solayotgani yo‘q (dushmanlar, yirtqich hayvonlar, bedavo dardlar, tabiiy ofatlar kabi), boshpanangiz bor, ko‘chada yashayotganingiz yo‘q, sovuqdan muzlab yoki yomg‘irda shalabbo bo‘layotganingiz ham yo‘q. O‘zingizni yaxshi his qilayapsiz, hech qayeringiz og‘rimayapti, ko‘rayapsiz, eshitayapsiz, nogiron yoki og‘ir dardga mubtalo emassiz, to‘rt muchangiz sog‘. Sizning va oilangizning nonushtaga, tushlikka va kechki ovqatga ham tanovul qilishga ozuqangiz yetarli bo‘lishidan tashqari, qo‘yingki, kelgusi maoshgacha ham yashashga pulingiz yo‘q emas. Kiyishga kiyimingiz, dori-darmon, bepul tibbiy xizmat, farzandlaringiz uchun bepul ta’lim olishga imkon bor.

Rasulululloh sollallohu alayhi va sallamning so‘zlariga muvofiq bunday keragidan ham ortiq ne’matlarga ega kishi o‘zini to‘liq baxtli his etishi mumkin emasmi? Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari va u zotning zamondoshlari uchun biz yuqorida sanab o‘tgan ne’matlar – kundalik ozuqa, turli balolardan omonda bo‘lish va salomatlik kabi ne’matlar hammaga ham nasib etmasdi. Qadimda va o‘rta asrlardagi kishilar hayoti favqulodda og‘ir va xavfu xatarlarga to‘la edi. Shuning uchun u davrdagi kishilar har kuni bu ne’matlarga ega bo‘lgan holda shikoyat qilishni va norozi bo‘lishni Allohga nonko‘rlik qilish kabi og‘ir gunoh, deb bilardi.

Kichikkina orolda yashovchi kishilar ham, yuqorida aytib o‘tganimizdek, ozgina ne’mat bilan o‘zlarini baxtiyor his eta oladigan insonlardir. Ularning boshpanasi bor, tropik iqlim tufayli kundalik ozuqadan muammo yo‘q, ustilarida qanday bo‘lsa ham kiyim bor, hatto aloqa vositalari – televizor yoki radio, telefon va internet ham bordir.

To‘g‘ri, ularda katta shaharlarning ajralmas qismi bo‘lgan – qimmatbaho avtomashinalar, zamonaviy asbob-uskunalar, ko‘ngilochar savdo markazlari, hamma sharoitlarga ega qulay uy-joylar, keng va ravon yo‘llar yo‘qdir. Ammo shularsiz ham inson baxtli bo‘lishi mumkin-ku. Zamonaviy megapolislarning aholisi o‘zlarida bor ne’matlarga shukr qila olmasalar hech qachon baxt hissini tuya olmaydi. Ularning atrofida dabdabali hayotning chalg‘ituvchi va fitnalovchi ashyolari shunchalar ko‘pki, shu sabab ular doimo o‘zlaridan ko‘ra boyroq va omadliroq kishilarga yetisholmay hasad qiladi, ularga hamisha nimadir yetishmayotgandek tuyulaveradi.
Shoyista NE’MATULLOH qizi tayyorladi.

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kim nima bilan o‘zini baxtli, deb hisoblaydi?