18:33 / 25.04.2019
3 486

Avval o‘zingizni tarbiyalang

Avval o‘zingizni tarbiyalang
Bir kishi umri davomida hech nopok ishga qo‘l urmagan, hamisha halol yashagan ekan. Bir kuni nima bo‘libdiyu, shayton ko‘ngliga oralab, halol insonni izmiga solishga erishibdi. Bir sabab bilan ehtiyojmand kishining haqiga xiyonat qilibdi.Shu voqeadan to‘qqiz oy o‘tib, o‘g‘il farzand tug‘ilibdi.

Vaqt-soati yetib, farzandlar kamolga yetibdi. Oilaning boshqa farzandlari solih, qobil insonlar bo‘lib chiqibdi-yu, kenjatoy ulg‘aygan sari qo‘li egriligi bilan oilaga isnod keltiraveribdi. Ota o‘g‘lini to‘g‘ri yo‘lga solish uchun harchand urinsa-da, harakatlari zoye ketibdi. U o‘ylab o‘yiga yetolmas, "Nega boshqa farzandlarim mo‘min-qobilu kenjatoyim nopok yo‘ldan qaytmaydi? Qayerda hato qildim", deya o‘zini o‘zi so‘roq savollarga ko‘mib tashlayverarkan. Savollariga javob topolmay, bu sinoatning tagiga yetish uchun donishmand hakimning oldiga boribdi.

Ota donishmandga:
- Dardim - qalb dardi. O‘zim tuzata olmaganim uchun oldingizga shifo izlab keldim,- debdi.
Donishmand hakim:
- Men tanani davolayman. Mayli, qalb og‘rig‘i bo‘lsa ham dardingni so‘yla-chi, balki davosi topilar,- deya oldiga umidvor kelgan kishiga taskin beribdi.
Ota farzandlari orasida kenja o‘g‘li ko‘ngildagidek voyaga yetmaganini, uni egri yo‘ldan qaytarolmayotganini aytibdi. Donishmand:

- Umringda bir marta bo‘lsa-da halollikdan chekinganmisan?- deb so‘rabdi.
- Yo‘q,- debdi u va shu on qo‘qqisdan o‘g‘li tug‘ilmasidan to‘qqiz oy oldin bir miskinning haqini yeganini eslabdi-yu, bu voqeani istihola bilan donishmand hakimga aytibdi.

Donishmand:
- Bu o‘g‘ling o‘sha kungi xatti harakating mevasidir,- deya javob beribdi...
Halollik - ko‘ngil xotirjamligi, dil ravshanligini kafolatlovchi bebaho, beqiyos tushuncha. Halol insonning ko‘ngli hech qachon xira tortmaydi.

... Sudning qora kursisida o‘tirgan erkakning ko‘zlari yerga qadalgan. Savolchan va muztar tikilgan nigohlar – ota-onasi, ayoli, jigarlarining ko‘zlariga qarashga yuragi betlamayapti. Qaysi yuz bilan ham qarasin? Mahalla-kuy oldida ularning yuzini bir necha bor shuvit qildi. Ota-onasining hurmatini qilib, el-yurt uning aybini ko‘p marta kechirib yubordi. Ammo bu safar...

Eri uch-to‘rt yil oldin vafot etgan, to‘rt bola bilan beva qolgan chevarning sigirini o‘g‘irlab, sotib yuborganini mahalladoshlar hazm qilolmadi.

- Endi, gap bundoq,- dedi mahalla oqsoqoli erkakning yaqinlariga,- bir emas, ikki emas, besh-olti marta o‘g‘lingizning qilmishlarini kechirdik. Mahalladan gap-so‘z chiqmasin, “shu mahalladan o‘g‘ri chiqqan” degan malomat bolalamasin, qolaversa, sizlarning obro‘-sha’ningizga ta’sir qilmasin deb tegishli idoralarga o‘g‘lingizni topshirib yubormadik. O‘g‘lingizga qilgan bu yaxshiligimiz kezi kelib unga ham, o‘zimizga ham qimmatga tushishini bilganimizda, birinchi marta bu ishga qo‘l urgani ayon bo‘lganidayoq tegishli joylarga ma’lum qilishimiz kerak edi. Mahallaning tanbehidan esi kirar, deb o‘ylaganmiz-da...

Uch nafar farzandi bor, ikki qiz, bir o‘g‘il. Bolalarining oldi maktabga boradigan bo‘lib, esini tanib qolgan. Uydagi kattalarning gap-so‘zidan otasining qanday ishga qo‘l urganini payqagan. Ikkinchi sinfda o‘qiydigan to‘ng‘ich qizi onasiga yig‘lab:

- Aya, maktabga bormayman. Bolalar “Otang o‘g‘ri, Maftunalarning sigirini o‘g‘irlagan. Endi qamoq bo‘ladi” deyishyapti,- debdi.
Hammaning boshi egik. Hammaning dili vayron. Ayniqsa, bolalarning. O‘g‘il farzand dunyoga keltirib, o‘stirgan, elga qo‘shib, faxrlanishni istagan ota-onaning holi abgor, boshi xam.

“... Bolalarimizni yediribmiz, ichiribmiz, kiyintiribmiz, uylantiribmizu shu bilan odam bo‘ldi, deb yuribmiz-da. Bolaga eng avvalo halollik, poklik, birovning haqidan tortinish, kabi insoniy fazilatlardan saboq berish kerakligini unutibmiz. Birovning haqiga ko‘z olaytiradigan, og‘zi begonaning tayyor oshiga havasmand bolaning boridan yo‘g‘i yaxshi ekan...” deya ota-ona ich-ichidan og‘rinar, bu dardiga qaydan davo izlashni bilmaydilar.

Sud unga ma’lum muddatli jazo tayinladi. Bu fursat mobaynida dunyoqarashi o‘zgarib, kech bo‘lsa-da halollik inson ziynati ekanini anglaydimi–yo‘qmi, bunisi endi vaqt hukmiga havola...
***
Bola o‘g‘ri bo‘lib tug‘ilmaydi. U o‘zi yashagan muhitda shakllanadi, tarbiya topadi. Ota-ona farzandlarini halol luqma bilan boqishi ularning kamolida yaqqol ko‘zga tashlanishi bejiz emas. Farzand tarbiyasi go‘yo bog‘bonning nihol qadab, parvarishlab undan meva kutish jarayoniga o‘xshaydi. Balki shu boisdan ham fuzalolar farzand tarbiyasini u hali dunyoga kelmay turib, ya’ni ona qornidayoq, balki undan-da oldin, ya’ni uylanish-bolaga ona tanlashda nasl-nasabga katta ahamiyat berishdan boshlash kerakligiga ishora qilgandirlar.

Chindan ham, o‘ta murakkab va mas’uliyatli masala hisoblangan farzand tarbiyasiga shunchaki qarab bo‘lmaydi. Bugungi bola jamiyatning ertangi a’zosi. Shunday ekan, farzandini komil inson bo‘lib yetishishini istagan har bir ota-ona bolasining fitratida boshqa insoniy fazilatlar bilan bir qatorda halollik tuyg‘ularini ham shakllantirishi lozim. Buning uchun avvalo ota-onaning o‘zi halol, birovning haqidan qo‘rqadigan, diyonatli inson bo‘lishi kerak. “Farzandlaringiz yaxshi inson bo‘lishini istasangiz o‘zingizni tarbiyalang, bolalaringiz o‘z-o‘zidan tarbiyalanib boradi” degan fikrda juda chuqur ma’no bor...
Kavsar NUR

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Avval o‘zingizni tarbiyalang