15:03 / 26.04.2019
5 425

Janubiy Koreya orzusi… O‘zbekistonlik Ulug‘bek Nazaraliyev hikoyasi (foto)

Janubiy Koreya orzusi… O‘zbekistonlik Ulug‘bek Nazaraliyev hikoyasi (foto)
Janubiy Koreya o‘zbekistonlik talabalar uchun eng talabgor bo‘lgan davlatlardan biridir. Yildan yilga mamlakatga o‘qishga topshiruvchilar soni tobora oshib borayotgani bois, bu safar nishonimiz Janubiy Koreya bo‘ldi. Qanday qilib o‘qishga kirish, u yerdagi ta’lim tizimi, yashash muhiti va tahsil davomida ishlash haqida hozirda Janubiy Koreyaning Kangvon milliy universitetida doktoranturada o‘qiyotgan o‘zbekistonlik Ulug‘bek Nazaraliyev «Daryo»ga batafsil gapirib berdi.

Ulug‘bek Nazaraliyev 26 yoshda. Namangan viloyati Pop tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik institutida bakalavr hamda Sejong universiteti (Janubiy Koreya) Davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichini tamomlagan. Hozirda Kangvon milliy universitetining doktorantura bosqichida tahsil olyapti.

Janubiy Koreya orzusi…
Bolaligimda maktabimizda faxrli o‘quvchilar burchagi tashkil etilgan edi. Unda o‘qishimizni tamomlab, xorijiy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘quvchilar haqida ma’lumot berib borilardi. Ularni ko‘rib juda havas qilardim. Kelajakda men ham, albatta, chet elda o‘qiyman deb niyat qilardim. Orzum maqsadga aylanib, 2010 yili Toshkent davlat sharqshunoslik institutiga o‘qishga kirdim. Ingliz tilini yaxshi bilganim uchun ish topishim qiyin bo‘lmadi. O‘qishdan tashqari Janubiy koreyalik biznesmen Mister Kimning firmasida ishlab yurdim. Muhit ta’sir qildmi bilmayman koreys tilini o‘rganishga qaror qildim. Garchi u paytda AQSh yoki Germaniyada o‘qishni reja qilgan bo‘lsam-da, lekin tilni o‘rganish davomida Janubiy Koreyaga borish istagi paydo bo‘ldi. Surishtirib bildimki, Janubiy Koreyada tahsil olmoqchimanmi unda davlat tilini mukammal bilishim eng asosiysi koreys tili imtihonida kamida 3-darajani egallashim kerak bo‘larkan. Shu bois, o‘z ustimda tinimsiz ishladim. Koreys tilida yozilgan kitoblarni o‘qidim, kurslarga qatnadim. Va nihoyat urinishlarim besamar ketmay, 2014 yil bahor oyida imtihondan muvaffaqqiyatli o‘tdim. Aynan shu yili Toshkentda Xalqaro o‘quv yarmarkasida Janubiy Koreyaning Sejong universitetidan kelgan vakillar bilan bog‘lanib, hujjatlarimni topshirdim. Bir oydan keyin elektron manzilimga «Siz 60 foiz grand asosida Sejong Universitetiga qabul qilindingiz» degan xat keldi.

Men bilgan Koreya
Ilk bor kelgan paytimda Koreya men kutganimdan-da ajoyib mamlakat ekanligini his qilgandim. Barcha narsa elektronlashtirilgan. Hamma joyda Wi-Fi zonalar bor. Garchi birinchi kelganingizda hali uyali aloqa vositangiz uchun sim karta olmagan bo‘lsangiz ham internet orqali do‘stlaringiz bilan muloqot qilish imkoniyati mavjud edi. Bundan ochig‘i hayratlangangan.

Koreyada yer maydonlari kam bo‘lganligi sababli binolar juda baland, uylar juda zich joylashgan. Aholisi 52 million atrofida ekanligi sabab shaxsiy uyiga ega aholi qatlami juda kam. Yer narxi juda qimmat shu bois, odamlar asosan ijaraga yashashadi. Misol uchun, Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida 1 kvadrat metr bo‘sh yer maydoni 90 ming dollar atrofida turadi. Bundan tashqari, mamlakatda kuzatuv kameralari shu darajada ko‘pki, har qachon nazorat ostidaman deyavering.

Koreyslar vaqtni juda qadrlaydi. Kimdir ishga, kimdir o‘qishga, xullas bu yerda hamma shoshadi. Bo‘sh vaqt deyarli yo‘q. Bir kuningiz bekor o‘tib ketsa, keyin afsuslanib qolasiz.

Meni eng hayratlantirgani, koreyslarning milliy arog‘i «soju»ni ichish erkagu ayoli uchun oddiy hol hisoblanadi. Juma, shanba, yakshanba kunlari oshxonalarda odamlar to‘lib ketadi.

Koreyslar bilan suhbatlashib qolsangiz…
Ular siz haqingizda ko‘p narsalarni bilishni xohlaydi. Qayerdanligingiz, yoshingiz, oilangiz, nima uchun Koreyaga kelganingiz xullas hammasini. Shuning uchun koreys tilini o‘rganishni boshlaganingizda shu mavzularga tayyorlanib olsangiz, koreyslar bilan tez til topishib ketishingiz aniq.

Foto: «Daryo»
Koreyada o‘qishni istaysizmi?!
Hech qanday muammo yo‘q. Belgilangan hujjatlari topshirib, suhbat davomida maqsadlaringizni aniq yoritib bersangiz kifoya. Koreys tilini yaxshigina o‘rgangan bo‘lsangiz unda birinchi qiladigan ishingiz — bu Koreya davlatidan o‘qimoqchi bo‘lgan sohangizda o‘qish toping. Har bir universitetni bakalavr, magistratura va doktorantura bo‘yicha yo‘nalishlari bor. Undan tashqari til kurslariga ham topshirish mumkin. Koreya universitetlarning ro‘yxatini www.topuniversities.com’dan olishingiz yoki har bir universitet rasmiy saytining Admission bo‘limida qabul bo‘yicha kerakli ma’lumotlarni topishingiz mumkin.

Ham o‘qib ham ishlash mumkinmi?
Albatta mumkin. Shuni bilish kerakki, garchi Koreyada o‘qishga ketadigan mablag‘ katta bo‘lsa-da, buni qoplash juda oson. Sababi, Koreyada ish topish qiyin emas. Asosiy kerak bo‘ladigan narsalar koreys tilini bilish va har qanday ishga mas’uliyat bilan qarashdir. Ishlab topgan pulingizni dastlab o‘qish xarajatlariga ketadigan qismini jamg‘arib qo‘yib, qolganini maqsadlaringizga bemalol ishlataverasiz.

Koreys millati dangasa, loqayd odamni yoqtirmaydi. Shuning uchun bu yerda faqat yaxshi tomonlaringizni ko‘rsatishga harakat qilishingiz kerak. Bo‘lmasam ishingizdan ayrilib qolishingiz aniq. O‘qishdan tashqari servis sohasida, ishlab chiqarish sohasida bemalol ishlab yurishingiz mumkin. Eng yaxshi tomoni, garchi talabalar haftasiga 20 soat ishlashga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, ishni o‘rganib olganingizdan keyin xohlaganingizcha ishlay olasiz. O‘zim ham o‘qishdan tashqari oshxonada ofitsiant bo‘lib ishlaganman. Kiyim fabrikasida ishlab yurganimda ish ko‘pligi sababli uxlamasdan ishlab chiqqan paytlarim ham bo‘lgan.

Foto: «Daryo»
Janubiy Koreyadagi ta’lim jarayoni
Koreya universitetlarida bir yilda ikki marta qabul bo‘ladi. Bahorgi semestr uchun qabul kuzda (noyabr) va kuzgi semestr uchun esa bahorda (aprel) bo‘lib o‘tadi. Hujjat qabul qilish o‘rtacha bir oy davom etadi. Talabalar o‘z vaqtlariga qarab belgilangan fanlarni tanlab olishlari mumkin. Bu yerda baholash tizimi kredit tizimi bo‘yicha hisoblanib, siz bitta semestrda yetarli kreditni to‘plashingiz kerak bo‘ladi. To‘play olmasangiz yoki past darajada yakunlasangiz sizga berilgan ma’lum miqdordagi grandni yo‘qotib qo‘yishingiz mumkin. Bu esa keyingi semestrda katta miqdorda kontrakt to‘lashingiz kerak bo‘ladi degani. Shuning uchun bu yerda imtihon paytlari talabalar uxlamasdan tayyorlanib chiqadi.

O‘zbekistondagiday bu yerda davomat muhim hisoblanmaydi. Imtihon payti topshiriqlarni muvaffaqqiyatli topshirsangiz bo‘ldi—marra sizniki.
Darslaringiz ingliz tilida bo‘lsa-da, koreys tili darslarini olishingiz majburiy hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Janubiy Koreya orzusi… O‘zbekistonlik Ulug‘bek Nazaraliyev hikoyasi (foto)