07:27 / 23.03.2019
4 379

Mehr koʻrmagan bola

Mehr koʻrmagan bola
Oʻsmirlik davrida ota-onadan olisda boʻlish bola ruhiyatiga qanday taʼsir koʻrsatadi?

Andijonning chekka bir qishlogʻida yashaydigan Ilhomjon yettinchi sinfni tamomlab, ixtisoslashgan maktabda tahsil olish uchun shaharga keldi. Hali gʻoʻr, hayot sinovlariga duch kelmagan bu oʻsmir ota-onasining bagʻridan birinchi marta uzoqlashishi edi. U avvaliga notanish muhitga tushib qolganidan siqildi, atrofdagilardan oʻzini olib qochishga harakat qildi. Suyanish, oʻz kechinmalarini oʻrtoqlashish uchun yaqin odam qidirar, ammo topolmasdi. Qalbida kechayotgan turli kechinmalar bora-bora uni butunlay boshqa insonga aylantirib yubordi.

Har bir ota-ona farzandining biror sohaning yetuk mutaxassisi boʻlib yetishishini istaydi. Buning uchun uni qoʻshimcha darslarga jalb qiladi. Koʻpchilik esa internat-maktablarni afzal koʻrishadi. Maʼlum yoʻnalishlar boʻyicha chuqurlashtirilgan bilim beradigan bunday taʼlim muassasalari har jihatdan qulay. Lekin bu faqat bir tomonlama qarash. Bola esa ichidan unga boshlangʻich sinfdan dars berib kelayotgan oʻqituvchilari, yaqin sinfdoshlari va eng asosiysi, ota-onasidan olisda boʻlishidan siqilish tuyadi.

— Oʻsmirlik davrini ota-onaning bagʻrida oʻtkazishga nima yetsin, — deydi psixologiya fanlari nomzodi, dotsent ­Raʼno ABDULLAYEVA. — Bolalikdan ayni kattalikka oʻtayotgan, lekin kattalardek kuchga ega boʻlmagan bu vaqtda unga yaqinlarining koʻmagi juda muhim. U har kuni oʻqishda, doʻstlari davrasida boʻlib oʻtgan yangiliklarni, taassurotlarini kim bilandir boʻlishgisi, gaplashgisi keladi. Ota-onasi uning toʻgʻri ish qilgani, ulgʻayib borayotganini tez-tez taʼkidlab turishini istaydi. Agar bola yaqinlaridan uzoqda boʻlib, uning kechinmalarini hech kim eshitmasa, chuqur qaygʻuga botadi. Doʻstga, suhbatdoshga muhtoj boʻlib qoladi. Yangi tanishgan tengqurlari uni toʻgʻri tushunib, kelishib keta olsa, xavotirga oʻrin yoʻq. Ammo aksincha boʻlgan holatlarda vaziyat jiddiylashishi mumkin. Oʻsmir ogʻir ruhiy zarbaga uchraydi.

Qarabsizki, bola asosiy maqsadi, yaʼni bilim olishga eʼtibor qaratmay, atrofdagilar bilan munosabatlarini bir izga solishga chalgʻib qoladi.

Bu bilan bolaning uzoqroq joyga bilim olishiga borishga qarshi chiqmoqchi emasmiz, albatta. Yaqinlaridan olisda oʻqib, oʻzini mustaqil hayotga tayyorlagan yoshlarimiz ham juda koʻp. Eng muhimi, u yangi muhitga kirganda ustozlari va tengdoshlari bilan erkin muloqotga kirib keta olishidir.

Ilhomjon kichikligidan sinfdoshlari va ustozlariga nisbatan ota-onasi va akasiga qattiq bogʻlanib qolgani bois yangi joyga moslashib ketishi juda ogʻir kechdi. Bir oylab ularni koʻrmay, haftada ikki-uch martagina telefonda gaplashib, ogʻir ayriliqning azoblarini yengolmadi. Kechinmalari asta oʻzini namoyon eta boshladi. Borgan sari oʻrtoqlari va oʻqituvchilariga qoʻpol muomala qiladigan, hech kimni eshitishni istamay, gap qaytaradigan odat chiqardi. Oradan bir yil oʻtib, taʼtilda uyga qaytib kelganida esa avvalgi Ilhomjondan asar ham qolmagandi. Ota-onasining aytganining teskarisini qiladigan, koʻnglidagilarni hech kimga aytishni istamaydigan boʻlib qolgandi.

Bir insonning kechmishini boshqalarnikiga qiyoslash fikridan yiroqmiz. Ammo har bir ishdan, har bir taqdirdan hammaning oʻz chiqaradigan xulosasi boʻladi. Qahramonimizning hayoti ham bugun farzand tarbiyalayotgan ota-onalar uchun oʻrnak boʻlsa, qaysidir xatolarning oldi olinarmidi?..
Maryam SHOJALILOVA

Manba: Od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Mehr koʻrmagan bola