22:32 / 19.03.2019
7 527

Ayolning oʻrni qayerda?

Ayolning oʻrni qayerda?
Yaqinda oʻn olti yoshlar atrofidagi oʻsmir shogirdlarimdan biri:
— Ehtimol hayotdagi eng muhim boylik bu ayoldir?, deya soʻradi.
— Eht­imol emas, albatta, hayotdagi bebaho boylik oʻzingga munosib, dunyoingni goʻzal qila oladigan ayoldir. Ayolga mushtoqlik nimaligini izgʻirinda egasiz mushukday sovqotib, ayol taftini sogʻinib, katta shaharlarda yolgʻiz yashayotgan erkaklar biladi. Ayol qadrini jufti halolining vafotidan keyin kiyimlarini qaltiragan qoʻllari bilan yuvayotgan tul erkaklar biladi. Yoningda qalbi goʻzal ayol yoʻq ekan, na vodiyning soʻlim ifori, na vohaning qaynoq tafti, na togʻlarning yuksakligi, na dengizning toʻlqinlari, na yoqimli bir yemakxonada tamaddi va na sokin musiqa goʻzal xotira sifatida hofizangdan joy olmaydi. Ayol hayot uchun muhim ahamiyat kasb etmas dunyoda ahamiyat soʻzining maʼnosi qolmaydi. Ammo nachoraki, ayol bilan erkak bu qadar totli, betakror hayot qissalarini birga mahzun etadi. Bir-birlarini baxtsizlikka mahkum qiladi. Qanchadan qancha ayollar borki, donoligi, aql-zakovati, keng va goʻzal qalbi, chin insoniy fazilatlari bilan AYOL atalishga munosibdirlar. Va yana qancha erkaklar borki, puli, xizmati, mehnati uchun yolgʻon ishqqa asir boʻlib yashashyapti.

Yoqtirmagan kishing bilan goʻyo, shunchaki qorin toʻydirish uchun istamagan, ammo oldinga kelgan yemakni yemoqlikday majburan sevishish eskalatorda yurishday gap. Eskalator zinalari tugagach, ikki inson bir-biriga birdan begona boʻlab qoladi va majburiy munosabat ham barham topadi. Ammo ishq, haqiqiy ishq bu endi boshqa narsa. Chin muhabbat juda oz insonlarga nasib etadigan qalb javohiridir. Muhabbat — ilohiy tuygʻu. Shuning uchun ham haqiqiy muhabbatga insoniyat yaralganidan beri intiladi. Haqiqiy ishqqa osongina erishib boʻlmaydi. Balki u shuning uchun ham qiymati hech qanday miqdor bilan oʻlchanilmaydigan ulkan va mutloqdir?

Ammo baʼzan harchand izlasalar-da, bu baxtni topa olmaydi insonlar. Nega? Turmushning ogʻir yuki, bir-birlaridan baxtni qizgʻonishlari, baxtli boʻlishlariga toʻsiq boʻladigan qaltis qadamlari, ayollarning muhabbatdan baxt topishlariga esa, oshiqlarini jondan toʻydirar darajada talabchan va eʼtibor talabliklari, erkaklarning ayollarga nisbatan “oʻzimniki boʻldiyu, endi qayerga ketardi” qabilida befarqliklari... Ming bir bahonayi vajlar orasida baxtiyorlik shakllanmay turib, erib, yoʻqolib bitadi. Shunday qilib, jamiyatda bir baxtsiz oilani paydo qiladi. Insonlarni bevafolikda ayblaydi. Aybdor izlaydi. “Sevgi bekorchi narsa!” deya dunyoga jar soladi. Ammo unday emas. Muhabbat bor! Oʻn sakkiz ming olam ichra barcha mavjud baxt va shodlik muhabbat asosiga qurilgan. Barcha tizimlar, asarlar, kinolar, hatto doktorlik ishlari, umuman ilmiy-hayotiy isbotlarning barchasi insonga baxt va quvonch uning oʻzida ekanini mukammal ravishda tushuntirish uchun aslida...

Birov: “Boy boʻlsang, sevgan insoningga osonlik bilan erishasan, hammasini yigʻishtir-da, boyishning yoʻlini top”, deydi

Boshqasi: “Baxtni faqat boylar emas, atrofidagi insonlarni baxtiyor qilishga uringan, qoʻli ochiq, saxiy, joʻmard, ojizlarni mazlumlar zulmidan qutqarishga uringan kishi his qiladi”, deydi.

Yana bittasi: “Boy-kambagʻalni, atrofingdagilarni, umuman kim nima desa deyaversin, ahamiyat bermay kimni sevsang, oʻsha bilan baxtiyor boʻlishga harakat qil. Chunki uning-buning gapiga parvo qilishga vaqt yoʻq, hayot qisqa va u oqib ketyapti”, deydi.

Xullas, kimdir boyishga harakat qiladi, kimdir insonlarni baxtli qilishga urinadi va kimdir esa hech kimga parvo qilmay sevgan insoni bilan yashayveradi.

Balki eng toʻgʻrisi uchinchi toifaning yoʻlidir? Bilmadim. Koʻpchilik boylar oʻzlari uchun maqbul koʻrgan holatda baxtli boʻlish uchun makon va fursat topolmaydi. Ular ishi koʻpligi bois izlaganlarini topolmay, alamzadaga aylanib qoladi. Bundaylarga nisbatan ayollar soxta nazokat va sunʼiy hislar bilan ularni oʻyin qiladi. Balki shu sababdanmi boylar toifasida haqiqiy muhabbat juda oz uchraydi.

Shuning uchun insonlarni baxtiyor qilishga harakat qilganlar haq boʻlib chiqadi. Ular sevgi talab qilmaydi. Taʼmasiz sevadi. Baʼzan ularni loqayd, eʼtiborsiz deb oʻylaydi kishi. Ammo unday emas.

— Javobli muhabbatdan, “men sevaman-ku, u ham meni sevishi kerak!”, degan talabdan, majburiyat yuzasidan sevishdan nari boʻling. Koʻnglingiz istagani uchun qadrlang va muhabbat uchun sevishing, deydi bu kabi kishilar. Shuning uchun ham ular baxtiyordirlar. Ularning siri oddiy — sevgan insonining tuygʻulariga ahamiyat bermay muhabbatini qozonish va sevgani bilan ishqqa tashnalik bilan sevishish...

Ana, senga ayolning hayotdagi ahamiyati va oʻrni...
Umida ADIZOVA

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ayolning oʻrni qayerda?