12:22 / 27.10.2019
3 665

Onamga so‘nggi so‘zim

Onamga so‘nggi so‘zim
Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!

Aziz birodarlar, hurmatli opa-singillar, bugun sizlarga shaxsan o‘zim bilan sodir bo‘lgan bir voqeani so‘zlab bermoqchiman. Yaqinda do‘stlarimdan birini ziyorat qilgani borgan edim. Uning onasi saraton kasalligiga chalingan va hayotining so‘nggi damlarini yashayotgandi. Bu ayol umrining oxirgi qariyb besh yilini saraton bilan kurashib o‘tkazayotgan edi. Uning umri poyoniga yetib kelayotgani haqidagi xabarni eshitib qoldim. Bu sababdan ham o‘sha birodarimni yo‘qlab borib, suhbatlashib qoldim.

Birodarim menga onasining sakarotul mavt holatiga, ya’ni bir lahza hushiga kelib, yana hushidan ayrilayotgani haqida gapirib berdi. Saraton butun tana bo‘ylab yoyilib borayotgan edi. U menga bularni so‘zlab berar ekan, ko‘zlaridagi yoshni to‘xtata olmas edi. Men esa bu holatni tabiiy deb qabul qilib, onasining hayoti oxirlab borayotgani uchun ko‘z yosh to‘kyapti deb o‘yladim. Bularni o‘ylab unga tasalli berishga, inson hayotida o‘limning tabiiy hol va qazoi qadar ekanini tushuntirishga harakat qildim. U esa: “Yo‘q, men bu sababdan yig‘lamayapman. Albatta, onamning meni tark etayotganlaridan g‘amginman, lekin ko‘z yoshlarimning sababi bu emas”, – dedi.

“Unda nimadan g‘amga botyapsan?” – deb so‘radim. U shunday javob berdi:
“Butun hayotim davomida onamning menga qilgan mehnatlari uchun bir martagina bo‘lsin minnatdorchilik bildira olmaganimdan ezilyapman.”
Bilasizlarmi, birodarimdan bunday javobni eshitib o‘zimni o‘sha damda qanday his qilganimni sizlarga tushuntirib berolmayman.

“Umrimda bir marta bo‘lsin onamga “Rahmat sizga”, deya olmadim, – dedi u. – Onam hozir yonginamizdagi xonadalar, u kishi hali ham hayotlar, ammo bir on hushlarini yo‘qotsalar, bir on hushlariga kelib turibdilar. Men yonlariga borib biror so‘z aytsam, so‘zlarimni na tahlil qila oladilar va na anglay oladilar”.

Aziz birodarlar, Allohga qasamki, men bu holatdan qattiq ta’sirlandim. Chunki ko‘pchiligimiz uchun hali ham baxtimiz kulib, onalarimiz hayot va bu dunyoda biz bilan yurishibdi. Onam bir umr yonimda turib biror marta mening o‘zlariga bo‘lgan ishonchimni qo‘ldan bermadilar, tasavvur qiling-a, bir marta ham o‘zlariga nisbatan umidsizlikka tushirmadilar.

Men bo‘lsam, atigi bir marta bo‘lsin huzurlariga kelib, oddiygina “Onajon, rahmat sizga!” demabman. Men ba’zilar kabi qo‘lida bir dasta gul bilan kelib, mana shu yaxshilab minnatdorchilik bildirishdir degan kabi “Rahmat!” deguvchilardan emasman. Ammo qalbingizning tub-tubidan minnatdorchilik bildirish boshqa narsa ekan. Bilasizmi, agar birortamiz volidamizning bu dunyoni hozir tark etishini bilsa, u kishining huzuriga shoshib borib, bu ishni amalga oshirgan bo‘lardi.

Azizlar, men birodarim bilan bo‘lgan bu holatni unuta olmayman. Endi har biringiz o‘zingizga savol berib ko‘ring-chi, oxirgi marta onangizga qachon chin dildan minnatdorchilik bildirdingiz?! Volidangizning siz uchun qilgan mehnatlarini qanchalik qadrlashingizni samimiyat bilan qachon oxirgi marta namoyon etdingiz?! Yoki biz ham onasi bu dunyoni manguga tark etganda orqasidan nadomat chekib qolguvchilardan bo‘lamizmi?! Bir kun kelib volidayi muhtaramamiz haqida xotirlar ekan, biz uchun berilgan shuncha imkoniyatdan foydalanib qolmaganimizdan afsus qilguvchilardan bo‘lamizmi?!

Barchamizga ma’lumki, dunyoning ko‘plab joylarida bir kunni ataylab Onalar kuni deya belgilab olib bayram sifatida nishonlashadi. Aslida mana shu holatning o‘zi kishining qalbini o‘rtab yuboradi. Biz volidamiz huzurlariga borib, onajon, bugun sizni xotirlab keldim, deya bir kunni belgilab ololmaymiz. Aksincha, buning o‘rniga dinimiz islom ta’limotlariga ko‘ra, Alloh subhanahu va taolo va U zotning sevimli rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallam bizni volidamizdan har kuni xabardor bo‘lishga amr etgan.

Muoviya ibn Hayda: “Yo Rasululloh, eng avvalo kimga yaxshilik qilay?” – deb so‘raganida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: “Onangga, onangga va yana onangga, so‘ng otangga yaxshilik qil”, – deganlar.

Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga takroran berilgan ayni bir savolga uch bora “onangga” deya javob berdilar.

Aslida ushbu hadisni aksariyatimiz buni onamizga nisbatan mehr-muhabbat sifatida sharhlaymiz. Ya’ni bizning mehrimiz va muhabbatimizga eng ko‘p munosib inson bu volidamiz deya bilamiz. Yo‘q, aslida sizning eng yaxshi munosabatingizga, molu davlatingizga, sog‘ligingizga, siz sohibi bo‘lgan har bir narsaga, hayotingizdagi hammadan ham ko‘ra bu narsalarga munosib bo‘lgan shaxs bu – sizning onangizdir, onangizdir, onangizdir va so‘ngra otangizdir.

Aziz birodarlar, mana shu o‘rinda, sizlarga qisqa qilib aytmoqchi bo‘lgan narsam shuki, orangizda hali ham onasi hayot kishilar bor. Siz ham volidangizni bu dunyoni abadiy tark etadigan kungacha kutib turib yutqazib qo‘yguvchilardan bo‘lmang! Onangiz bu dunyoni tark etib ketgach, orqasidan nadomat chekib: “Koshki, onam hayot bo‘lsalar edi, qaniydi vaqtni ortga qaytara olsam edi, volidamga minnatdorchilik bildirgan bo‘lar edim”, – deb qolmang.

Onangiz hali ham hayot bo‘lsalar, u kishining huzurlariga shoshiling va u kishiga siz uchun qilgan barcha mehnat va zahmatlari uchun minnatdorchilik bildiring.

Alloh subhanahu va taolodan barchalarimiz volidayi muhtaramalarimiz bilan o‘rtamizda eng go‘zal munosabat va muomalotda bo‘lmoqligimizni so‘raymiz. Volidalarimizga esa O‘zining jannatlaridan joylar ato etishligini so‘rab qolamiz. Omiyn.
Muhammad Hoblos ma’ruzalaridan
Tarjimon: Ummu Muhammadiyn

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Onamga so‘nggi so‘zim